Sayt test holatida ishlamoqda!
17 May, 2026   |   29 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:27
Quyosh
05:03
Peshin
12:24
Asr
17:25
Shom
19:41
Xufton
21:09
Bismillah
17 May, 2026, 29 Zulqa`da, 1447

«Men yaqindirman»

20.11.2023   1101   5 min.
«Men yaqindirman»

Qachon bandalarim sendan Men haqimda so'rasalar, bas, albatta, Men yaqindirman. Duo qiluvchi Menga duo qilganda, duosini ijobat qilurman. Bas, Menga ijobat qilsinlar va Menga iymon keltirsinlar. Shoyadki, to'g'ri yo'lni topsalar.

Ibn Abi Hotim rivoyat qilishlaricha, bir a'robiy (sahrolik arab) kelib:

«Ey Allohning Rasuli, Robbimiz yaqinmi, munojot qilsak yoki uzoqmi, nido qilsak?!» deganida, Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom sukut saqlab turib qolganlar. Shunda Alloh taolo: «Qachon bandalarim sendan Men haqimda so'rasalar» oyatini nozil qilgan ekan.

Bu oyatda Alloh taolo O'z bandalariga yaqin ekanini bayon qilmoqda. Hadis imomlari Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda ham shu ma'no bor. U kishi aytadilar:

«Payg'ambar alayhissolatu vassalom bilan g'azotda edik. Tepalikka chiqsak ham, pastlikka tushsak ham, baland ovoz bilan takbir aytib borar edik. U zot bizga yaqinlashib keldilar-da:

«Ey odamlar, o'zingizga rahm qiling. Siz karga yoki g'oyibga duo qilayotganingiz yo'q, balki eshituvchi, ko'ruvchi Zotga duo qilyapsiz. Siz duo qilayotgan Zot sizga mingan ulovingizning bo'ynidan ham yaqin», – dedilar».

Mulohaza qilinsa, oyatda bandalar Rasululloh alayhissolatu vassalomning oldilariga kelib, Alloh taolo haqida so'rayaptilar.

«Qachon bandalarim sendan Men haqimda so'rasalar, bas, albatta, Men yaqindirman».

Javob esa bevosita Allohdan bandalariga bo'lmoqda. Odatdagidek, «Ularga ayt», deb Nabiy alayhissalomni vosita qilmayapti. Shu nozik nuqta ham Allohning O'z bandalariga yaqin turganligini ko'rsatadi. Huddi shu ma'no keyingi jumlada ham bor:

«Duo qiluvchi Menga duo qilganda, duosini ijobat qilurman».

«Duosini eshitaman, hisobga olaman», emas, «ijobat qilaman», – deyapti. Bu ham bandalarni Allohga ko'proq duo qilishga qiziqtiradi. Alloh taolo tomonidan shunday yaqinlik, hozirjavoblik bo'lib turganda, bandadan ham shunga yarasha harakat bo'lishi kerak. Ular ham Allohning chaqirig'iga «labbay» deb javob berib, unga iymon keltirib, itoat qilmoqlari lozim:

«Bas, Menga ijobat qilsinlar va Menga iymon keltirsinlar».

Bandalar ijobat qilib, iymon keltirsalar, kimga foyda bo'ladi? Ba'zi hollarda odamlar buni to'g'ri tushuna olmay qoladilar. Alloh taolo ushbu oyatda Allohning da'vatiga istijobat qilish, iymonga kelish bandaning o'ziga foyda keltirishini ta'kidlaydi:

«Shoyadki, to'g'ri yo'lni topsalar».

Hojatlarning barchasini Alloh taolodan so'rash, Unga hamisha iltijoda bo'lish mo'min bandaning doimiy ishiga aylanishi kerak. Duo ibodatlarning mag'izi hisoblanadi. Nabiy alayhissalomdan duo haqida ko'plab hadislar kelgan.

Imom Ahmad ibn Hanbal Abu Sa'iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zot:

«Musulmon odam gunoh va qarindoshlariga yomonlik qilmay turib duo qilsa, unga Alloh uch hislatdan birini beradi: so'ragan narsasini tezda beradi. Yoki oxiratga saqlab qo'yadi. Yoki so'ralgan narsa miqdoridagi yomonlikni undan qaytaradi», – deganlar.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan imom Ahmad rivoyat qiladilarki, Nabiy alayhissalom:

«Qalblar idishga o'xshaydi. Ba'zilari ba'zisidan ko'proq joylashtiradi. Agar Allohdan biror narsa so'raydigan bo'lsangiz, ijobat bo'lishiga qattiq ishonib so'rang. G'ofil qalb bilan duo qilgan bandaning duosini Alloh qabul qilmaydi», dedilar.

Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom:

«Agar banda shoshilmasa, duosiga ijobat bo'ladi. «Duo qildim, qabul bo'lmadi», – demasin», – deganlar.

 

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

  (Tafsiri hilol kitobidan)

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkent islom institutida ilk bor "Oilaviy ochiq eshiklar kuni" o‘tkazildi (foto+)

16.05.2026   2886   1 min.
Toshkent islom institutida ilk bor

Xalqaro oila kuni, yaqinlashayotgan qutlug‘ Qurbon hayiti hamda 1 iyun — Bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Toshkent islom institutida ta’lim muassasasi tarixida ilk bor «Oilaviy ochiq eshiklar kuni» tashkil etildi. Instituti hovlisida o‘zgacha quvonch va samimiyat muhitini ulashgan ushbu fayzli tadbirni ta’lim muassasasi rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Tadbir doirasida institutda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar va xodimlarning 200 nafardan ziyod farzandlari hamda nabiralari uchun unutilmas bolalar sayli uyushtirildi.

Mazkur tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad — bolajonlarning o‘z ota-onalari mehnat qilayotgan tabarruk ilm dargohi va bu yerdagi ma’rifiy muhit bilan yaqindan tanishishi hamda qalbida ilm ahliga nisbatan yuksak hurmat-ehtirom tuyg‘usini shakllantirishdan iboratdir.


Bayram dasturi doirasida bolajonlar uchun «Shirinliklar bayrami» tashkil etilib, milliy o‘yinlar, rasm chizish, xattotlik, shaxmat-shashka va stol tennisi kabi sport musobaqalari o‘tkazildi.

Shuningdek, qizlar uchun milliy hunarmandchilik mahorat darslari, sayyor attraksionlar va multfilmlar namoyishi bolajonlarga haqiqiy quvonch ulashdi. Tantanali tadbir yakunida institut ma’muriyati tomonidan barcha ishtirokchilarga maxsus bayram sovg‘alari va shirin tushliklar taqdim etildi. 
 

Ota-onasining jamiyat uchun manfaatli mehnatidan faxrlangan bolajonlarning chehrasidagi beg‘ubor tabassum ushbu xayrli va ma’naviy tadbirning eng katta yutug‘i bo‘ldi. Zero, oilasi ahil, farzandlari baxtiyor bo‘lgan yurtning kelajagi hamisha nurli va barqarordir. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Toshkent islom institutida ilk bor Toshkent islom institutida ilk bor Toshkent islom institutida ilk bor Toshkent islom institutida ilk bor
O'zbekiston yangiliklari