O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi "Vaqf" xayriya jamoat fondining “Vaqf” xayriya ishlari bo'yicha direktori Sardor Rahimxonning onalari vafoti munosabati bilan chuqur ta'ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhumani O'z mag'firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o'zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo Sardor Rahimxon va marhumaning farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to'ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so'raymizki, marhumani o'zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog'lariga doxil etsin.
Inna lillahi va inna ilayhi roji'un!
«Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz U Zotga qaytuvchimiz».
O‘zbekiston Musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari, Vaqf xayriya jamoat fondi raisi Zayniddin Eshonqulov boshchiligidagi delegatsiya Malayziyada bo‘lib o‘tgan Islomiy iqtisodiyot haftaligi va Jahon vaqf forumida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Uchrashuvlarda Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo 57 ta davlatdan hukumat rasmiylari, islomiy moliya va zakot-vaqf sohasi mutaxassislari qatnashdi.
Zayniddin Eshonqulov ma’ruzasida davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi, xususan, bemorlarga ko‘rsatilayotgan yordamlar hamda keng ko‘lamli xayriya tadbirlari haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Malayziya parlamenti senatori, Malayziya Vaqf fondi rahbariyati, Butunjahon zakot va vaqf forumi bosh kotibi hamda boshqa rasmiylar bilan uchrashib, soha bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.
2026 yil Ramazon oyida ishga tushirilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy majmuasi islom ummati uchun beqiyos ahamiyat kasb etishi alohida e’tirof etildi.
Vakillarimiz Malayziyaning “Nashrul Qur’on” nashriyoti raisi Abdul Latif Mirasa bilan ham ko‘rishdi. Uchrashuvda hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish, turli xayriya loyihalarini birgalikda amalga oshirish maqsadida anglashuv memorandumi imzolandi.
“Nashrul Qur’on” nashriyoti O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali xalqimizga 20 ming nusxadagi “Qur’oni karim va o‘zbek tilidagi ma’nolar tarjimasi” kitobini tuhfa qildi.
Islomiy iqtisodiyot haftaligining yakuniy sessiyasi Malayziya parlamentida bo‘lib o‘tdi va unda Malayziya siyosiy, akademik va ishbilarmon doiralari vakillari hamda soha amaliyotchilari ishtirok etdi.
Tomonlar raqamli dunyoda vaqf va zakot ishlari boshqaruvini, uning qonuniy asoslarini yanada takomillashtirish, mablag‘larni yig‘ish va ularni manzilli tarzda o‘z o‘rniga yetkazish hamda islom moliyasi ekotizimini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajriba almashishga kelishib oldi.
Uchrashuvlar chog‘ida Butunjahon vaqf forumini joriy yilning noyabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu xalqaro tadbirga musulmon mamlakatlaridan 300 ga yaqin hukumat rasmiylari va ekspertlarni taklif etish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati