بسم الله الرحمن الرحيم
الحمد لله رب العالمين الصلاة و السلام على سيدنا محمد و على آله و أصحابه أجمعين
لا حول و لا قوة إلا بالله
Halqimiz qoniga singib ketgan fazilatlar ichida bir fazilat borki, u hamma millatlarda ham topilavermaydi. To'g'rirog'i topilsa ham bizning elatimiz kabi jilolanmagay. Ya'ni yoshlar bilan kattalar o'rasidagi munosabatda har qanday yurt va elatda ham yoshi ulug'larni hurmat qilish ta'limoti bor esa-da, o'zbekona ehtirom o'zgacha.
Biroz mubolag'a dersiz, biroq hayotimizga sinchiklab nazar solsangiz, o'zidan bir necha yosh kichiklarga kattalar yuqoridan turib viqor bilan balandparvoz munosabatda bo'lishiga qanday ham ta'rif bera olasiz?
Bu fazilat bizga ota-bobolarimizdan dinimiz ta'limotlari o'laroq meros qolgan. Muqaddas Islom dini ta'limotlarida keksalarni hurmat va ikrom qilishlikka targ'ib qilinadi. Ularning martabalari Alloh taoloning huzurida ham, butun bashariyat va jamiyat oldida ham e'zozlanadi.
Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Sochiga oq tushgan musulmonni ikrom qilish Allohni ulug'lashdandir”(Imom Tabaroniy rivoyati).
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyati qilinadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Sizning oldingizga bir qavmning kattasi kelsa uni ikrom qilinglar”(Tabaroniy rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisi sharifda fikrimizning isboti yaqqol ko'rinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Yaxshilik (boshqa rivoyatida: baraka) kattalaringiz bilan birgadir”(Ibn Hibbon rivoyati).
Darhaqiqat, keksalari bor xonadonda baraka bo'ladi. Buni esa, ko'pincha ular o'tib ketganlaridan keyin sezamiz. Bizning nazarimizda ular hech qanday ishga yaramay qolgandek tuyulsa-da, oilamizda borligining o'zi ham katta davlat.
Shu o'rinda aytib o'tish joizki, ba'zi yoshi kattalar yoshlarning beodobligi va kattalarni hurmat qilmasliklaridan nolib qolishadi. Lekin e'tibor berib qarasangiz, ularning o'zlari yoshlariga yarasha axloqda emaslar. Hurmatga sazovor bo'lish uchun yoshi o'tib qolsa ham avvalgidek ko'ngil ko'chalarida kezavermasdan tavba va axloq-odob yo'lini tutmoq kerak. Aks holda hazrat Alisher Navoiy ta'biri ila aytganda o'zi keksayib qolsayu, yoshlarning qilig'ini qilsa, u odam go'yoki qurigan daraxtga lattalarni ilib qo'yib shu daraxt ko'karib turibdi degan kabidur.
Shuningdek keksayganda hurmat topishni xohlagan inson yoshligida kattalarni hurmat qilib olishi kerak. Zero, ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yosh yigit keksani hurmat qilar ekan, Alloh unga ham keksaligida hurmat qiladiganini taqdir qilib qo'yur”, deganlar.
Bu nasihat doimo yoshlarning yodida bo'lmog'i lozim. Holbuki, hademay keksayib qolishi bor. Toki o'shanda nadomat qilmasin. Bugun imkoni borida keksalik uchun zaxira hozirlab olsin.
Ulug'bek qori YO'LDOShYeV,
Asaka tumanidagi “Muhammadsolih” jome masjidi xodimi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
#duo
Robbanag‘fir lanaa va li-ixvaaninallaziyna sabaquuna bil iymaan va laa taj’al fiy quluubinaa g‘illal-lillaziyna aamanu, Robbanaa innaka roufur rohiym.
"Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey Robbimiz, albatta, Sen mehribon va rahmli Zotsan" (Hashr surasi, 10-oyat).