Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ba’zi chet mamlakatlarda xufton namozidan keyin o‘tirgan holda “qabr nuri namozi”ni o‘qishar va boshqalarni ham targ‘ib qilishar ekan. Shu namoz aslida shariatda bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda “Qabr nuri namozi” deb ataladigan maxsus namoz yo‘q. Umuman olganda, tunning eng oxirgi namozi vitr bo‘lishi mustahabdir. Ammo vitrdan keyin ham nafl o‘qish joiz. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ba’zan vitrdan keyin namoz o‘qiganlari ma’lum. Ular ehtimol U zotning ana shu amallari tufayli shunday deyishayotgan bo‘lsalar kerak. Oisha, Ummu Salama va Abu Umoma roziyallohu anhum kabi sahobiylar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vitrdan keyin o‘tirgan holda ikki rakat namoz o‘qiganlarini rivoyat qilishgan.
Ulamolar o‘sha hadisni Sarvari olam alayhissalom vitrdan keyin ham nafl o‘qish mumkin ekanini bildirish uchun o‘qiganlar, deyishgan. Yana bir guruh ulamolar U zot alayhissalom tahajjudni juda ham uzoq o‘qiganlaridan oyoqlari shishib ketar edi, shu bois vitrdan keyin dam olish uchun o‘tirib ikki rakat nafl o‘qir edilar, deb izohlashgan. Uni "qabr nuri namozi" deb nomlab, doimiy sunnat sifatida targ‘ib qilish noto‘g‘ridir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Malayziyada o‘tkazilayotgan xalqaro anjuman doirasida O‘zbekiston vakillari ta’lim, ilm-fan, vaqf, xayriya va ziyorat turizmi yo‘nalishlarida xalqaro tajriba almashmoqda.
Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, «Vaqf» fondi rahbari Zayniddin domla Eshonqulov Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilgan «Islomiy iqtisodiyot haftaligi»da ishtirok etdi. Unda Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo 57 ta davlat vakillari qatnashdi.
Shuningdek, Jahon vaqf forumining navbatdagi onlayn majlisida ishtirok etilib, unda yurtimizdagi «Vaqf» fondi faoliyati, sohani raqamlashtirish hamda xayriya mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi.
Bundan tashqari, Malayziya Vaqf bosh boshqarmasi rahbariyati bilan muloqot o‘tkazilib, vaqf va xayriya sohasida samarali ish mexanizmlarini joriy etish, xayriya mablag‘larini manzilli yo‘naltirish hamda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotlarda davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tibor, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi, xususan, bemorlarga ko‘rsatilayotgan yordamlar hamda keng ko‘lamli xayriya tadbirlari haqida so‘z yuritildi.
O‘z navbatida, mazkur yo‘nalishlarda O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilgan tajriba anjuman ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.
Shuningdek, Kedah shtati soha vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mablag‘larni yig‘ish va ularni manzilli tarzda o‘z o‘rniga yetkazish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, elektron tizimlar bo‘yicha zamonaviy tajribani joriy etish, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarga e’tibor qaratildi.
Safar davomida Al-Buxoriy xalqaro universiteti rahbariyati bilan ham ilmiy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shu bilan birga, mazkur oliygohda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan samimiy suhbat bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda yoshlarga zamonaviy ilmlarni puxta egallab, kelgusida Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish bo‘yicha iliq tilaklar bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati