Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

Rasman: Haj kvotasi 7200 ta bo‘ldi!

20.01.2017   24206   2 min.
Rasman: Haj kvotasi 7200 ta bo‘ldi!

Mamlakatimiz mo‘min-musulmonlari muborak haj va umra ibodatlarini ado etishlar uchun yildan-yilga qulay shart-sharoitlar tashkil etib kelinmoqda. So‘nggi yillarda ziyoratchilarga ko‘rsatiladigan tibbiyot, transport, mehmonxona xizmatlari va ibodat masalalaridagi yordamlar saviyasi sezilarli darajada oshganini alohida qayd etish kerak.

Yana bir xursandchilik, haj safariga borish istagini bildirayotganlar soni oshib borayotganini inobatga olib, 2017 yildan yurtimizdan haj ziyoratiga boruvchilar soni 7200 nafar qilib belgilandi (ilgari 5200 nafar edi). Bu xushxabar barcha yurtdoshlarimizga katta quvonch baxsh etdi.

Shu kunlarda Haj ishlari bo‘yicha O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistonida xizmat safarida bo‘lib, bir qator vazirlik va idoralar bilan 2017 yilgi haj mavsumini namunali tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqda. Kuni kecha Saudiya Arabistoni Haj va umra ishlari vaziri Solih Bantin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda o‘tgan Haj mavsumidagi yutuqlar va kelayotgan mavsumga tayyorgarlik, uni yanada yaxshi tashkil etishga doir fikrlar bildirildi. Mazkur uchrashuv yakunida ikki tomon o‘rtasida imzolangan shartnomaga ko‘ra, joriy yil Haj mavsumi uchun O‘zbekistonga 7200 ta kvota ajratilishiga erishildi.

Kunning ikkinchi yarmida Haj ishlari bo‘yicha O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi rahbariyati bilan Jidda shahrida uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda haj va umra ziyoratlarini tashkil etish doirasidagi tashkiliy masalalar, jumladan, Madina va Jidda shaharlari xalqaro aeroportlari orqali ziyoratchilarni tashish, ko‘rsatiladigan xizmatlar muhokama etildi. Saudiya Arabistoni Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi O‘zbekiston haj ishchi guruhi va “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi ish faoliyatiga yuqori baho berdi.

Shundan so‘ng Haj ishlari bo‘yicha O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif dasturi doirasida Saudiya Arabistoni Transport korxonalari bosh vakilligi mas’ullari bilan uchrashdi. Uchrashuvda bosh vakillik rahbari Foruq Buxoriy O‘zbekiston tomonidan haj va umra tadbirlarini yuqori darajada tashkil etib kelayotgani, o‘zbekistonlik hojilar zamonaviy transport vositalari bilan ta’minlangani, shartnomaviy kelishuvlar O‘zbekiston tomonidan to‘laqonli bajarilayotganini alohida ta’kidladi. Foruq Buxoriy so‘zining yakunida O‘zbekiston haj delegatsiyasi a’zolariga yuqori darajadagi tashkiliy ishlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

axborot xizmati

Haj va umra
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

15.09.2026   10228   2 min.
Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.

- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.

Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.

Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.

Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.

Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari