Germaniyaning turli hududlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan ham qator ma’rifiy uchrashuvlar va muloqotlar tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasida muborak vatandoshlarimiz uchun iftorlik tashkil etildi. Unga Germaniyada yashab, mehnat qilayotgan hamda tahsil olayotgan yurtdoshlarimiz taklif etildi.
Mazkur tadbirda Farg‘ona shahridagi “Xo‘jamberdiboy” jome masjidi imom-xatibi Husniddin domla Tursunzoda ishtirokchilar bilan “Vatanga muhabbat – eng muqaddas tuyg‘u” mavzusida ma’rifiy suhbat o‘tkazdi. Suhbat davomida Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, chet elda yashab faoliyat olib borayotgan vatandoshlarimiz o‘rtasida birlik va hamjihatlikni mustahkamlashning ahamiyati haqida so‘z bordi.
Virjiniya, Nyu-York, Baltimor shaharlarida vatandoshlar, jamoat faollari va turli sohalar vakillari ishtirokida iftorlik dasturxonlari yozildi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov boshchiligidagi ulamolarimiz Ramazon oyining fazilatlari, milliy o‘zlikni saqlash, O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida ma’ruzalar qilishmoqda.
Shuningdek, imom-xatiblarimiz u yerlarda taroveh namozlarini o‘qib berib, vatandoshlarimizni xushnud etmoqda. Ular do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitida, bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, Ramazon oyining ma’naviy qadriyatlari – bag‘rikenglik, saxovat va birlikni yana bir bor his qilishmoqda.
Yekaterinburg shahrida ham vatandoshlar uchun iftorlik uyushtirildi.
Unda Toshkent shahridagi “Baland” jome masjidi imom-xatibi A’zamjon Ergashev Islom dinining ma’naviy va insonparvarlik qadriyatlari haqida ma’ruza qilib berdi.
Uchrashuv davomida vatandoshlar o‘zlarini qiziqtirgan diniy va dunyoviy mazmundagi savollarga javob olishdi.
Mehmonlar uchun O‘zbekistonning turizm salohiyati va muqaddas qadamjolarini ochib beruvchi videoroliklar, milliy an’analar, madaniy meros va islom dinining jamiyat hayotidagi o‘rnini aks ettiruvchi tarqatma materiallar namoyish qilindi.
Dunyoning 50 ta shahrida o‘tkazilayotgan bunday xayrli tadbirlar vatandoshlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash, yurt bilan bog‘liqlik tuyg‘usini yanada kuchaytirish hamda milliy va diniy qadriyatlarimizni targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati