Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Avgust, 2026   |   8 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:12
Quyosh
05:38
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:18
Xufton
20:39
Bismillah
21 Avgust, 2026, 8 Rabi`ul avval, 1448

Ikkinchi jamoat haqida

04.12.2023   4047   9 min.
Ikkinchi jamoat haqida

Alhamdulillah, yildan yilga diyorimizda dinimizni o'rganib, ilm o'rganayotgan, bilganiga amal qilayotgan, ixlosli kishilar ko'payib bormoqda. Ko'plab kitoblar chop qilinib, xalqimizning ma'rifati oshib bormoqda. Bu kitoblarni o'qish asnosida yangi-yangi masalalar o'rtaga chiqib, xalqimiz haqni botildan, rostni yolg'ondan ajratishni o'rganib bormoqdalar.

Ana shu ijobiy o'zgarishlar sabab qanchadan-qancha unutilayozgan sunnatlar ihyo qilinmoqda, kundalik turmushimizga suqulib kirib qolgan bid'atlar tark qilinmoqda. Bu g'oyatda quvonchli hol, albatta. Bir vaqtlar «birinchi zarbada  elkalarigacha, ikkinchi zarbada bellarigacha» deb tortishib yurgan bo'lsak, endilikda tolibi ilmlarimiz halolni haromdan farqlash, qaysi amal e'tiqodga zid, qaysi amal esa oxiratda najotga sabab bo'lishi haqida ilmiy munozaralar qilishmoqda. Kechagina tahorat qilish, namoz o'qishni endi o'rgana boshlagan bo'lsak, bugungi kunga kelib masjidlarimiz to'lib, endi namozning nozik masalalarini ham mushohada qilmoqdamiz. Ushbu mo''jaz maqolada masjid odoblari hamda jamoat namoziga oid ana shunday masalalardan biri haqida so'z yuritamiz. 

Shu kunlarda bir masala – jamoat namozi muntazam ado qilinadigan masjidda ikkinchi bor jamoat bo'lib namoz o'qish masalasi yuzaga chiqdi. Hadis kitoblarimizda bu borada «Bir bor jamoat bilan namoz o'qilgan masjidda ikkinchi bor jamoat bo'lish» deb nomlangan boblar ochilgan. Jumladan, imom Termiziyning hadis to'plamlarida Abu Sa'id, Abu Umoma, Abu Muso va Hakam ibn Umayr roziyallohu anhumdan bu haqda rivoyatlar qilingan. Shuningdek, Bayhaqiyning «Sunanul kubro» kitobida ham bu haqda rivoyat kelgan. Imom Buxoriy esa «Jamoat namozining fazli» nomli alohida bob ochib, unda Anas ibn Molikning xabarini ta'liq shaklda keltirgan. Unda, jumladan, shunday deyiladi: «Anas masjiddga kelganida namoz o'qilib bo'lgan edi. U azon va iqomat aytib, jamoat bilan namoz o'qidi».

Imom Termiziy keltirgan rivoyat esa quyidagicha:

حَدَّثَنَا هَنَّادٌ حَدَّثَنَا عَبْدَةُ عَنْ سَعِيدِ بْنِ أَبِي عَرُوبَةَ عَنْ سُلَيْمَانَ النَّاجِيِّ الْبَصْرِيِّ عَنْ أَبِي الْمُتَوَكِّلِ عَنْ أَبِي سَعِيدٍ قَالَ جَاءَ رَجُلٌ وَقَدْ صَلَّى رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم  فَقَالَ : أَيُّكُمْ يَتَّجِرُ عَلَى هَذَا فَقَامَ رَجُلٌ فَصَلَّى مَعَهُ.

قَالَ وَفِي الْبَاب عَنْ أَبِي أُمَامَةَ وَأَبِي مُوسَى وَالْحَكَمِ بْنِ عُمَيْرٍ. قَالَ أَبو عِيسَى رحمه الله : وَحَدِيثُ أَبِي سَعِيدٍ حَدِيثٌ حَسَنٌ وَهُوَ قَوْلُ غَيْرِ وَاحِدٍ مِنْ أَهْلِ الْعِلْمِ مِنْ أَصْحَابِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم وَغَيْرِهِمْ مِنَ التَّابِعِينَ قَالُوا لاَ بَأْسَ أَنْ يُصَلِّيَ الْقَوْمُ جَمَاعَةً فِي مَسْجِدٍ قَدْ صَلَّى فِيهِ جَمَاعَةٌ وَبِهِ يَقُولُ أَحْمَدُ وَإِسْحَاقُ ، وقَالَ آخَرُونَ مِنْ أَهْلِ الْعِلْمِ يُصَلُّونَ فُرَادَى وَبِهِ يَقُولُ سُفْيَانُ وَابْنُ الْمُبَارَكِ وَمَالِكٌ وَالشَّافِعِيُّ يَخْتَارُونَ الصَّلاَةَ فُرَادَى

Abu Sa'id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz o'qib bo'lganlarida bir kishi kelib qoldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qay biringiz bu bilan tijorat qilasiz?» [yoki «Qay biringiz bu bilan birga (namoz o'qib) ajr olasiz?] dedilar. Shunda bir kishi o'rnidan turib, u bilan birga namoz o'qidi».

Imom Termiziy shunday deydi: «Bu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari hamda tobe'inlardan iborat bir jamoaning qavlidir. Ushbu hadisga binoan, imom Ahmad, Ishoq va bir necha ahli ilmlar shunga fatvo bergan. Boshqa ahli ilmlar «Kech qolgan alohida o'qiydi», deyishgan. Sufyon, Ibn Muborak, Molik va Shofe'iy ham «Bunday kishi namozni yolg'iz o'qiydi», deganlar.

Hanafiy ulamolaridan Yusuf Bannuriy o'zining «Ma'orifus-sunan» kitoblarida ushbu hadisni keltirib, quyidagilarni yozgan: «Bir kishi masjiddagi jamoatdan kech qolsa, namozni yolg'iz o'qiydi yoki uyiga kelib, ahli oilasi bilan jamoat qiladi yoki boshqa jamoatga boradi. Shunisi yaxshiroq». 

«Roddul muhtor»da «Fathul Qodir»dan rivoyat qilinib, «Hanafiylar ittifoqiga ko'ra, jamoatni qidirib, boshqa masjidga borish vojib emas», deyilgan.

Mahalla masjidlarida azon va takbir aytib, ikkinchi jamoat qilish tahrimiy makruhdir. Ibn Obidiyn «Roddul muhtor»da: «Mahalla masjidida azon va takbir aytib, ikkinchi jamoat qilish tahrimiy makruhdir». 

  1. Lekin mahalla jamoati namoz o'qishdan avval boshqa erlik kishilar kelib, azon va takbir aytib, jamoat bilan namoz o'qisalar;
  2. Yoki mahalla ahli azon aytmay, jamoat bo'lib o'qisa, keyingi kelgan mahalla ahli ham azon va takbirsiz jamoat qilsalar bo'ladi.
  3. Shuningdek, doimiy imomi va muazzini bo'lmagan joylarda, mehmonxona, oshxonalarda va yo'l bo'yidagi masjidlarda ham azon va takbir bilan ikkinchi jamoat qilish joiz. Qozixonning «Amoliy» kitobida ham shunday deyilgan».

Abu Hanifa rohimahulloh: «Keyingi jamoatning azon va iqomatsiz jamoat bo'lib o'qishi tahrimiy makruhdir», degan. Mana shu «zohirur-rivoya»dir. 

Abu Yusuf rohimahullohdan qilingan shozz rivoyatda: «Ikkinchi jamoat avvalgisi kabi bo'lmasa, makruh bo'lmaydi», deyilgan. Bu rivoyat «Roddul muhtor»da: «Abu Yusufdan rivoyat qilinadi» degan lafz bilan kelgan. 

Keyingi jamoat bo'lib, mehrobdan boshqa joyda o'qish ham avvalgi jamoatdagi kabi bo'lmaydi. Bu gap sahihdir. Abu Yusufdan boshqa bir rivoyatda: «Ikkinchi jamoat birinchisidan ko'p bo'lsa makruhdir. Ammo uch yoki to'rt kishi bo'lsalar, masjid burchagida o'qisalar makruh emas», deyilgan. Lekin fatvo Abu Hanifa rohimahullohning qavliga bo'lib, ikkinchi jamoat makruhdir. 

Imom Muhammad: «Kelinglar, jamoat qilamiz, deb bir birlarini chaqirib, jamoat qilsalar makruh, aks holda makruh emas», degan. 

Rashid Ahmad Gango'hiy rohimahulloh o'zining «Al-Qutuful doniyah fi hukmi jamoatis-soniyah» deb nomlangan risolasida shunday deydi: «Abu Hanifa va jumhur ulamolar ikkinchi jamoat makruhligiga Tabaroniy «Al-Kabir» va «Al-Avsat» kitoblarida Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadisni dalil qilganlar:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madina tomondan namoz o'qimoqchi bo'lib kelsalar, qavm namozni o'qib bo'lgan ekan. Shunda uylari tomon yo'l oldilar va ahllarini jam qilib, namoz o'qidilar». 

Ikkinchi jamoat makruhsiz joiz bo'lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savobi bir necha bor ziyoda bo'ladigan masjidlaridagi namozni qoldirmas edilar. «Badoi'» kitobining sohibi Kosoniy rohimahulloh ham shuni dalil qilgan. Anas roziyallohu anhudan qilingan hadisga kelsak, keyingi jamoatni makruh deyuvchilar: «Anas roziyallohu anhuning hadisi hujjat bo'lmaydi. Rivoyatlar bir-biriga zid, birida Banu Sa'laba masjidida deyilsa, boshqasida Banu Rifo'a masjidida deyilgan. Bir rivoyatda Anas roziyallohu anhu imom bo'laturib safdan oldinga chiqmay turgan, deyilgan. Vaxolanki bunday turishning o'zi makruh. Boshqa rivoyatda esa «oldinga chiqib», deyilgan. Shuningdek, «Badoyi'» kitobida Anas roziyallohu anhuning o'zidan: «Rasululloh solallohu alayhi vasallamning sahobalari jamoatdan kech qolsalar, masjidda yolg'iz o'qir edilar», degan rivoyat keltirilgan. Shayximiz «Osorus-sunan»ga yozgan ta'liqotlarida Hasan Basriydan ham: «Sahobalar (jamoatga ulgurishmasa) yolg'iz o'qishar edi», degan rivoyatni keltirgan (Yusuf Bannuriy). 

Shuningdek, barcha hadis zahiralarimizga qarasak, Masjidun Nabaviyda Termiziy keltirgan birgina voqeadan boshqa ikkinchi jamoat bo'lgani zikr qilinmagan. Qolaversa, hadisda kelgan voqeada nafl o'quvchining farz o'quvchiga iqtido qilgani aytilgan. Vaholanki bu erda gap farz namoz o'qimoqchi bo'lgan kishining farzga o'qiyotgan kishiga iqtido qilishi haqida bormoqda. Sahobalarda «Jamoatdan kech qolgan kishi ikkinchi jamoat qilib o'qiyveradi», degan odat ham bo'lmagan. Anas roziyallohu anhu o'qigan masjid yo'l bo'yida joylashgan masjid bo'lishi ham mumkin. Madinadagi barcha kichik-kichik masjidlar zikr qilinganda, bu nomdagi masjid aytib o'tilmagani ham bu gapni quvvatlaydi. U holda, yuqorida aytib o'tganimizdek, imomi tayin bo'lmagan masjidda ikkinchi jamoat bo'lib o'qish aslo makruh emas. 

Qolaversa, kundalik besh mahal namozlar muntazam ravishda jamoat bo'lib o'qiladigan masjidlarda ikkinchi jamoat hosil qilish Islom ruhiga ham ziddir, chunki bunda birinchi jamoatga beparvolik, tarqoqlik, guruhbozlik bor, Islomning shiori sanalgan jamoatga putur etkazish bor. Ikkinchi jamoatning makruhligini bilgani uchun yolg'iz o'qiyotganlarga malomat qilish esa hanafiy mazhabiga va jumhur mazhablarga ziddir. 

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

YUNЕSKO bilan O‘zbekiston mahalla tizimi tajribasini xalqaro darajada targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi

14.08.2026   44404   1 min.
YUNЕSKO bilan O‘zbekiston mahalla tizimi tajribasini xalqaro darajada targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi

O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.

YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.

YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.

Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari