Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Hizbchilarning maqsadlari

23.11.2021   2006   4 min.
Hizbchilarning maqsadlari

Ammo, “hizb”ning asl maqsadlariga nazar solinsa, ularning tanlagan uslubi Rosululloh va sahobalar uslubiga bir necha jihatdan zid va qarama-qarshi ekani namoyon bo'ladi.


Birinchidan; “Hizb”chilar “men musulmonman”, deguvchi mo'min-musulmon halqni da'vat qiladi. Bunda ulavr avval jamiyat a'zolarini yoppasiga iymonsizlikda ayblab, kufrga hukm qiladilarda, ana undan keyin “qayta islomlashtirish” harakatiga o'tadilar. Rosululloh va sahobalar esa, “men mushrikman”, deb budlarga topinuvchilarni da'vat qilar edi. musulmon bo'lganlarni esa, amali solihda bardavom bo'lishga chaqirar edilar.
Ikkinchidan; “Hizb” o'zining “islomi”ga da'vat qiladi. Rosululloh va sahobalar esa, sof Islomga da'vat qilar edi.


Uchinchidan; Hizb faoliyatini musulmonlardan, vatanparvar shaxslardan, musulmonlarning rahbarlaridan yashiradilar. Rosululloh va sahobalar esa Islomning avvalida o'z da'vatlarini faqatgina islom dushmanlari sanalmish mushriklardan yashirar edilar.


To'rtichidan; “Hizb” da'vat qilinmish shaxslarga avval, o'zi yashab turgan ona vataniga nisbatan bo'lgan mehr tuyg'usini so'ndirib, “tug'ilib o'sgan vatanga sadoqatli bo'lish shart emas, masjid minoralar bor hamma er bizning vatandir, diniy erkinlik (bunda ular o'z faoliyatlarini bemalol olib borishni nazarda tutatidar) yo'q erni tark etish, hijrat qilish farz, beg'am yashab yurish yaramaydi, urush-janjallar girdobida qolgan birodarlarimizga yordam uchun jangga otlanmoq darkor ” kabi sohta shiorlar ostida kosmopolitizm (vatanparvarlik, halqlarning o'z milliy suvereniteti va mustaqilligini va milliy madaniyatni inkor etuvchi reaktsion g'oya)ni diniy niqoblar ostida singdirishga urinadilar. Rosululloh va sahobalar esa, eng avval Allohni bir deb bilish, payg'ambarni haq, deb tan olish, ota-onaga yaxshilik qilish, boshliqqa itoat etish, qullar hatto kofir bo'lsa ham xo'jayinlariga ito'at qilishga, vatanga sadoqat, vatan ravnaqi uchun fidoyi bo'lish kabi ezgu ishlarga chaqirar edi.


Beshinchidan; Hizbning da'vati tasiriga tushganlar kosmopolistga aylanadilar. Natijada, o'z vatanini yomon ko'ra boshlaydi; Vatandagi milliy an'ana va qadriyatlar ko'ziga xunuk ko'rina boshlaydi; Davlati siyosatiga qarshi bo'la boradi; O'z Davlatini “kofir tuzumi”, deb o'ylaydi; ulamolarini ayblaydi; ota-onasini kofirga chiqaradi; qo'shnisini so'yib ketadi; Yurtini portlatadi, Vatanini sotadi ... Rosululloh va sahobalarning suhbati va da'vatidan nasibador bo'lganlar esa, buning aksi o'laroq, yomon xulqlardan voz kechar, jinoyatlardan voz kechib, yaxshi va ezgulik qilishga oshiqar, muhtojga yordam berar, yurti va vatanini obod etish harakatiga tushar edi.


Islom fiqhida “hizb”ning bu kabi xufyona harakatlarini fitna deyiladi. O'zlari esa fitnachilardir! Qachonki, g'arazli maqsadlari sari hokimiyatga bosh ko'tarsalar, buni “bag'y”, deyiladi, o'zlarini esa, “bog'iy”, deyiladi! Islom qonunshunoslari tarafdan bog'iylarga tayinlangan qator jazo choralari bor:
Odil podshohga qarshi chiqqan isyonchi bog'iylarga qarshi urush qilish, ularni o'ldirish joizdir, deb ahli ilmlar ijmo' qilganlar. Bu hukm butun ahli sunnat jamo'asining ittifoqiy qaroridir. Qachonki biror kishi o'z yaqinlaridan biror bog'iylik yo'liga o'tgan shaxsni o'ldirsa, qatl etilganning merosidan aslo mahrum etilmaydi. Va holanki inson o'z yaqinlaridan birining joniga qasd qilsa, qotil maqtulning merosidan mahrum etiladi. Inson qachonki bog'iylar safiga qo'shilib, bu yo'lda o'ldirilsa, unga janoza namozi o'qilmaydi, balki oddiy hayvon kabi ko'mib yuboriladi. Bu ham butun Islom olamida ahli sunnat ulamolarining ijmo'iy qaroridir!

Manbalar asosida Jamalov Nurullohon tayyorladi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

NIMA BID’AT-U, NIMA SUNNAT? “BID’AT” TUSHUNCHASINING BUGUNGI KUNDAGI TALQINI

20.08.2026   22735   7 min.
NIMA BID’AT-U, NIMA SUNNAT? “BID’AT” TUSHUNCHASINING BUGUNGI KUNDAGI TALQINI

Hozirgi kunda “bid’at” so‘zini ko‘pchiligimiz tez-tez eshitamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu so‘zni bilgan ham, bilmagan ham, tushungan ham, tushunmagan ham ishlatmoqda.

Alloma ibn Hajar Makkiy rahimahulloh o‘zining “Fathul Mubiyn” asarida bid’atning lug‘aviy ma’nosini quyidagicha keltirgan:

“Bid’at so‘zi lug‘atda – o‘xshashi bo‘lmagan, yangi narsani paydo qilish”, degan ma’noni beradi.

“Bahrul Layoliy sharhi Bad’ul Amoliy”da esa, bid’atning lug‘aviy ma’nosini: “Avval bo‘lmagan, o‘xshashi yo‘q narsani paydo qilish” deb keltirgan.

Shundan kelib chiqib, mazkur ulamolar bid’at xoh ibodatlarda, xoh odatlarda bo‘lsin, yaxshi yoki yomon bo‘lsin, Qur’on va sunnatda mavjud bo‘lmagan yangi paydo bo‘lgan narsa deb qaraganlar.

Ulamolar lug‘aviy bid’atni besh qismga bo‘lganlar.

Birinchisi: Vojib bid’at. Nahv ilmini o‘rganish bid’atning shu turiga kiradi. Chunki bu ilmni bilmasdan Qur’on va sunnatni bilib bo‘lmaydi. Bu ikki manbani o‘rganish vojib. Vojibni bajarishga xizmat qiladigan narsa ham vojib bo‘ladi.

Demak, Qur’on va sunnatni o‘rganish uchun nahvni o‘rganish vojib.

Ikkinchisi: Harom bo‘lgan bid’at. Mo‘tazila, jabariya va hozirgi salafiy hamda ahli sunnaga zid bo‘lgan turli firqa va oqimlarni ta’sis etish. Chunki bular ham Islomning ilk davrlarida bo‘lmay, keyinchalik turli maqsadlarda tashkil qilingan bo‘lib, asosan sof Islom aqidasini noto‘g‘ri talqin qilish, Islomga va musulmonlarga zarar berish bilan tanilgan. Shuning uchun bunday firqa va oqimlarga kirish harom hisoblanadi.

Uchinchisi: Mustahab bid’at. Masjidlarga minoralar qurish, ma’had va madrasalar barpo etish, Qur’on qiroatini eshitish va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rganish uchun turli majlislar tashkil qilish mustahab bid’atlar sirasiga kiradi.

To‘rtinchisi: Makruh bid’at. Masjidlarga ziynat berish.

Beshinchisi: Muboh bid’at. Yeb-ichish, kiyim-kechak, maskan-manzillarda kengchilikka yo‘l qo‘yish. Ya’ni agar haloldan bo‘lsa, kishi o‘zi yashaydigan manzilini chiroyli ta’mirlasa, faxr va kibrdan xoli bo‘lib, qimmatbaho kiyim kiygan bo‘lsa va yemoq-ichmog‘ida kengchilikka yo‘l qo‘ysa, gunohkor bo‘lmaydi. Chunki shar’an bu paytda mazkur ishlar muboh sanaladi.

 

Bid’atning shar’iy-istilohiy ma’nolari

Bid’atning shar’iy – istilohiy ma’nolarini “Bahrul Laoliy sharhi Bad’ul Amoliy” asarining sohibi quyida uch qism qilib keltirganlar:

الزِّيَادَةُ وَالنُّقْصَانُ فِي الدِّينِ مِنْ غَيْرِ إِذْنِ الشَّارِعِ

1. “Shore’ning iznisiz dinda ziyoda va nuqsonga yo‘l ochish”.

جَعْلُ غَيْرِ الدِّينِ دِينًا أَوْ مَا يَكُونُ مُشَابِهًا بِالدِّينِ وَلَيْسَ مِنَ الدِّينِ

2. “Dindan bo‘lmagan narsani din deb bilish yoki dinga o‘xshash martabaga ko‘tarish”.

عَمَلٌ مُحْدَثٌ عَلَي نِيَّةِ الْعِبَادَةِ

3. “Dinda asli yo‘q bo‘lib, yangi paydo bo‘lgan narsani ibodat niyatida bajarish”.

Mazkur ta’riflarga asoslanib fuqaholar ikita fiqhiy qoidani joriy qilganlar.

الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْإِبَاحَةُ

1. “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”. Ya’ni, aslida hamma narsa muboh va tozadir.

الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْحُرْمَةُ

2. “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”.

Zohiran qaraganda bir-biriga zid bo‘lgan bu ikki qoidani tatbiqi shundayki, agar bir kishi dunyo ishlarini osonlashtirish, odamlarning og‘irini yengil va uzog‘ini yaqin qilish maqsadida biror narsa masalan mashina, telefon yoki turli foydali moslamalar o‘ylab topib ixtiro qilsa, “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”, qoidasiga binoan bu yaxshi va maqtalgan ish hisoblanadi.

Ammo, ibodat niyatida dinda biror narsani joriy qilish, sunnat bo‘lmagan amalni sunnat deb e’tiqod qilish, “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”, qoidasiga binoan bid’at va harom ish hisoblanadi.

Bid’atning turlari.

“Sahihi Buxoriy” kitobini sharhlagan Imom Qastaloniy rahimahulloh aytadilar: “Imom Bayhaqiy Imom Shofe’iydan naql qilib: “Kitobu sunnatga va ijmoga xilof bo‘lgan ishlar zalolatga chorlovchi bid’atdir. Ammo, kitobu sunnatga xilof bo‘lmagan yaxshi ishlar bid’at emas, balki “Muhdasotu mahmuda” ya’ni keyin paydo bo‘lgan maqtalgan ishlardir”, deganlar (Qastaloniy. J. 1. B. 302).

Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda:

قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ سَنَّ فِي الإسلام سُنَّةً حَسَنَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا یُنْقَصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ وَمَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً سَیِّئَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ عَلَيْهِ مِثْلُ وِزْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَایُنْقَصُ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْءٌ.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Islomda chiroyli yo‘lni joriy qilsa, bas u uchun uning ajri va undan keyin unga amal qilganlarning ham ajri bo‘ladi. Ularning ajrlaridan biror narsa kamaytirilmaydi” (Imom Muslim rivoyati).

Mana shu va boshqa dalillarga tayanib, ulamolarimiz bid’atni ikki qismga bo‘lganlar: bid’ati hasana (yaxshi bid’at) va bid’ati sayyia (yomon bid’at).

Hofiz ibn Hajar rahimahulloh: “Shariatning asliga xilof bo‘lmay, shu bilan birga foydali va xayrli amallar bid’ati hasanadir. Shar’iy asosga ega bo‘lmagan amal yoki e’tiqodni joriy qilish bid’ati sayyia deyiladi”, deganlar. (“Fathul Boriy” kitobi, J. 4. B. 253).

Bid’ati hasana – bunga hazrati Umar roziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo‘lgan tarovih namozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jamoat bilan o‘qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o‘qishni joriy qildi va: “Qanday yaxshi bid’at bo‘ldi”, dedi.

Shunga binoan diniy ilmlar o‘rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni go‘zal siyratlarini targ‘ib qilish uchun mavlid o‘qish singari din asoslariga zid bo‘lmagan amallar bid’ati hasana bo‘ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.

Bid’ati sayyia esa, shar’iy asosga ega bo‘lmagan biror amal yoki e’tiqodni joriy etishdir. Bunday bid’at ayni zalolat bo‘lib, u shariatimizda rad etilgan. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ

“Kim bizning bu dinimizda unda bo‘lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, hadisda ko‘zlangan maqsad dinning asosiy manbalari bo‘lmish Kitob, sunnat va ijmoga xilof bo‘lgan ishlarni paydo qilish bo‘lsa, bas, u rad qilingandir. Ammo dunyoviy hayotning ravnaqiga xizmat qiladigan, insonlarga manfaat beradigan ishlarni paydo qilish, garchi Kitobu sunnatda asosi mavjud bo‘lmasa-da, zinhor bid’at deyilmaydi.

 

O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA