Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Oktabr, 2026   |   22 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:03
Quyosh
06:21
Peshin
12:12
Asr
16:16
Shom
18:06
Xufton
19:20
Bismillah
03 Oktabr, 2026, 22 Rabi`us soni, 1448

“Sizlar dunyongiz ishini biluvchiroqsiz”

02.10.2025   6087   8 min.
“Sizlar dunyongiz ishini biluvchiroqsiz”

G‘arb xalqlaridagi ayrim odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hokimiyatlari faqatgina aqidaga oid masalalar bilan chegaralanishi kerak degan da’voni qilishadi.

Ularning fikriga ko‘ra, Nabiy alayhissalomning boshqaruvlari iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy ishlarga tegishli bo‘lmasligi kerak. Bordiyu Nabiy alayhissalom bu yo‘nalishlarda biror ko‘rsatma bergan bo‘lsalar, buni Payg‘ambar sifatida emas, balki shaxsiy tavsiya o‘laroq aytganlar. Va ummat bunday ko‘rsatmalarga amal qilishi majburiy emas emish.

Ushbu buzuq da’volarini isbot qilish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalarga “Sizlar dunyongiz ishini biluvchiroqsiz” deb aytgan hadislarini keltirishadi.

Avvalo, shuni unutmaslik kerakki, hadisni dalil qilib keltirishda uni to‘liq berish talab etiladi. Aks holda, noto‘g‘ri tushunishga, xato tasavvurga olib keladi.

Islom boshqa dinlar kabi ayrim ta’limot va ibodatlar bilangina chegaralanmaydi. Islom dini kishilar turmush tarzini ham tartibga soladi, har kim hayotini o‘zi istaganicha erkin qurib yashashiga izn berilmaydi. Shu bois, ayrimlar Payg‘ambar hokimiyatini faqat ba’zi ta’limot va ibodatlar bilan chegaralashga intiladi.

Bu zamonaviy qarash qattiq adashish (yanglishish)dan o‘zga narsa emas. Islom boshqa dinlardan farqli o‘laroq faqat ta’limot va ibodatlardan iborat emas. U ilohiy mavzularga to‘liq javob bera olganidek siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy yo‘nalishlardagi muammolarga ham aniq javob bera oladi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱسۡتَجِيبُواْ لِلَّهِ وَلِلرَّسُولِ إِذَا دَعَاكُمۡ لِمَا يُحۡيِيكُمۡ

“Ey, iymon keltirganlar! Sizlarni tiriltiruvchi narsa (ilm olish) uchun chorlaganlarida, Allohga va Rasulga (labbay deb) javob qilingiz!” (Anfol surasi, 24-oyat).

Alloh taolo va Uning Rasuli mo‘minlarni hayotga chaqirmoqda. Bundan kelib chiqib dunyoviy ishlarni Alloh va Rasuliga aloqadar emas degan da’voni qanday tushunish mumkin?

Kim Qur’oni karimni batafsil o‘rgansa unda oldi-sotdi, sherikchilik, meros, oilaviy masalalar, siyosiy mavzular, jang va sulhga oid muammolarning yechimiga mavjudligiga guvoh bo‘ladi.

Agar Islom faqat ibodat va ta’limotlar bilan chegaralanib qolganida, Qur’oni karimda yuqorida zikr qilingan mavzularning yechimi keltirilmagan bo‘lardi.

Qolaversa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va huquqiy muammolar yechimi to‘liq qamrab olingan va bu mavzularga oid qator kitoblarda yozilgan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dunyoviy ishlarda vakolatga ega bo‘lmagan bo‘lsalar, unda qanday qilib yuqoridagi kabi mavzular bilan puxta shug‘ullanganlar deyish mumkin? Qur’oni karim hamda sunnatning bu borada (dunyoviy ishlarda)gi ko‘rsatma va yechimlari shu qadar bexato, aniq va qat’iyki ularni shaxsiy tavsiyalar deb tasavvur qilish mumkin emas.

Alloh va Uning Rasuliga itoat qilish haqidagi ko‘plab oyatlarni yuqorida keltirib o‘tdik. Bu itoat aynan bir mavzu bilan chegaralanmagan. Balki bu itoat to‘liq taslim bo‘lishga, hech qanday istisnosiz bo‘yinsunishga dalolat qiladi.

Qur’on va Sunnat hamisha insoniyat tarixida tartibsizliklarning asosiy sababi bo‘lgan va odamlar uning ta’siri ostida doimo shaytoniy istaklarning qurboni bo‘lgan inson hayotining bu tirik tarmog‘iga munosbat bildirmay qolmaydi.

Qanday bo‘lmasin, Islom kishilar hayotining amaliy sohalariga aralashmasligi kerak degan fikr mutlaqo noto‘g‘ri ekani aniq. Keling bu xato qarashni da’vo qiluvchilar foydalanadigan “Sizlar dunyongiz ishini biluvchiroqsiz” hadisini tahlil qilaylik:

Madinalik musulmon arablar xurmo daraxtlari yaxshi hosil berishi uchun daraxtlarni changlashardi. Bu ish “ta’bir” deb atalardi. Bu ishlar Edvard Uilyam Leyn[1] (1801-1876) (E.W. Lane) tomonidan qo‘yidagicha izohlanadi: “Odamlar xurmo daraxtining ustiga chiqib, ma’lum harakatlarni bajarib, daraxt shoxlarini bir-biriga kiritib changlatishadi”.

Buni ko‘zingiz oldida turgandek tasavvur qiling va Imom Muslim “Sahih” hadislar to‘plamida kelgan ushbu hadisni o‘qing. Sahoba Tolha roziyallohu anhu bunday rivoyat qiladi.

وحدثنا إسحاق بن إبراهيم بن جبلة ، نا عبيد الله بن موسى ، أنا إسرائيل ، عن سماك ، أنه سمع موسى بن طلحة ، يحدث عن أبيه قال : مررت مع النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم في نخل ، فرأى قوما في رءوس النخل يلقحون النخل ، فقال : «ما يصنع هؤلاء ؟» قالوا : يجعلون الذكر في الأنثى قال : «ما أظن ذلك يغني شيئا» ، فبلغهم ذلك فتركوه ، فنزلوا عنها فبلغ ذلك النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال : «إنما هو ظن ظننته ، إن كان يغني شيئا فاصنعوه ، فإنما أنا بشر مثلكم ، وإن الظن يخطئ ، ولكن ما قلت لكم : قال الله تعالى فلن أكذب على الله عز وجل».

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga xurmolar ustida turgan qavmning oldidan o‘tdim. Shunda, u zot: “Anavilar nima qilishmoqda?” dedilar.

“U(xurmo)ni changlatishmoqda, erkagini urg‘ochisiga qo‘shsa, changlanadi”, deb aytishdi.

U zot sollallohu alayhi vasallam: “Menimcha, undoq qilish biror foyda bermas, deb gumon qilaman”, dedilar.

Haligi odamlarga buning xabari berildi. Shunda ular changlatishni to‘xtatdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bu haqda xabar berilganda: “Agar o‘sha narsa ularga manfaat bersa, uni qilaversinlar. Albatta, men bir gumon qildim, xolos. Gumon ila meni tutmanglar. Lekin qachon sizlarga Allohdan gapirsam, uni olinglar. Chunki men zinhor Alloh azza va jallaga nisbatan yolg‘on demasman”, dedilar»[2].

Anas roziyallohu anhuga ko‘ra, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu hodisada “Siz dunyoviy ishlaringizni yaxshiroq bilasiz”, deganlar.

Umuman olganda, ushbu hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam xurmo daraxtini changlash haqida hech qanday taqiqlovchi gap aytmaganlar. Payg‘ambarimizning qilgan ishlari na bir buyruq, na bir qaytariq yo na bir diniy taqiq va na bir axloqiy muhokama edi. Hattoki u jiddiy bir gap emas edi. Faqatgina tavsiya edi, xolos. Bu haqda u zot alayhissalom birozdan keyin bunday deganlar: “bu ishning biror bir foydasi bor deb hisoblamayman”. Hech kim bu so‘zlarni biror hukm sifatida qabul qilmaydi.

Shuning uchun, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam changlatayogan odamlarning oldiga borib tavsiyalarini aytmaganlar va bildirgan tavsiyalarini ularga yetkazilishini amr ham qilmaganlar. Ular faqatgina boshqa odamlar vositasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu mulohazalaridan xabardor bo‘lganlar.

Bu tavsiya garchi buyruq bo‘lmasada ammo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari u zotga bo‘lgan muhabbatlari sababli changlatishni to‘xtatganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom ularning changlatishni tark etishganlaridan xabar topganlarida aytgan gaplari xato tushunchaga sabab bo‘lmasligi uchun ham so‘zlarini sharhlaganlar.

Bundan shu ma’lum bo‘ladiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning biror ishga qat’iy aytgan so‘zlarigagina amal qilinishi shart sanaladi.

U zot alayhissalomning shaxsiy taxmin, tavsiyalari inobatga olinishi lozim, lekin shariatning bir qismi hisoblanmaydi.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, shariatda ko‘zda tutilmagan oddiy kundalik ishlar borki, odamlar o‘z bilimlari va tajribalariga qarab qaror qabul qilishlari mumkin. Masalan, cho‘lda tuproqni o‘stirishda qanday asboblar kerak? Dalalarni qanday o‘g‘itlash kerak? O‘zini himoya qilish uchun qaysi qurolni ishlatish yaxshiroq?....


"Islom shariatida sunnatning o‘rni" kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi


[1] Ingliz, arab tarjiymoni, sharqshunos, sayyohatchi.
[2] Ibn Moja. Sunan; Imom Ahmad. Musnad; Bazzor. Musnad.

Boshqa maqolalar

HIJRATNI TANLAGANLAR HAQ YO‘LDAMI?

02.10.2026   22083   3 min.
HIJRATNI TANLAGANLAR HAQ YO‘LDAMI?

2-QISM

 

Raddiya: Hijrat va jihod masalasi sharoit, imkoniyat va shariat hukmlariga bog‘liq. Ushbu fitnachining go‘yoki “ushbu ummatga jihodsiz hayot yo‘q” kabi da’volariga aldanayotgan ayrim yoshlar “jihod” urush olib borish ekan” degan tor tasavvurlar bilan Suriyadagi terrorchilar safiga borib qo‘shilmoqda.

Ma’lumki, “jihod” arabchada “jiddu jahd”, “g‘ayrat qilmoq” ma’nolarini anglatib, Islom ta’limotida dastlab dinni himoya qilish sifatida vujudga kelgan tushuncha hisoblanadi. Jihod urush ma’nosida emas, Allohning diniga so‘z bilan da’vat qilish ma’nosida yuzaga kelgan. Arab tilida asli “urush” ma’nosini “qitol” so‘zini anglatadi.

Jihod Islom huquqshunoslari tomonidan “qalb jihodi” (insonning o‘zining nafsi va yomon hulqi bilan kurashuvi), “til jihodi” (yaxshilikka chaqirish, yomon ishlardan qaytarish), “qo‘l jihodi” (jinoyatchilarni jazolash) va “qilich jihodi” (dushman bilan qurolli kurash) kabi ko‘rinishlarda bo‘lishi e’tirof etiladi.

Jaloliddin Suyutiyning “Al-Fathul kabir” kitobida (2-juz, 280-b.) keltirilgan hadisda Rasulluloh sollallohu alayhi vasallam: “Kichik jihoddan katta jihodga, bandaning havoyi nafsiga qarshi qiladigan jihodiga xush kelingiz!” deganlar. Ushbu hadisdan eng afzal jihod insonning o‘z nafsini yengishi ekani kelib chiqadi.

Jihod masalasida Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda “Jihodning afzali Alloh taoloning yo‘lida havoyi nafsingga qarshi jihod qilmog‘ingda”, deyilgan.

Dunyo ulamolarining xulosalariga ko‘ra, islomda qurolli jihod hukmi sharoitga qarab o‘zgarib turadi va ikki qism: talab va mudofaadan iborat ekanini ta’kidlaydilar. Talab jihodi hozirgi kunda yo‘q ekaniga ulamolar ijmo qilganlar. Chunki musulmonlar hozir turli mamlakatlarda istiqomat qilib, mamlakatlar orasidagi munosabatlar hozirda o‘zaro urushmaslikka va elchixonalar orqali aloqalarga asoslangan.

Mudofaa jihodi dushman musulmon yurtiga bostirib kirsa, himoya uchun zarur bo‘lib, u hech qachon ichki fitna shaklida bo‘lishi mumkin emas. Islomda qonuniy hokimiyatga qarshi fitna qilib, bog‘iylarcha qurol ko‘tarib chiqish emas, aksincha, qonuniy hokimiyatni himoya qilish buyurilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim menga itoat qilsa, Alloh taologa itoat qilgan bo‘ladi. Kimki amirga itoat qilsa, demak menga itoat qilibdi va kimki amirga osiylik qilsa, demak menga osiylik qilibdi. Chunki amir – orqasidan, ya’ni uni himoya qilib jang qilinadigan hamda u bilan dushmandan saqlanadigan qalqondir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ular dalil qilib keltirayotgan oyat va hadis qo‘rqitish ma’nosidagi matnlardandir. Bu kabi oyat va hadislardan hukm chiqarish uchun asl hukmlarga qaytiladi. Asl hukm bo‘yicha, ahli tavhid do‘zaxda abadiy qoladigan kofir bo‘lmaydi.

Imom Muhammad ibn Ismoil San’oniy o‘zining “Subulus salom” nomli mashhur kitobida yuqoridagi hadis va uning ma’nosidagi boshqa hadislarni sharhlab bo‘lganidan keyin, quyidagi hadisning sharhida aytadi:

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Fathdan keyin hijrat yo‘q”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

“Bu hadis umumiy va o‘zidan oldin kelgan hijratga dalolat qiluvchilarini nasx qiluvchidir, deydilar. Shu bilan birga, Nabiy sollallohu alayhi vasallam musulmon bo‘lgan arablarni O‘zlari tomon hijrat qilishga amr qilmaganlar va o‘z yurtlarida turishlarini inkor qilmaganlar”.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi