Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Vafot etgan ota-onamning tutilmagan ro‘zalarini qanday ado etishim mumkin?

07.03.2025   8014   1 min.
Vafot etgan ota-onamning tutilmagan ro‘zalarini qanday ado etishim mumkin?

Cavol: Vafot etib ketgan ota-onalarning zimmasida tutilmagan ro‘zalari qolgan bo‘lsa, uni qanday ado etish mumkin?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Mazhabimiz ulamolari nazdida vafot etgan kishilarning nomidan ro‘za tutib bo‘lmaydi, balki, valiylari tomonidan ularning ro‘za tutishdan ojiz bo‘lgan har bir kunlari uchun fidya (bir miskinning bir kunlik taomi yoki shu miqdoridagi mablag‘) beriladi.

Bu haqda fiqhiy manbalarimizda bunday deyiladi: Agar (bemor) tuzalib yoki (musofir) uyiga qaytib bir muddat yashab vafot etsa, merosxo‘rlari mayyitning yashagan kunlari uchun fidya beradilar (Muxtasarul viqoya).

Agar Ramazon ro‘zasini kasallik yoki safarni uzoq davom etgani sababli tuta olmasa va vafot etsa unga qazosi vojib bo‘lmaydi, lekin merosxo‘rlariga vasiyat qilgan bo‘lsa vasiyati durust bo‘ladi va merosxo‘rlari (agarchi ro‘za tutish mayyitga vojib bo‘lmasada) molining uchdan biridan fidya beradilar.

Ammo, musofir muqim bo‘lsa va bemor sog‘aysa va bir muddat yashasa, ularga kasallik yoki safarda qazo qilgan kunlarini ro‘zani tutishi vojib bo‘ladi. Agar tuta olmasdan vafot etsa, vafotidan oldin merosxo‘rlariga fidyani vasiyat qilishi lozimdir (“Badoye’us sanoye’”, “Fatovoi Hindiya”). Vallohu a’lam.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

13 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilindi

31.08.2026   65439   1 min.
13 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilindi

Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.

Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.

Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.

Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari