Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasulullohsollallohu alayhi va sallam: “Albatta Allohning odamlarni farosat orqali biladigan (yoki taniydigan) bandalari bordir” (Hakim Termiziy rivoyati).
* * *
Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda: “Albatta rizq eshigi yetti osmonning ustidan ochiqdir. U Arshgacha yetib borgan. O‘sha eshik tunu kun yopilmaydi. Alloh har bir bandaga niyati, sarf(-harajat)i, sadaqa va infoq qilishiga qarab o‘sha rizqdan (Yerga) tushiradi. Bas, kim (sadaqani) ko‘paytirsa, unga ham (rizqi) ko‘paytiriladi. Kim kamaytirsa, unga ham kamaytiriladi. Kim (bermasdan, baxillik qilib) ushlab qolsa, undan ham (baraka va keng rizq) ushlab qolinadi”, deyilgan (Hakim Termiziy rivoyati).
* * *
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Qachon Allohning “Allohga qarzi hasana beradigan kishi bormi?” oyati nozil bo‘lganida, Abu Dahdoh al-Ansoriy: “Ey Rasululloh, Alloh bizdan qarz so‘rayaptimi?” dedi. U zot: “Ha, ey Abu Dahdoh”, dedilar. U: “Menga qo‘lingizni bering, ey Rasululloh”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga qo‘llarini bergan edilar, u: “Men ushbu bog‘imni Rabbimga qarz qilib berdim. Unda olti yuzta xurmo daraxti bordir”, dedi. O‘sha paytda (uning ayoli) Ummu Dahdoh va oila a’zolari bog‘da edilar. Abu Dahdoh kelib: “Ey Ummu Dahdoh”, deb chaqirgan edi, ayoli: “Labbay”, deb javob berdi. “Bog‘dan chiq. Men uni Rabbim azza va jallaga qarz qilib berdim”, dedi Abu Dahdoh” (Hakim Termiziy rivoyati).
* * *
Al-Hakim at-Termiziy “al-Amsal minal Kitab vas Sunna” asarida quyidagi hadisni keltiradi: «Mujohid (rahmatullohi alayh) dedi: “Ibn Umarga Makkadan Madinaga qadar hamrohlik qilib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan faqat shu hadisnigina rivoyat qilganini eshitdim: “Mo‘minning misoli asalari kabidir. Agar u bilan hamnishin bo‘lsang, nafi tegadi, u bilan sherik bo‘lsang, nafi tegadi, maslahat olsang, nafi tegadi, hamroh bo‘lsang, nafi tegadi. Uning har bir narsasidan manfaat yetadi. Asalari ham shunday, uning har narsasi foydali”» (Hakim Termiziy rivoyati).
* * *
Alloh taolo shunday deb buyurmish:
"Ey Muso! Sen Meni ko‘rmassan, zero, Meni ko‘rgan darhol o‘ladi. Jonsiz narsalar ko‘rsa yemiriladi, yashnab turgan narsa ko‘rsa xazon bo‘ladi. Meni faqat ko‘zlari o‘limni bilmaydigan, jasadlari chirimaydigan jannat ahli ko‘rgay".
(Hakim Termiziy Ibn Abbos raziyallohu anhu hazratlaridan rivoyat etgan).
* * *
"Qullarimdan birining tanini, molini va yoki bolasini bir musibatga solganimda u qulim buni yaxshi bir sabr ila qarshilasa, qiyomat kunida u kimsa uchun tarozu qurmoqdan yoxud nomai a’mol ochmoqdan uyalgayman".
(Hakim Termiziy Anas raziyallohu anhudan rivoyat etganlar).
* * *
Muso alayhissalom janobi Haqqa xitoban:
Yo Rabbiy! Men qullaringdan kimni sevishingni bilmoq va men ham uni sevmoqni istayman,— dedi. Janobi Haq;
Meni ko‘p zikr etgan qulimni ko‘rganing zamon bilki, Men uni sevgayman. Meni zikr etmaganlarni ko‘rganingda esa anglaki, Men ularni xush ko‘rmagayman, - dedi.
(Hakim Termiziy Hasan Basriydan rivoyat etganlar, hadis hasan, mursaldir).
* * *
Anas raziyallohu anhuning Rasuli Akramdan qilgan rivoyatiga ko‘ra Alloh taolo:
"Qo‘llarini Menga cho‘zib duo qilgan qulimning qo‘llarini bo‘sh qaytarmakdan hayo qilgayman",— dedi. Malaklar:
Ey, bizning Rabbimiz! U yarlaqamoqqa loyiq emasdir,-— dedilar. Alloh taolo:
Lekin Men taqvoga (jazo va azobimdan qo‘rqishlariga, iymon va ibodat keltirishlariga) ham, mag‘firatga ham loyiqman. Sizni shohid qilamanki, Men uni mag‘firat etdim!— degan javobini berdi.
(Hakim Termiziy) "Navodirul-usul"da rivoyat etgan).
* * *
Muoz ibn Jabaldan (r.a.) rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v) dedilar: “Eng yaxshi kasb tijoratchilarning kasbi bo‘lib, ular yolg‘on gapirmaydi, omonatga xiyonat qilishmaydi, va’daga vafo etishadi, sotib olsalar yomonlashmaydi, sotsalar qimmatga sotishmaydi, birovning haqini berishni cho‘zishmaydi, o‘zlarining haqlarini olishda qiyinlashtirishmaydilar” (Imom Hakim at-Termiziy rivoyati).
* * *
Hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: “Ulug‘lik, ulug‘vorlik, faxr menikidir. Taqdir mening sirimdir. Kim men bilan shularning birida tortishsa, uni do‘zaxga uloqtiraman” (Hakim Termiziy rivoyati).
Sayyid Muhyiddin maxdum madrasasi
Shu yilning 6 aprel kuni Guliston shahridagi “Guliston” jome masjidida Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov rahbarligida viloyatdagi imom-xatiblarning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Abdurahmon Nazirqulov ham ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibidan diniy-ma’rifiy faoliyatni jadallashtirish, ijtimoiy muhit barqarorligini ta’minlash va yurt obodligiga hissa qo‘shish kabi muhim masalalar o‘rin oldi.
Viloyat bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov o‘z nutqida “Yashil makon” umummilliy loyihasining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Masjidlar atrofini ko‘kalamzorlashtirish, mevali va manzarali daraxtlar ekish hamda hududlarda ozodalikni saqlash imom-xatiblarning diqqat markazida bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Muloqot davomida mahalla “yettiligi” bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolar yig‘inlarida faol ishtirok etish va aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, xorijdagi vatandoshlarimiz va mehnat migrantlari bilan doimiy aloqada bo‘lish, ularning oila a’zolaridan xabar olish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Viloyat hokimligi mas’uli Abdurahmon Nazirqulov so‘zga chiqib, masjidlarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash va aholi orasida sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashda diniy soha xodimlarining o‘rni beqiyos ekanini qayd etdi.
Yig‘ilish yakunida imom-xatiblarga berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, kasbiy mas’uliyatni oshirish hamda jamoatchilik bilan ishlashda tashabbuskor bo‘lish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati