HAVAS QILINADIGAN INSON
38- وَلِلْكَرَّارِ فَضْلٌ بَعْدَ هَذَا عَلَى الأَغْيَارِ طُرًّا لاَ تُبَالِ
Ma'nolar tarjimasi:
Shundan so'ng Qaytmas botir (roziyallohu anhu)ning qolgan jamiki barchalardan afzalligi bor (shu so'zni mahkam ushlagin va bundan boshqa so'zlarga) e'tibor bermagin.
Nazmiy bayoni:
Shundan so'ng Botirga afzal ko'rilish,
Qolgan barchalardan tortma hech tashvish.
Lug'atlar izohi:
لِ – “shibhi mulk” (mulk ko'rinishidagi) ma'nosida kelgan jor harfi.
كَرَّارِ – jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabar.
فَضْلٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. Lug'atda “ziyodalik” ma'nosiga to'g'ri keladi.
بَعْدَ – zarflikka ko'ra nasb bo'lib turibdi.
هَذَا – ismi ishora ذَا ning oldidan tanbeh هَ kelgan. Oqil va g'oyri oqil mufrad muzakkarga nisbatan ishlatiladi.
عَلَى – “isti'lo” (ustun bo'lish) ma'nosidagi jor harfi.
الأَغْيَارِ – jor majrur فَضْلٌ ga mutaalliq.
طُرًّا – tamyiz. Lug'atda “jamiki” ma'nosini anglatadi.
لاَ – nahiy harfi.
تُبَالِ – “ahamiyat berish” ma'nosidagi مُبَالاَةً masdaridan olingan fe'l. بَالٌ lug'atda “qalb” ma'nosini anglatadi. Shunga ko'ra لَا تُبَالِ so'zidan “qalbingni mashg'ul qilma” ma'nosi tushuniladi.
Matn sharhi:
O'shiy rahmatullohi alayhning “shundan so'ng” degan so'zlariga ikki xil ma'no bersa bo'ladi:
Ushbu baytda Ali roziyallohu anhuni yuqoridagi uchchalalaridan ham ortiq hisoblaydigan toifalarga ham, faqat Usmon roziyallohu anhudan ortiq hisoblaydiganlarga ham, ikkalalarini bir-birlaridan ortiq ko'rmaydiganlarga ham raddiya bordir. Ya'ni shijoati bilan ajralib turgan Ali roziyallohu anhu yuqoridagilaridan keyin barcha valiylarning ulug'idir.
Ali roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abu Tolibning o'g'li bo'lib, milodiy 600 yoki 603 yilda Makka shahrida tug'ilgan.
Ali roziyallohu anhuning nasabi quyidagicha bo'lgan: Ali ibn Abu Tolib ibn Abdulmuttalib ibn Hoshim.
Ali roziyallohu anhuning oilalari
Albatta, yuqorida bayon qilinganidek ushbu ayollarning to'rttadan ko'pi bitta nikohda jamlanmagan.
Ali roziyallohu anhu Badr, Uhud, Handaq, Bay'atur Rizvon kabi barcha voqealarda ishtirok etgan. Faqatgina Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'rinbosar qilib ketganlari sababli Tabuk g'azotida ishtirok eta olmagan.
Ali roziyallohu anhuning fazllari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ali roziyallohu anhu haqlarida har bir musulmonning havasi keladigan juda ko'plab maqtovlarni aytganlar:
– “Sen dunyoda ham, oxiratda ham mening birodarimsan”;
– “Kim Aliga aziyat bersa, menga aziyat beribdi”;
– “Kim Alini yaxshi ko'rsa, meni yaxshi ko'ribdi, kim meni yaxshi ko'rsa, Allohni yaxshi ko'ribdi, kim Alini yomon ko'rsa, meni yomon ko'ribdi, kim meni yomon ko'rsa, Allohni yomon ko'ribdi”;
– “Ali Qur'on bilan, Qur'on Ali bilandir, ikkalalari to Havzga kelgunlaricha bir-birlaridan ajramaydilar”;
– “Alining musulmonlar zimmasidagi haqqi otaning bolasidagi haqqi kabidir”.
Usmon roziyallohu anhuning vafotidan so'ng milodiy 656 yilda 53 yoshida ko'pchilik musulmonlarning ittifoqi bilan xalifa etib saylangan. Halifaligining beshinchi yilida milodiy 661 yilning 19 yanvar kuni fitnachi Abdurahmon ibn Muljim suiqasdi tufayli masjidda qattiq jarohatlangan va ikki kun o'tgach, shamsiy hisob bilan 59 yoshida vafot etgan.
Sahobai kiromlar o'rtasida ba'zi ko'ngilsizliklar bo'lib o'tgan bo'lsa ham, ularning bu ishlari o'z nafslari uchun emas, balki Alloh roziligi yo'lidagi ijtihodlari bo'lgan. Imom Ahmad ibn Hanbaldan “Jamal” voqeasi ishtirokchilari haqida so'rashganlarida u zot javob sifatida quyidagi oyatni o'qib bergan:
﴿تِلۡكَ أُمَّةٞ قَدۡ خَلَتۡۖ لَهَا مَا كَسَبَتۡ وَلَكُم مَّا كَسَبۡتُمۡۖ وَلَا تُسَۡٔلُونَ عَمَّا كَانُواْ يَعۡمَلُونَ١٤١﴾
“Ular bir ummat edilar, o'tib ketdilar. Ularga o'zlari kasb qilganlari bo'lur. Sizlarga o'zingiz kasb qilganingiz bo'ladir. Ularning qilgan amallaridan sizlar so'ralmassiz”[2].
Imom Shofi'iy rahmatullohi alayh: “O'sha qonlardan Alloh bizning qo'llarimizni pok qildi, endi ular bilan tillarimizni bulg'amaymiz”, – deb javob bergan.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamga sahoba bo'lishdek baxtga musharraf bo'lgan insonlarning barchasiga Alloh taoloning roziligi bo'lsin, ularni yaxshi ko'rishni burchimiz deb bilamiz[3].
KYeYINGI MAVZU:
SIDDIQA VA ZAHRO roziyallohu anhumo FAZILATLARI
[1] Ibn Sa'd “Tobaqot”da “Ali ibn Abi Tolibning o'n to'rtta o'g'il va o'n to'qqizta qiz farzandlari bo'lgan” deya keltirgan. Qarang: Muhammad Rizo. Mavsu'atu xulafai roshidin. Bayrut: “Maktabatul Asriya”, 2006. – B. 12.
[2] Baqara surasi, 141-oyat.
[3] Ibrohim Laqqoniy rahmatullohi alayh: “Salafi solih so'zi mutlaq ishlatilsa sahobalar tushuniladi”, – degan.
Shuningdek salafi solihlar so'zidan to'rtala mujtahid imomlar, Avzo'iy, Mujohid, Sufyon Savriy, Sufyon ibn Uyayna kabi ulamolar ham tushunilishi mumkin.
Halaf ulamolar deganda hijriy 3-asrdan keyin yashab o'tgan ulamolar tushuniladi.
Imom Zahabiy: “Mutaqaddim va mutaaxxir ulamolar orasini ajratuvchi chegara uchinchi asrning boshidir”, – degan.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
“Arafot” so‘zi lug‘atda – “bilish, tanish” ma’nolarini bildiradi.
Makka shahridan 20 km, Minodan 10 km, Muzdalifadan esa 6 km, Namira masjididan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. Uzunligi 11-12 km va kengligi 6,5 km bo‘lgan vodiy. U qattiq katta toshlardan iborat. Janubiy tomonda 168 ta zinasi mavjud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Odam Ato bilan Havvo onamiz jannatdan chiqarib yuborilganlaridan keyin bir-birlari bilan shu yerda uchrashganlar, deyiladi.
Boshqa bir rivoyatda Jabroil alayhissalom Ibrohim alayhissalomga ushbu makonda haj amallarini o‘rgatib: “Arofta?” (“O‘rgandingizmi?”) deganlarida, Ibrohim alayhissalom: “Ha”, deganlar. Shundan keyin Arafot deb nomlanib qolgan.
Arofat tepaligida bir baland joy borki, u yerni “jabalul rohma”, ya’ni “rahmat tog‘i” deyiladi. Arafa kuni hojilarga yog‘iladigan behisob rahmat va barakalar sababli “rahmat tog‘i” deb nomlanadi. Ushbu tog‘ Ilol, Nobit hamda Quriyn deb ham ataladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan 81 kun oldin, hijratning 10 yili Madinadan hajga kelib, arafa kuni shu tepalikka chiqqanlar va oq tuyalarini cho‘ktirib, uning ustida turib “Vidolashuv va’z”ini aytganlar. Bu joy uzoqdan ko‘rinib turishligi uchun ustun shaklida ko‘tarilib, oqqa bo‘yab qo‘yilgan.
Arafotda hajning asosiy arkoni ado etiladi. Arafa kuni bomdod namozi o‘qilgandan so‘ng Minodan Arafotga qarab yo‘lga tushiladi. Zilhijja oyining 9-kuni, ya’ni arafa kuni hojilar shu tepalikka chiqib, to quyosh botgunga qadar ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Arafotda ma’lum muddat turmagan kishining haji haj hisoblanmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haj Arafotdir”, deganlar (Imom Termiziy va Nasoiy rivoyati).
Arafotga chiqishdan oldin g‘usl qilib olinsa yaxshi bo‘ladi.
Arafotga chiqishda va u yerda turganda doim takbir, tahlil, hamd va talbiya (“labbayka”) aytiladi. Arafotda duolar ijobat bo‘ladi. Shuning uchun hojilar ko‘proq duoda, zikrda, tilovatda, iltijoda, chin dildan tazarruda bo‘lishga intilishlari lozim.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi – Arafot kungi duodir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Arafotda quyidagi oyat nozil bo‘lgan: “Bugun Men sizlar uchun diningizni komil qildim, Men sizlarga ne’matimni to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim” (Moida surasi, 3-oyat).
Arafotda va Rahmat tog‘ida quyidagi duolarni o‘qish tavsiya etiladi:
“Subhanallohi va bihamdihi. Subhanallohil ’aziym”.
“Laa ilaha illa anta. Subhanaka inni kuntu minaz-zolimiyn”.
“Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyil ’aziym”.
“Robbana atina fid-dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina ’azaban-nar”.
“Allohumma aslih li diniyallaziy huva ’ismati amri va aslih li dunyayallati fiha ma’ashiy va aslih liy axirotiyallati fiha ma’adiy, vaj’alil hayata ziyadatalli min kulli xoyrin, vaja’lil mavta rohatalli min kulli sharrin”.
“A’uzu billahi min jahdil balai va darkish-shaqoi va su’il qazoi va shatamatil a’dai”.
Arafotda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib qasr qilib o‘qiladi. Hajning amiri xutba o‘qiydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!” (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh huzurida Arafot kunidan yaxshiroq kun yo‘q. Alloh taolo dunyo osmoniga (farishtalarga maqtanib) yer ahli bilan faxrlanib aytadi: “Mening chang bosgan bandalarimga qarang! Mening rahmatimdan umidvor bo‘lib, barcha joylardan keldilar. Vaholanki, ular mening azobimni ko‘rmaganlar. Alloh taolo biror kunda Arafa kunidek bandani do‘zaxdan ozod qiladigan kun yo‘q, deydi”.
Alloh taolo hajingizni mabrur, sa’yingizni mashkur va gunohingizni mag‘fur qilsin!
Davron NURMUHAMMAD