– Iymonning asli nima?
– Alloh taoloning atosi – in'omi.
– Iymonning o'zi nima?
– Iymon – til bilan iqror qilmoq va dil bilan tasdiqlamoqdir.
– Iymon necha xil bo'ladi?
– Iymon besh xil bo'ladi: iymoni matbu' – farishtalarning iymoni; iymoni ma'sum – payg'ambarlarning iymoni; iymoni maqbul – mo''minlarning iymoni; iymoni mavquf – mubtade'larning iymoni; iymoni mardud – munofiqlarning iymoni.
– Iymon keltirish necha xil bo'ladi?
– Iymon keltirish ikki xil bo'ladi: iymoni mufassal va iymoni mujmal.
– Iymoni mufassalning sifati nima?
– Yettita narsaga ishonmoq. “Amantu billahi va malaikatihi va kutubihi va rusulihi va-l-yavmi-l-axiri va-l-qadari xoyrihi va sharrihi minallohi taolo va-l-ba'si ba'd al-mavti!” demoq. Ya'ni, “Allohga, uning farishtalariga, uning kitoblariga, uning payg'ambarlariga, qiyomat kuniga, taqdirning yaxshi-yomonligi Alloh taolodan ekaniga, o'lgandan so'ng tiriltirmoqqa iymon keltirdim!”.
– Iymoni mujmalning sifati nima?
– To'rtta narsaga ishonmoq. “Amantu billah kama huva bi-asmaihi va sifatihi va qabiltu jami'a ahkamihi va arkanihi!” demoq. Ya'ni, “Allohga, chunonchi uning ismlari va sifatlari bilan birga iymon keltirdim. Uning jami hukmlari va ruknlarini qabul qildim!”.
– Iymonning farzlari nechta?
– Iymon farzlari to'rtta: Allohni tanimoq; Allohga ishonmoq; iymonni asrab-avaylamoq; iymonni o'zi bilan olib ketmoq.
– Iymonning vojiblari nechta?
– Iymon vojiblari o'n ikkita: ulamolar bilan suhbatlashmoq; munofiqlardan uzoq bo'lmoq; tashna odamga suv bermoq; bemorning holidan xabar olmoq; kambag'allarga g'amxo'rlik qilmoq; farzandlarga islomni o'rgatmoq; oilasidagilarga namoz o'rgatmoq; etimlar boshini silamoq; o'likni yuvmoq; yo'ldagi tosh va ozor etkazadigan narsalarni olib tashlamoq; ota-onani ziyorat qilib turmoq; hajni tavof qilmoq.
– Iymonning hukmi nima?
– Ikki narsa: dunyoviy va uxroviy. Iymonning dunyoviy hukmi joni va mol-dunyosi omon saqlanishidir. Kimki iymon keltirsa, joni va moliga talofat etishidan omon qoladi. Nohaq bir mo''minni o'ldirilsa, shariat uning qasosini olib beradi. Iymonning uxroviy hukmi do'zax otashidan omonlik, jannatga kirish va Alloh taoloning diydoriga musharraf bo'lishdir.
– Iymonning shartlari nechta?
– Iymon shartlari ettidadir: g'aybga iymon keltirmoq; g'ayb ilmini Alloh taoloning o'zigagina xos deb bilmoq; jannat va do'zaxni ko'rmasdan turib ham iymon keltirmoq; Allohning halol deb belgilagan narsalarini halol deb bilmoq; Allohning harom deb belgilagan narsalarini harom deb bilmoq; Allohning azobidan qo'rqmoq; Allohning rahmatidan umidvor bo'lmoq.
– Iymonning ruknlari – ustunlari nechta?
– Iymonning arkonlari ettidadir. Ular iymonning shartlari ham deyiladi.
– Iymonning kamoloti nechta?
– Iymonning kamoloti uchtadir: iymon topganiga, iymonli bo'lganiga xursand bo'lmoq; iymonning ketib qolishidan g'amgin bo'lmoq; iymonning buzilishidan qo'rqmoq.
– Iymonning boshi nima?
– “La ilaha illalloh, Muhammadu-r-Rasululloh!” kalimasini aytmoq.
– Iymonning tani nima?
– Besh vaqt namoz o'qimoq.
– Iymonning qalbi nima?
– Qur'on o'qimoq. Uchta dil jam bo'lsa, duo mustajob bo'ladi: Qur'onning dili – “Yosin” surasi, insonning dili – iymon-ishonchi va kechaning dili – yarim tun.
– Iymonning nuri nima?
– Rost gapirmoq.
– Iymonning zulmati nima?
– Yolg'on gapirmoq.
– Iymonning tangligi nima?
– Benamoz bo'lmoq.
– Iymonning halovati nima?
– Pok bo'lmoq.
– Iymonning hakami nima?
– Havf va rajo – Allohdan qo'rqib ham umid qilib yashamoq.
– Iymonning shariati nima?
– Halol va haromni tanimoq.
– Iymonning ulug'ligi nima?
– Hudoy taoloni ko'p zikr qilmoq.
– Iymonning po'sti nima?
– Sharm-hayo qilmoq.
– Iymonning mevasi nima?
– Ro'za tutmoq.
– Iymonning tuxmi nima?
– Ilm o'qimoq.
– Iymonning kamoli nima?
– Sabr-toqat qilmoq.
– Iymonning bargi nima?
– Taqvo – Allohdan qo'rqib yashamoq.
– Iymonning mag'zi nima?
– Duo qilmoq.
– Iymonning tomiri nima?
– Ixlos qilmoq.
– Iymonning vatani nima?
– Mo''min bandaning dili.
– Alloh taolo iymonni nimadan yaratgan?
– Alloh taolo iymonni o'z huzuridagi nurdan yaratgan.
– Sen iymondamisan yoki iymon sendami?
– Men iymon bilan birgaman, iymon men bilandir. Men mo''minman, iymon mening sifatimdir.
– Iymon xoliqning nomi bilan bo'ladimi yoki bandaning nomi bilanmi?
– Iymon ham yaratuvchining va ham yaralmishning nomi ila bo'ladi. “La ilaha illalloh!” kalimasida xoliq nomi bor. “Muhammadu-r-Rasululloh!” kalimasida esa yaralmish bandaning nomi mavjud.
– Iymonning haqiqati nima?
– Til bilan iqror qilmoq va dil bilan tasdiqlamoq.
– Iymonning amali nima?
– Namoz, ro'za, zakot, haj va boshqa bandaning shariatda qiladigan ishlaridir.
– Iymon nima-yu islom nima?
– Lug'at jihatidan ikkovi ham bir. Istilohda esa farqli. Demak, iymon Til bilan iqror qilmoq va dil bilan tasdiqlamoq bo'lsa, islom Alloh taoloning buyruqlariga bo'ysinmoq va qaytargan narsalaridan uzoq bo'lmoqdir.
– Din nima?
– Alloh taolo nazdida islom haq dindir. Allohning va uning rasulining buyruqlariga amal ilmoqdir.
– Mo''minlarga iymon keltirib yurmoq farzmi yoki sunnatmi?
– Iymon mo''minlarga sunnat, kofirlarga esa farz.
– Iymonning o'zi farzmi yoki sunnatmi?
– Banda ilk bor Alloh taoloning yakka-yu yagonaligiga iymon keltirishi farzdir. Uni takror qilib yurish esa sunnat.
– Hudoni taniysanmi?
– Ha, taniyman. U yakka-yu yagona, o'xshashi yo'q, kuch-qudratli va olamlarni yaratgan zotdir.
– Sen musulmonmisan?
– Alhamdo'lillah, musulmonman!
– “Alhamdo'lillah”ning ma'nosi nima?
– “Allohga hamdu sanolar bo'lsin!” degan ma'noda.
– Qachondan beri musulmonsan?
– “al-Miysoq” kunidan beri musulmonman.
– “al-Miysoq”ning ma'nosi nima?
– Alloh taolo ruhlarni yaratganidan so'ng, ularga: “Men Sizlarning Parvardigoringiz emasmanmi?!” deb xitob qilgan. Jami ruhlar: “Ore, Sen bizning rabbimizsan!”, deyishgan. Ana shu ahdnoma olingan vaqt “al-miysoq” deb ataladi.
– Musulmonlik binosi nechta?
– Musulmonlik besh narsaning ustiga bino qilingan: kalimai shahodat – “Ashhadu an-la ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammad abduhu va rosuluhu!” kalimasini aytmoq; besh vaqt namoz o'qimoq; ramazon oyida ro'za tutmoq; mol-dunyodan zakot bermoq; Baytullohga haj qilmoq.
– Islomning vojiblari qaysi?
– Islom vojibotlari ettitadir: namoz o'qimoq; fitr sadaqasini bermoq; qurbonlik qilmoq; hajga bormoq; umra qilmoq; ota-onaning xizmatini qilmoq; qarindoshlarga silai rahim qilmoq.
– Shariat hukmlari nechta?
– Shariat ahkomlari sakkiztadir: farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom muboh, makruh.
– Tavhid nima?
– Bir demoqlik, bir bilmoqlik va bir deb e'tiqod qilmoqlikdir.
– Iymondan oldingi narsa nima?
– Alloh taoloning inoyati va hidoyati.
– Iymondan ham yaxshiroq narsa nima?
– Iymonni asrab-avaylamoq.
– Iymondan keyingi narsa nima?
– Alloh taoloning diydorini ko'rmoq.
– Usuli din – dinning asoslari nechta?
– Usuli din sakkiztadir: tavhid – Alloh taoloni yakka-yu yagona deb bilmoq; adl – har ishda adolatli va insofli bo'lmoq; imomat – oxirat ishini dunyo ishidan oldin bajarmoq; nubuvvat – Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamni payg'ambar deb tan olmoq; amri ma'ruf – Alloh taoloning buyurgan narsalarini ado qilmoq; nahyi munkar – Alloh taoloning qaytargan narsalaridan uzoq bo'lmoq; tabarro – Alloh taoloning dushmanlarini dushman deb bilmoq; tavallo – Alloh taoloning do'stlarini do'st tutmoq.
– Alloh taoloning sifatlari nechta?
– Allohning sifatlari o'nta: sakkiztasi subutiy, ikkitasi salbiy. Subutiy sifatlar: ilm – Alloh taolo hamma narsani biluvchi; hayot – Alloh taolo abadiy va azaliy tirik zot; qudrat – Alloh taolo har narsaga qodir; sam' – Alloh taolo eshituvchi; basar – Alloh taolo ko'ruvchi; kalom – Alloh taolo gapiruvchi; iroda – Alloh taolo har narsani o'zi ixtiyor qiluvchi; takvin – Alloh taolo paydo qiluvchi. Salbiy sifatlar: Alloh taolo barcha aybu nuqsonlardan pokdir; Alloh taoloning sherigi yo'qdir.
– Iymonning qal'asi nechta?
– Iymonning qal'asi uchtadir: farzlarni bilib amal qilmoq; vojiblarni bilib amal qilmoq va sunnatlarni bilib amal qilmoq.
– Iymonning nuqsoni nechta?
– Iymonga nuqson etkazadigan narsalar uchtadir: kufr, shirk va shak-shubha. Islomda jaholat uzr emas!
– Mo''min vafot etganida iymon qayerga ketadi?
– Iymonning fe'li joni bilan qoladi, iymonning hukmi tani bilan qoladi.
(“Bidon” va “Muhimmot al-muslimin” // Chahor kitob. – Toshkent, 1892. – B. 16-29; 127-143.).
Hamidulloh Beruniy tarjimasi
Azim Toshkentning qoq markazida –Hazrati Imom majmuasi poyida bugun nafaqat muazzam bir bino, balki millat ruhiyatining yangi qiyofasi qad rostladi. Bu asrlar davomida xalqimiz qalbida yashagan ezgu orzularning me’moriy ifodasi, kelajak avlodlar uchun qoldirilayotgan eng qimmatli ma’naviy omonatdir.
Ushbu mahobatli maskan ostonasidan xatlab o‘tar ekansiz, go‘yoki vaqt va makon chegaralari yo‘qolgandek tuyuladi: bu yerda uch ming yillik shonli tariximiz Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadlari va yuksak tamaddun zafarlari bilan mushtaraklik kasb etgan. O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi vaqt va makon tutashgan o‘ziga xos ma’naviy manzil sifatida dunyo nigohini o‘ziga tortmoqda.
Markaz hududiga yaqinlashar ekansiz, avvalo, ko‘zingiz uning 65 metrlik muazzam gumbaziga tushadi. Yurak amri va millat irodasi bilan chizilgan bu mo‘jizaviy gumbaz shunchaki me’moriy yechim emas, u osmon bilan yerni, o‘tmish bilan kelajakni bog‘lovchi ma’naviy ko‘prik, milliy g‘urur va yuksalishning timsolidir. Binoning uzunligi 161 metr, eni esa 118 metrni tashkil etadi. Ushbu mahobatli raqamlar zamirida ulkan mehnat, mislsiz siyosiy iroda va xalqimizning bunyodkorlik salohiyati mujassam.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ushbu markaz haqida gapirganda uning har bir chizgisiga alohida to‘xtalib: “Bu ulkan loyiha oddiy bir chizma emas. Uni yurak chizgan, mehr chizgan, orzu va armonlar chizgan. Bu loyiha buyuk xalqimizning asl qiyofasini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ezgu niyatlar mahsulidir”, deya ta’kidlagani bejiz emas. Majmuaga ochiladigan to‘rt asosiy darvoza ilm-ma’rifat va bag‘rikenglik haqidagi muqaddas oyat va hadislar bilan bezatilgan bo‘lib, har bir mehmonni ezgulik olamiga chorlab turadi.
Majmuaning eng hayajonli va muqaddas nuqtasi uning ma’naviy qalbi hisoblangan Qur’oni karim zalidir. Bu yerda inson ilohiy nur og‘ushida qolgandek bo‘ladi. Gumbaz ostiga qadam qo‘yganingizda, boshingiz uzra 90 dona “Swarovski” toshi va 650 dan ortiq chiroqlar yordamida yaratilgan ilohiy gologramma – Toshkentning musaffo tungi osmoni namoyon bo‘ladi. Bu manzara insonni koinot sirlari va ilmning nur ekani haqida chuqur tafakkur qilishga undaydi.
Markazning ma’naviy xazinasi sifatida dunyodagi eng nodir qo‘lyozmalardan biri Usmon Mus'hafi saqlanmoqda. Uning atrofida Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar va Temuriylar davriga mansub 114 ta noyob Qur’on nusxasi jamlangan. Ushbu xazinalarning aksariyati Prezidentimiz tashabbusi bilan xorijiy auksionlardan xarid qilinib, o‘z ona zaminiga qaytarildi. Bu tariximizga bo‘lgan yuksak ehtirom va milliy merosimizni tiklash yo‘lidagi tarixiy adolatning qaror topishidir.
Bugungi Yangi O‘zbekiston Sharq va G‘arb o‘rtasida ilmiy muloqotning jonli ko‘prigiga aylanmoqda. Zamonaviy sayyoh sifatida sizni markazdagi raqamli inqilob va “Har kim uchun ochiq muzey” konsepsiyasi hayratga soladi. Robot-gidlar, sakkiz tildagi audio ma’lumotlar va imkoniyati cheklangan insonlar uchun maxsus Bluetooth mayoqchalari inson qadri har narsadan ustunligining amaliy isbotidir.
Markaz qisqa muddatda jahon hamjamiyati diqqat markaziga tushdi. Fransiyaning Avitsenna mukofotiga sazovor bo‘lgani, AQSHning “Smithsonian Magazine” nashri talqiniga ko‘ra 2026 yilning eng kutilayotgan 10 ta muzeyidan biri deb topilgani hamda “BBC Travel” kabi nashrlarning e’tirofi O‘zbekistonning global maydondagi nufuzini yangi bosqichga olib chiqdi. Ilm-fan va jadidlar merosiga e’tibor markaz faoliyatining muhim bo‘g‘inlaridan biridir. Ikkinchi qavatdagi kutubxona 45 mingga yaqin adabiyot va 350 mingta elektron manbani o‘z ichiga olgan haqiqiy bilimlar ummonidir. Ayniqsa, 22 nafar ma’rifatparvar jadid bobomizning merosiga bag‘ishlangan bo‘lim kishida alohida faxr uyg‘otadi. Ularning siymosi bizga yangi Renessans poydevorini kimlar qo‘yganini eslatib turadi.
Shuningdek, AYSЕSKO, IRSIKA va Oksford islom tadqiqotlari markazi kabi xalqaro tashkilotlarning ofislari shu yerda joylashgani O‘zbekistonning dunyo ilm-fani bilan integratsiyalashuvi va Sharq sivilizatsiyasining yangi global muloqot maydoniga aylanganidan dalolat beradi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Islom sivilizatsiyasi markazi bu shunchaki muzey yoki kutubxona emas. Bu bizning kimligimizni anglatuvchi ko‘zgu, tarixiy zafar va kelajak avlodlarga yo‘llangan ma’rifiy maktubimizdir. Bugun biz guvohi bo‘layotgan jarayonlar millatning ruhiy va siyosiy tiklanishidir.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Bugun o‘zligimizni anglash yo‘lida katta tantana bo‘ldi. Bu yerga kelgan har bir inson qanday ajdodlar avlodi ekanimizni bilishi, anglashi kerak”. Yillar o‘tadi, avlodlar almashadi, ammo Toshkent osmonida porlayotgan bu ma’naviyat qasri O‘zbekistonning yangi yuksalish davri – Uchinchi Renessansning boshlang‘ich nuqtasi va so‘nmas mayog‘i bo‘lib qolaveradi. Bu yerga kelgan har bir inson bir haqiqatni his etadi: biz ulug‘ ajdodlarning munosib vorislari va buyuk kelajakning haqiqiy bunyodkorlarimiz!
Alouddin G‘AFFOROV,
O‘zA