Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Oktabr, 2026   |   5 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:17
Quyosh
06:36
Peshin
12:09
Asr
15:58
Shom
17:45
Xufton
19:00
Bismillah
16 Oktabr, 2026, 5 Jumadul avval, 1448

“…Albatta Men yaqindirman”

20.05.2019   48213   22 min.
“…Albatta Men yaqindirman”

Tanlovga!

“…Albatta Men yaqindirman”

(Baqara surasining 186-oyati tafsiri)

 وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌ أُجِيبُ دَعْوَةَ الدَّاعِ إِذَا دَعَانِ فَلْيَسْتَجِيبُوا لِي وَلْيُؤْمِنُوا بِي لَعَلَّهُمْ يَرْشُدُونَ (186)

“Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman. Duo qilguvchi menga duo qilganda, ijobat qilurman. Bas, Menga ham ijobat qilsinlar va iymon keltirsinlar. Shoyadki to‘g‘ri yo‘lni topsalar” (Baqara surasi 186-oyat).

Yuqoridagi oyatlarda Ramazon ro‘zasi haqida so‘z ketgan edi. Alloh taolo bandalariga yengilchilikni iroda qilganini ma’lum qildi. Shuningdek, Alloh taolo bandalariga qiyinchilikni ravo ko‘rmaydi. Ushbu oyati karimaning ma’nosi esa:

Modomiki, Alloh Haq subhanahu va taolo senga ro‘zada bergan nafsiy poklanish halovatini totar ekansan, U Zotga shukr qilishlikka yuzlanasan. Bu esa (yuzlanishliging) Alloh taoloning senga “Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman”, deb javob qaytarishiga munosibdir. Mulohaza qiladigan bo‘lsak, oyati karimada “إذا” (izaa) kalimasi keldi, “إن” emas! Alloh taolo ta’kidlayaptiki, sen ushbu halovatga erishganingdan so‘ng, albatta, U zotga shukr qilasan. Alloh taolo hadisi qudsiyda aytadi: “Uch toifa bor, ularning duolari rad qilinmaydi: Ro‘zador – og‘iz ochgunicha, adolatli imom va mazlumning duosi”. (Ushbu duo)ni Alloh taolo bulutlar ustiga ko‘taradi va unga osmon eshiklari ochiladi. Alloh taolo: “Izzatimga qasam! Albatta, unga nusrat beraman. Ozginadan keyin bo‘lsa ham”, deydi”.

Alloh taolo duoni qabul qilishligini bildik. Xo‘sh, sen imom emasdursan va mazlum ham emasdursan. Ammo, ro‘zador bo‘la olasan! Demak, senga ro‘za tutish qoldi.

Qur’oni karimda “سأل” (sa’ala) “so‘rasa” kalimasini kelgan joyini ko‘rsak, ketidan javobida “قل” (qul) “ayt” kalimasi ham keladi:

يَسْأَلُونَكَ عَنِ الْخَمْرِ وَالْمَيْسِرِ قُلْ فِيهِمَآ إِثْمٌ كَبِيرٌ [البقرة: 219]

“Sendan xamr va qimor haqida so‘rarlar. Sen: “Ikkisida katta gunoh... bor” deb ayt” (Baqara surasi 219-oyat).

وقوله:{ وَيَسْأَلُونَكَ مَاذَا يُنفِقُونَ قُلِ الْعَفْوَ }[البقرة: 219]

“Va sendan nimani nafaqa qilishni so‘rarlar. Sen: “Ortiqchasini”, deb ayt” (Baqara surasi 219-oyat).

يَسْأَلُونَكَ مَاذَا يُنفِقُونَ قُلْ مَا أَنفَقْتُم مِّنْ خَيْرٍ فَلِلْوَالِدَيْنِ وَالأَقْرَبِينَ وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا تَفْعَلُواْ مِنْ خَيْرٍ فَإِنَّ اللّهَ بِهِ عَلِيمٌ [البقرة: 215]

“Sendan nimani nafaqa qilishni so‘rarlar. Sen: “Nafaqa qilgan yaxshiligingizdan ota-onalarga, yaqin kishilarga, yetimlarga, miskinlarga va vatangadolarga bo‘lsin. Qanday yaxshilik qilgan bo‘lsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir”, deb ayt” (Baqara surasi 215-oyat).

Barcha o‘rinda “يَسْأَلُونَكَ» (yas’alunaka) «so‘rashadi», kalimasidan so‘ng “قُلْ” (qul) “ayt” deb, bir o‘rinda esa “فقل” (faqul) “bas, ayt”, deb kelgan:

وَيَسْأَلُونَكَ عَنِ الْجِبَالِ فَقُلْ يَنسِفُهَا رَبِّي نَسْفاً  [طه: 105]

“Sendan tog‘lar haqida so‘rarlar. Bas: «Robbim ularni mutlaqo sovurib yuborajak...” deb ayt” (Toha surasi 105-oyat).

Diqqat bilan nazar tashlasak, “قُلْ” (qul) va “فقل» (faqul) o‘rtasida farq bo‘lyapti. Ya’ni, Alloh taolo bandalari orasida bo‘layotgan amal borasida so‘rashganda “قُلْ” (qul), deb javob berishlikni buyurayapti va hali bo‘lmagan, keyinchalik bo‘ladigan narsa borasida so‘ralganda, “فقل» (faqul) deb, javob berishlikni buyuryapti. Bu Qur’oni karimning nozik balog‘atli ekanligidan dalolat!

Ammo, biz to‘xtalayotgan oyati karimada esa, “Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar…” dan keyin, na “قُلْ” (qul) va na “فقل» (faqul) dedi. Chunki, “قُلْ” (qul), deb ishlatishlik amaliyotda yaqinlikni uzoqlashtirib yuboradi. Alloh taolo bu yerda bandalarining so‘roviga vositasiz javob berishlikni iroda qildi. Garchi, bu xabarni yetkazuvchi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bo‘lsalarda, Alloh taolo “Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman”, deb javobni bandalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘lladi. Buning nozil bo‘lish sababi bor: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Robbimiz yaqinmi munojat qilsak, yoki uzoqmi nido qilsak?”, deb so‘rashgan edi. Chunki, odatda uzoqdagi kishiga nido qilinadi. Keyin, Alloh taolo javoban: “Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman” dedi. Bu yaqinlikning foydasi nimada?! Albatta, Alloh taolo aytayaptiki: “Duo qilguvchi duo qilganda, ijobat qilurman”. Lekin, buning shartlari qanday?

“Agar bandalarim so‘rasalar” oyatida “عباد” (’ibaad) kalimasi ishlatildi. Arab tilidan ma’lumki, «عبيد» (abiyd) va “عباد” (’ibaad)  kalimalari o‘rtasida farq mavjud. To‘g‘ri, ikkala kalimaning ham birlik ko‘rinishi “عبد” bo‘lishligi mumkin. Ammo, bu yerda «عبيد» va “عباد” borasida so‘z ketmoqda. Yer yuzida barcha Allohga «عبيد» – “qul” bo‘la oladi, lekin, hamma ham “عباد” – “banda” bo‘la olmaydi. Nima uchun?

Chunki, «عبيد» (abiyd) borliqda boshqa narsalar kabi bo‘ysundirilgandir. Bular orasida haqdan bosh tortganlari ham mavjud. Ammo, Allohning bandalari “عباد” U zotning barcha buyruqlariga o‘z ixtiyorlari bilan bo‘ysunganlardir. Ular qachon tug‘ilib, qachon o‘ladigan va qanday bu olamda bor ekanligi borasida aql yuritmaydiganlar orasida turib ham Allohning buyruqlariga ergashadilar. Bu yerda “عباد” lar Alloh taolo ularga qilgan ixtiyor ish borasida shunday deb ajralib turadilar: “To‘g‘ri, yo Robbim! Sen bizga ixtiyor berding va biz esa Senga borar yo‘lni tutdik. Havoyi nafsimiz bizning ustimizdan hukm chiqarishligiga qo‘yib bermaymiz. Sen shunday degansan “Falon ishni qil” va “Falon ishni qilma”, biz esa ushbu taklifni Sendan qabul qilganmiz. Yo Robbim!».

Robbing senga “Qil” deb aytadi, qachonki, sen bu ishni qilish yoki qilmaslikka qodir bo‘lsang. Yoki “Qilma” deb aytadi, qachonki, sen bu va bu ishni qilishlikka qodir bo‘lsang! Shuning uchun ham, “Qil” va “Qilma” degan buyruq ixtiyoriy buyruqlar ichiga kiradi. Alloh Haq subhanahu va taolo senga ba’zi ishlarda “Qil” va “Qilma” deb, buyruq berdi, ammo, yana bir qancha ishlar borki, u borasida senga na “Qil” va na “Qilma” dedi. Bu ishni qilish yo qilmaslikda erkin bo‘lasan. Buni “Muboh ixtiyor doirasi” deb nomladi. Bu yerda yana “Qil” yoki “Qilma” deyishlikka bog‘langan takliflar va uning ustida zarar qoim bo‘lmagan, qilish-qilmaslik sening qo‘lingda bo‘lgan takliflar bor. Ixtiyoridan foydalanib, “Robbim, Sen menga ixtiyor berding. Lekin, men Yo ixtiyorni bergan zot, bu ixtiyorni yaxshi deb bilgan tomoningga yuzlantirishliging uchun Senga topshirdim. Men ixtiyorimdan voz kechaman. Sen “Qil” degan narsangni qilaman va “Qilma” degan narsangni hargiz qilmayman”, degan kishi haqiqiy bandadir.

Demak, haqiqiy “عباد” lar ixtiyorini olib, uni ixtiyorni ularga tuhfa etgan zotning o‘ziga topshirishdi. Alloh taologa: “Biz Seni o‘z nafsimizga omonatdor etdik” deyishdi. Alloh taolo bu bandalarini “عباد” sifatlab shunday marhamat qiladi:

وَعِبَادُ الرَّحْمَـانِ الَّذِينَ يَمْشُونَ عَلَى الأَرْضِ هَوْناً وَإِذَا خَاطَبَهُمُ الجَاهِلُونَ قَالُواْ سَلاَماً * وَالَّذِينَ يِبِيتُونَ لِرَبِّهِمْ سُجَّداً وَقِيَاماً   [الفرقان: 63-64]

“Rohmanning bandalari yer yuzida tavozu’ ila yuradigan va johillar xitob qilganida, “salom”, deydiganlardir. Ular tunlarni Robbilariga sajda qilib, bedor o‘tkazurlar” (Furqon surasi 63-64 oyatlar).

Mana shu zotlar Allohning “عباد” bandalaridirlar. Shu sababli ham Alloh taolo shaytonga shunday degan:

إِنَّ عِبَادِي لَيْسَ لَكَ عَلَيْهِمْ سُلْطَانٌ   [الحجر: 42]

“Albatta, mening bandalarim ustidan senga hukmronlik qilishlik yo‘q” (Hijr surasi 42-oyat).

Unday bo‘lsa, shaytonga bandalar ustidan mutloq hukmronlik yo‘q ekan. Shayton “عبيد” larga ixtiyorlari sababli ta’sir o‘tkaza oladi. “عِبَادِي” kalimasi ichiga “عبيد” kalimasi kirmaydi. Faqatgina qiyomat kuni kelganda ikkala kalimaga ham “عِبَادِي” kalimasi ishlatiladi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

أَأَنتُمْ أَضْلَلْتُمْ عِبَادِي   [الفرقان: 17]

“Anavi bandalarimni sizlar adashtirdingizmi?” (Furqon surasi 17-oyat).

Qiyomat qoim bo‘lganida, hech kimning ixtiyori qolmaydi. Shu sababdan ham barcha “عِبَادِي” kalimasi ichiga kirib ketadi. Hatto, kofirlarga ham ixtiyori qaytib berilmaydi.

Alloh taolo “Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman. Duo qilguvchi menga duo qilganda, ijobat qilurman” deb marhamat qildi. Bandalar Alloh taoloning iymoniy manhajini tutganlar. Shu bois, U zotdan faqatgina iymon va taklifotlarni ketkazmaydigan narsalarni so‘raydilar.

Alloh taolo aytadi: “Bas, Menga ham ijobat qilsinlar”. Chunki, duo javobni talab qiladi. Modomiki, duoingni ijobat bo‘lishligini hohlasang, Robbingga odob ila muomila qilgin! U zot subhanahu va taolo seni O‘zining yo‘liga chaqirdi. Alloh taolo sening duoingni ijobat qilishligini hohlasang, sen ham U zotning chaqirig‘iga ijobat qilgin! Alloh taolo “Duo qilguvchi menga duo qilganda, ijobat qilurman” deb marhamat qildi. Duo qilguvchining o‘zinigina keltirmadi. Balki, unga shart qo‘ydi, ya’ni “Menga duo qilganida” dedi. Chunki, ba’zida insonlar bajarishga qodir bo‘lmagan kishilardan ham so‘rashliklari mumkin. Bunga misol Alloh taoloning quyidagi oyati karimasidir:

إِنَّ الَّذِينَ تَدْعُونَ مِن دُونِ اللَّهِ عِبَادٌ أَمْثَالُكُمْ   [الأعراف: 194]

“Albatta, Allohdan boshqasiga duo qiladiganlar ham siz kabi bandadirlar” (A’rof surasi 194-oyat).

إِن تَدْعُوهُمْ لاَ يَسْمَعُواْ دُعَآءَكُمْ..  [فاطر: 14]

“Agar ularga duo qilsangiz, duoingizni eshitmaslar” (Fotir surasi 14-oyat).

Go‘yoki, banda ijobat qilishlikka ahl bo‘lmaganlardan so‘raydi. Alloh Haq subhanahu va taolo esa bizga “Duo qilguvchi menga duo qilganida ijobat qilurman”, deb ta’lim beryapti. Ammo, banda borib, vafo qilishlikka qodir bo‘lmagan kishidan so‘rasa, Alloh taolo uning duosini ijobat qilishlikka mas’ul emas.

Alloh taolo bu yerda bizga inson o‘zi uchun yaxshi bo‘lgan narsani so‘rashligi haqida ta’lim bermoqchi. Inson zoti bu yaxshiliklarni chegaralashga qodir emas. Ya’ni, sen bir ishni yaxshi deb bilishliging mumkin ammo, u aslida yomon bo‘lib chiqadi. Sen uni yaxshi deb o‘ylab, duo qilishlikda bardavom bo‘lishliging mumkin. Shunday ekan, duoning asl mulohazasi shuki, sen yaxshlikni yaxshi ko‘rasan. Lekin, yaxshilikni tushunishlikda yoki unga yetkazadigan narsa borasida xatolikka yo‘l qo‘yishliging mumkin. Shak-shubha yo‘qki, sen yaxshilikni sevasan. Shuning uchun ham Robbingni duoingni ijobat qilishligi – agar senga nisbatan yaxshilik keltirmaydigan bo‘lsa, duoingni ijobat qilmasligidir. Shuning uchun ham, Robbingga umid qilib, duo qilganingdan so‘ng U Zot duoingni ijobat qilmasa, “Nima uchun Alloh duoyimni ijobat qilmadi?”, deb aytma! Alloh sening duoingni ijobat qildi. U Zot sendan ahmoqona duo yoki unda senga yomonlik yetadigan tomonini ketkazdi. Chunki, sen duo qilayotgan zot Hakim zotdir. U Zot go‘yoki shunday demoqda: “Men senga yaxshlikni beraman. Men biladigan yaxshilik senbiladigan yaxshlikdan ustundir. Shu bois ham bu doingni ijobat qilinmasligi sen uchun yaxshlikdir”.

Bunga bir zarbul masal keltirsak – Alloh taolo eng oliy masalga loyiq zotdir – O‘g‘lingiz sizdan o‘z yoshiga munosib bo‘lmagan narsani so‘rasa. Siz o‘g‘lingiz uchun so‘ragan narsasida zarar bor ekanligini bilsangiz, siz unga so‘ragan narsasini sotib olib berasizmi? Yo‘q, albatta! Chunki, siz u so‘ragan narsadan zarar va xavf-xatar bor ekanligini bilasiz. Shu bois ham unga so‘ragan narsasini olib bermaysiz. Balki, siz u so‘ragan narsasidan ko‘ra afzal va yaxshiroq narsani olib berasiz va u siz olib bergan narsa bilan quvonadi.

Shunday ekan, yaxshilik — ishlardagi hikmat taqozosiga ko‘ra bo‘ladi.

Sizning duoingizning ijobat bo‘lmasligida ham, sizga unda jabr-sitam yetishligi sabab bo‘lganligi uchundir. Bu borada Alloh Haq subhanahu va taolo shunday marhamat qiladi:

وَيَدْعُ الإِنْسَانُ بِالشَّرِّ دُعَآءَهُ بِالْخَيْرِ وَكَانَ الإِنْسَانُ عَجُولاً   [الإسراء: 11]

“Inson yaxshilikka duo qilgani kabi, yomonlikka ham duo qiladi. Albatta, inson shoshqaloqdir” (Isro surasi 11-oyat).

Shuning uchun ham Alloh taolo aytadiki:

سَأُوْرِيكُمْ آيَاتِي فَلاَ تَسْتَعْجِلُونِ   [الأنبياء: 37]

“Sizga tezda oyatlarimni ko‘rsataman. Shoshqaloqlik qilmanglar!” (Anbiyo surasi 37-oyat).

Ulamolar aytishadi: “Albatta, duo bilan xorlik va ibodatni qasd qilsanggiz, go‘zal bo‘ladi. Ijobat esa faqatgina Allohning irodasiga bog‘liq. Siz duoda o‘zingizning nasibangizni qila olishingiz mumkin, ammo, ishni to‘laligicha tasarruf qila olmaysiz. Duodagi sizning nasibangiz – ibodat va xorlikdir. Chunki, siz duo qilayotganingizda qoim qilgan sabablaringiz biror ishga qodir bo‘lmaydigan basharning so‘rashi kabi bo‘ladi. Shu sababli ham siz barcha narsaga qodir bo‘lgan va jamiki narsalarga Molik bo‘lgan Zotdan so‘raysiz. Dorimiy va Bayhaqiy rivoyatida: «Qur’on qiroati va Mening zikrim kimni Mendan so‘rashdan mashg‘ul qilib qo‘ysa, unga so‘rovchilarga beradigan eng afzal savobni beraman», deyilgan. O‘zimizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizga o‘rgatgan narsalarini o‘rgataylik. Darhaqiqat, Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Agar qadr kechasiga yetishadigan bo‘lsam, nima deb duo qilayin?” deb so‘radilar. E’tibor bering, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam onamizga barcha yaxshiliklarga qiyos qilsa bo‘ladigan narsaning ta’limini berdilar. U zot: “Yo Alloh! Sen Afuvvsan. Sen afv qilishlikni suyasan, bizni afv qilgin!”, dedilar. Afvdan ko‘ra yaxshiroq narsa bormikan?! Yo‘q, albatta! Hadeb “Buni ber”, “Buni ber” deyishlikdan saqlanish kerak. Chunki, bu sababli “Inson yaxshilikka duo qilgani kabi, yomonlikka ham duo qiladi. Albatta, inson shoshqaloqdir” oyati ostiga kirib qolish mumkin.

Kimki “Men Robbimga duo qildim, U zot duoimni ijobat qilmadi”, desa, biz unga aytamizki: “Aqlsizlik qilmang. Siz talab qilgan narsangizni ijobat qilinmasligining o‘zi bir yaxshilikdir. Alloh taolo xohlagan vaqt sizga yaxshilikni beradi”.

Alloh taolo jamiyatda ba’zi bir narsalarni undan senga zarar yetishligi mumkin bo‘lganlarini ko‘rsatdi. Sababi sening duoingni ijobat qilmaslik – yaxshilikning ayni o‘zi ekanligini bildirishlikdir. Shuning uchun ham duoning shartlari bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni pokiza rizq talab qilishlikka boshlaganlar.

Hadisi sharifda keladi: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “So‘ng bir kishini zikr qildilar: “Sochlari to‘zib, chang-g‘ubor bosgan va qo‘llarini osmonga ko‘tarib, “Yo Robbim, yo Robbim” deyayotgan kishi. Holbuki, yeydigan o‘rni harom, ichadigan o‘rni harom, kiyadigan kiyimi harom va harom bilan o‘ralgan kishi. Unga qayerdan ham (duosi) ijobat bo‘lsin?!”. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga insonning duosi qay tarzda fasod bo‘lishligini ta’limini beryaptilar. Xulosa qilsak, duo ikki o‘rinda ijobat bo‘lmaydigan bo‘ldi: birinchisi, duo qilish fasod bo‘lgan ko‘rinishda, ikkinchisi esa, inson duo qilayotgan narsasi o‘zi uchun yaxshi deb o‘ylaydi ammo, Alloh taolo esa unda banda uchun zarar bor ekanligini biladi va bu yomonlikni bandasidan yiroq qiladi. Bu Buyuk va Oliy zotning hikmatidir.

Yana bir jihat. Duoning ijobat bo‘lishligi kechikishligi mumkin. Chunki, U zot senga so‘ragan narsangni bersa, bu foniy dunyoda sizga vaqtinchalik yaxshilik vazifasini bajaradigan narsani bergan bo‘ladi. Holbuki, U Zot seni yaxshi ko‘radi. Shu bois ham duoingni boqiy oxiratga kechiktiradi. Bu faqatgina xos kishilar yetishadigan yetuklikdir. Bu yerda yana boshqa bir yetuklik bor: modomiki, duoda xorlik va bo‘ysunish bo‘lar ekan, Alloh taolo senga hadisi qudsiyda kelgan narsani yo‘llaydi:

“Alloh taolo dunyo osmoniga tushib (kayfiyatsiz), shunday deydi: “Kim menga duo qiladi, duosini ijobat qilaman? Yoki so‘raydi, so‘ragan narsasini beraman”. So‘ng yana: “Kim (o‘zini) mahrum qilmasdan va zulm qilmasdan qarz (ya’ni, bu yerda Alloh taolo toat-ibodatni nazarda tutmoqda) beradi?”, deydi”.

Albatta, inson o‘zi yaxshi ko‘rgan narsalarini so‘rashlikka bog‘langandir. Har qachon so‘ragan narsasi unga taqdim qilinmasa u “Yo Robbim” deb nido qila boshlaydi. Alloh taolo bandasini mana shunday duo qilishligini yaxshi ko‘radi. Alloh taolo aytadiki: “Bandalarim orasida duolarini yaxshi ko‘radiganlarim bor. Men ularni “Yo Robbim” deyishliklari uchun sinovga yo‘llayman”. Mo‘min kishining duodan bo‘lgan nasibasi uni ijobat bo‘lishligi emas! Balki Alloh taolo aytgan so‘zidir:

قُلْ مَا يَعْبَؤُاْ بِكُمْ رَبِّي لَوْلاَ دُعَآؤُكُمْ      [الفرقان: 77]

“Agar duo-iltijolaringiz bo‘lmasa, Robbim sizlarga hech qiymat bermas” (Furqon surasi 77-oyat).

Rububiyat va marbubiyatning ma’nosi sen doimo “Yo Robbim” deb e’tirof etishligingdir. Bir masal keltirsak – Alloh taolo eng oliy masalga loyiq zot – Ota o‘g‘liga har oy kundalik harajatlari uchun pul beradi. O‘g‘il bir oylik kundalik harajatlarini qoplaydigan pulni olgandan so‘ng, bir oy davomida otasi bilan aloqasi ozayib, uni ko‘rishlikka ham qiziqmasligi mumkin. Ammo, ota o‘g‘liga kundalik harajatlarini har kunligini berib borsa, o‘g‘il otasini kutib boshlaydi. Otasi ozgina kechiktiradigan bo‘lsa, o‘g‘il otasini eshik oldida kutib turaveradi. Ota o‘g‘lini ko‘rishlik uchun ehtiyoji bor narsa bilan o‘ziga bog‘laydi.

Alloh subhanahu va taolo duoning ijobat bo‘lishligi uchun shartlarni belgilab qo‘ygan. Bu shart – Alloh taolo bandasini chorlagan paytda banda ham U zotning chaqirig‘iga ijobat qilishligi kerak. Mana shu holatda banda duosining ijobat bo‘lishligiga loyiq bo‘ladi. Alloh taolo hadisi qudsiyda aytadiki: “Kimniki, meni zikr qilishlik mendan so‘rashlikdan mashg‘ul qilib qo‘yayotgan bo‘lsa, unga so‘raguvchilarga beradiganimdan afzlini beraman”.

Buning misoli: Sayyidimiz Ibrohim alayhissalom olovga tashlanayotgan paytda, Jibril alayhissalom u zotga: “Biror ehtiyojingiz bormi?” dedilar. Ehtiyojlari bor ekanliklarini inkor qilmadilar va baloga bepisand ham bo‘lmadilar. Jibril alayhissalomga: “Ammo, sizga ehtiyojim yo‘q” dedilar. To‘g‘ri, u zotning ehtiyojlari bor edi, ammo, Jibril alayhissalomga emas edi. Chunki u zot kuydirish sifati ila yaratilgan olovdan najot topishliklarini bilardilar. Bu ish maxluqotlardan birortasining qo‘lidan kelmaydigan, ammo, bunga qodir zot faqatgina ushbu olovni yaratgan zot ekanligi ravshan edi. Shuning uchun ham Ibrohim alayhissalom Jibril alayhissalomga: “Ammo, sizga ehtiyojim yo‘q” dedilar. “Holatimni ko‘rib, so‘rab ham o‘tirmadi” (maqol), Alloh taolo shunday marhamat qildi:

قُلْنَا يا نَارُ كُونِي بَرْداً وَسَلَاماً عَلَى إِبْرَاهِيمَ    [الأنبياء: 69]

“Aytdik: Ey, olov. Ibrohimga sovuq va salomatlik bo‘lgin” (Anbiyo surasi 69-oyat).

Imom Aliy karramallohu vajhahudan o‘rnak olaylik, bir kishi u zot betob bo‘lganlarida, ziyorat qilishlik uchun keldi. U zotni oh-voh qilayotganini ko‘rib, “Siz Abulhasan bo‘la turib, oh-voh qilayapsizmi?” dedi. Shunda u kishi: “Men Alloh taologa shijoat qilmayman” dedilar.

Unday bo‘lsa, Alloh taoloning “Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman. Duo qilguvchi menga duo qilganda, ijobat qilurman. Bas, Menga ham ijobat qilsinlar va iymon keltirsinlar” degan kalomiga kelsak, ijobat bo‘lishlik uchun manhaj bo‘lishligi zarur ekanligini bildiradi. “Iymon keltirsinlar” ya’ni, Alloh taoloni Hakim iloh deb, iymon keltirshlik zarurdir. Chunki, har bir so‘ragan kishiga duosi ijobat bo‘lavermaydi. Chunki, Ilohlik har bir so‘rovchiga u uchun yaxshi bo‘lgan narsani beradigan hikmatni taqozo qiladi. Bu yaxshilik so‘raguvchining emas, balki, duoni ijobat qiluvchining qiyosiga ko‘ra yaxshi bo‘lishligi kerak.

Alloh taolo oyati karima yakunida “Shoyadki to‘g‘ri yo‘lni topsalar”, deb ta’kidlayapti. Xo‘sh, “To‘g‘ri yo‘lni topsalar” ning ma’nosi nima? Ma’nosi: yaxshilik yo‘lini, eng to‘g‘ri yo‘lni topishlikdir.

Ushbu oyati karima “Ramazon unda Qur’on insonlar uchun hidoyat qilib, nozil qilingan (oy)dir” oyatidan so‘ng kelgan. Bu bizga bayon qiladiki, ro‘za tutib, poklangan inson duosi ijobat bo‘lishligi uchun loyiq bo‘ladi. Bu duodan nasibang duoning ijobat bo‘lishligi emas, balki, unda ibodat borligidir.

Alloh taolo barchamizni Ramazon oyiga yetkazsin! Ramazon oyida poklanib, duosi ijobat bo‘ladigan, Robbilarining da’vatiga ijobat qilgan mo‘minlar va Alloh taologa yaqin bandalar qatoridan qilsin!

 

Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rohimahullohning «Tafsiri Sha’roviy» asaridan

Abdussami’ Ergashev tarjimasi

 

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Besh yo‘nalish, 16 mamlakat, bir buyuk meros: “Sahih al-Buxoriy” bo‘yicha yangi xalqaro tadqiqot nashri tayyorlanmoqda

16.10.2026   5526   10 min.
Besh yo‘nalish, 16 mamlakat, bir buyuk meros: “Sahih al-Buxoriy” bo‘yicha yangi xalqaro tadqiqot nashri tayyorlanmoqda

Axborot manbasini aniqlash, ma’lumot kimdan olinganini tekshirish, turli rivoyatlarni o‘zaro solishtirish va ishonchli dalilni shubhali xabardan ajratish bugungi axborot makonining eng dolzarb masalalaridan biriga aylangan. Bundan qariyb o‘n ikki asr muqaddam Imom Buxoriy hadislarni saralashda manba zanjiri, roviylar ishonchliligi va rivoyatlarni qiyosiy tekshirishga tayangan ilmiy an’ananing eng mukammal namunalaridan birini namoyon etgan edi, xabar bermoqda iccu.uz.

2026 yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi tashkilotchiligida Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti — ICESCO hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida o‘tkazilgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi – yirik xalqaro ilmiy loyiha ana shu merosga zamonaviy tadqiqot nuqtayi nazaridan qayta murojaat qildi. Ana shu forum doirasida Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada xalqaro olimlar, tadqiqotchilar tomonidan bir qator ma’lumotlar, yangiliklar taqdim etilgan. Bugungi kunda Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu materiallar asosida 16 mamlakat olim va tadqiqotchilari ishtirokida Imom Buxoriy shaxsiyati, “Al-Jomi’ al-musnad as-sahih” asarining ilmiy metodologiyasi, qo‘lyozmalari, jahon ilmiy maktablaridagi o‘rni hamda asar atrofidagi tanqidiy bahslarni besh asosiy yo‘nalishda qamrab olgan qariyb 800 sahifalik ilmiy nashr ustida ishlamoqda.

Buxorodan boshlangan ilmiy yo‘l

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy 194 hijriy, 810 milodiy yilda Buxoroda tug‘ilgan. Yoshligidan hadis ilmiga qiziqqan alloma keyinchalik Makka, Madina, Iroq, Shom, Misr va Xuroson kabi o‘sha davrning yirik ilm markazlarida bo‘lib, ko‘plab muhaddislardan ta’lim olgan.

Uning eng mashhur asari — “Al-Jomi’ al-musnad as-sahih”, keng tarqalgan nomi bilan “Sahih al-Buxoriy”, sunniy islom ilmiy an’anasida eng nufuzli hadis to‘plamlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

Asarning ahamiyati faqat unda hadislar jamlangani bilan cheklanmaydi. Tadqiqotchilar uchun uning asosiy xususiyatlaridan biri — rivoyatlarni qabul qilish va saralashda qo‘llangan murakkab ilmiy mezonlardir.

Islom ilmlari tarixida sanad — xabar yoki hadisning bir roviydan boshqasiga yetib kelganini ko‘rsatuvchi rivoyat zanjiri — markaziy ahamiyat kasb etgan. Muhaddislar roviylarning tarjimayi holi, ishonchliligi, xotirasi, bir-biri bilan uchrashish imkoniyati va bir xabarning turli yo‘llar orqali qanday rivoyat qilinganini qiyosiy o‘rgangan.

Imom Buxoriy ana shu ilmiy muhitda faoliyat yuritib, hadislarni tekshirish va tasniflashda o‘ta yuqori talablar qo‘ygan olim sifatida tarixda qoldi.

“Sahih al-Buxoriy” — faqat to‘plam emas, ilmiy yondashuv

Imom Buxoriy merosiga bag‘ishlangan zamonaviy tadqiqotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri uning hadislarni tanlash uslubi va asarni tayyorlash yondashuvini o‘rganishga qaratilgan.

Manbalarda alloma “Sahih al-Buxoriy” ustida 16 yil ishlagani qayd etiladi. Asarni yaratishga turtki bergan omillar qatorida uning ustozi, IX asrda yashagan buyuk muhaddis, faqih va Qur’on tafsiri olimi, Xurosonning eng nufuzli ulamolaridan biri Is'hoq ibn Rohavayhning sahih hadislarni alohida kitob shaklida jamlash haqidagi taklifi ham keltiriladi.

Biroq ilmiy nuqtayi nazardan asarning qimmati uni yaratish uchun sarflangan vaqtdan ko‘ra qo‘llangan metodologiyada yaqqolroq namoyon bo‘ladi.

Imom Buxoriy rivoyatlarning sanadiga, roviylarning maqomiga, ular o‘rtasidagi aloqa imkoniyatiga va hadislarning boshqa rivoyat yo‘llari bilan munosabatiga alohida ahamiyat bergan. Asardagi bob sarlavhalari ham oddiy texnik taqsimot emas: ular ko‘p hollarda muallifning fiqhiy xulosasi, dalilni qanday anglagani va bir rivoyatdan qanday huquqiy yoki axloqiy ma’no chiqarganini ko‘rsatadi.

Shu sababli “Sahih al-Buxoriy” asrlar davomida faqat o‘qilgan emas — sharhlangan, qiyoslangan, ko‘chirilgan, o‘qitilgan va tanqidiy tahlil qilingan.

Ilmiy konferensiya nimani o‘rgandi?

2026 yil 7–11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida 9–10 iyul kunlari Samarqandda “Imom Buxoriyning “Al-Jomi’ as-Sahih” asari — Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etilgan konferensiyaning ilmiy dasturi Imom Buxoriy merosini bir yoqlama tarixiy xotira sifatida emas, balki kompleks tadqiqot obyekti sifatida o‘rganishga qaratildi. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi tomonidan tayyorlanayotgan ilmiy nashr bu jihat alohida ahamiyat kasb etdi. Olimlar va tadqiqotchilar tomonidan quyidagi 5 yo‘nalishda Imom Buxoriy merosi tahlil qilindi.

Birinchi yo‘nalish Imom Buxoriy shakllangan tarixiy, jug‘rofiy, ijtimoiy va ilmiy muhitni qamrab oldi. Bunda Buxoro va Movarounnahrning hadis ilmi taraqqiyotidagi o‘rni, oilaviy tarbiya, ustozlar muhiti va allomaning ilmiy shaxsiyati shakllanishiga ta’sir qilgan omillar tadqiq etildi.

Ikkinchi yo‘nalish “Al-Jomi’ as-Sahih”ning ichki ilmiy mexanizmiga qaratildi. Tadqiqotchilar Imom Buxoriyning isnod tizimi, hadislarni saralash va tasniflash mezonlari, rivoyatlardagi yashirin nuqsonlarni aniqlash usuli, bob sarlavhalarini shakllantirish mahorati hamda dalillash prinsiplarini tahlil qildi.

Bu yo‘nalish asarga oddiy hadislar majmuasi sifatida emas, balki murakkab ilmiy arxitekturaga ega manba sifatida qarash imkonini beradi.

Uchinchi yo‘nalish dunyo kutubxonalari va qo‘lyozma xazinalarida saqlanayotgan “Sahih al-Buxoriy” nusxalariga bag‘ishlandi. Qo‘lyozmalardagi qiroat, samo’, ijoza, muqobala va turli ilmiy qaydlar asarning asrlar davomida qanday o‘qilgani, ko‘chirilgani va avloddan avlodga yetkazilganini o‘rganish uchun muhim material hisoblanadi.

Bunday manbalar bir matnning tarixiy harakatini kuzatish, nusxalar o‘rtasidagi farqlarni aniqlash va asarning ilmiy transmissiyasini tiklash imkonini beradi.

To‘rtinchi yo‘nalish turli mamlakat va ilmiy maktablarning “Sahih al-Buxoriy”ni o‘rganishga qo‘shgan hissasini qamrab oldi. Asar asrlar davomida Shimoliy Afrikadan Markaziy Osiyoga, Yaqin Sharqdan Janubiy Osiyogacha bo‘lgan keng hududlarda o‘qitildi, sharhlandi va tadqiq qilindi.

Bu geografiya Imom Buxoriy merosining faqat bir davlat yoki mintaqa doirasidagi tarixiy qadriyat emasligini ko‘rsatadi.

Beshinchi yo‘nalish “Sahih al-Buxoriy” atrofida turli davrlarda bildirilgan ilmiy e’tirozlar, bahsli masalalar va ularga berilgan javoblarni o‘rganishga bag‘ishlandi.

Bu yo‘nalishning konferensiya dasturiga kiritilishi muhim: ilmiy merosni asrash uni faqat ulug‘lash bilan emas, balki unga qaratilgan savollarni ham ochiq ilmiy muhokama qilish bilan amalga oshirilishini ko‘rsatadi.

16 mamlakat tadqiqotchilari ishtirokidagi nashr

Konferensiya yakunlari keyinchalik alohida ilmiy nashrga aylandi.

ICESCO 2026 yil 16 iyulda “Imom Buxoriyning “Al-Jomi’ al-musnad as-sahih” asari: Ummat kitobi. Isnod va tasdiq sivilizatsiyasining ilmiy timsoli” nomli fundamental nashr tayyorlanmoqda.

Nashrda 16 mamlakat olimlari va tadqiqotchilari ishtirok etdi. Unda konferensiyaning yuqorida sanab o‘tilgan besh asosiy ilmiy yo‘nalishi bo‘yicha taqdim etilgan tadqiqotlar jamlanmoqda.

Nashr hadis ilmi tarixi bilan birga manbashunoslik, qo‘lyozmashunoslik, matn tanqidi, rivoyat metodologiyasi va islom intellektual tarixi uchun ham yangi tadqiqot materiallarini bir maydonga to‘pladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa to‘plamdagi tadqiqotlar annotatsiyalarini o‘zbek tiliga tarjima qilishda ishtirok etdi.

Qadimiy sanad tizimi va zamonaviy axborot muhiti

Imom Buxoriyning ilmiy uslubini zamonaviy jurnalistika yoki bugungi faktcheking tizimi bilan aynan tenglashtirish tarixiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ular turli davrlar, vazifalar va ilmiy muhitlarga tegishli.

Biroq ular o‘rtasida muhim intellektual nuqta bor: axborotning o‘zi yetarli emas — uning manbasi ham tekshirilishi kerak.

Hadisshunoslik an’anasida “Bu xabar kimdan keldi?”, “Uni yetkazgan shaxs qanchalik ishonchli?”, “U mazkur ma’lumotni bevosita olishi mumkin bo‘lganmi?”, “Boshqa rivoyatlarda bu xabar qanday keltirilgan?” kabi savollar ilmiy tekshiruvning bir qismiga aylangan.

Bugun raqamli platformalar orqali ma’lumot bir necha soniya ichida millionlab odamlarga yetib borayotgan sharoitda ham manbani aniqlash, birlamchi ma’lumotni topish, mustaqil tasdiq izlash va xabarni kontekstda baholash ishonchli axborotning asosiy shartlaridan bo‘lib qolmoqda.

Shu nuqtayi nazardan Imom Buxoriy merosi faqat diniy yoki tarixiy ahamiyatga ega emas. U ma’lumot bilan ishlashda mas’uliyat, tekshirish va dalilga tayanish madaniyati qanday shakllanganini o‘rganish uchun ham muhim tarixiy tajribadir.

Imom Buxoriy tadqiqotlari uchun institutsional baza

Imom Buxoriy merosini tizimli o‘rganish O‘zbekistonda so‘nggi yillarda maxsus ilmiy muassasalar faoliyati bilan ham mustahkamlanmoqda.

2016 yil 18 oktyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasida o‘sha paytda Prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy yodgorlik majmui qoshida buyuk allomalar merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan.

2017 yil 27 martda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlariga oid Prezident qarori qabul qilindi.

Bugun Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va boshqa ixtisoslashgan ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik qo‘lyozmalarni o‘rganish, ilmiy nashrlar tayyorlash va O‘zbekistonda shakllangan intellektual merosni xalqaro akademik muhitga olib chiqish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro konferensiya va 16 mamlakat olimlari ishtirokida tayyorlanayotgan yangi ilmiy nashr esa Imom Buxoriy merosini faqat tarixiy xotira sifatida emas, balki hali ham tadqiq qilinishi, bahs qilinishi va yangi ilmiy savollar qo‘yilishi mumkin bo‘lgan tirik intellektual meros sifatida namoyon etishi kutilmoqda.

Axborot hajmi ortib, haqiqat bilan talqin, ishonchli manba bilan tasdiqlanmagan xabar o‘rtasidagi chegara tobora murakkablashayotgan bir davrda bu merosdan chiqadigan eng muhim xulosa sodda: ishonchli bilim manbani tekshirishdan boshlanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

 

Besh yo‘nalish, 16 mamlakat, bir buyuk meros: “Sahih al-Buxoriy” bo‘yicha yangi xalqaro tadqiqot nashri tayyorlanmoqda Besh yo‘nalish, 16 mamlakat, bir buyuk meros: “Sahih al-Buxoriy” bo‘yicha yangi xalqaro tadqiqot nashri tayyorlanmoqda
O'zbekiston yangiliklari