حدثنا أبو عبيد السري بن يحيى نا أحمد بن يونس نا أبو بكر بن عياش عن ثابت الثمالي عن عبد الرحمن بن أبي ليلى عن عبد الرحمن بن عوف قال: كان رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم إذا صلى على جنازة قال: اللهم اغفر لأحيائنا وأمواتنا ولذكرنا وأنثانا وصغيرنا ولكبيرنا اللهم من أحييته منا فأحيه على الإيمان ومن توفيته منا فتوفاه على الإسلام. قال: أراه قال: شاهدنا وغائبنا.
Abdurahmon ibn Avfdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam janoza namozini o‘qisalar bunday deb aytardilar: “Allohummamag‘fir lihayyinaa va amvaatanaa va lizakarinaa va unsaanaa va sog‘iyrinaa va likabiyrinaa. Allohumma man ahyaytahu minnaa fa ahyihi ’alal iymaan va man tavaffaytahu minnaa fatavaffaahu ’alal Islam”.
Roviy: “Menimcha, “shaahidinaa va g‘oibinaa (janozada qatnashganlarimizni va g‘oiblarimizni)” degan”, dedi”.
Duoning ma’nosi: Allohim, bizning tiriklarimiz va vafot etganlarimiz, erkaklarimiz va ayollarimiz, kichiklarimiz va kattalarimizni mag‘firat qilgin! Allohim, Sen bizdan kimni yashatadigan bo‘lsang, uni iymonda (Islomda) yashatgin. Bizdan kimni vafot ettirsang, uni Islomda (iymonda) vafot ettir.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
Shu yilning 6 aprel kuni Guliston shahridagi “Guliston” jome masjidida Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov rahbarligida viloyatdagi imom-xatiblarning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Abdurahmon Nazirqulov ham ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibidan diniy-ma’rifiy faoliyatni jadallashtirish, ijtimoiy muhit barqarorligini ta’minlash va yurt obodligiga hissa qo‘shish kabi muhim masalalar o‘rin oldi.
Viloyat bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov o‘z nutqida “Yashil makon” umummilliy loyihasining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Masjidlar atrofini ko‘kalamzorlashtirish, mevali va manzarali daraxtlar ekish hamda hududlarda ozodalikni saqlash imom-xatiblarning diqqat markazida bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Muloqot davomida mahalla “yettiligi” bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolar yig‘inlarida faol ishtirok etish va aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, xorijdagi vatandoshlarimiz va mehnat migrantlari bilan doimiy aloqada bo‘lish, ularning oila a’zolaridan xabar olish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Viloyat hokimligi mas’uli Abdurahmon Nazirqulov so‘zga chiqib, masjidlarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash va aholi orasida sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashda diniy soha xodimlarining o‘rni beqiyos ekanini qayd etdi.
Yig‘ilish yakunida imom-xatiblarga berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, kasbiy mas’uliyatni oshirish hamda jamoatchilik bilan ishlashda tashabbuskor bo‘lish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati