Oilada yagona qiz farzand bo'lganim uchun hamma yumushlar mening zimmamda edi. Boshida idishlarni yuvish, uylarni supurish, kiyimlarni taxlash kabi ishlar menga qiziq tuyulardi. Bora-bora bu ishlardan bezillab qoldim. Oshxona ham ko'zimga yomon ko'rinadigan bo'lib qoldi.
Dadam menga bu ishlar yoqmayotganini bilib oshxona ishlarida menga yordamlashadigan bo'ldilar. Dadam oshxonaga kirib onamning fartuklarini taqib olardilar. Keyin men yig'ishtirib kelgan idishlarni eng shimarib yuvishga kirishardilar. Orada zerikib qolmasin deb menga suv sachratib hazillashib ham turardilar. Shu bahona o'qishlarim va boshqa ishlarim haqida dadam bilan gaplashib ham olardik.
Maktabimizda o'tkazilgan musobaqada g'olib chiqqan kunim hech esimdan chiqmaydi. O'sha kuni dadam onamga “Bugun oshxonani qizim ikkalamizga qo'yib ber” degandilar. Keyin ikkalamiz oshxonaga kirib lazzatli taomlar, pishiriqlar pishirgandik.
Shu tariqa dadam menga oshxona ishlarini sevdirib qo'ygandilar. Oshxona ishlarini qilayotganda niyatni to'g'ri qilish, bu ishim sababli uyimizda ozodalikka hissa qo'shishimni, bu esa xonadonga baraka olib kelishini tushuntirardilar. Dadam menga uy ishlari ham, agar niyat to'g'ri bo'lsa, ibodatga aylanishini anglatganlar. Ko'pincha o'zlari idish yuvib turganlarida pichirlab zikr qilardilar. Keyinchalik bu odatlari menga ham o'tdi. Dadamning sharofatlaridan oshxona ishlarini zavq bilan bajaradigan bo'ldim. Bugun oshxonaga kirsam, dadam yodimga tushadilar. Haqlariga xayrli duolarimni yo'llayman.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasida fuqarolar bilan ochiq muloqotni mustahkamlash va ularning muammolariga yechim topish maqsadida navbatdagi qabul bo‘lib o‘tdi.
Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda yurtimizning turli joylaridan kelgan hamyurtlarimizning murojaatlari tinglandi.
Tadbir davomida fuqarolar tomonidan haj, oilaviy munosabatlar, xayriya, ijtimoiy ko‘mak kabi masalalarda samimiy muloqot qilinib, ularni qiziqtirgan savollar yuzasidan amaldagi tartib-qoidalar doirasida atroflicha tushuntirish va huquqiy tavsiyalar berildi.
Murojaatlarning aksari bevosita qabul jarayonida ijobiy yechim topdi. Qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab etadiganlari tegishli bo‘lim va mas’ullarga yo‘naltirilib, nazoratga olindi.
Bu kabi xayrli ishlar aholining diniy-ma’rifiy ehtiyojlariga javob berish barobarida, yurtdoshlarimizning roziligiga erishish, inson qadrini ulug‘lash yo‘lidagi amaliy qadamlardan biri bo‘lmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati