Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Mart, 2026   |   26 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:17
Quyosh
06:35
Peshin
12:37
Asr
16:42
Shom
18:33
Xufton
19:45
Bismillah
15 Mart, 2026, 26 Ramazon, 1447

Tilovat: bilishimiz kerak bo‘lgan odoblar

29.03.2018   55753   9 min.
Tilovat: bilishimiz kerak bo‘lgan odoblar

Qur’on o‘quvchi qori xolis niyat qilishi, tilovat odoblariga amal qilishi lozim. U tilovat chog‘ida o‘zini Alloh taologa munojot qilayotgandek tutishi, Allohni ko‘rib turgandek holatda bo‘lishi kerak. Garchi u ko‘rmasa ham, Alloh taolo bandani ko‘rib turadi.

Qur’on tilovati va qorilarning odoblari:

– Qiroatdan oldin og‘iz misvok yoki boshqa vositalar bilan tozalanadi. Misvokning eng afzali arok daraxtidan olinganidir. Ammo tishlarni tozalashda boshqa vositalarni ham ishlatsa bo‘ladi.

Agar og‘izda qon yoki boshqa narsalar bo‘lsa, uni yuvib tashlamay Qur’on tilovat qilish makruh sanaladi;

– Qur’on tahoratli holda o‘qiladi. Agar suv topilmasa, tayammum qilinadi. Junub va hayz ko‘rayotgan ayol bir oyat yoki undan kam miqdorda bo‘lsa ham o‘qishi harom. Ammo harflarni talaffuz qilmasdan, qalbdan o‘tkazsa bo‘ladi. Shuningdek, bunday holda Mus'hafga nazar solish ham joiz.

Junub va hayz ko‘rgan ayol tasbeh, tahlil, tahmid, takbir aytishi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavot yo‘llashi mumkin. Bu toifadagilar musibat yetganda Qur’on oyatini niyat qilmagan holda “innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’un”, deyish joizligiga ulamolar ittifoq qilishgan. Shuningdek, ular ulovga minishda “subhaanallaziy saxxoro lanaa haazaa va maa kunnaa lahuv muqriniyn”, deb aytishlari va faqat duo niyati bilan “robbanaa aatinaa fid-dunyaa hasanatav-va fil-aaxirati hasanatav-va qinaa azaaban-naar”, deyishlari ham joiz;

– Qiroat qilinadigan joy pok va ozoda bo‘lishi lozim. Shuning uchun ko‘p ulamolar masjidda Qur’on o‘qish mustahab deganlar. Chunki masjid doimo ozoda bo‘ladi. Bunda masjidning hurmati va sharafi ham e’tiborga olinadi;

– Qur’on o‘quvchi qiroatni boshlashdan avval “a’uzu billaahi minash-shaytonir rojiym”, deydi. Bu fikr jumhur ulamolarning so‘zlaridir.

Alloh taolo aytadi:

فَاسْتَعِذْ بِاللّهِ مِنَ الشَّيْطَانِ الرَّجِيمِ  فَإِذَا قَرَأْتَ الْقُرْآنَ

“Qachon Qur’on o‘qisang, mal’un shayton (vasvasasi)dan Alloh panoh berishini so‘ragin!”  (Nahl, 98).

Ko‘pchilik salaf ulamolar taavvuzni “a’uzu billaahis-samiy’il ’aliymi minash-shaytonir rojiym” tarzida aytishardi. Ushbu siyg‘a (shakl) ham maqbul, lekin eng afzali birinchisidir (ya’ni, “a’uzu billaahi minash-shaytonir rojiym”).

Xoh namozda yoki boshqa holatda bo‘lsin qiroat avvalida ta’avvuzni aytish mustahab, vojib emas. Shuningdek, Tavba surasidan boshqa hamma suralar avvalida “بِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ” ya’ni, “bismillaahir-rohmaanir-rohiym”ni aytish lozim. Agar basmalani tark qilsa, ko‘pchilik ulamolarning fikricha, Qur’onning odobini buzgan hisoblanadi;

– Agar qori adashib ketmasa, Qur’onni yo‘lda yoki safarga ketayotganida qiroat qilishi joiz. Agar qiroatda xayoli chalg‘isa yoki yanglishsa, u holda yo‘lda tilovat qilish makruh

وَعَنْ حُمَيْدٍ الأَعْرَجِ عَنْ مُجَاهِدٍ قَالَ: إِذَا تَثَاوَبْتَ وَأَنْتَ تَقْرَأُ فَأَمْسِكْ عَنْ الْقِرَاءَةِ حَتَّى يَذْهَبَ عَنْكَ. رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ فِي شُعَبِ الإِيْمَانِ.

Humayd A’roj Mujohiddan rivoyat qiladi: “O‘qiyotganingda esnasang, esnash to‘xtagunicha qiroat qilmay tur” (Bayhaqiy “Shuabul-iymon”da rivoyat qilgan).

Demak, esnayotganda Qur’on o‘qish mumkin emas. Bunda tilovatni to‘xtatib turib, og‘izni o‘ng qo‘l bilan yopish kerak. Bu ham odobdandir;

– Namozdan tashqari holatda ham qiblaga yuzlanib tilovat qilish mustahab.

– Qur’on o‘quvchi qori sokin va viqor bilan, boshini quyi solib, o‘zini xuddi ustozi oldida o‘tirgandek tutishi lozim.

Alloh taolo aytadi:

لِّأُوْلِي الألْبَابِ  خَلْقِ السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ وَاخْتِلاَفِ اللَّيْلِ وَالنَّهَارِ لآيَاتٍ  إِنَّ فِي

الَّذِينَ يَذْكُرُونَ اللّهَ قِيَاماً وَقُعُودا وَعَلَىَ جُنُوبِهِمْ وَيَتَفَكَّرُونَ فِي خَلْقِ السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ

رَبَّنَا مَا خَلَقْتَ هَذا بَاطِلاً سُبْحَانَكَ فَقِنَا عَذَابَ النَّار

Albatta, osmonlar va Yerning yaralishida hamda kecha va kunduzning almashinib turishida aql egalari uchun (bir yaratuvchi va boshqarib turguvchi Zot mavjud ekaniga) oyat-alomatlar bordir. Ular turganda ham, o‘tirganda ham, yotganda ham Allohni zikr qiladilar hamda osmonlar va Yerning yaralishi haqida tafakkur qilib (deydilar): “Parvardigoro, bu (borliq)ni behuda yaratganing yo‘q! Sen (behuda biron ish qilishdan)poksan! O‘zing bizni jahannam azobidan asragin!” (Oli-Imron, 190-191).

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhu: “Men Qur’onni namozda ham, yotog‘imda ham o‘qiyman”, degan.

Jundub ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni unga qalblaringiz ulfat bo‘lib turganda qiroat qiling. Qachon ixtilof qilsangiz turib keting”, dedilar” (Ikki shayx rivoyat qilgan).

Ushbu hadisi sharifni ulamolarimiz ikki xil ta’vil qilganlar.

Birinchi ta’vil: Qur’onning ma’nolari haqida ittifoq bo‘lib turganingizda qiroat qiling. Agar ixtilof qilib qolsangiz, talashib-tortishib janjallashmasdan o‘rningizdan turib keting.

Ikkinchi ta’vil: Qur’onni qalbingiz unga ishtiyoq qilib, oshiq bo‘lib turganda o‘qing. Qachon malol ko‘rishni sezsangiz o‘rningizdan turib keting.

Albatta, bu ikki ma’noga ham amal qilmoq kerak.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh chiroyli ovozli nabiyning ovoz chiqarib Qur’onni ohangli qilib o‘qiganiga quloq solganchalik hech bir narsaga quloq solmagan”, dedilar” (Uchovlari rivoyat qilgan).

Ushbu hadisi sharif Qur’oni karimni qoidasi bilan chiroyli qilib qiroat qilish juda ham marg‘ub amal ekaniga dalildir.

Abu Dovud va Buxoriyning rivoyatida:

“Qur’onni ovozlaringiz ila ziynatlanglar. Kim Qur’onni ohang bilan o‘qimasa bizdan emas”, deyilgan.

Qur’oni karimni qoidaga muvofiq qilib ohang bilin o‘qimoq darkor. Kim tajvid qoidalariga va ohang bilan qiroat qilishga amal qilmasa makruh ishni qilgan bo‘ladi. Ba’zi ulamolar bu ishni harom, o‘shani qilgan odam gunohkor, deganlar.

Qur’oni karimni qoidaga rioya qilmay o‘qiyotganlarni ko‘rgan kishilar ularga bu ish noto‘g‘ri ekanini tushuntirmog‘i lozim.

Alloh taolo:

وَرَتِّلِ الْقُرْآنَ تَرْتِيلاً

“Va Qur’onni tartil bilan tilovat qil” (Muzzammil, 4), degan.

Sharh: Qur’onni tartil bilan o‘qish deb uni dona-dona qilib, har bir harfini o‘z o‘rnidan chiqarib, oyatlarini alohida-alohida qilib, tajvid qoidalari asosida o‘qishga aytiladi.

Qur’onni tartil bilan o‘qishga bo‘lgan farmoni ilohiy barcha mo‘min- musulmonlarga ommaviy farmondir. Muhammad alayhissalomga Jabroil alayhissalom Qur’onni tartil bilan o‘qib berganlar. O‘z navbatida Payg‘ambar alayhissalom ummatlariga tartil bilan o‘qib berganlar.

Musulmon ummati esa avloddan avlodga o‘z Payg‘ambaridan qandoq qilib olgan bo‘lsa, shundoq o‘tkazib kelmoqda. Qorilarimiz Qur’on qiroati qoidalarini tartibga solib kitoblar qilishgan. Bu qoidalarni bilish har bir musulmon uchun zarur. Shuning uchun har bir musulmon tajvid qoidalari bo‘yicha bir kitob o‘qimog‘i, Qur’on tilovatini tajvid ilmiga ega bo‘lgan qorilardan o‘rganmog‘i lozim.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “U kishidan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari qandoq bo‘lgan, deb so‘ralganda, cho‘zib o‘qish bo‘lgan, dedi va Bismillahir rohmanir rohiym, deb bismillahni cho‘zib, ar-Rohmanni cho‘zib, ar-Rohiymni cho‘zib qiroat qildi» (Buxoriy va Abu Dovud rivoyat qilgan).

Sharh: Albatta, Alloh taolo Qur’oni karimni Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Jabroil alayhissalom orqali nozil qilgan. U zot Qur’oni karimni qandoq qilib qabul qilib olgan bo‘lsalar, xuddi shundoq qilib o‘z sahobalariga o‘rgatganlar. Sahobai kiromlar esa xuddi ushbu rivoyatda Anas roziyallohu anhu o‘rgatayotganlaridek tobeinlarga o‘rgatganlar. Ana shu tarzda Qur’oni karim va uning qiroati avloddan avlodga omonat ila o‘tib kelmoqda.

Xulosa kilib aytganda, Qur’oni karim tilovati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tilovatlariga o‘xshashi kerak. Buning uchun esa Qur’oni karim va uning qiroatini silsilasi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yetib boradigan ustozdan har bir harfni, har bir so‘zni, har bir oyatni o‘rganish lozim bo‘ladi. 

Azizaxon MO‘MINOVA,

Xadichai Kubro o‘rta-maxsus islom bilim yurti talabasi

O‘MI Matbuot xizmati

 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muftiy hazratlari: "Ramazonning oxirgi dahasini g‘animat bilaylik!"

13.03.2026   15833   1 min.
Muftiy hazratlari:

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugun, 13 mart kuni juma namozini Toshkent viloyati Qibray tumani “Baytqo‘rg‘on” jome masjidida ado etdilar. 

Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga muborak oyning oxirgi dahasini g‘animat bilish, bu damlardan unumli foydalanib qolish borasida go‘zal suhbat qilib berdilar.
Alloh taolo oxirgi o‘n kunlikni o‘ziga xos fazilat va lutfu ehsoni bilan sharafli qilganki, bunga boshqa kun va oylarda yetishishning iloji yo‘q. Payg‘ambarimiz alayhissalom ham boshqa oylarda qilmagan ba’zi amallarni shu oyda qilganlar. 

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ushbu oxirgi o‘n kunlikda ibodatlarga yanada jiddu jahd bilan kirishish, vaqtni g‘animat bilish, Qadr kechasini izlash kabi amallarni sanab o‘tar ekan, ayniqsa, Qadr kechasida qilingan solih amal boshqa ming oyda qilingan amaldan yaxshiroq bo‘lishini oyati karima bilan keltirib o‘tdilar. Zero, Alloh taolo Qadr surasining 3-oyatida “Qadr kechasi ming oydan ham yaxshiroqdir” deb marhamat qilgan.

Ma’ruzada jamiyatdagi birlik, inoqlik, o‘zaro yordam va muhabbat asosida qarindoshlarga yaxshilik qilish yotishi ta’kidlandi. O‘zaro arazlashganlar bo‘lsa yarashishga chaqirildi.

Shuningdek, bu yilgi Ramazon oyi o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki ruhda o‘tayotgani, buning asosiy sababi – Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan keng ko‘lamli xayriya va ijtimoiy ko‘mak tadbirlarining amalga oshirilayotgani ekani e’tirof etildi.

Manfaatli suhbat so‘ngida Alloh taolo barchamizni ushbu g‘animat damlardan unumli foydalanib, O‘zining roziligiga erishadigan bandalaridan qilishini so‘rab duo qilindi.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati

Muftiy hazratlari: Muftiy hazratlari: Muftiy hazratlari: Muftiy hazratlari: Muftiy hazratlari: Muftiy hazratlari:
O'zbekiston yangiliklari