Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Yanvar, 2025   |   2 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:32
Asr
15:23
Shom
17:08
Xufton
18:27
Bismillah
01 Yanvar, 2025, 2 Rajab, 1446

03.12.2021 y. Dunyo – oxirat ekinzori

1.12.2021   4226   17 min.
03.12.2021 y. Dunyo – oxirat ekinzori

 DUNYo – OHIRAT EKINZORI

Muhtaram azizlar! Ma'lumki, dunyo hayoti mo'min-musulmonlarga berilgan katta imkoniyat bo'lib, bundan foydalanib, har bir banda dunyo va oxiratini obod qilishi zarur. Dinimiz ko'rsatmalariga ko'ra, kishi dunyosini deb oxiratini va oxiratini deb dunyosini unutmasligi lozim. Kishi dunyo hayoti davrida oxiratiga katta zaxiralar qilishga doimo harakatda bo'lmog'i – dinimiz talabidir. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَلْتَنْظُرْ نَفْسٌ مَا قَدَّمَتْ لِغَدٍ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا تَعْمَلُونَ

ya'ni: Ey, imon keltirganlar! Allohdan qo'rqingiz va (har bir) jon (egasi) ertangi kun (qiyomat) uchun nimani (qanday amalni) taqdim etganiga qarasin! Allohdan qo'rqingiz! albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir (Hashr surasi 18-oyat).

Demak, dunyo hayotini g'animat bilib, unda yolg'iz Allohga ibodat qilishimiz, hamisha dinimiz, xalqimiz va Vatanimiz uchun manfaatli, xayrli amallar ustida bo'lishimiz kerak.

Alloh taolo dunyo hayoti haqida oyati karimada shunday o'xshatma qilgan:

 وَاضْرِبْ لَهُمْ مَثَلَ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا كَمَاءٍ أَنْزَلْنَاهُ مِنَ السَّمَاءِ فَاخْتَلَطَ بِهِ نَبَاتُ الْأَرْضِ

فَأَصْبَحَ هَشِيمًا تَذْرُوهُ الرِّيَاحُ وَكَانَ اللَّهُ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ مُقْتَدِرًا

ya'ni: “(Ey, Muhammad! Odamlarga) dunyo hayoti misolini keltiring. (U) xuddi bir suv kabidirki, Biz uni osmondan yog'dirgach, (bahorda) u sababli er o'simliklari (bir-biriga) aralashib (qalinlashib) ketur, so'ngra (kuzda) shamollar uchirib ketadigan xashakka aylanib qolur. Alloh hamma narsaga qodir zotdir” (Kahf surasi 45-oyat).

Inson umrining bahori – yoshlik davri va kuzi – keksalik ayyomi ekani haqida misol keltirilmoqda. Demak, insonni umri go'yo bir bahor va kuzdan iborat qisqa muddat ekan.

Dunyo hayoti juda ham qisqa muddat ekani haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

وَاللهِ مَا الدُّنْيَا فِي الْآخِرَةِ إِلَّا مِثْلَ مَا يَجْعَلُ أَحَدُكُمْ إِصْبَعَهُ فِي الْيَمِّ ، فَلْيَنْظُرْ بِمَ يَرْجِعُ 

ya'ni: “Bu dunyo oxirat oldida hech narsa emas. Faqatgina sizlardan biringiz barmog'ini dengizga solganiga o'xshaydi. Nazar solsinchi, barmog'iga nima ilashibdi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Ushbu hadisi sharifda oxirat hayoti dengizdagi suvga va dunyo hayoti esa, dengizga solingan barmoqqa yopishgan suvga o'xshatilmoqda. Demak, insonni dunyodagi hayoti juda ham kam muddat ekan. Lekin afsuski, shunga qaramasdan ko'pchiligimizda dunyoga bo'lgan muhabbatimiz juda ham kuchlidir. Bu haqda Alloh taolo bunday degan:

 يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّ وَعْدَ اللَّهِ حَقٌّ فَلَا تَغُرَّنَّكُمُ الْحَيَاةُ الدُّنْيَا وَلَا يَغُرَّنَّكُمْ بِاللَّهِ الْغَرُورُ

ya'ni: “Ey, insonlar! Albatta, Allohning va'dasi haqdir. Bas, sizlarni dunyo hayoti sira aldab qo'ymasin! Yana sizlarni aldamchi (shayton) aldab qo'ymasin!” (Fotir surasi 5-oyat). Ya'ni sizlarga shayton Alloh nomidan va'da qilib: “Gunoh ishlarni qilaveringiz! Toat-ibodat shart emas, Alloh kechiruvchidir” kabi so'zlar bilan aldab qo'ymasin!

Banda dunyo matosiga aldanmasligi va unga mukkasidan ketmasligi uchun ulamolarimiz tomonidan quyidagi narsalarga amal qilish tavsiya qilingan:

Dunyo hayoti vaqtincha ekani va oxirat hayoti abadiy bo'lishiga imoni komil bo'lishi kerak. Bu haqda Alloh taolo shunday degan:

 إِنَّ الَّذِينَ لَا يُؤْمِنُونَ بِالْآَخِرَةِ زَيَّنَّا لَهُمْ أَعْمَالَهُمْ فَهُمْ يَعْمَهُونَ

ya'ni: “Albatta, oxiratga imon keltirmaydigan kimsalarning (qilayotgan) amallarini o'zlariga chiroyli ko'rsatib qo'ygandirmiz. Bas, ular gangib yuraveradilar” (Naml surasi 4-oyat).

 Darhaqiqat, oxirat hayotini abadiy ekaniga imoni komil bo'lgan kishi dunyo hayotiga mukkasidan ketmaydi. Afsuski, hozirgi kunda ba'zilarni ko'rsangiz xuddi o'lmaydigan kishidek bor imkoniyatini molu davlat topish va ayshu ishrat qilishga sarflab, Alloh buyurgan ibodatlarni unutib, oxiratini esdan chiqaradi. Bunday kishilarni oxiratdagi ahvoli juda og'ir bo'ladi. Bu haqda Alloh taolo bunday degan:

 وَمَنْ أَعْرَضَ عَنْ ذِكْرِي فَإِنَّ لَهُ مَعِيشَةً ضَنْكاً وَنَحْشُرُهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ أَعْمَى * قَالَ رَبِّ لِمَ حَشَرْتَنِي أَعْمَى وَقَدْ كُنْتُ بَصِيراً * قَالَ كَذَلِكَ أَتَتْكَ آَيَاتُنَا فَنَسِيتَهَا وَكَذَلِكَ الْيَوْمَ تُنْسَى

ya'ni: “Kim Mening eslatmamdan yuz o'girsa, unga tang-tor hayot bo'ladi va Qiyomat kuni uni ko'r holida tiriltiramiz. U: “Parvardigoro, nega meni ko'r holda tiriltirding? Axir ko'ruvchi edim-ku?!” dedi. U Zot: “Ha, shunday: senga oyatlarimiz kelganida ularni unutding. Sen ham bugun shunday “unutilursan”, dedi” (Toho surasi 124-126 oyatlar).

Banda dunyo matosiga aldanmasligi va unga mukkasidan ketmasligi uchun dunyo hayoti oxirat uchun ekinzor ekanini anglab etishi kerak. Har bir mo'min-musulmon dunyo hayoti vaqtincha va foniy ekani, oxirat hayoti abadiy va tugamas ekanini yaxshi anglasa, dunyo hayotidagi vaqtini qadriga etadi va undan unumli foydalanadi. Bahor faslida dehqon o'z eriga urug' ekib, uni parvarishlab, kuzda hosil olgani kabi, biz ham bu dunyodagi qisqa umrimizda oxiratdagi abadiy hayotimiz uchun hosil tayyorlaymiz. Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam elkamdan tutib turib:

كُنْ فِي الدُّنْيَا كَأَنَّكَ غَرِيْبٌ أَوْ كَعَابِرِ سَبِيْلٍ 

(رواه الإمام البخاري عن ابن عمر رضي الله عنهما)

ya'ni: “Bu dunyoda xuddi musofir yoki yo'lovchidek bo'ling”, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Darhaqiqat, musofir kishi turgan joyidan tez fursatda o'zini asl manziliga ketishini bilgani uchun ham turgan joyiga asosiy e'tiborini qaratmaydi. Balki asosiy e'tiborini asl vatanini obod qilishga qaratadi. Bizni dunyodagi holatimiz ham musofir kabi bo'lishi kerak ekan.

Dunyo hayoti oxirat uchun ekinzor bo'lganidan keyin har bir mo'min-musulmon kishi barcha yaxshi va savobli ishlarda boshqalar bilan musobaqa qilishga harakat qilishi kerak. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, faqir muhojirlar Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Mol-dunyosi ko'plar darajotlarni va doimiy ne'matni olib ketdilar”, – deyishdi. U Zot: “Nega bunday deyapsizlar?” – dedilar. Ular: “Biz namoz o'qiganimizdek namoz o'qishadi. Biz ro'za tutganimizdek ro'za tutishadi. Ular sadaqa ham qilishadi. Biz sadaqa qila olmaymiz. Ular qul ozod qilishadi, biz ozod qila olmaymiz”, – dedilar. Shunda Rasululloh alayhissalom bunday dedilar:

أَفَلَا أُعَلِّمُكُمْ شَيْئًا تُدْرِكُونَ بِهِ مَنْ سَبَقَكُمْ، وَتَسْبِقُونَ بِهِ مَنْ بَعْدَكُمْ، وَلَا يَكُونُ أَحَدٌ أَفْضَلَ مِنْكُمْ إِلَّا مَنْ صَنَعَ مِثْلَ مَا صَنَعْتُمْ؟ قَالُوا: بَلَى يَا رَسُولَ اللهِ، قَالَ: تُسَبِّحُونَ وَتُكَبِّرُونَ وَتَحْمَدُونَ دُبُرَ كُلِّ صَلَاةٍ ثَلَاثًا وَثَلَاثِينَ مَرَّةً

 (متفق عليه)

ya'ni: “Sizni o'zingizdan oldingilarga etib olishingiz, o'zingizdan keyingilardan o'tib ketishingizga sabab bo'ladigan, sizdan hech kim afzal bo'lmaydigan, faqat siz qilganni qilsagina bo'ladigan narsaga dalolat qilaymi?” – dedilar. Ular: “Ha, ey Allohning Rasuli”, – deyishdi. U Zot: “Har namozdan keyin o'ttiz uch marta tasbeh, takbir va hamd aytasiz”, – dedilar (Muttafaqun alayh).

Banda dunyo matosiga aldanmasligi va unga mukkasidan ketmasligi uchun har bir ishini Alloh taolo ko'rib turganini his qilib, taqvoni lozim tutishi kerak. Alloh taolo bu haqda shunday degan:

 وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ يَعْلَمْهُ اللَّهُ وَتَزَوَّدُوا فَإِنَّ خَيْرَ الزَّادِ التَّقْوَى وَاتَّقُونِ يَا أُولِي الْأَلْبَابِ

 ya'ni: “Qanday yaxshi amal qilsangiz ham Alloh biladi. Ozuqa g'amlab olinglar, eng yaxshi ozuqa taqvodir. Ey, oqillar, azobimdan qo'rqinglar!” (Baqara surasi 197-oyat).

Darhaqiqat, “har bir ishimni Alloh ko'rib turibdi” degan e'tiqodda bajarayotgan kishi topayotgan molini haloldan bo'lishiga harakat qilib, birovni haqqidan hazar qiladi va har bir ishida oxiratga zaxira qilishga urinadi.

Banda dunyo matosiga aldanmasligi va unga mukkasidan ketmasligi uchun qo'lidagi mol-mulkiga qanoatli bo'lishi kerak.  Mo'minning saodati – Alloh unga rizq qilib bergan narsaga rozi bo'lishidir. Allohning Razzoq sifatiga imon keltirib, Unga haqiqiy tavakkul qilish, borga ham, yo'qqa ham shukr qilish – qanoatdir. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam turmushning barcha jabhasida qanoatli edilar. U Zot alayhissalom bunday  derdilar:

لَيْسَ الْغِنَى عَنْ كَثْرَةِ الْعَرَضِ وَلَكِنَّ الْغِنَى غِنَى النَّفْسِ

(رواه الإمام البخاري عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Boylik mol-dunyoning ko'pligida emas, balki ko'ngil to'qligidadir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

        Qanoatli kishi faqirlikdan qo'rqmaydi, baxillik ham qilmaydi. Gunohdan  saqlanadi, ezgulikda bardavom bo'ladi. Agar u Alloh bergan  narsaga ozmi-ko'pmi, qanoat qilsa, ikki dunyoda ham tanglik ko'rmaydi. Ming afsuski, arzimagan dunyo matosini deb, birovlar bilan talashib, urishgan hatto bir qorindan tushgan aka-ukalar ham arzimagan dunyo matohini talashib, yuz ko'rmas bo'lishlari musulmonchilikka aslo to'g'ri kelmaydi.

Banda dunyo matosiga aldanmasligi va unga mukkasidan ketmasligi uchun molu dunyoda o'zidan pastdagi kishilarga qarashi kerak. Payg'ambarimiz alayhissalom bu haqda bunday deganlar:

انْظُرُوا إِلَى مَنْ هو أَسفَل مِنْكُمْ وَلا تَنْظُرُوا إِلَى مَنْ هُوَ فَوقَكُم؛ فهُوَ أَجْدَرُ ألَّا تَزْدَرُوا نِعْمَةَ اللهِ عَلَيْكُمْ 

 (رواه الإمام الترمذي عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Mol-dunyoda o'zingizdan pastga qarang! O'zingizdan yuqoriga qaramang! Ana shunda, Allohning sizga bergan ne'matini tahqirlab qo'ymaysiz” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Muammolarimiz shundaki, bor ne'matlarimiz shukrini qilmasdan, qo'limizdagi narsaga emas, birovning qo'lidagi narsaga qaraymiz. Bilmaymizki, boshqalar qo'lidagi narsalarga qarashimiz o'z qo'limizdagi narsalardan foydalanish lazzatini yo'q qiladi.

Hulosa qiladigan bo'lsak, dunyo hayoti bandalarga katta-katta savobli amallarni bajarib olishga imkoniyat va fursat ekan, bundan unumli foydalanib, zimmamizdagi ibodatlarni vaqtida bajarib, muhtojlarga yordam va xayr-saxovat qilib, o'zgalar bilan muomala va munosabatimizni chiroyli aylab, barcha yaxshi va savobli ishlarda peshqadam bo'lishimiz maqsadga muvofiq bo'ladi.

Muhtaram jamoat! Joriy yil 8 dekabr' – O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun. Qomusimizda inson huquqlari, burch va vazifalari bilan birga vijdon erkinligi ham alohida kafolatlab qo'yilgan. Bundan tashqari inson qadri buyukligi, uni kim bo'lishidan qat'iy nazar sha'ni va qadr-qimmati himoyalanishi ta'kidlangan. Jumladan, 48-moddada bunday deyilgan: “Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar”.

 Kishilik jamiyatida qonunlarning ahamiyati juda ham katta. Darhaqiqat, adolatli qonunlar – xalq farovonligi hamda dunyo va oxirat obodligining asosidir.

Hurmatli azizlar! Kelasi yil uchun “Hidoyat” va “Mo'minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasiga obuna bo'lish boshlangan. Ushbu nashrlarni o'qiganda, yurtimiz va dunyo musulmonlari hayoti bilan tanishish barobarida ilm ham o'rganasiz. Yil bo'yi o'zingiz va xonadon ahlingiz Islom ma'rifatidan foyda oladi. Qolaversa, ilm yo'lida pok niyat va ixlos bilan harakat qilish bandaga jannat yo'lini oson qiladi. Hadisi sharifda shunday deyiladi: 

﴿وَمَنْ سَلَكَ طَرِيقاً يَلْتَمِسُ فِيهِ عِلْماً، سَهَّلَ اللهُ لَهُ طَرِيقاً إِلَى الجَنَّةِ﴾ )رواه الامامُ مسلم عن أَبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim ilm izlab yo'lga chiqsa, Alloh unga jannat yo'lini oson qilib qo'yadi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Demak, musulmon kishi har kuni dini va o'z sohasini o'rganish uchun vaqt ajratishi – ayni muddaodir. Shunday ekan, ushbu gazeta-jurnallarga obuna bo'ling va gazeta, jurnal o'qib, ilmingizni boyiting!

Alloh taolo barchamizga dunyo hayoti qadriga etib, holi hayotlik davrimizda ikki dunyomizni obod qiladigan xayrli amallarni qilishni nasib aylasin! Omin!

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi Safar va unga oid odoblarmavzusida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi murojaati

29.12.2024   21822   6 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi murojaati

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taologa cheksiz hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga mukammal salavotu salomlarimiz bo‘lsin.

 

Muhtaram yurtdoshlar!

 

Allohga shukrki, go‘zal diyorimizda har tongni tinchlik, xotirjamlik bilan qarshi olmoqdamiz. Ushbu ulug‘ ne’mat sababli, har sohada yutuqlar, yuksalishlar bo‘lmoqda, ne’matlar kundan-kun ziyoda bo‘lib bormoqda. Bu yurtda inson aziz, uning qadri yuksak ekani, o‘zining hayotiy ifodasini topib bormoqda. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtojlar, nogironligi bo‘lgan insonlar, kambag‘al oilalarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.

Shubhasiz, oxirgi yillarda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, yordamga muhtoj fuqarolar bilan manzilli ishlash bo‘yicha qonuniy asoslar va xalqparvar tizim yaratildi.

Siz aziz yurtdoshlarimizga murojaat qilar ekanmiz, shuni alohida ta’kidlashni xohlardikki, ijtimoiy himoya masalasida Prezidentimizga kamarbasta bo‘lish barchamiz intilayotgan farovon kelajak, farzandlarimiz baxtu saodatini ta’minlashning eng muhim shartidir.

Islom dinida muhtojlarga yordam berish, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, miskin va bechoralar holidan xabar olish eng savobli amallardan hisoblanadi. Muborak dinimiz xayr-saxovatga buyurar ekan, uni o‘z o‘rniga sarflashga amr etadi. Muhtoj insonlar haqqiga xiyonat qilish esa og‘ir gunoh sanaladi.

Yurtimizda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilishi xalqimiz qalbidagi ezgu ish bo‘ldi. Agentlik og‘ir ijtimoiy holatga tushgan va tushish xavfi bo‘lgan aholi bilan manzilli ishlayotgani, xayru ehsonlarni o‘z egalariga yetkazayotgani xalqimizni mamnun etmoqda, qalbiga xursandchilik ulashmoqda. Albatta, mana shunday mehrga muhtoj insonlarning duosi bilan yurtimiz yanada obod bo‘ladi.

 

Hurmatli yurtdoshlarimiz!

 

Yaratganga shukr, tarbiyaning asosiy poydevori bo‘lgan maktabga, yoshlarni ilm-ma’rifatli qilishga davlatimiz tomonidan doimiy e’tibor qaratilmoqda. Yangidan yangi maktablar, bog‘chalar qurilmoqda. Yurtimizda o‘rta hisobda yiliga bir million bola tug‘ilmoqda. Bu degani, yetti yildan keyin bir necha ming maktabga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Shunday ekan, saxovatpesha kishilarimiz maktab qurish yoki ta’mirlash ishlariga ham katta e’tibor qaratishlarini tavsiya etamiz. Zotan, ma’rifat, ziyo maskani bo‘lgan ta’lim dargohlarini qurish, obod qilish ajri ulug‘ amallardan hisoblanadi. Shuningdek, ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilarni moddiy tarafdan ta’minlash, ularni kontrakt-shartnomalarini to‘lab berish, o‘quv qurol va darsliklarini olib berish savobi doimiy yozilib turadigan sadaqai joriya bo‘ladi.

 

Aziz vatandoshlar!

Taassufki, to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasi, haj va umraga borib-keluvchilarni kutib olishga bag‘ishlangan yig‘inlar, ulardagi bir-biridan o‘tib tushadigan, kimo‘zarga, riyoga, isrofga to‘la ishlar xalqimizning jiddiy muammolaridan biri bo‘lib kelmoqda. 

Shu o‘rinda, ziyolilar, yoshi keksa otaxonu onaxonlar, nuroniylarga aytar so‘zimiz, keling, birgalikda yurtimiz aholisiga, ayniqsa, yuqoridagi kabi isrofgarchilik va dabdaba qilayotganlarga tushuntirish ishlarini ko‘paytiraylik, bu kabi illatlarga birgalikda barham beraylik. Alloh taolo ato etgan mol-dunyoni isrof qilish – katta gunoh, ekanini uqtiraylik! Buning o‘rniga topganlarimizni savobli ishlarga sarflab, beva-bechora, nochor, muhtojlarga yordam beraylik, ana shunda ulkan savobga ega bo‘lamiz, inshoaalloh! 

 

Qadrli ulamolar va imom-domlalar!

 

Ijtimoiy himoya bo‘yicha Yurtboshimizning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, biz – din peshvolari quyidagi 7 ta vazifani amalga oshirishni belgilab olmoqdamiz:

Birinchi, ulamolar va imom-xatiblar “Xayru saxovat – qalblarga quvonch ulashadi” shiori ostida targ‘ibot-tashviqot ishlarini keng ko‘lamda amalga oshirish.

Ikkinchi, har bir markaziy masjid 5 tadan ehtiyojmand oilani otaliqqa olib, ularning farzandlarini o‘quv kurslarida o‘qitishi, kasb-hunarga o‘rgatishi va doimiy daromadga ega bo‘lishiga ko‘maklashish.

Uchinchi, har bir tuman-shahar bosh imom-xatiblari hududidagi kamida 1 ta maktabni homiylarni jalb etgan holda ta’mirlash ishlariga yordam ko‘rsatish.

To‘rtinchi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda mamlakatimiz bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar farzandlari bo‘lgan 200 nafar yoshni kasbga o‘rgatish va ish bilan band qilish.

Beshinchi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan hamkorlikda jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarga 50 dona sport aravachasi va boshqa reabilitatsiya vositalari olib berib, ularning davolanishlariga ko‘maklashish.

Oltinchi, masjid imom-xatiblari homiylarni jalb etgan holda “Mehribonlik”, “Saxovat”, “Muruvvat” uylariga va mehnat faxriylariga moddiy yordamlar ko‘rsatish ishlarini tashkil etish.

Yettinchi, imom-xatiblar tomonidan to‘y-ma’raka marosimlardagi isrofgarchilik, umra ziyoratidan qaytgandan keyin har xil xo‘jako‘rsin marosimlari uyushtirishdek illatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini amalga oshirish. 

 

Aziz yurtdoshlar!

 

Xayrli va savobli ishga hissa qo‘shgan, yetim-yesir, beva-bechoraning boshini silagan odamning amal daftariga qiyomatgacha sadaqai joriya savobi to‘xtamasdan yozilib turishini, bunday odam xalq ichida, el orasida doimo hurmat va e’zozda bo‘lishini unutmaylik!

Alloh taolo ezgu ishlarimizni O‘zi mukofotlasin, omin!

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi raisi, 

muftiy Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR

Toshkent shahri 

2024 yil 26 dekabr

O'zbekiston yangiliklari