Alloh taolo bizga ato etgan eng ulug' ne'matlardan biri mustaqillikdir. Ne'mat bo'lganda ham, har doim fikr yuritiladigan, shukr qilinadigan, qadri, sharafi, davomiyligi ko'z qorachig'iday asrab- avaylanadigan bebaho ne'matdir.
Istiqlol tufayli mamlakatimizda e'tiqod erkinligi qonuniy kafolatlab qo'yildi. Milliy va diniy qadriyatlar tiklandi, masjid va madrasalar ochildi, nodir tarixiy manbalar, asori-atiqalar musulmon xalqimizga qaytarib berildi. Yurtimizdagi boshqa go'shalar qatori Buxoroda ham diniy-ma'rifiy sohada tub o'zgarishlar bo'lmoqda.
Qadimdan ilm markazi bo'lgan zaminimizda so'nggi yillarda madrasa va masjidlar, muborak qadamjolar obod etilishi va ular faoliyatining takomillashishi, Yetti pir ulamolar nomini butun olamga tarannum etish maqsadida ularning ilmiy meroslarini o'rganish va ziyorat turizmini rivojlantirish bo'yicha zamonaviy loyihalarning hayotga tatbiq etilishi ijobiy o'zgarishlarga misol bo'ladi.
Ana shu imkoniyatlardan to'g'ri foydalanish va bu ulug' ne'matlar shukronasini qilib, uning qadriga etib yashash va mustaqilligimizni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo'shish barchamiz uchun ham farz, ham qarzdir. Mustaqillik va ibodatlarni emin-erkin ado etish ne'matiga doimiy shukrona aytishimiz lozim.
Alloh taolo marhamat qiladi: “…Agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman…” (Ibrohim surasi 7-oyat). Oyati karimada ta'kidlaganganidek, shukr qilsak Haq taolo O'z ne'matlarini yanada ziyoda qilishi, shubhasiz.
Muborak hadisi sharifda Payg'ambarimiz alayhissalom: “Kim insonlarga ulardan ko'rgan yaxshiliklari evaziga shukr qilmas ekan, demak Allohga ham shukr qilmabdi”, deganlar (Imom Ahmad va Termiziy rivoyati).
Inson uchun dunyoga kelgan, unib-o'sgan eri Vatandir. Kindik qoni to'kilgan joy esa unga boshqa joydan qimmatli bo'ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinai munavvaraga ko'chib o'tganlarida Makkai mukarramani eslab: “Agar qavmim meni Makkadan chiqib ketishga majbur qilmaganida, hecham o'z ixtiyorim bilan uni tashlab ketmagan bo'lar edim”, deganlar. Demak, Vatanni sevish, undagi bor narsalarni ardoqlab, sog'inib yashash insoniyat fitratida mavjud bo'lgan nozik his-tuyg'udir.
Hakim ulamolar aytadilar: “Kishining vafodorligi uning o'z Vatani uchun qayg'urishidan, do'stlarini sog'inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o'kinib yashashidan bilinadi”. Insonning xalqiga bo'lgan sadoqati va fidoyiligi Vatanni himoya qilishi, yurti taraqqiyoti, tinch va farovon hayot kechirishiga hissa qo'shishi bilan o'lchanadi.
Darhaqiqat, bugungacha bo'lgan yo'lni osonlikcha bosib o'tmadik. Shu zaminda yashayotgan har bir inson o'ziga “Kim edigu kim bo'ldik?” degan haqli savolni berib yashashi zamirida javobni tinchlikka bo'lgan hurmat, istiqlolga bo'lgan shukrona tufayli topishiga aminmiz. Kechagi kun bilan bugunning orasida juda katta tafovut bor. Yaqin tarixda kimningdir izmidan chiqolmay, o'z tili, o'zligi, haqligini isbot etishga ojiz kishilar bugun sof millat tili – o'zbek tilida baralla va erkin suhbatlashayotgani, hatto jahon minbarlarida turib so'zlayotgani yurakni cheksiz faxrga to'ldiradi.
Vatan tinchligi va uning har tomonlama rivojlanib, taraqqiy topishi uchun o'zaro hamjihatlik asosida sa'y-harakat qilishimiz zarur.
Alloh taolo marhamat qiladi: “…Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi 2-oyat).
Yaratgan Egamiz ato etgan ulug' ne'mat – hur zaminimizni yomon ko'z, xavf-xatar, balo-ofatdan panohida asrasin. Barchamizga bu ne'matning qadrini to'g'ri anglash, shukronasini ado etishni musharraf qilsin!
Jobir Elov,
Buxoro viloyat bosh imom-xatibi
Prezidentimizning "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoni e’lon qilindi.
Bugungi kunning eng quvonchli xabari shuki, diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning jonkuyar mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Ularning haq yo‘ldagi sa’y-harakatlari, ma’rifat tarqatishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak orden bilan munosib taqdirlandi. Bu nafaqat ularning shaxsiy yutuqlari, balki butun diniy-ma’rifiy jamoamiz uchun katta sharaf va cheksiz quvonchdir!!
"Imom Buxoriy" ordeni:
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov;
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur;
Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev;
Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining butun jamoasi, davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan aziz ulamolarimiz va fidoiy xodimlarimizni chin qalbdan, samimiy muborakbod etadi!
Sizlarga Alloh taolodan mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy hayotingizga fayzu baraka, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik tilaymiz. Kelgusi xayrli faoliyatlaringizda yanada ulkan zafarlar, ezgu maqsadlaringizga erishishda doimiy muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilaymiz!
Hamisha elu yurtning duosida bo‘lib, dinimizga, Vatanimizga xizmat qilish sharafi bardavom bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati