Ijtimoiy tarmoqlarda ba'zi blogerlar Abdulloh Zufarning “Gunoh qilgan eridan hijrat qilish” mavzusidagi audioma'ruzasini tarqatishdi. Unda aytilishicha, inson gunoh qilgan eridan hijrat qilish kerak ekan. Bu gapiga ruhshunoslarning gaplari va yana o'tgan ummatlar ichida yuz kishini o'ldirgan kishining hikoyasi zikr qilingan hadisni keltirilgan. Hadisda o'sha odamga tavba qilish va yaxshi odamlar yashaydigan joyga borish tavsiya qilingan. A.Zufar inson o'z yurtida turib imonini kuchaytira olmasligi, taqvodor bo'la olmasligi, bunga muhit yo'l qo'ymasligini ta'kidlaydi. Qarindoshlar uyiga kirib kelaverishi, odamni o'zicha yashashga imkon bermasligini aytadi. Yurtimizda luqmani halollab bo'lmasligi mehmonga borsang go'shtlari qanday, hayvonni kim so'ygan, mushrik so'yganmi, boshqa so'yganmi bilmaysan, deydi. Vataningdan hijrat qilib ketsang, u erda yaqinlaring, qavmu qarindosh bo'lmaydi, o'zing xohlaganday yashaysan, deb safsata sotadi. Imonli yashamoqchi bo'lsang Vatandan tashqarida yashaysan, deb xulosa qiladi.
Unga javoban aytamizki, hadisdan hukm oladigan inson etuk olim va muhaddis bo'lishi kerak. Muhaddis har bir hadisni sanadini, undagi roviylarni kuchli yoki zaifligini, hadisni aytilgan tarixi va unga teskari aytilgan hadis bor yo'qligini, hadisni hukmi xos bir holatga tegishlimi yoki umumiy hukmga ega ekanligi kabi ilmlardan xabardor bo'ladi. Hamma hadislarni darajasini va unda nima ma'no ko'zda tutilganligini o'rganib chiqqan hofiz-muhaddislar asarlarini yozib qoldirishgan. Ulardan birortasi “ma'siyat joyidan hamma hijrat qilishi kerak”, degan gapni aytishmagan. Ma'siyat-lug'atda itoatdan chiqish, sayyidining amriga qarshi chiqish, xato qilish, gunoh qilish kabi ma'nolarda keladi. Shariatda ma'siyat deganda gunoh tushuniladi. Ma'siyat deganda nafaqat odam o'ldirish, balki katta gunohlarning barchasi kirib ketadi. Masalan ota-onaga oq bo'lish, o'g'irlik, zino, g'iybat, tuhmat, birovni molini eyish, sudxo'rlik kabi bir qancha katta gunohlar ham kiradi. Ba'zilar etmishda katta gunohni sanagan va ba'zilar sanoq belgilamagan. Tasavvur qiling, ushbu gunohlarning hammasidan saqlangan odam topiladimi? Hamma gunoh qilgan musulmonlar hijrat qilishi kerakmi? Qayerga hijrat qilishi kerak? Suriyagami? Abdulloh Zufar tish-tirnog'i bilan hijratga da'vat qilib, odamlarni vatangado qilishdan nima manfaat topadi? Nima uchun o'n to'rt asrdan buyon o'tgan allomalar, millionlab hadislarni yoddan bilgan muhaddislar yurgan yo'ldan boshqacharoq yo'l kerak bo'lib qoldi? Ular Abdulloh Zufarchalik ilmga ega emasmidilar? Yo'q! Bu gaplarning hammasi qandaydir g'araz-maqsadlar sabablidir. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shaytonni ko'rib, nari yurgan bo'lsalar, u kishi Payg'ambardir. Boshqa kishiga unday imkoniyat berilmagan. Yer yuzining xohlagan joyiga shayton bir lahzada eta oladi.
Aslida insonning eng katta dushmani o'z ichidagi nafsu ammorasi – yomonlikka buyuruvchi nafsidir. Inson qayerga borsa ham undan qutila olmaydi. Shuning uchun ham Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Haqiqiy muhojir – Alloh qaytargan gunohlardan hijrat qilgan kishidir”, deganlar.
Bahouddin Naqshband hazratlarining shiorlaridan biri: “Safar dar vatan”, “Vatanda turib, o'zingni musofirdek tutish” edi. Yana bir o'gitlari esa: “Hilvat dar anjuman”, “Anjumanda Alloh bilan xilvatda qolgandek bo'lish” shioridir. O'z yurtida turib iymonli bo'lib bo'lmaydimi?
Avvalo ma'siyat mo''minni iymondan chiqarmaydi. Gunohni eng a'lo muolajasi Vatandan hijrat emas, gunohdan hijrat qilishdir. Gunohdan tavba qilishdir. Qanchadan qancha yurtdoshlarimiz halol taom topib oila boqyapti.
Halqimizga xizmat qilayotgan qassoblarimiz dindan ilmi bo'lmasa ham, ustozlaridan hayvonni qanday so'yishni o'rgangan. Buni topganiga Alloh baraka berishi uchun tark qilishmaydi.
Yomon do'stlarga kelsak, hozir ham tevarak atrofimizda ulardan uzilib, taqvo yo'lini tutganlar juda ko'p. Qanchadan-qancha aqlli diyonatli kishilar do'stlarini to'g'ri yo'lga solganini ko'rish mumkin.
Qarindosh-urug'lar bo'lsa, ularga eshikni ochsangiz kiradi, bo'lmasa qaytib ketishadi. Asossiz vajlar bilan qarindoshlardan uzoq joylarga ketishga targ'ib qilish Islomdagi katta asoslardan biri silai-rahmni uzishga targ'ibdir. Inson imkoni boricha qarindoshlarining ozorlariga sabr qilib, ularni isloh qilishi kerak. Qarindoshlarim yomon deb ko'ch-ko'ronini yig'ishtirib jo'nab qolishni hech maqtaydigan joyi yo'q. Mabodo bir inson turli sabablar bilan bir yurtdan boshqa yurtga ko'chadigan bo'lsa ham, qarindoshlardan uzoqlashish, ulardan “qutilish”ni niyat qilmasligi kerak, balki ular bilan turli aloqa vositalari bilan xabarlashib turishi kerak bo'ladi. Bu bilan silai rahmning eng past darajasini ado qiladi.
Hech kim halolligiga shubha bo'lgan xonadondan borib luqma eyishga majbur qilinmaydi. O'z uyida taqvoning hamma shartlarini bajarish mumkin. Lekin hijrat qilaman deb, musofir yurtda och qolib, gunoh qilishga majbur bo'lsachi? Haq-huquqi ta'minlanmagan yurtda urushga majbur qilinsachi? Musulmon kishilarni o'ldirishga majbur qilinsachi? Bundan ortiq halokat bormi? Shunday ekan, qadr-qimmatimiz kafolatlangan ona yurtda turib o'zimizni isloh qilaylik, ortida turli tuman g'arazli maqsadlar bo'lgan chaqiriqlarga aldanmaylik!
Abdullayev Akram
Mirolim Mansur tayyorladi
Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.
Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.
Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.
Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.
Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).
Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.
Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati