Ba'zi namozxonlarning namoz o'qiyotganda qiyom holatida oyoqlari orasini haddan ziyod keng qilib o'qiyotganiga guvoh bo'lib qolamiz. Agar ular jamoat bilan o'qishsalar oyog'ini yonidagi namozxonning oyog'iga tekkazib olishadi va shu narsani sunnat deb bilishadi.
Ularning bunday o'qishi yonidagi namozxonning xushu'sini ketishiga ham sabab bo'lib qoladi. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam zarar berishdan qaytarganlar:
عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ: أَنَّ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَمَ قَالَ: لَا ضَرَرَ وَ لَا ضِرَارَ ... رَوَاهُ الْحَاكِمُ
Ya'ni, Abu Said Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “(Dinda) zarar berish va zarar ko'rish yo'qdir”, dedilar. (Hokim rivoyati, sahih)
Mo''tabar to'rt mazhab imomlari ham oyoqlarni mazkur kenglikda qo'yishga buyurmaganlar. Bunday holat hadislarni to'g'ri tushunmaslik sababli paydo bo'lgan yangi holatdir. Hadislarni to'g'ri tushunish uchun asri saodat zamonasiga yaqinroq yashagan zotlarning so'zlariga murojaat qilishimiz lozim bo'ladi. Zero ular hadislarni bizdan ko'ra yaxshi bilganlar, yaxshiroq tushunganlar va shunga muvofiq hukm chiqarganlar. Bu haqida mazhabimizning mo''tabar kitoblaridan bo'lgan “E'lous sunan” kitobida quyidagicha kelgan:
عَنِ النُّعْمَانِ بْنِ بَشِيرٍ يَقُولُ أَقْبَلَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم عَلَى النَّاسِ بِوَجْهِهِ فَقَالَ «أَقِيمُوا صُفُوفَكُمْ» ثَلاَثًا «وَاللَّهِ لَتُقِيمُنَّ صُفُوفَكُمْ أَوْ لَيُخَالِفَنَّ اللَّهُ بَيْنَ قُلُوبِكُمْ». قَالَ فَرَأَيْتُ الرَّجُلَ يُلْزِقُ مَنْكِبَهُ بِمَنْكِبِ صَاحِبِهِ وَرُكْبَتَهُ بِرُكْبَةِ صَاحِبِهِ وَكَعْبَهُ بِكَعْبِهِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ
Nu'mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlarga yuzlandilar va “Saflaringizni to'g'irlanglar, (deb) uch marta aytdilar. Allohga qasamki, albatta saflaringizni to'g'irlaysizlar yoki Alloh taolo qalblaringizning o'rtasini xilof qilib qo'yadi”, dedilar. (Nu'mon) aytdi: Men bir kishini elkasini sherigining elkasiga, tizzasini sherigining tizzasiga, to'pig'ini uning to'pig'iga tekkazib turganini ko'rdim. (Abu Dovud rivoyati)
عَنْ أَنَسٍ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَقِيمُوا صُفُوفَكُمْ، فَإِنِّي أَرَاكُمْ مِنْ وَرَاءِ ظَهْرِي ، وَكَانَ أَحَدُنَا يُلْزِقُ مَنْكِبَهُ بِمَنْكِبِ صَاحِبِهِ وَقَدَمَهُ بِقَدَمِهِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Saflaringizni to'g'irlanglar, chunki men sizlarni ortimdan ham ko'rib turaman”, dedilar. Bizlarning har birimiz elkamizni sherigimizning elkasiga va oyog'imizni uning oyog'iga tekkazib turar edik. Buxoriy rivoyati
Zamonamizda bir toifa insonlar bu hadisning zohirini ushlab, safda oyoqlarini yonida turganlarning oyoqlariga tekkazish lozim deb o'ylaydilar va mana shu narsada namozning oxirigacha o'zlarini qiynaydilar.
Albatta elkani elkaga, tizzani tizzaga tekkazish bilan birgalikda oyoqlarni oyoqlarga tekkizib turishda katta mashaqqat borligi sir emas. Hususan namozning oxirigacha mana shu holatda bardavom bo'lishning mashaqqatligi ko'rinib turibdi. Mashaqqat esa (ya'ni, ibodatda o'zini qiynash kabi mashaqqatlar) dalil bilan ketkazilgandir. (Chunki Alloh taolo: "Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmas". (Baqara;286) deb marhamat qilgan)
Bu a'zolarning hammasini bir-biriga tekkazib turishni amalga oshirishning imkoni yo'q. Chunki namoz o'quvchilarning qomati, bo'ylari har xil. Hadisdan iroda qilingan ma'no (safni to'g'irlash uchun) mazkur ba'zi a'zolarni ba'zisiga to'g'ri qilishdir.
Hofiz ibn Hajar “Fathul Boriy” kitobida ushbu hadisning sharhida shunday degan: Imom Buxoriyning “Safda elkani elkaga, oyoqni oyoqqa tekkizish bobi”dan murod safni to'g'irlashlikda va oradagi ochiq joylarni yopishlikda mubolag'a qilish qasd qilingandir. (Iqtibos tugadi)
“Avnul Ma'bud” kitobida Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisdagi “وَحَاذُوا بِالْمَنَاكِبِ” ya'ni, “Yelkangizlarni tenglashtiringlar” so'zini sharh qilib, elkalarning ba'zisini ba'zisiga barobar qilinglar. Bu shunday bo'ladiki, namoz o'quvchilarning har birining elkasi boshqalarning elkasiga to'g'ri va bir yo'nalishda parallel bo'lib, elkalar, bo'yinlar va oyoqlar bitta chiziqda bo'ladi, deyilgan. (Iqtibos tugadi)
Shayx aytadi (ya'ni, shayx Ashrof Aliy Tahonaviy): Agarda oyoqni oyoqqa tekkazishning haqiqiy ma'nosi olinganda ham safni to'g'irlash uchun iqomat vaqtidagi jarayon iroda qilinadi. Chunki bu a'zolar o'rtasini tekkazishlik safni to'g'irlashlikning hosil qilish yo'lidir. Hadisda namozga kirishgandan keyin ham mana shu holatda qolishga dalolat qiladigan narsa yo'q, kimki shu narsani (ya'ni, namozni ichida ham oyoqni oyoqqa tekkazishni) da'vo qilsa, unga dalil keltirsin. (Iqtibos tugadi)
Men aytamanki (ya'ni, Zafar Ahmad Usmoniy Tahonaviy): Anas roziyallohu anhuning “Bizlarning har birimiz elkamizni sherigimizning elkasiga va oyog'imizni uning oyog'iga tekkizib tutar edik” degan so'zlari mazkur ish Nabiy s.a.v.ning zamonlarida bo'lgan, undan keyin davom etmaganligiga dalolat qiladi. Bu ma'noni Ma'marning rivoyati ochiq-oydin bayon qiladi. Unda “Agar bu narsa (ya'ni, oyoqlarni bir biriga tekkazish) ularga nisbatan qilinganida, ular xurkak hachirdek qochib ketardilar”, deyilgan. Agar oyoqni oyoqqa tekkizish namozning qasd qilingan sunnatlaridan bir sunnat bo'lganda edi, sahobai kiromlar buni tark qilmagan bo'lardilar va hech kim undan qochmagan bo'lar edi. Hullas sahih gap biz aytgan narsa, ya'ni, mazkur oyoqni oyoqqa tekkizishlik iqomat vaqtida safni to'g'irlashlikda mubolag'a qilish uchun bo'lgan. Iqomatdan keyin namozning ichida bo'lmagan. Buni anglab eting! (E'lous-sunan kitobidan iqtibos tugadi)
Fuqoholar namozxon qiyomda turganda qadamlari yaqinligi qay darajada bo'lishi haqida ixtilof qilganlar:
Shofeiylar bir qarich miqdorida bo'ladi deganlar.
Hanbaliy va Molikiy mazhabi fuqaholari oyoqlar orasini keng ham qilmasdan, bir biriga tekkizib ham olmasdan, balki o'rtacha, odatdagidan oshib ketmagan holda bo'lishni mustahab deganlar.
Bizning Hanafiy fuqaholarimiz esa to'rt barmoq miqdorida bo'lishi sunnat, chunki bu xushu'ga yaqindir, deganlar. Lekin bu o'lchov miqdori oyoqlarini keng qilishga uzri yo'q kishilar uchun belgilangan o'lchovdir. Ammo gavdasi katta, semiz va barvasta kishilar kabi mo''tadil muvozanatni saqlashda oyoqlar orasini kengroq qo'yishga ehtiyoji bor kishilarga odatdagi holatida turishga ruxsat berilgan. Chunki bundan maqsad uzoq vaqt qiyom holatida turganda ham xushu'ni yo'qotmasdan turishga imkon yaratib beradigan darajada bo'lishdir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Sahihul Buxoriy
2. Sunani Abu Dovud
3. E'lous Sunan
4. Al-Fiqhul islamiyyu va adillatuhu
5. Hoshiyatut-Tohtoviy
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi