Abu Zarr roziyallohu anhu aytadi: «Ey Allohning Rasuli, er yuzida qaysi masjid birinchi bo'lib qurilgan?» dedim. U zot: «Masjidul Harom», dedilar. «Keyin qaysi?» dedim. U zot: «Masjidul Aqso», dedilar. «Ikkovining orasida qancha o'tgan?» dedim. U zot: «Qirq yil. Qachon bo'lmasin, senga namoz to'g'ri kelsa, darhol o'qib ol, chunki fazilat shunda», dedilar» (Buxoriy rivoyat qilgan).
Qurtubiy aytadi: «Baytul Maqdisni birinchi bo'lib kim qurgani haqida ixtilof bor. Rivoyat qilinishicha, birinchi bo'lib Baytni, ya'ni Baytul Haromni Odam alayhissalom qurganlar. Baytul Maqdisni u kishidan qirq yil keyin o'g'illari qurgan bo'lishi mumkin. Allohning izni bilan farishtalar poydevor qurgandan keyin Baytni qurgan bo'lishlari ham mumkin. Hammasining ehtimoli bor. Vallohu a'lam». («Jome' li ahkaamil Qur'an», 4-jild, 138-bet).
Ibn Hajar «Fathul Boriy»da shunday degan: «Masjidul Aqsoni birinchi bo'lib Odam alayhissalom qurgan. Farishtalar, Som ibn Nuh alayhissalom, Ya'qub alayhissalom ham qurgan deyishadi. Men «Odam alayhissalom ikkala masjidni ham qurgan» deganlarni quvvatlovchi dalilni topdim.
Ibn Hishom «Kitobut-tiyjon»da: «Odam Ka'bani qurgach, Alloh unga Baytul Maqdis sari borib, uni ham qurishga buyurdi. U zot uni qurib, unda ibodat qildilar», degan».
Suyutiy «Sunanu Nasoiy»ning sharhida shunday degan: «Masjidul Aqsoni Odam alayhissalomning o'zi barpo qilgan. Ibrohim va Sulaymon alayhissalomlar esa uni yangilashgan».
Ibrohim alayhissalom.
Ibn Hajar Asqaloniyning aytishicha, Ibn Javziy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Qirq yil» degan so'zlarining sharhida bu mantiqan to'g'ri kemasligini aytgan. Chunki Masjidul Haromni Ibrohim alayhissalom qurgan, Baytul Maqdisni Sulaymon alayhissalom qurgan deydigan bo'lsak, oralarida ming yildan ko'p muddat bor. Keyin Ibn Javziy bu nomuvofiqlikka shunday javob bergan: «Ka'bani ilk bor qurgan zot Ibrohim alayhissalom emas. Baytul Maqdisni ilk bor qurgan zot Sulaymon alayhissalom ham emas.
Bizga rivoyatlarda etib kelishicha, Ka'bani ilk bor Odam alayhissalom barpo qilganlar. Keyin u zotning avlodlari er yuzida tarqab ketishgan. Ularning biri Baytul Maqdisni qurgan bo'lishi mumkin. Keyin esa, Qur'onda aytilganidek, Ibrohim alayhissalom Ka'bani qurganlar». («Fathul Boriy», 6-jild, 407-bet).
Qurtubiy shunday degan: «Bu hadis Ibrohim va Sulaymon alayhimassalom birinchi bo'lib ikki masjidning poydevoriga asos solganiga dalolat qilmaydi, ularning ishlari boshqalar qurgan masjidni yangilash bo'lgan».
Aksar mufassirlar «Ibrohim alayhissalom Masjidul Aqsoni risolati va da'vatiga iymon keltirgan farzandlari va zurriyotlaridan iborat bo'lgan musulmon ummatiga masjid bo'lishi uchun uning binosini yangilagan», deyishadi.
Masjidul Aqsoga imom bo'lish Ibrohim alayhissalomning solih zurriyotlari qo'lida davom etib kelgan.
Ibn Kasir shunday degan: «Ya'qub ibn Ishoq alayhimassalomning davrida Masjidul Aqsoning Ibrohim alayhissalom qurib ketgan binosi eskirib ketganidan keyin qayta qurilgan». («Bidoya van-Nihoya», 1-jild, 184-bet).
Shihobiddin Maqdisiy shunday degan: «Bu ish binoni yangilash bo'lgan». («Musiyrul g'arom», 134-bet).
Musulmonlardagi ishonchli, sobit shar'iy dalillarga ko'ra, Masjidul Aqsoni Sulaymon alayhissalom qurganlar. Lekin u zot poydevorga asos solmaganlar, balki masjidning binosini ibodat qilish uchun tayyorlab, kengaytirib, yangilaganlar.
Nasoiy, Ibn Moja va boshqalar Abdulloh ibn Amr ibn Osdan qilgan rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Sulaymon ibn Dovud Baytul Maqdisni qurib bo'lgach, Allohdan uchta narsa so'raganlar: U Zotning hukmiga to'g'ri keladigan hukmni, o'zidan keyin hech kimga berilmaydigan saltanatni, bu masjidga faqat namoz o'qish uchungina kelgan har bir odamni gunohlaridan xuddi onasidan tug'ilgandek (poklab) chiqarishini. Menga ikkitasi berildi. Uchinchisi ham berilishini umid qilaman».
Imom Navaviy «Sahih Muslim»ning sharhida shunday degan: «Bu ikki masjidning poydevoriga asos solgan zot Odam alayhissalom ekani vorid bo'lgan. Shu bilan birga Ibrohim Masjidul Haromni, Sulaymon Baytul Maqdisni qurgani, orada qirq yil o'tgani haqidagi biroz ixtiloflar bor. Demak, bu ikki zot binoni faqat yangilagan, xolos degan xulosa kelib chiqadi».
Qurtubiy «Jome' li ahkamil Qur'an»da shunday degan: «U Zotning «Esla, vaqtiki, Ibrohim bilan Ismoil Baytning poydevorlarini ko'tarayotib…» degan oyati hamda Nasoiy rivoyat qilgan hadis Ibrohim va Sulaymon alayhimassalomning poydevorga asos solganiga emas, balki boshqalar asos solgan binoni yangilaganiga dalolat qiladi».
Imom Bag'aviy o'z tafsirida shunday degan: «Baytul Maqdis Buxtanassir g'azot qilgunicha Sulaymon qurib ketgan shaklda bo'lgan. U shaharni xarobaga aylantirib, masjidni buzib, shifti va devorlaridagi tilla, kumush, dur, yoqut va boshqa javharlarni olib, Iroq eridagi o'z mamlakatiga tashib ketgan, deyishadi».
Ko'rinib turibdiki, Sulaymon Baytul Maqdisda qilgan ishi Haykalning poydevoriga asos solish bo'lmagan, balki muborak Masjidul Aqsoni yangilash bo'lgan. Huddi Ibrohim alayhissalom Masjidul Haromni yangilagani kabi. Masjidul Aqso Sulaymon, Muso, Ya'qub va Ibrohim alayhimussalomlardan oldin ham bo'lgan.
Masjidul Aqso: «Haqiqat va tarix» kitobidan
Muhammad Ali Muhammad Yusuf tarjimasi.
Abu Bakr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga: “Ey Allohning Rasuli! Menga bir duo o‘rgating, men uni namozda o‘qib yuray”, dedilar. Shunda Rasululloh: “Allohumma inniy zolamtu nafsiy zulman kasiyron. Va innahu laa yag‘firuz zunuuba illaa anta. Fag‘fir liy mag‘firotan min ’indika varhamniy, innaka antal g‘ofuurur rohiym”, dedilar.
Ma’nosi: “Allohim! Albatta, men o‘zimga ko‘p zulm qildim va Sendan o‘zga gunoh larni kechiruvchi yo‘qdir. Meni huzuringdan bo‘lgan mag‘firat bilan kechirgin va menga rahm qil gin! Albatta, Sen ko‘p kechiruvchi va o‘ta rahmli Zotsan” (Imom Buxoriy rivoyati). Yaxshilik bilan mukofotlasin Usoma ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kimga bir yaxshilik qilinsa, uni qilgan kishiga “Jazaakal lohu xoyron” desa, maqtovni oxiriga yetkazgan bo‘ladi», dedilar.
Ma’nosi: “Alloh seni yaxshilik bi lan mukofotlasin” (“Sunani Termiziy”). Boshqalardan behojat qilgin Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu rivoyat qiladi. «Bir mukotab (ozod bo‘lish uchun to‘lov to‘lashga xojasi bilan shartnoma tuzgan qul) oldimga kelib: “Men kelishilgan mablag‘ni topib bera olmay qoldim. Menga yordam bering”, dedi. Men unga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘rgatgan kalimalarni o‘rgatdim: “Allohummakfiniy bi halaalika ’an haroomik, va ag‘niniy bi fazlika ’amman sivaak”.
Ma’nosi: “Allohim, haromingsiz haloling bilan menga kifoya qilgin va fazling ila meni O‘zingdan boshqalardan behojat qilgin” (Sunani Termiziy).
“Hidoyat” jurnalining
2025 yil 6-sonidan