O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi "Vaqf" xayriya jamoat fondining “Vaqf” xayriya ishlari bo'yicha direktori Sardor Rahimxonning onalari vafoti munosabati bilan chuqur ta'ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhumani O'z mag'firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o'zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo Sardor Rahimxon va marhumaning farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to'ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so'raymizki, marhumani o'zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog'lariga doxil etsin.
Inna lillahi va inna ilayhi roji'un!
«Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz U Zotga qaytuvchimiz».
1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan «Vaqf» xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat filiali tomonidan «Imom Faxriddin ar-Roziy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan ustoz va murabbiylarning ilm-ma’rifat yo‘lidagi sharafli mehnati e’tirof etilib, ularga samimiy tilaklar bildirildi. Bayram munosabati bilan 8 nafar ustozga 5 million so‘mdan, jami 40 million so‘m miqdorida pul mukofotlari topshirildi.
Shuningdek, boshqa o‘qituvchi va murabbiylarga oziq-ovqat mahsulotlaridan tashkil topgan jamlanmalar hamda maishiy texnika vositalari bayram sovg‘asi sifatida taqdim etildi.
Bayram tadbiri davomida ustoz va murabbiylarga ezgu tilaklar bildirilib, ularning mas’uliyatli va sharafli faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tilandi. Zero, ustozga ko‘rsatilgan ehtirom — ilmga, ma’rifatga va kelajak avlodga ko‘rsatilgan ehtiromdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati