Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

15.10.2021 y. Islomda qarz oldi-berdi masalasi

13.10.2021   4009   19 min.
15.10.2021 y. Islomda qarz oldi-berdi masalasi

بسم الله الرحمن الرحيم

الْحَمْدُ لِلَّهِ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِنَا رَسُولِ اللَّه، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّينِ أَمَّا بَعْدُ

Islomda qarz oldi-berdi masalasi

 

Hurmatli jamoat! “Qarz” so'zi lug'atda “kesish” degan ma'noni bildiradi. Qarz bergan kishi molidan bir qismini kesib, boshqaga bergani sababli shunday deb atalgan. Shariat istilohida esa: “Qarz – bir narsani boshqa kishiga uni qaytarib berish sharti ila mulk qilib berishdir”.

Demak, qarzga olingan narsa qarz oluvchining mulkiga aylanadi. Uni xohlaganicha ishlatadi. Qarz beruvchiga esa uning evazini bersa bo'ldi.

Qarz berish – bandani Alloh taologa yaqin qiladigan amallardandir. Chunki qarz berishda odamlarga rahm-shafqat qilish, ularning ishlariga engillik berish, g'amlarini aritish bor. Qarz berishning savobi juda ulug' ekani ko'plab oyati karimalarda ochiq-oydin bayon qilingan. Albatta, bunda qarz beruvchi biror dunyoviy manfaatdan tama qilmasligi shart. Ajr umidida berilgan qarzning savobi bir necha barobar ko'paytiriladi va gunohlar mag'firat qilinadi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

 إنْ تُقْرِضُوا اللَّهَ قَرْضًا حَسَنًا يُضَاعِفْهُ لَكُمْ وَيَغْفِرْ لَكُمْ وَاللَّهُ شَكُورٌ حَلِيمٌ

ya'ni: “Agar sizlar Allohga «qarzi hasana» bersangiz (muhtojlarga ehson qilsangiz), U sizlarga bir necha barobar qilib qaytarur va (gunohlaringizni) mag'firat qilur. Alloh minnatdor (oz olib, ko'p beruvchi) va halimdir” (Tag'obun surasi 17-oyat).

Oyati karimada “muhtojlarga ehson qilish va ularga chiroyli qarz berish”ni “Alloh taologa qarz berish” deyilmoqda. Alloh taolo bandasidan qarzdor bo'lib qolmaydi, balki bandaga yanada yaxshirog'ini beradi va ulug' ajr bilan mukofotlaydi. 

Shuning uchun ham ba'zi ulamolar: “Muhtoj kishiga qarz berish – faqir insonga sadaqa berishdan afzaldir”, – deyishgan. Chunki qarzni aksar holatda muhtoj odam so'raydi.

Kishi qancha qarz bersa, har kuni o'sha miqdorda sadaqa qilganni savobini oladi. Bu haqda Burayda ibn Husayb Al-Aslamiy rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

مَنْ كَانَ لَهُ عَلَى رَجُلٍ حَقٌّ، فَمَنْ أَخَّرَهُ كَانَ لَهُ بِكُلِّ يَوْمٍ صَدَقَةٌ

(رواه الامام أحمد عَنْ عِمْرَانَ بْنِ حُصَيْنٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ)

ya'ni: “Kim biror kishiga qarz bergan bo'lsa, so'ng uni biroz muddatga uzaytirsa, kechiktirgan har kuni uchun unga sadaqa savobi yoziladi”,dedilar (Imom Ahmad rivoyatlari).

Qarzdorga muhlat berish yoki qarzni kechish bandaning avf qilinishi va Qiyomatda gunohlaridan o'tilishiga sabab bo'ladi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

 كان رجلٌ يدايِنُ الناسَ فكان يقولُ لفتَاهُ: إذا أتيتَ مُعْسِرًا فتجاوزْ عنه لعلَّ اللهَ أنْ يتجاوَزَ عنَّا قال: فلَقِيَ اللهَ  فتجاوَزَ عنْهُ

(رواه الامام البخاري عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Bir kishi odamlarga qarz berar edi va xizmatkoriga: “Qarzini uzishga qiynalgan kishining yoniga qarzni so'rab borsang, undan qarzini kechgin, shoyadki Alloh ham bizdan gunohlarimizni kechsa”, – der edi”. Payg'ambarimiz alayhissalom: “U Allohga yo'liqdi va Alloh taolo uning gunohlarini kechdi”, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Boshqa hadisi sharifda qarzdorga muhlat bergan yoki qarzni kechgan kishini Alloh taolo soya bo'lmaydigan kunda, ya'ni Qiyomatda soyalantiradi:

مَنْ أَنْظَرَ مُعْسِرًا أَوْ وَضَعَ لَهُ، أَظَلَّهُ اللهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ تَحْتَ ظِلِّ عَرْشِهِ، يَوْمَ لاَ ظِلَّ إِلَّا ظِلُّهُ

(رواه الامام مسلم عن أبي اليسر رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim kambag'alga muhlat bersa yoki qarzini kechsa, soya bo'lmagan Qiyomat kunida Alloh uni O'z arshini soyasida soyalantiradi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Muhtaram jamoat! Kishi moliyaviy faoliyatida boshqalarning qilganiga emas, o'zining bilimiga va imkoniyatiga qarab ish tutishi lozim. “Falonchi piston ishni qilib, buncha pul topibdi, men ham shu ishni qilaman” deb qarzga kirib qolmaslik kerak. Hozirgi qarzdorlarning aksariyati shu qabilda ish tutganlardir.

Qarzdor bo'lib qolganlar qarzlarini uzish birlamchi vazifalaridan biri ekanini bir zum ham esdan chiqarmasliklari, qarzning uzilmay qolishi dunyo va oxiratda sharmandalik ekanini unutmasliklari lozim. Agar bandaning niyati sodiq bo'lsa, qarzini uzishga sidqidildan urinsa, Alloh taolo unga yordam berishi haqdir. Hadisi sharifda shunday deyilgan: “Kim qarzini ado qilishni iroda qilib odamlardan mol olsa, Alloh taolo unga to'lash sabablarini muhayyo qilib qo'yadi, kim talofat etkazishni iroda qilib olsa, Alloh unga talofat etkazadi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Shuni yaxshi bilish kerakki, odamlardan qarz olib, uni to'lamasdan yoki to'laydigan mol qoldirmasdan dunyodan o'tib ketadiganlar Qiyomatda bu qarzni savoblari bilan to'lab beradi. Chunki u erda to'laydigan pul yo'q, savob esa hammaga kerak bo'lib turgan bo'ladi. Imkoni bo'la turib, qarzni cho'zishni Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “zulm” deb ataganlar:

مَطْلُ الغَنِيِّ ظُلْمٌ

(رواه الإمام البخاري عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

Ya'ni: “Boy zimmasidagi qarzini bermasdan cho'zib yurishi zulmdir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Demak, moddiy imkoni bor odam o'z zimmasidagi moliyaviy burchni ado etmay yurishi  zolimlikdir. U bu bilan haqdorlarga ham, o'ziga ham zulm qilgan bo'ladi. Haqdorlar undan o'z vaqtida haqlarini ololmay, zulmga uchraydilar. O'zi esa bu ishi bilan gunohga botib, o'ziga zulm qilgan bo'ladi.

Mabodo qarz olishga majbur bo'lib qolganda ham, olishdan avval o'sha qarzni uzishga imkoni bor-yo'qligini ming bor o'ylab ko'rish kerak. Ko'pchilik “qarz orqali pul topsam bo'ldi, ishim yurishib ketadi”, degan fikrda bo'ladi. Aslida esa pul topganning hammasi ham boyib ketavermaydi. Agar shunday bo'lganida, bugun qarzdorlar bu qadar ko'payib ketmasdi.

Abu Muso raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy alayhissalom:

إنَّ أعظَمَ الذُّنوبِ عِندَ اللهِ أن يَلْقاه بها عبدٌ بَعْدَ الكبائِرِ التي نهى اللهُ عنها: أن يموتَ رَجُلٌ وعليه دَينٌ لا يَدَعُ له قَضاءً

ya'ni: “Allohning nazdida Alloh qaytargan kabira – katta gunohlardan keyingi eng og'ir gunoh bir kishi zimmasidagi qarzini uzishga narsa qoldirmay vafot etib, U Zotga ro'baro' bo'lishidir”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Birovdan olgan qarzini uzmasdan yoki uni uzishga imkon qoldirmasdan vafot etishdan og'ir narsa yo'qligini bayon qilish uchun bundan ortiq ogohlantirish bo'lmasa kerak.  

Muhtaram azizlar!Qarz bandaning xaqqi bo'lib, bu haqni faqat o'z egasi kechishi mumkin xolos. Uni Alloh taolo kechmaydi. Qarz olib, uni uzmay yurganlar bu haqiqatni yaxshilab anglab olishlari lozim. Samura raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sallallohu alayhi vasallam:

هَا هُنَا مِنْ بَنِي فُلاَنٍ أَحَدٌ؟ قَالَهَا ثَلاَثاً فَقَامَ رَجُلٌ فَقَالَ: أَنَا مِنْهُمْ فَقَالَ عَلَيْهِ الصَلاَةُ وَالسَّلاَمُ:إِنَّ صَاحِبَكُمْ مَحْبُوسٌ عَنِ الْجنَّةِ بِدَيْنِهِ

(رواه الامام أحمد سمرة بن جندب رضي الله عنه)

ya'ni: “Bu erda falon qavmdan kim bor?”, – dedilar. Bir kishi: “Men borman”, –dedi. Shunda U Zot: “Sohibingiz qarzi tufayli jannatdan to'silib turibdi”, – dedilar (Imom Ahmad rivoyatlari).

Ro'zg'or tebratish yoki ish yuritish uchun sarmoyaga muhtoj bo'lib qolgan kishiga qarz berish bilan moliyaviy aloqa olib boriladi. Lekin hargiz qarzga olingan pulga mablag' qo'shib berish shariatimizda qat'iy qaytarilgan. Buni shariatda “sudxo'rlik” deb ataladi.

Sudxo'rlik – eng katta gunohlardan. Qur'oni karimda sudxo'rlik bilan shug'ullanuvchilarga dunyo va oxiratda alamli azoblar borligi haqida ogohlantirilgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَأْكُلُوا الرِّبَا أَضْعَافًا مُضَاعَفَةً وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! (Bergan qarzlaringizni) ikki baravar va undan ham ko'paytirib, ustama shaklida eb yubormangiz! Allohdan qo'rqingiz! Zora (shunda) tole topsangiz” (Oli Imron surasi, 130-oyat). Hadisi sharifda:

لعنَ رسولُ اللَّهِ صلَّى اللَّهُ عليهِ وسلَّمَ آكلَ الرِّبا وموكلَهُ وشاهديهِ وَكاتبَهُ

(رواه الامام الترمذي)

ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam riboxo'rni, uning ediruvchisini, bunga guvoh bo'lgan kishilarni hamda kotibini la'natladilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Demak, pul qarz berib, uni ustamasi bilan ko'paytirib olish shariatimizda harom qilingan. Rizq – insonga Alloh taolo tomonidan berilgan ilohiy ne'mat ekan, uni halol yo'llar bilan izlash lozimdir.

Odamlar o'rtasidagi qarz muomalasida gohida bergan qarzini tilla yoki go'sht kabi mahsulotlarga chaqib qo'yish hollari uchraydi. Ya'ni, berilgan qarzlar pulning inflyatsiyasi tufayli qadri tushishini e'tiborga olib, qarzni olayotganlarida berganlaridan ko'ra ko'proq mablag'ni olishni xohlaydilar. Ba'zi ahli ilmlar buni joiz deb bilsalarda, ammo to'rt mazhab jumhur ulamolari, jumladan, hanafiy mazhabimiz olimlari ham bu ishni nojoiz va shar'an mumkin emasligini ta'kidlaydilar. Chunki, bunda ribo xavfi mavjud. Pulning qadrsizlanishi hamisha bo'lib kelgan. Qarz berayotganda albatta ushbu omillarni hisobga olish kerak. Ya'ni, o'sha vaqtda qarzni o'zi uchun asosiy va barqaror deb bilgan pul birligida berishi kerak.

Shuni ham ta'kidlash kerakki, qarz berilgan pul birligi qarzni to'layotgan vaqtida butunlay muomaladan chiqib ketsa yoki bekor qilinsa, shu holdagina o'sha pulning qarz berilgan vaqtidagi boshqa narsadagi qiymatini talab qilish mumkin bo'ladi. Bir paytlar muomalada bo'lgan rubl' va kupon pullari bunga misol bo'lishi mumkin. Lekin ma'lum bir pul birligida qarz olgan kishi, oldindan kelishmagan holda uni to'lash paytida o'zaro rozilik bilan boshqa pul birligida to'lashi joiz.

So'mda berilgan qarzni boshqa pul birligida, masalan, dollar, evro kabilarda qaytarilishiga kelishib olish nasiya ribosi hisoblanadi. Chunki, bu jinsi har xil pullarni nasiya ayirboshlashga bitim tuzish hisoblanadi. Bu esa shar'an joiz emas. (Muhammad Taqiy Usmoniyning “Buhus fi qozoyo al-fiqhiya al-muosiro” kitobidan foydalanildi).

Muhtaram jamoat! Hozirda ko'pchilik kishilar qarzdorlikdan qanday qutilish mumkinligi haqida savollar bilan murojaat qilishadi. Qarzdorlikdan qutilish uchun avvalo niyatni yaxshi qilish va albatta qarzni uzishga astoydil harakat qilish lozim. Keyin Alloh taolodan qarzini uzishga yordam qilishini so'rash kerak bo'ladi. Ko'plab hadisi shariflarda tez-tez takrorlab yuriladigan duolarni Payg'ambarimiz alayhissalom ta'lim berganlar. Abu Sa'id raziyallohu anhu aytdilar: “Bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam masjidga kirgan edilar, birdan ansorlardan Abu Umoma deb ataladigan kishini ko'rib qoldilar. Shunda U Zot: “Ey Abu Umoma! Masjidda namoz vaqtidan boshqa vaqtda o'tirganingizni ko'ryapmanmi?” dedilar. “Meni g'amlar va qarzlar bosdi, ey Allohning Rasuli!”, dedi. “Sizga agar aytsangiz, Alloh g'amlaringizni ketkazadigan va qarzlaringizni uzadigan kalimalarni o'rgatib qo'yaymi?” dedilar. “Ha, ey Allohning Rasuli!” dedi. Shunda Rasululloh: “Tong ottirsangiz va kechga etsangiz:

اللَّهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنَ الْهَمِّ وَالْحَزَنِ، وَأَعُوذُ بِكَ مِنَ الْعَجْزِ وَالْكَسَلِ، وَأَعُوذُ بِكَ مِنَ الْجُبْنِ وَالْبُخْلِ، وَأَعُوذُ بِكَ مِنْ غَلَبَةِ الدَّيْنِ وَقَهْرِ الرِّجَالِ، قَالَ: فَفَعَلْتُ ذَلِكَ فَأَذْهَبَ اللهُ هَمِّي وَقَضَى عَنِّي دَيْنِي

(رَوَاهُ الامام أَبُو دَاوُدَ)

ya'ni: “Yo Alloh! Sendan g'am bosishi, mahzunlik, ojizlik va dangasalikdan panoh so'rayman! Qo'rqoqlik, baxillik, qarzga botish va odamlarning g'olib kelishidan panoh so'rayman!”deng, dedilar.Shunday qildim, natijada Alloh g'amimni ketkazdi va qarzimni ado qilishga yordam berdi (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Muhtaram azizlar! Shuni ham qayd etib o'tish lozimki, ayrimlar kommunal xizmat, ya'ni elektr energiya, gaz, suv, er solig'i va boshqa to'lovlarni o'z vaqtida to'lamasdan majburiy ijro xodimlarini ovora qilib, aholi bilan jiddiy muomala qilishlariga majbur qilayotganlar borligi achinarli holdir. Aslida ushbu kommunal xizmatlardan foydalanish uchun har bir xonadon shartnoma tuzgan. O'sha shartnomaga ko'ra, o'zimiz ishlatgan narsani to'lovlarini o'z vaqtida ado qilishimiz lozim bo'ladi. Bunga beparvo bo'lish yuqoridagi oyat-hadislarda ogohlantirilgan jazolarga olib kelishini esdan chiqarmaylik.

Shu bilan birga ushbu kommunal xizmat to'lovlari ko'pchilikning – xalqning haqqi sanaladi. Uni turli asossiz bahonalar bilan o'z vaqtida to'lovlarni amalga oshirmaslik yoki hisoblagich jihozlarini teskariga aylantirish, yoxud  har-xil hiylalar ishlatib haq to'lashdan qochishga harakat qilish ayni birovning haqqini, ustiga-ustak, xalqni haqqini eyish ekanini eslatib qo'ymoqchimiz. Bunday shariatga zid ishlar Qiyomat kuni katta javobgarliklarga sabab bo'lishini unutmasligimiz kerak. Havla binti Amr raziyallohu anho Payg'ambarimiz alayhissalomdan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

إِنَّ رِجَالاً يَتَخَوَّضُونَ فِى مَالِ اللَّهِ بِغَيْرِ حَقٍّ، فَلَهُمُ النَّارُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ

رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِي

ya'ni: “Ba'zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo'lishadi” dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Alloh taolo xalqimiz farovonligini yanada ziyoda qilsin! Qarzdorlarga  qarzlarini uzishlari uchun yordam va tavfiq ato aylasin! Omin!

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Yaxshilik va taqvo yo'lida hamkorlik qiling!”mavzusida bo'ladi, inshaalloh.

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Samarqand shayxul islomi

9.01.2025   1426   9 min.
Samarqand shayxul islomi

Bu zotning to‘liq ismi Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Abu Lays as-Samarqandiy al-Hanafiydir. Samarqandda tavallud topgandir. Samarqand o‘zining ko‘p olimlari bilan mashhur bo‘lgan hamda Samarqand ahli ilmni yaxshi ko‘rgan. Bu ma’lumotlar Najmiddin Umar ibn Muhammad Nasafiyni “Al qand fiy ulamai Samarqand” asarida keltirilgan.

Abu Lays Samarqandiy boshlang‘ich ta’limni Samarqandda olgan. So‘ng ulamolarining ko‘pligi bilan mashhur bo‘lgan Balxga ketadi. Ilmni mustahkamlab Samarqandga qaytadi. Abu Lays nafaqat Samarqand va Balx ulamolari orasida ilmiy mavqega ega, balki Hanafiy ulamolarining orasida ham o‘z mavqega egadir. Bunga bir qancha misollar dalolat qiladi:

  1. Abu Lays Samarqandiyning kitoblari ustida ko‘plab ulamolar mashg‘ulotlar, darslar va imlolar olib borgan. Masalan birgina “Uyunil masoil” kitobiga ko‘plab ulamolar sharhlar bitgan. Jumladan, Muhammad ibn Abdul Hamid as-Samarqandiy al-’ala ul-Olam, Muhammad ibn Umar ibn Arabiy al-Joriy. “Al-Muqaddimatu fis-solati” asariga Jabroil ibn Hasan ibn Usman al-Janjaviy 752-hijriy sanada, Mustafo ibn Zakariyo al-Qirmoniy 809-hijriy sanada, Hasan ibn Husayn at-Tuluniy 909-hijriy sanada, Lutfulloh an-Nasafiy al-Kaydoniy 750-hijriy sanada va boshqa ulamolar sharhlar bitgan.[1]
  2. Musannafotlar sohiblarining mashhurligi va ularning ko‘pligi.
  3. Mazhab fuqaholaridan qilgan rivoyatlariga va qavllariga ko‘pchilik as'habul mutunlarning suyanishlari.
  4. Ba’zi muhim kitoblar bilan shug‘ullanishi. Misol uchun, Abu Hanifaning “al-Fiqhul-akbar” va Muhammad ibn al-Hasanning “al-Jomi’us-sag‘ir asarlariga sharhlar bitgan.
  5. Ta’lif qilgan ilmiy yo‘nalishlarini fiqh, tafsir, aqoid va mav’izalar bo‘yicha tartibga soldi.
  6. Mazhabda tarjih as'hobidan bo‘lishligi.
  7. Tafsir, fiqh, usul (din asoslari), aqida, xutbalar, zuhd bo‘yicha ko‘plab asarlar yaratgan buyuk alloma Samarqand shayxulislomi bo‘lganligi.

 U yashagan davrda yurtimizda lug‘at, tafsir, hadis, fiqh ilmlari rivojlangan. Mana shunday ilmiy muhitda yashab ijod etgan alloma samarali meros qoldirgan. Uning “Bahr al-ulum” (“Ilmlar ummoni”), “Uyun al-masoyil” (“Masalalar sarchashmasi”), “Tanbehul-g‘ofilin” (G‘ofillarga tanbehlar”), “Bo‘ston al-orifin” (“Oriflar bo‘stoni”) kabi asarlari bizgacha yetib kelgan va nashrlar etilgan.

Allomaning tug‘ilgan yili sifatida muarrixlar hijriy 301-310 yillar orasi va 911-milodiy yilni ko‘rsatadilar. Olimning kunyasi Abu Lays, ya’ni “Laysning otasi”. “Lays” lug‘atda sher, arclon ma’nosini beradi. U zotning Lays degan farzandlari bo‘lganmi yoki “Abu Turob” singari majoziy laqabmi, noma’lum. Har holda kunya ekani aniq. Kunyasi bilan laqabi qo‘shib aytilar edi, masalan: "Faqih Abu Lays aytdi" kabi. Laqablaridan biri “al-Faqih” bo‘lib, shu laqab bilan mashhur bo‘lgan. Alloma fiqh ilmida yuksak martabaga erishgan, o‘z zamonasida unga teng keladigan olim topilmas edi.  Faqih so‘zining
oldida arab tilidagi “al” artikli qo‘shilib, uni “al-Faqih” deb atalishi ham shunga ishoratdir.

Abu Laysning o‘zi ham “al-Faqih” laqabini yaxshi ko‘rar edi. Chunki, rivoyatlarga qaraganda, “Tanbehul g‘ofilin” kitobini yozgan mahallarida bir kecha u kishining tushlariga Nabiy sollallohu alayhi vasallam kirib, yozgan kitoblarini tutqazib: "Yo Faqih! Kitobingni ol!” deydilar. Uyg‘onganlarida kitoblarida Payg‘ambarimiz alayhissalom muborak qo‘llarini, izlarini ko‘radilar. Shundan keyin “Faqih” degan nomni yaxshi ko‘rdi va u tufayli ko‘p barokatlarga noil bo‘ladi. Ikkinchi unvoni “Imomul-huda”. Bu laqab bilan yana bir buyuk alloma Abu Mansur al-Moturidiy ham atalgan.

Abu Laysning vafoti haqida ham muarrixlar turli sanalarni ko‘rsatadilar. Dovudiy o‘zining “Tabaqot al-Mufassirin” kitobida 393-hijriy yilning jumod al-oxir oyining seshanba 11-kechasida vafot etgan, degan. “Javohir al-mo‘zi’a” asarida 373-seshanba kechasida, “Kashf az-zunun” asarida 376, yoki 383, yoki 375-hijriy yilda vafot etgan deyiladi. Arab merosi tarixida 373, yoki 375, yoki 393-hijriy vafot etgan deyilgan.

Ya’ni, alloma 985 va 1003-milodiy yillar orasida vafot etgan. Manbalarda uning oilasi haqida hech narsa yozib qoldirilmagan. Abu Lays Samarqandiy Samarqandda shayxul-islom darajasiga ko‘tarilgan. Lekin uning rasman qozi bo‘lgani haqidagi ma’lumot manbalarda kuzatilmaydi. U o‘z  davrida eng zaruriy ilm – fiqhni egallagani bois, fatvolar aytishga loyiq bo‘lgan va uning fatvo hamda hikmatli so‘zlari kishilar orasida tarqalgan. Jumladan, Salohiddin Nohiy uning fiqhiy asarlari matni tuzilishiga ko‘ra o‘z tadqiqotida allomani madrasalarda mudarrislik qilganini taxmin qiladi. Shuningdek, Abu Lays tafsirida hadislar, rivoyatlar, qiroatlar, lug‘aviy manbalarga alohida ahamiyat berilishi ham uning mudarrislik qilganini tasdiqlashi mumkin.  Abu Lays Samarqandiy ilmiy salohiyatining shakllanishida avvalo olim oilasida tavallud topgani ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, keyinchalik Balx, Samarqand va Buxoro kabi muhim ilmiy mavqega ega bo‘lgan shaharlar olimlarining ta’lim-tarbiyalari sezilarli bo‘lgan. Abu Lays Samarqandiy Balxlik olimlarning Samarqandga kelishi, u yerga safar qilish munosabati bilan ilm o‘rgangan bo‘lsa, ayrim hollarda ularning asarlarini mutolaa qilish va o‘rganish orqali ularni o‘zining ustozi deb hisoblagan.

Abu Lays Samarqandiy shakllangan ilmiy muhit asosan hanafiy  mazhabi olimlari ta’sirida bo‘lgan. Ko‘pchilik tarojum asarlarida Abu Lays Samarqandiyning ikki yoki uch ustozi zikr etiladi xolos. Bunga sabab balki olimga ko‘proq tahsil bergan ustozini zikr etish bilan kifoyalanish bo‘lsa kerak. Uning asarlarida o‘z davridagi ko‘plab olimlarning so‘zlari, rivoyatlari keltirilgan. Olim ularni o‘z asarlarida zikr etgan. Tadqiqot doirasida Abu Lays Samarqandiyning 24 ustozi aniqlandi. Tafsirida 20 ustozi, “Tanbih-l-g‘ofilin”da 4 ustozi zikr etilgan. Olimning barcha ustozlari hanafiy mazhabi ulamolari bo‘lib, ularning ko‘pchiliklarining silsilasi Nu’mon ibn Sobit Abu Hanifa, Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasanga borib taqaladi. Bu ustozlarning ba’zilari haqidagi ma’lumotlar tarojum asarlarida zikr etilgan. Muhammad ibn Fazl Buxoro va Samarqandga kelgani va Samarqandda vafot etgani, Xalil ibn Ahmad Farg‘ona qozisi bo‘lgani va shu yerda yoki Samarqandda vafot etgani, Abu Ja’farning Buxoro va Samarqandga kelgani va Buxoroda vafot etgani haqidagi ma’lumotlar ularning Samarqand ilmiy muhiti bilan bog‘likligini ko‘rsatadi. Ular o‘z zamonlarining yetuk olimlari bo‘lib, Abu Lays Samarqandiyga ustozlik  qilganlar Abu Lays Samarqandiy tafsirining O‘zRFA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan nusxasining birinchi varag‘ida shunday ma’lumot mavjud: “Abul-Mahomid Muhammad ibn Ibrohim ibn Anush Hasiyriy “Hodiy Hasiyriy” asarining oxirgi qism ikkinchi – “Fatvo berishda ehtiyot qilish” nomli faslida  shunday yozadi: 258/872 sanada vafot  etgan Samarqand hofizi faqih Abu Lays: “Samarqandda 40 yil fatvo berdim, ushbu 40 yilda faqat ilgari o‘tgan ulamolarning so‘zlariga tayandim. Mening kitobimdan qiyomat kuni g‘iybatdan biror narsa chiqmaydi. O‘ng qo‘limni chap qo‘limdan ajratganimdan buyon yolg‘on gapirmadim, hech kimga qushning boshini suvga solib ko‘targanda boshida qolgan suvchalik yomonlik istamadim”, degan.

“Abu Lays fozil, taqvodor, buyuk imom bo‘lib, yuz ming hadisni yod bilgan. Vaki’, Muhammad ibn Hasan, Ibn Muborak, Abu Yusuf va boshqa olimlar kitoblarini mutolaa qilar edi. Uning ko‘plab asarlari bor”.

Barcha manbalarda Abu Lays Nasr ibn Sayyor hofiz, Nasr ibn Muhammad esa faqih deb atalgan. Yuqoridagi ma’lumotda Abul-Lays Nasr ibn Muhammad bilan hofiz Abu Lays Nasr ibn Sayyor ibn Fath haqidagi ma’lumotlar chalkashtirib yuborilgan. Shuningdek, ko‘rsatilgan vafot yili ham hofiz Abul-Lays vafot etgan yiliga yaqinroq keladi.  Shu kabi ushbu ikki allomani adashtirish hollari manbalarda  uchraydi.

Jumladan, u ikkisini bir olim deb ko‘rsatilgan o‘rinlar ham mavjud. Faqih Abu Lays Samarqandiyning Muhammad Shayboniyning kitobi bilan tanishganligi, o‘z ijodida Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasan Shayboniy, Vaki’, Ibn Muboraklarning silsilalar orqali rivoyatlarini ko‘p keltirganligi sababli bu ma’lumotlar Abu Lays Nasr ibn Muhammadga tegishli deb hisoblash mumkin. U o‘zining tafsirida Muhammad ibn Hasan “As-Siyar al-Kabir” asaridan ma’lumot keltiradi.

Tug‘ilgan joyi Samarqanddir. “Bahr al-ulum” tafsirining kirish qismida u shahar haqida bunday deyiladi: “Arablar uni Siron ham deydilar. Safd vodiysining janubida joylashgan bu joy iqlimi yaxshi va katta shahardir”. Bir shoir  bu yer haqida shunday degan edi:

Insonlar uchun oxiratda jannat bordur,
Bu dunyoning jannati Samarqanddur.

Bu shahar tolibi ilmlar maskani bo‘lgan. Bu yerga ulamo-yu fuqaholar, tasavvuf ahllari safar qilar edilar. Shuning uchun bu yer boshqa yurtlar ichida muhim ilmiy o‘rin egallab turar edi, chunki Abu Lays Samarqandiy qatorida u kishining olimlardan bo‘lgan sheriklari va do‘stlari ham ko‘p edi.

TII talabasi Mirzaqosim Saidmirzayev

[1] Tarixi at-turas al-arabiy. 1-jild, 3-juz, 107 va undan keyingi sahifalar.