Ibn Abi Hotim rivoyat qilishlaricha, bir a'robiy (sahrolik arab) kelib:
«Ey Allohning Rasuli, Robbimiz yaqinmi, munojot qilsak yoki uzoqmi, nido qilsak?!» deganida, Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom sukut saqlab turib qolganlar. Shunda Alloh taolo: «Qachon bandalarim sendan Men haqimda so'rasalar» oyatini nozil qilgan ekan.
Bu oyatda Alloh taolo O'z bandalariga yaqin ekanini bayon qilmoqda. Hadis imomlari Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda ham shu ma'no bor. U kishi aytadilar:
«Payg'ambar alayhissolatu vassalom bilan g'azotda edik. Tepalikka chiqsak ham, pastlikka tushsak ham, baland ovoz bilan takbir aytib borar edik. U zot bizga yaqinlashib keldilar-da:
«Ey odamlar, o'zingizga rahm qiling. Siz karga yoki g'oyibga duo qilayotganingiz yo'q, balki eshituvchi, ko'ruvchi Zotga duo qilyapsiz. Siz duo qilayotgan Zot sizga mingan ulovingizning bo'ynidan ham yaqin», – dedilar».
Mulohaza qilinsa, oyatda bandalar Rasululloh alayhissolatu vassalomning oldilariga kelib, Alloh taolo haqida so'rayaptilar.
«Qachon bandalarim sendan Men haqimda so'rasalar, bas, albatta, Men yaqindirman».
Javob esa bevosita Allohdan bandalariga bo'lmoqda. Odatdagidek, «Ularga ayt», deb Nabiy alayhissalomni vosita qilmayapti. Shu nozik nuqta ham Allohning O'z bandalariga yaqin turganligini ko'rsatadi. Huddi shu ma'no keyingi jumlada ham bor:
«Duo qiluvchi Menga duo qilganda, duosini ijobat qilurman».
«Duosini eshitaman, hisobga olaman», emas, «ijobat qilaman», – deyapti. Bu ham bandalarni Allohga ko'proq duo qilishga qiziqtiradi. Alloh taolo tomonidan shunday yaqinlik, hozirjavoblik bo'lib turganda, bandadan ham shunga yarasha harakat bo'lishi kerak. Ular ham Allohning chaqirig'iga «labbay» deb javob berib, unga iymon keltirib, itoat qilmoqlari lozim:
«Bas, Menga ijobat qilsinlar va Menga iymon keltirsinlar».
Bandalar ijobat qilib, iymon keltirsalar, kimga foyda bo'ladi? Ba'zi hollarda odamlar buni to'g'ri tushuna olmay qoladilar. Alloh taolo ushbu oyatda Allohning da'vatiga istijobat qilish, iymonga kelish bandaning o'ziga foyda keltirishini ta'kidlaydi:
«Shoyadki, to'g'ri yo'lni topsalar».
Hojatlarning barchasini Alloh taolodan so'rash, Unga hamisha iltijoda bo'lish mo'min bandaning doimiy ishiga aylanishi kerak. Duo ibodatlarning mag'izi hisoblanadi. Nabiy alayhissalomdan duo haqida ko'plab hadislar kelgan.
Imom Ahmad ibn Hanbal Abu Sa'iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zot:
«Musulmon odam gunoh va qarindoshlariga yomonlik qilmay turib duo qilsa, unga Alloh uch hislatdan birini beradi: so'ragan narsasini tezda beradi. Yoki oxiratga saqlab qo'yadi. Yoki so'ralgan narsa miqdoridagi yomonlikni undan qaytaradi», – deganlar.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan imom Ahmad rivoyat qiladilarki, Nabiy alayhissalom:
«Qalblar idishga o'xshaydi. Ba'zilari ba'zisidan ko'proq joylashtiradi. Agar Allohdan biror narsa so'raydigan bo'lsangiz, ijobat bo'lishiga qattiq ishonib so'rang. G'ofil qalb bilan duo qilgan bandaning duosini Alloh qabul qilmaydi», dedilar.
Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom:
«Agar banda shoshilmasa, duosiga ijobat bo'ladi. «Duo qildim, qabul bo'lmadi», – demasin», – deganlar.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
(Tafsiri hilol kitobidan)
Insoniyat tarixida ayrim makonlar borki, ular faqat geografik nuqta emas, balki ruhiy tarbiya va ma’naviy uyg‘onish markazi hisoblanadi. Ana shunday muqaddas maskanlarning eng ulug‘i – Masjidul harom va uving qalbi bo‘lgan Ka’bai muazzamadir. Millionlab musulmonlar har yili turli millat, til va madaniyatdan qat’i nazar, bir maqsad – Alloh taoloning roziligiga erishish uchun ushbu muborak joyga yo‘l oladilar. Haj – Islomning beshinchi rukni bo‘lib, u oddiy sayohat yoki rasmiy marosim emas. Haj insonning qalbini poklaydigan, nafsini tarbiyalaydigan, uni yanada mas’uliyatli va taqvodor shaxsga aylantiradigan buyuk ibodatdir. Aslida, haqiqiy haj – insonning ichki dunyosini o‘zgartiruvchi hajdir.
Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «Albatta, odamlar (ibodati) uchun qurilgan birinchi uy Bakkada (Makkada) muborak va olamlar uchun hidoyat (manbai) bo‘lgan (Ka’ba)dir» (Oli Imron surasi, 96-oyat). Ushbu muborak oyat Ka’batullohning insoniyat tarixidagi yuksak o‘rnini ko‘rsatadi. U nafaqat musulmonlarning qiblasi, balki tavhid ramzi hamdir. Yer yuzida turli sivilizatsiyalar paydo bo‘lib, yo‘qolib ketgan bo‘lsa-da, Ka’ba asrlar davomida insoniyatni yagona Robbga ibodat qilishga chaqirib kelmoqda.
Tarixiy manbalarda Ka’baning bir necha bor qayta ta’mirlangani zikr qilinadi. Odam alayhissalomdan tortib, Ibrohim va Ismoil alayhissalomlargacha, hatto Quraysh qabilasi va Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhular davrigacha uning qayta qurilgani haqida rivoyatlar keltirilgan. Bu holat Ka’baning insoniyat ongida nechog‘li muqaddas o‘rin tutishini anglatadi.
Ko‘pchilik hajni faqatgina farz amalini ado qilib qo‘yish deb tushunadi. Aslida esa haj – insonning axloqiy va ma’naviy kamolotini sinovdan o‘tkazadigan ulkan maktabdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar: «Mabrur hajning mukofoti faqat jannatdir» (Muttafaqun alayh). Lekin har qanday haj ham «mabrur» (qabul bo‘lgan) bo‘lavermaydi. Ulamolar mabrur hajni — xolis niyat bilan, halol moldan, gunoh, riyo va xo‘jako‘rsinlikdan uzoq holda ado etilgan ibodat deb ta’riflaydilar. Demak, hajdan maqsad faqat Ka’bani ko‘rish yoki el qatori «hoji» degan nom olish emas. Balki insonning ichki dunyosi o‘zgarishi, gunohlardan chin dildan tavba qilishi va hayotini yangi, pok bosqichdan boshlashi muhimdir.
Bilishimiz kerak bo‘lgan eng muhim masalalardan biri — hajga ketishdan avval chin dunyodan tavba qilish va odamlar haqini ado etishdir. Zero, zimmasida qarzi yoki o‘zganing haqi bo‘lgan inson haj qilishdan avval ularni egalariga qaytarishi lozim. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada shunday deganlar: «Boy (qodir) kishining qarzini bermay paysalga solishi zulmdir» (Imom Buxoriy rivoyati). Afsuski, bugungi kunda ayrimlar hajni obro‘, tijorat yoki ijtimoiy maqom vositasiga aylantirib yubormoqda. Islom shariatida pora, tanish-bilishchilik yoki nohaq yo‘llar bilan hajga borish qattiq qoralanadi. Bunday yo‘llar ibodatning ruhiy mohiyatini butunlay yo‘qqa chiqaradi. Islomda ibodatning qabul bo‘lishi uchun uning tashqi dabdabasi emas, balki ixlos, taqvo va halollik asos qilib olinadi.
Haqiqiy hoji hajdan qaytgach, uning xulqida, oilaviy va ijtimoiy hayotida ijobiy o‘zgarishlar sezilishi kerak. Ulug‘ tobein Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadilar: «Mabrur haj — insonning hajdan dunyoga befarq (zohid), oxiratga esa rag‘batli holda qaytishidir». Agar inson tabarruk safardan qaytganidan keyin ham g‘iybat, takabburlik, manmanlik, tarozidan urish va nohaqlikni tark etmasa, u hajning haqiqiy mazmun-mohiyatini anglab yetmagan bo‘ladi. Haj musulmon kishiga sabrni, tartib-intizomni, kamtarlik va birodarlikni o‘rgatadi. Ehromga kirgan paytda boy bilan kambag‘al, rahbar bilan oddiy ishchi bir xil kiyimda, yonma-yon turadi. Bu esa insonlar o‘rtasidagi barcha sun’iy farqlarni yo‘qotib, Alloh huzuridagi haqiqiy tenglik g‘oyasini namoyon etadi.
Hazrati Umar roziyallohu anhu Hajarul asvadni o‘payotib, tarixga muhrlangan ushbu so‘zlarni aytgan edilar: «Sen faqat bir toshsan, na foyda va na zarar yetkaza olasan. Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam seni o‘pganlarini ko‘rmaganimda, seni aslo o‘pmas edim». Bu teran fikr Islomda ibodatlar faqatgina sof aqida va sunnatga asoslanishini ko‘rsatadi. Musulmon kishi Hajarul asvadni qandaydir sehrli kuch deb emas, balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga bo‘lgan cheksiz muhabbat va ehtirom ramzi sifatida ziyorat qiladi.
Haj — musulmon ummatining eng buyuk ma’naviy qurultoyidir. U insonni tashqi jihatdan emas, balki ichki olamini tubdan o‘zgartirish uchun farz qilingan. Haqiqiy haj insonni kamtar, halol, mas’uliyatli va taqvodor qiladi. Bugun musulmon jamiyatimizda hajning faqat tashqi rasmiyatchiligiga emas, balki uning ma’naviy-ruhiy mohiyatiga ko‘proq e’tibor berishimiz zarur. Chunki Ka’bani shunchaki ko‘z bilan ko‘rishdan ham muhimrog‘i — qalb ko‘zini ochish va uni poklashdir. Haqiqiy mabrur haj esa insonni gunohlardan uzoqlashtirib, Yaratuvchisiga yaqinlashtiradi.
Jamol Mavlonov,
Buxoro shahridagi «Masjidi Kalon» jome masjidi imom-xatibi