Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda go'yo “jihod” barcha musulmonlarga farz, shu bois haqiqiy musulmon yoshlar Suriya kabi urush kechayotgan zaminga borishi va “kofirlar”ga qarshi kurashishi zarur ekani haqidagi da'vatlar tarqatilayotgani sir emas.
O'zi Turkiya hududiga berkinib olib, yoshlarni Suriyadagi urush o'chog'ida “o'tin” bo'lishga da'vat qilayotgan “Abdulla Zufar” kabi shaxslar fuqarolarimizning, o'smir-go'daklarimizning umrlariga zomin bo'lmoqda.
Ushbu fitnachining go'yo “ummatga jihodsiz hayot yo'q” kabi da'volariga aldanayotgan ayrim yoshlar “jihod qilish kerak ekan”, degan tor tasavvurlari bilan Suriyadagi terrorchilar safiga borib qo'shilmoqda. Oxir-oqibatda esa ushbu aldanganlar jangu jadallarda o'lib ketmoqda, hukumat yoki boshqa kuchlar qo'liga tushib, umrlari qamoqxonalarda o'tmoqda. Suriyaga ergashtirib borgan turmush o'rtoqlari, opa-singillari nasl-nasabi noma'lum jangari kimsalarga xotin bo'lib, norasida go'daklari och-nahor, tarbiyasiz holda sarson-sargardon bo'lmoqda.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, dunyo ulamolarining fikrlariga tayangan holda “jihod” tushunchasining Islom ta'limotidagi sof mazmun-mohiyatini eslash maqsadga muvofiqdir. “Jihod” arabchada “jiddu jahd”, “g'ayrat qilmoq” ma'nolarini anglatib, Islom ta'limotida dastlab dinni himoya qilish sifatida vujudga kelgan tushuncha hisoblanadi. Jihod urush ma'nosida emas, Allohning diniga so'z bilan da'vat qilish ma'nosida yuzaga kelgan. Arab tilida “urush” ma'nosini “qitol” so'zi anglatadi.
Jihod Islom huquqshunoslari tomonidan “qalb jihodi” (inson o'zining nafsi va yomon xulqi bilan kurashuvi), “til jihodi” (yaxshilikka chaqirish, yomon ishlardan qaytarish), “qo'l jihodi” (jinoyatchilarni jazolash) va “qilich jihodi” (dushman bilan qurolli kurash) kabi ko'rinishlarda bo'lishi e'tirof etiladi.
Jaloliddin Suyutiyning “Al-Fathul kabir” kitobida (2-juz, 280-b.) keltirilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kichik jihoddan katta jihodga, bandaning havoyi nafsiga qarshi qiladigan jihodiga xush keldingiz!” deganlar. Ushbu hadisdan eng afzal jihod insonning o'z nafsini engishi ekani kelib chiqadi. Jihod masalasida Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda: “Jihodning afzali Alloh taoloning yo'lida havoyi nafsingga qarshi jihod qilmog'ingda”, deyilgan.
Ilm o'zlashtirish uchun bor imkoniyatlarini ishga solayotgan o'smirni ma'rifat yo'lida, ota-onasining roziligini olish uchun astoydil kirishgan insonni esa ota-onasi xizmatida jihod qilmoqda, desa bo'ladi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda aytiladi: «Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, u zotdan jihod qilishga izn so'radi. Shunda u zot: “Ota-onang tirikmi?” dedilar. U “Ha”, dedi. U zot: “Unday bo'lsa, ana o'shalarning yo'lida jihod qil!” dedilar» (Imom Buxoriy, 3004-hadis).
Boshqa hadisi sharifda esa quyidagilar bayon etilgan: “Alloh ning yo'lida qilichi bilan urushishning o'zi jihod emas, balki ota-onasi, farzandlarini boqishi hamda o'zini odamlardan tilanishdan to'xtatishi ham jihoddir”.
Dunyo ulamolarining xulosalariga ko'ra, Islomda qurolli jihod hukmi sharoitga qarab o'zgarib turadi va ikki qism: talab va mudofaadan iborat ekanini ta'kidlaydilar. Talab jihodi hozirgi kunda yo'q ekaniga ulamolar ijmo qilganlar. Chunki musulmonlar hozir turli mamlakatlarda istiqomat qilib, mamlakatlar orasidagi munosabatlar o'zaro urushmaslikka va elchixonalar orqali aloqalarga asoslangan.
Mudofaa jihodi dushman musulmon yurtiga bostirib kirsa, himoya uchun zarur bo'lib, u hech qachon ichki fitna shaklida bo'lishi mumkin emas. Islomda qonuniy hokimiyatga qarshi fitna qilib, bog'iylarcha qurol ko'tarib chiqish emas, aksincha, qonuniy hokimiyatni himoya qilish buyurilgan. Imom Buxoriy keltirgan hadisda aytiladi: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim menga itoat qilsa, Alloh taologa itoat qilgan bo'ladi. Kim amirga itoat qilsa, demak, menga itoat qilibdi va kim amirga osiylik qilsa, demak, menga osiylik qilibdi. Chunki amir – orqasidan, ya'ni uni himoya qilib jang qilinadigan hamda u bilan dushmandan saqlanadigan qalqondir” (Imom Buxoriy, 2957-hadis).
Ulamolarning xulosasiga ko'ra, agar dushman musulmon yurtiga urush ochib, bostirib kirsa, barcha musulmonlarga qurolli jihod farzi ayn, bunday holat bo'lmasa, farzi kifoya hisoblanadi. Qurolli jihod hokimiyat rahbari qo'li ostida amalga oshiriladi. Jihod hech qachon qotillik, bosqinchilik, odamlarni garovga olish, majburan e'tiqodini o'zgartirish yoki tinch musulmon jamiyatida fitna chiqarish uchun joriy qilinmagan.
Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy “Islomda jihod tushunchasi, uni qanday tushunamiz va u bilan qanday muomalada bo'lamiz” asarida quyidagilarni ta'kidlagan: “Biror yurtga jihod qilish, da'vat qilish yoki ular bilan sulh tuzishni musulmonlarning imomi belgilab beradi. Musulmonlarning boshliqlari xalifa, imom, podshoh, prezident kabi turli nomlar bilan atalishi mumkin. Ularning ruxsatlarisiz, o'zboshimchalik bilan bu ishlarni amalga oshirib bo'lmaydi”.
Shu nuqtai nazardan, ulamolar jihod faqat musulmonlarning qonuniy hukmdorlari tomonidangina ummatning xavfsizligi, mol-mulki va e'tiqodini himoya qilish yo'lida e'lon qilinishi mumkin ekani ta'kidlanadi.
Aksincha, Islomda haqli ravishda hukmdorlik qilayotgan musulmon rahbarlar qo'li ostida xalq tinch yashab kelayotgan vaqtda isyon ko'tarib fitna chiqarganlar toifasi “bog'iylar” deb ataladi. Odamlarni o'ldirish, portlatish, o'g'irlab ketish, o'z davlatiga qarshi chiqish kabi qabih ishlar orqali fitna chiqarish, xalqning xavfsizligi va xotirjamligini buzib, tahlikaga solish, begunoh odamlarni o'ldirish, mulkiga ega chiqish, ayollarini esa o'zlariga halol deb e'lon qilish Qur'oni karim ko'rsatmasiga ko'ra katta gunoh hisoblanadi.
Musulmonlarga bog'iylarning fitnasida qatnashish Qur'oni karimda qat'iy man etilgan: «Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo'lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo'ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo'yingizki, Alloh jazosi qattiq (Zot)dir» (Anfol surasi, 25-oyat).
Musulmon olamida “Islom dinining dalili” deb e'tirof etilgan Burhoniddin Marg'inoniyning mashhur “Hidoya” asarida ham bog'iylar haqida to'xtalib, dinda isyonchi kishilar o'ldirilsa, janoza o'qilmasligi ta'kidlangan.
Ekstremistik va terrorchi tashkilotlar targ'ibotchilari jihod g'oyasini soxtalashtirilayotgani mazkur masalaga mantiqan yondashilgan taqdirda ham oydin bo'ladi. Masalan, kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarning rus tilidagi manbalarida Suriya hududida “Hay'at tahrir ash-Shom” terrorchilik tashkiloti a'zolari “Abu Dudjon Dog'istoniy” ismli, Dog'istondan kelgan jangarini yo'q qilganlarini e'lon qildi. O'z navbatida, o'tgan yili may oyida “Abu Dudjon Dog'istoniy” tomonidan Suriyaning Idlib viloyatida dog'istonlik boshqa jangari, “Kavkaz amirligi” guruhi rahbari “Abdulla Tsumadi” (Zalimxon Kadiyev)ni o'ldirilgani haqida ma'lumotlar tarqatilgan edi. Ko'rinib turibdiki, go'yoki “jihod” qilish uchun Suriyaga kelgan jangarilar o'z xo'jayinlarining manfaatlari yo'lida nafaqat hukumat qo'shinlari bilan, balki o'zaro jang qilmoqda, bir-birini o'ldirmoqda. Buni qanday qilib “jihod” deb atash mumkin? (Davomi bor.)
O'tkir HASANBAYeV
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi