Ramazon – toat-ibodat oyi bo'lishi bilan birga saxovat oyi hamdir. Bu paytda mo'min-musulmon xalqimiz xayriya ishlariga yanada ko'proq e'tibor beradi. Imom domlalar ham bu oyda saxovatpesha insonlarni ehtiyojmand oilalarga yordam ko'rsatishga targ'ib qiladi, xojatbarorlarga beriladigan ajru mukofotlar xushxabarini ulashadilar.
Bu yil mo'min-musulmon xalqimiz o'tgan Ramazon oylariga qaraganda ko'proq xayriya ishiga bel bog'lagan. Buni imom-xatiblarimiz tashabbusi bilan saxovatpesha insonlarning haqdor birodarlarimizga qilayotgan yordamlaridan ham bilish mumkin.
Birgina joriy yil 12-25 aprel kunlari, ikki hafta davomida Respublikamiz bo'yicha 16 mingdan ko'proq oilaga 4 milliard uch yuz millondan ortiq moddiy yordamlar ko'rsatildi. Jumladan, ikki milliard etti yuz milliondan oshiq oziq ovqat mahsulotlari, uch yuz millionga yaqin uy-ro'zg'or buyumlari, bir milliarddan ortiq kiyim kechak kabi boshqa turdagi mahsulotlar, uch yuz millionga yaqin naqd pul berildi.
Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Ehsonning mukofoti faqatgina ehsondir” (Ar-Rohman surasi, 60-oyat). Ya'ni, yaxshilikning mukofoti faqatgina yaxshilikdir. Oyati karimadagi birinchi yaxshilikni bandalar qiladi. Uning ichiga barcha ezgu ishlar kiradi. Ikkinchi yaxshilik esa Alloh taolo yaxshilik qiluvchilarga beradigan jannatdir.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Eng afzal sadaqa Ramazonda qilingan sadaqadir”. Imom Ahmad va “Sunan” sohiblarining ba'zilaridan qilingan rivoyatda: “Kim bir ro'zadorga iftorlik bersa, u uchun u (ro'zador)ning ajridan hech narsa kamaymagan holatda bo'ladi (yoziladi)”, deganlar.
Aziz yurtdoshlar, Ramazon oyining barcha uchun quvonch va sevinch oyi bo'lishi sari qadam tashlaylik!
Eslatib o'tamiz, imom-xatiblar tashabbusi bilan Ramazonning ilk haftasida qariyb 2 milliard so'm xayriya qilingani haqida xabar bergandik.
Alloh taolo imomlarimizning qilayotgan xayrli amallariga ko'makchi bo'lsin, ehtiyojmand insonlarga qilinayotgan xayrli ishlarning fayzini bundanda ziyoda aylasin!





O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun, 2 sentyabr kuni Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohira shahrida Prezident Abdulfattoh as-Sisi homiyligida hamda Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tashabbusi bilan nufuzli xalqaro anjuman o‘z ishini boshladi.
"Global o‘zgarishlar sharoitida oilaviy masalalar: oilani himoya qilish, uning kelajagi va milliy-diniy o‘zlikni asrashda fatvo yondashuvlari" mavzusidagi mazkur ilmiy anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirok etmoqda.
Ikki kun davom etadigan xalqaro yig‘inda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan tashrif buyurgan yetakchi muftiylar, taniqli ulamolar, xalqaro islomiy tashkilotlar rahbarlari, davlat va jamoat arboblari hamda soha mutaxassislari qatnashmoqda.
Anjuman kun tartibidan zamonamizning quyidagi eng dolzarb masalalari o‘rin olgan:
– Globallashuv, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt davrida oila instituti duch kelayotgan muammolarning ilmiy tahlili;
– Zamonaviy oilaviy inqirozlarni puxta tadqiq etish va ularga shar’iy hamda amaliy yechimlar topish;
– Virtual muhitning oilaviy munosabatlarga ta’sirini o‘rganish hamda ularni mustahkamlash yo‘llari;
– Milliy-diniy o‘zlikni saqlash va zararli media kontentlarga qarshi kurashda jamoaviy fatvolar ishlab chiqish.
Xalqaro anjuman tafsiloti bilan saytimiz va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz orqali tanishib borishingiz mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati