Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

AQIDAGA ZID G'OYaLAR – KUN MAVZUSI

16.07.2021   1652   8 min.
AQIDAGA ZID G'OYaLAR – KUN MAVZUSI

Aslida, tasavvuf-tariqat islomiy ilmlarning sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, uning ichidagi mavzusining sharafi bilan ziynatlangan. Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma'rifatulloh ya'ni Allohni tanimoq ekan, o'z-o'zidan bu holda tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisi, insonni ruhiy va axloqiy jihatdan komillik sari yo'llovchisi bo'lib qoladi.

Ammo so'ngi yillarda sunniylikdagi Naqshbandiya va boshqa shu kabi tariqatlarni aholi orasida shayxlar, eshonlar tomonidan buzib targ'ib qilinayotganligi, ba'zi soxta tariqatchilar tomonidan tasavvufning asl maqsadi shariat ahkomlariga zid holatda  talqin etilayotganini kuzatish mumkin.

Soxta  tariqatchilarning ayniqsa, pirlar haqida aytayotgan da'volariga har qanday sog'lom aqidaga ega bo'lgan mo'min-musulmon hayron qolmasligining iloji yo'q. Ularning da'vosiga ko'ra piri yo'qning – piri shayton bo'ladi, pirga qo'l bermagan kishini musulmon deb bo'lmaydi, pirlar g'aybiy sirlarni biladi, Azroil (a.s) pirning iznisiz muridning jonini olmaydi, Munkar va Nakir ham  pirning iznisiz savol-javob qilmaydi, muridning jannat yoki do'zax ahlidan bo'lishligi ham pirning qaroriga bog'liq, pirga qo'l bergan insonni Alloh onadan tug'ilgandek begunoh qilib qo'yadi, qoldirilgan ibodatlari ham kechiriladi, murididan boshqa kishining to'y-ma'rakasiga borilmaydi.           Shuningdek, ularga “Nima uchun falon vojib amalni qilmaysizlar?” deyilsa, “Shayximiz aytmagan narsani qilmaymiz”, deydilar. Ba'zilari : “Bizning shayximiz o'zlarining nechta muridi bo'lsa, hammasining qayerda turgani va hatto qaysi yonboshi bilan yotganini bilib turadilar. Kim bunga ishonmasa, falon bo'ladi”, desa,  yana birlari “Bizning shayximizga bay'at qilmaganlar johiliyat o'limi bilan o'ladi”, deydilar. Falonchi namoz o'qib, duo qilsa, vafot etgan shayxi kelib, qo'lidan ushlab, shaharni aylantirib chiqar emish, deydiganlari ham topiladi.

Sha'riy  dalillarga to'g'ri kelmaydigan xato da'volari esa  musulmonlar ichida turli ixtiloflarga sabab bo'lmoqda. Masalan, tahajjud va nafl namozlarini farz, vojib hisoblaydilar, yasama tishli imom orqasidan namoz o'qib bo'lmaydi, qoplama (tilla, kumush) tish qo'ygan kishining tahorati mukammal bo'lmaydi, namozdan keyin ovoz chiqarib duo va Qur'on tilovat qilish makruh, qo'lni yuvgandan keyin artish mumkin emas, chap qo'l bilan sindirilgan nonni eyish mumkin emas, choyni quyishda choynakni ham, piyolani ham o'ng qo'l bilan ushlamasa, makruh bo'ladi,  shukri vuzu' namozini qay vaqtda bo'lsa ham, ya'ni makruh paytlarda ham o'qib olish zarur deydilar.

O'zini  tasavvufga mansubman, deb hisoblaydigan bu  kimsalarning ayrimlari “Tariqat haqiqatdir, shariatni o'rganish shart emas” desalar, ba'zilari shariat ilmlari va boshqa ilmlar bilan mashg'ul bo'lganlarni adashib yurganlar deb atab, ularga past nazar bilan qarashadi. Ilm o'qigan gumroh bo'ladi degan da'voni qiladilar. Vaholanki, Abu Homid G'azzoliy haqiqiy tasavvuf yo'lidagi kishining alomatini shunday bayon qilganlar: “Uning barcha ixtiyoriy ishlari shariat tarozusi bilan tortilgan bo'ladi. Ularni qabul qilishda ham, chiqarishda ham shariat chegarasida turishi shartdir. Chunki shariatning barcha qoidalarini egallamasdan turib, bu yo'lda yurish mumkin emas”. Abu Yazid Bistomiy : “Agar bir kishiga karomatlar berilib, hattoki u osmonga ko'tarilayotganini ko'rsangiz ham, to uning amr (Allohning buyrug'i) va nahiyni (Allohning qaytarig'i) mahkam tutganini, shariat hukmini bajarayotganini ko'rmaguningizcha, unday kimsaga aldanib qolmang”, deganlar. Ulamolar bu zotni shariatda imom, tariqatda qahramon, sunnatda tobe' va himmatda nodir deb vasf qiladilar. Hoja Ahmad Yassaviy esa: “Shariatsiz tariqatga kirganlarni shaytoni la'in imonini olar emish”, – deganlar.

Soxta tariqatchilarning yuqorida sanab o'tilgan, sof  e'tiqodga to'g'ri kelmaydigan,  shari'atning hukmlariga zid keladigan  da'volarining barchasining sababi ularning ilmdan uzoqligi, “shariat ilmlari va boshqa ilmlarni o'rganish bu – adashishlikdir” degan da'vosining natijasidir. Aslidachi, aslida shayxda imon, taqvo bilan birgalikda murshidlik sifati bo'lishi kerak. Murshid degani irshod qiluvchi – kishilarni to'g'ri yo'lga boshlovchi deganidir. Bu ish qaysi asosda bo'lishi lozimligini Qur'oni karim “Tavba” surasida quyidagicha bayon qiladi:

وَمَا كَانَ الْمُؤْمِنُونَ لِيَنْفِرُوا كَافَّةً ۚ فَلَوْلَا نَفَرَ مِنْ كُلِّ فِرْقَةٍ مِنْهُمْ طَائِفَةٌ لِيَتَفَقَّهُوا فِي الدِّينِ وَلِيُنْذِرُوا قَوْمَهُمْ إِذَا رَجَعُوا إِلَيْهِمْ لَعَلَّهُمْ يَحْذَرُونَ

“Har jamoadan bir toifa bo'lsaydi. Ular dinni chuqur anglab, qaytib kelgan vaqtlarida qavmlarini ogohlantirardilar. Shoyadki, ular hazir bo'lsalar.” (122-oyat)

Bu oyati karimada Islom o'z dinimizni chuqur anglab etishga qanchalik yuqori ahamiyat bergani yaqqol ko'rinib turibdi.

Demak, irshod qilish uchun avvalo dinda fahiq bo'lish, uni chuqur anglab etish kerak. Dinda faqih bo'lish esa Qur'oni karim va sunnati mutohharoni puxta egallashi, shariat, aqida, imon, islom, taqvo, ehson va shukr kabi asoslarni chuqur bilishni taqozo etadi. Bu narsalarni a'lo darajada o'zlashtirmagan kishi murshid-shayx ham bo'la olmaydi. Bu ilmlarga ega inson yuqorida aytib o'tilgan da'volar qanchalik noto'g'ri ekanligini anglab etib, bunday da'volardan tezda voch kechadi.

Tasavvuf tarixiga nazar soladigan bo'lsak, bu yo'lda  yuqori darajalarga ko'tarilgan ulug' shayxlarning barchalari shariat ilmlarining ham ustozlari bo'lib, ba'zi bir tariqatga o'tmoqchi bo'lganlarni avval shar'iy ilmlarni egallashga undaganlariga guvoh bo'lamiz.  Qolaversa, shar'iy ilmlarni mukammal o'rganib olmagan, ibodatlardagi farz, vojib, sunnat, harom, makruh, mufsid kabi amallarni mukammal bilmagan kishi ibodatlarni nuqsonsiz, o'rinlatib ado etishi mumkin emas. Zotan hadisi sharifda:  “Bir soatlik ilm etmish yillik ibodatdan afzal” deyilgan.

Alloh taolo kalomida: “Albatta Allohdan bandalari ichida  faqat olimlarigina qo'rqarlar” (Fotir surasi 28-oyat) va yana boshqa bir oyatda “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo'lurmi?” (Zumar surasi 9-oyat) deb marhamat qiladi. Ikki olam sarvari Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadislarida: “Kim ilm talab qilish yo'liga tushsa, Alloh unga jannat yo'lini egillashtiradi”, – deganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda Payg'ambarimiz alayhissalom: “Kim ilm talab qilsa o'tgan gunohlariga kafforot bo'ladi”, deganlar. Bir fozil kishi o'g'liga: “Ey o'g'ilcham, ilm o'rgan, chunki ilm jamoling bo'lmasa jamol, moling bo'lmasa mol bo'ladi”, – degan. Abdulxoliq G'ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Ho'ja Axror Valiy, Yusuf Hamadoniy, Ahmad Yassaviy, Imomi Rabboniy  kabi ulug' tasavvuf peshvolari doimo ilm egallashga da'vat qilib, kitoblar yozganlar.

Shunday ekan, ilm yo'lini maxkam tutish, shariat ko'rsatmalaridan tashqariga chiqmaslik, asossiz gap-so'zlarni  o'ziga aqida qilib olmaslik  bu kabi  muammolarni barchasini uzil-kesil bartaraf qilib,  ixtiloflarni ko'tarishga, bugungi noqulay holatlardan chiqib olishga  sabab bo'ladi.

Alloh taolo hammamizni imonda, islomda sobitqadam qilib, o'zining hidoyatidan ayirmasin.

                                                                                      “Hadichai Kubro” ayel-qizlar o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi   o'qituvchisi  

Muxamedxodjayeva Sanobar

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Janubiy Koreyaning nufuzli telekanali O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng yoritdi

26.08.2026   31845   3 min.
Janubiy Koreyaning nufuzli telekanali O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng yoritdi

O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini Janubiy Koreyada keng targ‘ib etish maqsadida nufuzli “EBS” telekanali tomonidan mamlakatimiz turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan maxsus teledastur efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Sayyohlar orasida katta auditoriyaga ega bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” teledasturi orqali janubiy koreyalik tomoshabinlarga O‘zbekistonning ekoturizm, gastronomik, ziyorat, tog‘ va landshaft turizmi borasidagi imkoniyatlari haqida keng ma’lumot berildi.

O‘zbekistonga tashrif buyurgan “EBS” telekanali ijodiy guruhi mamlakatimizning mashhur sayyohlik yo‘nalishlari, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarining qadimiy me’moriy yodgorliklari, turli hududlardagi zamonaviy ko‘ngilochar markazlar, milliy hunarmandchilik, o‘zbek milliy taomlari hamda yurtimizning betakror tabiat manzaralari haqida hikoya qildi.

Ko‘rsatuvda janubiy koreyalik sayyohlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishning afzalliklari ham keng yoritildi. Xususan, bugungi kunda Toshkentdan mamlakatimizning tarixiy shaharlariga zamonaviy va qulay “Afrosiyob” tezyurar poyezdi orqali Ipak yo‘li yo‘nalishlari bo‘ylab sayohat qilish mumkinligi ta’kidlandi.

“EBS” telekanali muxbiri Toshkentning o‘ziga xos me’moriy qiyofasiga alohida e’tibor qaratgan. Uning fikricha, poytaxt me’morchiligida o‘rta asrlarga oid tarixiy obidalar, zamonaviy ko‘p qavatli binolar va sobiq ittifoq davri me’morchiligi an’analari o‘ziga xos uyg‘unlik kasb etgan.

Dasturda O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlari haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakat poytaxtidan tarixiy shaharlarga avtomobil yo‘llari bilan bir qatorda temir yo‘l orqali ham qulay safar qilish mumkinligi ma’lum qilingan.

“Yilning barcha faslida ertalab va kechqurun Toshkentning bosh vokzalidan Buxoro va Samarqand yo‘nalishida qulay tezyurar “Afrosiyob” poyezdlari qatnaydi. Maksimal tezligi 230 km/soat bo‘lgan ushbu poyezd Toshkentdan Buxorogacha bo‘lgan qariyb 600 kilometrlik masofani uch soatu 40 daqiqada bosib o‘tadi. Bu aviaparvozga nisbatan qulay va arzonroq”, – deya qayd etilgan teledasturda.

Ko‘rsatuvda Samarqand va Buxoro shaharlari Markaziy Osiyoning muhim madaniy durdonalari sifatida e’tirof etilgan.

“Buxoro shahri 2500 yildan ortiq tarixga ega. Eski shahar markazida Buxoroning eng diqqatga sazovor yodgorliklaridan biri – 1127 yilda qurilgan Minorai Kalon joylashgan. Uning balandligi 47 metr, poydevori esa 10 metrni tashkil etadi”, – deya ma’lumot beriladi manbada.

Samarqand haqida so‘z yuritilar ekan, uning 2750 yillik tarixga ega ekani, dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri sifatida asrlar davomida turli bosqinlar va vayronagarchiliklarga guvoh bo‘lganiga qaramay, o‘zining betakror va ertaknamo ulug‘vorligini saqlab qolgani ta’kidlangan.

Teledasturning yana bir muhim jihati – unda O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi tarixiy va me’moriy obidalar bilan bir qatorda, milliy hunarmandchilik, urf-odatlar, milliy taomlar hamda mamlakatning turli hududlaridagi go‘zal tabiat manzaralari haqida batafsil ma’lumot berilganidir.

Ko‘rsatuvda O‘zbekistonning mehmondo‘stligiga ham alohida urg‘u berilgan.

“Sayyoh sifatida qayerga bormang, xoh mehmon uylarida, xoh bozorlar yoki shunchaki ko‘chada mahalliy aholi bilan uchrashsangiz, samimiy mehmondo‘stlik va iliqlikni his qilasiz”, – deydi “EBS” telekanali ijodiy guruhi.

Umuman, Janubiy Koreyaning yetakchi telekanallaridan biri bo‘lgan “EBS” orqali O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror tabiati, milliy taomlari, mehmondo‘stligi va zamonaviy turizm infratuzilmasi keng auditoriyaga namoyish etilgani mamlakatimizning ushbu davlat sayyohlik bozoridagi jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari