Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Sentabr, 2026   |   15 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:56
Quyosh
06:14
Peshin
12:14
Asr
16:27
Shom
18:18
Xufton
19:32
Bismillah
26 Sentabr, 2026, 15 Rabi`us soni, 1448

Ona sutining foydalari

15.10.2025   16925   3 min.
Ona sutining foydalari

Alloh taolo Qur’oni karimda: “Onalar bolalarini to‘la ikki yil emizadilar. (Bu muddat) emizishni kamoliga yetkazishni istovchilar uchundir” (Baqara surasi, 233-oyat), deya marhamat qilgan.

 

Darvoqe, go‘dak sog‘lom unib-o‘sishi uchun zarur bo‘lgan barcha oziq moddalarni Alloh taolo ona suti tarkibiga joylab qo‘ygan. Ona suti tarkibidagi mikroelementlar miqdori go‘dak tanasidagi ehtiyojga ko‘ra ko‘payib yo kamayib turadi. Ayniqsa, go‘dak olti oylik bo‘lgunga qadar uning oziqaga bo‘lgan ehtiyoji faqat ona suti hisobiga ta’minlanadi.

 

Noyob xususiyatlari

1. Mikroblar tushish ehtimoli mavjud emas.

2. 36–37 darajada bo‘lib, bolaning tana haroratiga muvofiq.

3. Oshqozonga asta-sekin va oz-ozdan tushadi, tarkibiy qismi to‘la holda parchalanmay so‘riladi.

4. Tarkibida yuqumli kasalliklardan himoyalovchi immun tanachalar hamda hazm jarayonini yaxshilovchi fermentlar bor.

 

Ko‘payishi uchun

 

Abu Ali ibn Sino emizikli ayolning suti ko‘payishi uchun, eng avvalo, uning asabi tinch bo‘lishi va ko‘p uxlashi kerakligini aytgan. Yana sut ko‘pa­yishi uchun emizikli ayollar sut mahsulotlarini ko‘proq iste’mol qilishlari zarur. Sutni shirchoy qilib, ichiga yog‘ yoki yong‘oq solib ichish juda foydali. Emizishdan 20 daqiqa oldin, albatta, biror-bir suyuqlik ichish zarur. Kunda kamida ikki mahal issiq suyuq ovqat iste’mol qilishga odatlanish ham ona sutini ko‘paytiradi. Guruchli taomlar, ayniqsa, palov hamda moshli taomlar ona sutini ko‘paytirish xususiyatiga ega.

 

Ona suti bilan oziqlangan bolalar har tomonlama yaxshi rivojlanadi. Raxit, kamqonlik, oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi kabi xastalik­lar ularda deyarli kuzatilmaydi. Shunga qaramay, keyingi yillarda onalar har xil sabablarga ko‘ra farzandlarini sun’iy oziqlar bilan ulg‘aytirmoqda. Ba’zilari mehnat faoliyatidan ajrab qolmasligi, ayrimlari qomatlarini saqlab qolish maqsadida... Suti yo‘qligi yo yaroqsizligi sabab bo‘layotganlari ozchilikni tashkil etadi.

 

Ziyod Sahmiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam (bolani) esi past ayolga emizishdan qaytardilar (albatta, sut egasiga o‘xshaydi)” (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

Ushbu hadis chaqaloqlarni sun’iy oziqlar bilan boqishdan ham qaytaradi. Chunki u tarkibi, oziqaviyligi, jismoniy va ruhiy salomatlikka ko‘rsatadigan ta’siri jihatidan esi past onaning sutidan ko‘ra bolaga zararliroq.

 

Sun’iy sutning oqibati

 

Ona sutining mo‘jizaviylik xususiyatlari bilan sun’iy sut va bo‘tqalar tarkibi solishtirilib o‘rganib chiqilgan. Tadqiqotlar natijasidan bittasini keltirish kifoya: ona suti tarkibida qandning 150 turi mavjud. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur qand moddalari hazm jarayoni va keyingi jarayonda muhim ahamiyat kasb etadi. Sun’iy sutlarning birortasida bu ko‘rsatkich bir yoki ikki turdan ortiq emas. Sun’iy oziqalar  kunda-kunora bolalarda qab­ziyat paydo qiladi. Ko‘p hollarda buni bartaraf etish uchun kimyo­viy dorilar qo‘llanadi.

 

Ona suti – Alloh tomonidan go‘daklar uchun yaratilgan tabiiy-fitriy ofiyat qo‘rg‘oni. Ana shu mo‘jizakor sutdan uzrsiz foydalanmaslik esa Yaratgan tomonidan berilgan imkoniyatdan voz kechish demak.

 

Aziza RAHMATOVA,

Samarqand tumani bosh otinoyisi

(“Mo‘minalar” jurnali 2024 yil 5-son )

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qayta qurilayotgan masjidlar ko‘zdan kechirildi

25.09.2026   4029   1 min.
Qayta qurilayotgan masjidlar ko‘zdan kechirildi

Xayrli ish boshlanganda, deylik, biror imorat qurishga kirishilganda "Hormang" deyish – xalqimizga xos qadim qadriyat. Ana shu qadriyat bugun yanada sayqal topib, ezgu an’anaga aylandi.

Bugun Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov hamda bosh imom o‘rinbosari Obidjon domla Mirhamidov Bo‘stonliq tumanida  qurilishi davom etayotgan «Imomi A’zam», «Doniyor ibn Ozod», «Xo‘jaxonto‘ra», «Sari Qangli», «Qumursqa ota», «Qoravoy ota», «Jomboy», «Masat ota», «Sayitboy o‘g‘li Vali Xalfa» va «Humson» jome masjidlari binolarini ko‘zdan kechirdi.

Shu bilan birga, mazkur masjidlar ma’muriyatiga, ustalarga, quruvchilarga o‘zlarining zarur tavsiya va maslahatlarini berdilar hamda xayrli duolar qildilar.

Alloh taolo O‘z baytini tez orada mo‘min-musulmonlar ixtiyoriga topshirilishishi nasib qilsin.

Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari