Bismillahir Rohmanir Rohiym
Nafsni uch usul bilan itoat ettirish mumkin:
Birinchi usul – nafsni barcha xohish va istaklaridan mahrum etishdir. Qaysar hayvonga ozuqa kam berilsa, yuvvosh tortgani kabi nafs ham xohishlaridan judo etilsagina itoatkorga aylanadi.
Ikkinchi usul – bo‘yniga ibodat yukini qo‘yish. Shunda xuddi qaysar hayvon yemishi ozayib, yuki ortganida kuchini yo‘qotib, yuvvosh bo‘lib qolganidek nafs ham o‘zini muloyim tuta boshlaydi.
Uchinchi usul – nafsga qarshi kurashda uni yaratgan va mohiyatini hammadan yaxshi biladigan Buyuk va Qodir Allohdan yolvorib yordam va madad so‘rash.
Shuni bilishimiz lozimki, mehribon Parvardigorimiz bizga nafs bilan kurash yo‘lini ko‘rsatdi va nafsni poklash usullarini tushuntirdi. Deylik, agar biron bir dahriy tabib insonning sevimli taomlari zararli ekanini va turli kasalliklarga olib kelishini tushuntirsa, inson iroda kuchini namoyon etgan holda o‘z nafsiga qarshi boradi va bu taomlarni tanovul etishni tark etadi. Nahotki, payg‘ambarlarning mo‘jizalarga to‘la gaplarini va Buyuk Allohning amrlarini banda o‘sha bilim va idroki cheklangan bir dahriy tabibning maslahatichalik qadrlay olmasa?!.
Eh, koshki inson o‘zining bo‘lmag‘ur odatlarini tark etish alamlimi yo so‘ngsiz jahannam olovi dahshatlimi, ozgina bo‘lsada anglaganida edi!
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
Bugun, 19 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi "Rakat" jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari juma namozidan oldin yig‘ilgan jamoatga mav’iza qilib berdilar. Musulmonning musulmonga ehtiromi mavzusida qilingan go‘zal suhbat davomida Alloh taolo inson zotini azizu mukarram etib, borliqdagi barcha narsani insonga xizmat qildirib qo‘ygani, shunday ekan, insonlar ham o‘zaro ahl-inoq, mehr-muhabbatli, bir-birlariga doimo yordamchi bo‘lib hayot kechirishlari dinimiz amri ekani eslatib o‘tildi.
Ma’ruza asnosida Qur’oni karim va hadisi shariflar keltirib o‘tildi. Jumladan, mashhur sahobiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan keltirilgan hadisda bunday deyiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba atrofida tavof qilayotganlarini ko‘rdim. U zot Ka’baga qarab bunday der edilar: "Sen va sening hiding qanday ham go‘zal! Sen qanday ulug‘san va sening hurmating qanday buyuk! (Lekin) Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh nazdida mo‘minning hurmati sening hurmatingdan ham ulug‘dir" (Imom Ibn Moja rivoyati).
Musulmon kishining Alloh nazdidagi hurmati mana shunday baland ekan, o‘zaro hurmat-ehtiromi ham shunga monand bo‘lishi ta’kidlandi. Manfaatli suhbat yakunida butun dunyo musulmonlari, xususan, xalqimizning o‘zaro ahil-inoqligi bundan ham ziyoda bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati