Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Oktabr, 2026   |   4 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:16
Quyosh
06:34
Peshin
12:09
Asr
15:59
Shom
17:47
Xufton
19:01
Bismillah
15 Oktabr, 2026, 4 Jumadul avval, 1448

Alvido tushkunlik!

04.04.2025   14254   4 min.
Alvido tushkunlik!

Stress – cho‘chish, xavfsirash kabi holatlar bilan kechadigan ruhiy holat. Har bir odam bunday holatlarni boshdan o‘tkazadi. Gohida ishdagi muammolar, gohida oilaviy kelishmovchiliklar yo biror farzandimizning betobligi yo moddiy qiyinchilik ruhiy holatimizga ta’sir qiladi.

Stress xavotirlanish yoki biror ishga aralashib qolish yo bo‘lmasa ichki kurash natijasida paydo bo‘ladi. Xususan, bu kabi holatlar maktab yoshida bolalikdan o‘spirinlikka qadam qo‘yish, keksalik yoshiga yetish yoki 45–50 yoshdan oshgan ayollarda klimaks kabi umrning turli bosqichlariga o‘tish paytlarida kuchayadi. Bunday paytda ko‘pincha lanj bo‘lib, hech nima yoqmay qolishi kuzatiladi. Vaqt o‘tib bu kabi holatlar o‘tib ketadi. Biroq surunkali tus olsa, bunday yoqimsiz holat uzoq davom etishi mumkin.

 Tushkunlikning ko‘rinishlari sifatida quyidagilarni sanab o‘tamiz:

– Kishining o‘z vazifasi yoki amaliga nisbatan tushkunligi.

– Bemor odamning kasallik sabab stressga tushishi.

– Ona farzandi keladigan vaqtidan kechikkandagi xavotiri.

– Topshirilgan imtihon natijasi haqida qayg‘urish.

– Oilaviy kelishmovchiliklar, ajralishlar.

Bundan boshqa yana ko‘plab hollarda ham inson tushkunlik, stressni boshidan o‘tkazishi mumkin.

Ko‘p hollarda stressga tushgan kishilar o‘zlarida xotirjamlikni his qilishmayotganidan nolishadi, shuning­dek, oshqozon-ichak faoliyatining buzilgani va qorindagi og‘riqlar yoki xafaqon[1], tez-tez hojattalab bo‘lish, sovqotish, qizish, javdirash yoki jinsiy hayotning izdan chiqishi kabilardan ham arz qilishadi. Ba’zilar arzimagan narsaga ham tushkunlikka tushadilar va ularni g‘am-alam, doimiy shikoyat qurshab oladi. Natijada esa bunday kishilarning kunlari bezovtalik, tushkunlik va g‘amginlikda o‘tadi.

 Agarda siz stress, tushkunlikdan qutulmoqchi bo‘lsangiz, nafsingizga bir nazar soling. Bunday holatlardan qutulishingizga yordam beradigan ba’zi tavsiyalarni taqdim etamiz:

Kelajak borasida bazovtalanmang, rizqning kamligidan xavfsiramang. Zero, rizq beruvchi Alloh. «Osmonda esa, sizlarning rizqlaringiz (ya’ni, Yerda mo‘l hosil bo‘lishiga sabab bo‘lguvchi yomg‘ir) va sizlarga va’da qilinayotgan narsa (ya’ni, jannat) bordir»[2].

O‘tgan ishlarni hadeb o‘ylayvermang, yo‘qotganlaringizga achinmang. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida: “Senga biror ish yetsa, “agarda bunaqa qilganimda, falondaqa bo‘lardi”, demagin. Aksincha, “Alloh taqdirni bitib qo‘ygan, O‘zi xohlagani bo‘ldi”, degin. Zero, “agarda” kalimasi shaytonning ishiga yo‘l ochadi”[3], deya marhamat qilganlar.

Alloh taqdiringizga, peshonangizga nimani bitgan bo‘lsa, barchasiga rozi bo‘ling. Mo‘min banda hayot sinovlaridan cho‘chimaydi. Zero, mo‘minning barcha ishlari yaxshilikdan iboratdir. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Mo‘minning ishi ajr, uning hamma ishi o‘zi uchun xayrdir. Bunaqasi faqat mo‘min uchundir. Unga xursandchilik yetsa, shukr qiladi, bu unga xayr bo‘ladi. Agar boshiga yomon ish tushsa, sabr qiladi va bu ham u uchun yaxshilik bo‘ladi”[4].

 Alloh taoloning ne’matlariga e’tiborli bo‘ling va shukr qiling. Zero, Alloh taolo Ibrohim surasining 34-
oyatida: «...Agar Allohning ne’matlarini sanasangiz, sanog‘iga yetolmaysiz...» , deydi.

O‘z o‘rnida boshqalarga ham e’tiborli bo‘ling, xudbin bo‘lmang. Har kuni biror-bir insonning tabassumiga sabab bo‘ladigan yaxshilik qiling.

Sarvari koinot aytadilar: “Amallar orasida eng yaxshisi – mo‘min birodaringning (qalbi)ga xursandchilik olib kirishing yoki uning qarzini to‘lab qo‘yishing yoki uni non bilan bo‘lsa ham taomlantirishingdir”.

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” 
nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Yurakning tez urib ketishi.
[2]  Zoriyot  surasi, 22-oyat.
[3]  Imom Muslim rivoyati.
[4]  Imom Muslim rivoyati.

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi

15.10.2026   1461   1 min.
“Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi

14 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlarini Saudiya Arabistoni mutasaddi idoralari vakillari bilan muhokama qildilar.

Uchrashuvda ar-Rifoda haj xizmatlari muassasasi vakillari Nosir bin Abdulloh Sarujiy, Fuod bin Abdulaziz Fakirah, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov hamda Diniy idora huzuridagi “Haj va Umra” markazi rahbari Maqsud Karimov va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Muloqot avvalida tomonlar ikki mamlakat rahbarlarining ko‘p qirrali munosabatlari natijasida o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga olib chiqilgani, xususan, haj va umra ziyoratchilari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar saviyasi yuksak darajaga ko‘tarilganini e’tirof etdilar.

Muzokaralar chog‘ida Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida hojilarga munosib xizmat ko‘rsatish, ular uchun zarur sharoitlarni yaratish batafsil muhokama etildi. Jumladan, hojilar uchun muborak maskanlarda shinam chodirlar tashkil etish, transport va oziq-ovqat ta’minotini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “Haj – 2027” mavsumiga haj ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish, ularga munosib va shinam sharoitlar yaratish hamda tashkiliy ishlarini yanada kuchaytirish muhimligini alohida ta’kidladilar.

Bu ishlar zamirida esa bitta ulug‘ maqsad —  har bir hojiga munosib e’tibor va hurmat ko‘rsatish, ibodatni eng qulay va ruhiy osudalikda ado etish imkoniyati yotadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari