2021 yil 19 may kuni Hindistonning «International Affairs Review» elektron nashrida shunday sarlavhali maqola e'lon qilindi.
“Orol dengizining qurishi oqibatlari bilan bog'liq muammolarni hal qilish chora-tadbirlari global iqlim o'zgarishi va ekologik halokatlarning keskinlashuvi sharoitida dolzarb ahmiyat kasb etayotgan muhim ustuvor vazifalar sifatida belgilangan, deb yozadi maqola muallifi Aditi Bahoduri.
So'nggi yillarda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahnamoligida ekologik muammolarni hal qilish sohasida ko'lami va ahamiyati jihatdan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Orol dengizi qurishi oqibatlari bilan bog'liq muammolarni hal qilish muhim ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Bularning barchasi global iqlim o'zgarishi va ekologik halokatlarning keskinlashuvi sharoitida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda dunyoda orol fojiasi bilan bog'liq salbiy o'zgarishlar nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlariga, balki dunyo miqyosidagi barqaror rivojlanishga ham jiddiy xavf solmoqda, degan tushuncha ortib bormoqda.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020 yil sentyabr' oyida BMT Bosh Assambleyasining 75-essiyasida chiqish qilib, jahon hamjamiyati e'tiborini yana bir bor Orol dengizi inqirozining butun mintaqaga ko'rsatayotgan zararli ta'siriga qaratdi. O'shanda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Orolbo'yi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish taklif etgandi.
O'zbekiston rahbari tomonidan xalqaro minbarlarda hamda mintaqaviy darajadagi nufuzli tadbirlar doirasida bildirilgan ushbu barcha tashabbus va takliflar asta-sekin haqiqatga aylanmoqda.
Shu jihatdan, 2021 yil 18 may kuni N'yu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish to'g'risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan ma'qullanishi diqqatga sazovordir.
Ushbu hujjat Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qiladi hamda bu borada BMTga a'zo davlatlar, jamg'armalar, dasturlar va muassasalarni, xalqaro moliya institutlari va boshqa manfaatdor tomonlarni Orol dengizi mintaqasida barqaror, inklyuziv iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash uchun ekologik xavfsiz, energiya va suv tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilishga chaqiradi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalaro tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi Nozim Hasanov olib borgan tadqiqotlarga ko'ra, Orol dengizining qurigan maydoni Qozog'iston hududida 2,2 million gektar, O'zbekiston hududida – 2,3 million gektarni, jami 4,5 million gektarni tashkil etadi. Har yili dengiz tubidan 100 million tonnagacha tuz va chang ko'tariladi, tarqalayotgan tuz va chang aholi salomatligi, mintaqa tabiati va iqtisodiyotiga mislsiz zarar etkazmoqda.
Shu bois, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida Orol muammosini hal etish bo'yicha yondashuvlarda tub o'zgarishlar ko'zda tutilgan edi. Hususan, qishloq xo'jaligi va aholi hayoti uchun global iqlim o'zgarishi va Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini yumshatish bo'yicha izchil chora-tadbirlar belgilangandi.
2017 yil 18 yanvarda ushbu vazifalarni amalga oshirish doirasida 2017-2021 yillarda Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi qabul qilindi. O'sha yili ishonchli va barqaror moliyalashtirishni ta'minlash maqsadida Orolbo'yi mintaqasini rivojalantirish jamg'armasi ta'sis etildi. Halokat oqibatlarini yumshatish, ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy holat va mahalliy aholining turmush sharoitini yaxshilashga yo'naltirilgan umumiy hajmi qariyb 800 million AQSh dollariga teng 67 ta loyihaning amalga oshirilishi bu borada muhim qadamlardan bo'ldi.
Shuningdek, 2018 yilda Turkmanistonda o'n yillik tanaffusdan so'ng Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi ta'sischi davlatlari rahbarlari yig'ilishining o'tkazilishi muhim voqealardan biri bo'ldi.
Ushbu yig'ilishda jamg'arma faoliyatini takomillashtirish, mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash, suv resurslarini muvofiqlashtirilgan tarzda boshqarish, Markaziy Osiyo mamlakatlarining bu boradagi hamkorligini mustahkamlash masalalari ko'rib chiqildi.
O'zbekiston rahbari yig'ilish ijtirokchilari e'tiborini Orol fojiasining salbiy oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo'yi mintaqasidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash maqsadida barcha sa'y-harakatlarni birlashtirish zarurligiga qaratib, Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi – bu borada yagona mintaqaviy tashkilot ekanini qayd etgan edi.
Shuningdek, Orolbo'yi hududida mintaqada ekologik vaziyatni sog'lomlashtirishga qaratilgan suv resurslari bo'yicha hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirishga ham alohida e'tibor qaratildi. Yagona ro'yxatni shakllantirish va dunyoning ekologik jihatdan noqulay hududlarida innovatsion loyihalarni amalga oshirish tajribasini hisobga olgan holda, bunday loyihalarni birgalikda tayyorlash hamda ushbu maqsadlar uchun uzoq muddatli imtiyozli kreditlar va grantlarni ajratish taklifi bildirildi.
Ana shu maqsadda 2018 yilda O'zbekiston Prezidenti huzurida Orolbo'yi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi. Markaz sho'rlangan muhitda tadqiqotlar o'tkazishga yo'naltirilgan, shuningdek, ta'lim va texnologiyalar sohasidagi sa'y-harakatlarni faollashtiradi.
Cho'lni vohaga aylantirish uchun kattagina moliyaviy va inson resurslari ajratildi. 2020 yilda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash olib borilganiga qaramay, Orol dengizining qurigan tubini ko'kalamzorlashtirish bo'yicha boshlangan keng miqyosli ishlar to'xtamadi.
So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, Orol dengizining qurigan tubiga ekilgan ko'chatlar maydoni 1,2 million gektarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, qayd etish joizki, O'zbekiston Prezidentining Orolbo'yi hududini rivojlantirishga yo'naltirilgan farmon va qarorlari ijrosi ustidan nazorat kuchaytirildi. Ana shu maqsadda 2020 yilda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo'mitasi tashkil etildi. Qo'mita ekologik inqiroz hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish zonasiga aylantirishga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirish bilan shug'ullanmoqda.
Masalan, Qoraqalpog'istonning Taxtako'pir tumanida qiymati 1,1 million AQShdollariga teng suvni tozalash uskunalari o'rnatildi. Bundan tashqari, qo'mita YuNYeSKO bilan qoraqalpoq o'tovlarini YuNYeSKOning nomoddiy madaniy merosi ro'yxatiga kiritish bo'yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu Orolbo'yi mintaqasida turizmni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirishda muhim qadamlardan biri bo'ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoev yuqori minbarlardan turib dunyo hamjamiyatini dengiz qurishi natijasida kelib chiqadigan oqibatlarni bartaraf etish uchun xalqaro sa'y-harakatlarni faol tarzda birlashtirishga chaqirib kelmoqda. 2017 yilda O'zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib Orol dengizi xaritasi va uning fojiasi ko'lamini yaqqol namoyish etdi. Shuning uchun ushbu sessiyada O'zbekiston rahbarining Orolbo'yi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi bo'yicha ko'psheriklik Trast fondini tashkil etish tashabbusi dunyo hamjamiyatida jo'shqin aks sado berdi. Bir yildan so'ng, 2018 yil 27 noyabrda BMTning N'yu-Yorkdagi bosh qarorgohida Trast fondi faoliyati yo'lga qo'yildi.
Jamg'arma maqsadlari va vazifalari haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish, uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun mablag' yig'ish maqsadida xalqaro donorlik tashkilotlari va moliya institutlari ishtirokida turli tadbirlar tashkillashtirish boshlandi. BMT shafeligida 2019 yil 24-25 oktyabr' kunlari Nukus shahrida bo'lib o'tgan “Orolbo'yi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro anjuman ana shunday muhim tadbirlardan bo'ldi. Unda ko'plab davlatlar, shuningdek, BMT, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari ishtirok etdi. Anjumanda xalqaro hamjamiyatning ekologik halokat oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan sa'y-harakatlarini birlashtirish zarurligi, Orolbo'yi mintaqasida istiqomat qilayotgan aholi turmush sharoitini yaxshilash bilan bog'liq dolzarb masalalar ko'rib chiqildi. Ushbu forum va boshqa tadbirlar qisqa muddatda zarur investitsiyalarni jalb qilishga va BMT Trast fondining faol ishini boshlashga yordam berdi.
Hozirgi kunda jamg'arma 26,1 million AQSh dollari miqdorida mablag' to'pladi. Qayd etish joizki, mintaqada yangi ish o'rinlari tashkil etish, tabiiy ofat zonasida ijtimoiy va tabiiy sharoitlarni yaxshilash maqsadida 5 yil davomida yana 123,2 million AQSh dollari yig'ish rejalashtirilgan.
2020 yil 1 dekabrda jamg'arma huzurida Orolbo'yi mintaqasini barqaror rivojlantirish bo'yicha Maslahat qo'mitasi ham tashkil etildi. Qo'mita belgilangan vazifalarning kompleks echimlarini ishlab chiqish bo'yicha qimmatli tavsiyalarni taqdim etadi. Masalan, qo'mitaning 2021 yil 30 martda BMT hamda O'zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi shafeligida bo'lib o'tgan yig'ilishida akademik doiralar, xalqaro moliya institutlari, BMT agentliklari, nodavlat notijorat tashkilotlar, xususiy sektor, davlat muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlarining 130 nafardan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda jamg'armaning Orolbo'yi mintaqasida aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, perinatal yordam sifatini oshirish, qishloq xo'jaligida yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash, umumta'lim maktablarida sanitar sharoitlarni yaxshilash, sog'liqni saqlash tizimini takomillashtirish bo'yicha loyihalarni moliyalashtirgani qayd etildi.
Hususan, Qoraqalpog'iston Respublikasining beshta aholi punktida istiqomat qilayotgan qariyb 35 ming kishi toza ichimlik suvi bilan ta'minlangani, infratuzilma sezilarli darajada yaxshilangani alohida qayd etildi. Bundan tashqari, Qo'ng'irot, Beruniy tumanlaridagi tug'ruqxonalar hamda Nukus shahridagi perinatal markazda yangi uskunalar o'rnatilgan.
Uchrashuvda, shuningdek, umumiy qiymati 12,4 million AQSh dollariga teng yangi loyihalar ham ma'qullandi. Mo'ynoq tumanida ixtisoslashgan shifoxona qurish, qishloq xo'jaligiga qator innovatsion, tejamkor texnologiyalarni joriy qilish qo'llab-quvvatlandi.
Yig'ilishda Yevropa Ittifoqi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, BMTning atrof-muhit dasturi, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi, turli mamlakatlar vakillari Orolbo'yi mintaqasida barqaror rivojlanish bo'yicha chora-tadbirlarni qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.
Bajarilgan ishlar BMT Trast fondini tashkil etish g'oyasi o'z vaqtida va talab darajasida bo'lganidan dalolat. Buning samarasida sayyoramizdagi yirik ekologik fojialardan biri bo'lgan halokat oqibatini bartaraf etishda xalqaro sa'y-harakatlarni birlashtirish imkoni paydo bo'ldi.
Jamg'arma jahon hamjamiyatining Orolbo'yi aholisiga amaliy yordam ko'rsatishga qaratilgan keng ko'lamli va uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish bo'yicha xalqaro platforma vazifasini o'tadi.
Shu bilan birga ko'rib chiqilayotgan muammo mintaqa davlatlari etakchilari e'tiborida turibdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining ikkita maslahat uchrashuvi mintaqaviy, jumladan, ekologik muammolarni muhokama etish va hal qilish uchun samarali maydonlardan biriga aylandi (birinchisi 2018 yil mart oyida Nursultonda, ikkinchisi 2019 yil noyabr' oyida Toshkent shahrida bo'lgan). O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev bu kabi uchrashuvlarni tashkil etish tashabbuskori bo'ldi.
Ikkinchi maslahat uchrashuvi yakunida mintaqa mamlakatlari rahbarlari qo'shma bayonot qabul qildi. U boshqa masalalar kabi Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini bartaraf qilish bilan bog'liq muammolarni qamrab oladi.
Hujjatda Orol dengizi havzasida o'zaro hamkorlik yanada rivojlantirilishi va mustahkamlanishi istagi bildirilgan. Shuningdek, Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi imkoniyatlaridan va ko'psheriklik Trast fondining resurslaridan mintaqaga yangi bilimlar, innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, «yashil» iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish, sahrolanish kuchayishi, ekologik migratsiyaning oldini olish va boshqa choralar bo'yicha amaliy vazifalarni hal qilish maqsadida foydalanish to'g'risida qaror qabul qilindi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020 yil sentyabr' oyida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida ushbu muammoga alohida to'xtalib o'tdi. Va yana bir bor jahon hamjamiyati e'tiborini Orol fojiasining mintaqaga salbiy ta'siriga qaratdi. O'zbekiston rahbari Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e'lon qilish to'g'risida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini bildirdi.
Bugun Orol dengizini tiklash haqida emas, balki dengiz qurishining odamlar sog'ligiga ta'sirini engib o'tish, ushbu keng ko'lamli ekologik halokatning ta'sirini kamaytirish haqida so'z bormoqda. Orol halokatining sababchisi inson, ammo aynan insongina bu hududga hayotni qaytarishga qodir. Dengizning qurigan tubida unib-o'sayotgan daraxtlar bunga ishonch uyg'otmoqda.
Ko'z o'ngimizda butun mintaqa o'zgarib bormoqda, odamlar toza ichimlik suvi bilan ta'minlanmoqda, zamonaviy uylar, yo'llar, maktablar, kasalxonalar barpo qilinmoqda. Bu erlarga xorijiy investorlar etib keldi, dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlar soni ortmoqda. Bularning barchasi Orolbo'yi tiklanayotganidan va uning istiqboli porloq ekanidan dalolat beradi.
Aditi Bahoduri,
«International Affairs Review»,
Hindiston
Farzand hayotimizdagi eng katta ne’matlardan biridir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Agar oralaringizda munkillagan qariyalar, o‘tlab yurgan jonzotlar va emizikli chaqaloqlar bo‘lmaganda edi, boshingizga balolar yomg‘irdek yog‘ilar edi”.
Demak, oramizda yosh bolalarning borligi bu barchamiz uchun Allohning rahmati ekan. Buni aslo unutmasligimiz lozim.
Ummu Xolid yoshligida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borgani haqida so‘zlab beradi. U Habashistondan otasi bilan birga kelgan va egniga sariq rangli ko‘ylak kiygandi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni ko‘rib: “Sana, sana (Habashiston lahjasida “yaxshi” degan ma’noni anglatadi)” dedilar so‘ngra qizaloq bilan kulishib, habash lahjasida gaplashdilar. Chunki qizaloq Habashistonda tug‘ilgani uchun faqat shu lahjada gaplasha olardi.
Qizaloq jajji qo‘llarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak ko‘ylaklarining orqasiga kiritib, chap kuraklarining ustki qismidagi kabutar tuxumidek keladigan payg‘ambarlik muhrini o‘ynay boshladi.
Buni ko‘rgan qizaloqning otasi qattiq tanbeh berdi. Ammo Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Uni tinch qo‘y!” dedilar. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki qo‘llarini ko‘tarib uning haqqiga: “Ko‘ylakingni kiyib, eskirtiravergin, Alloh o‘rniga beraversin. Kiyib, eskirtiravergin, Alloh o‘rniga beraversin”, deb duo qildilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning duolari sababli o‘sha qizning umri uzun bo‘ldi. Eskirgunicha chiroyli kiyimlarni kiyardi, keyin yanada chiroylisini sotib olardi.
Qarang, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kichik bolaga qanday munosabatda bo‘lyaptilar. Jajji qizaloqqa qanchalik mehribonlik ko‘rsatdilar. Bolalarning qiziquvchanligi, o‘yinqaroqligini yaxshi bilganlar va shunga munosib javob qaytarganlar.
Biz ham bundan o‘zimizga o‘rnak olishimiz kerak. Zero, bu ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bolalarga nisbatan muomalariga oid sunnatlari, xulqlaridan biridir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bolalarni alohida hurmat qilardilar
Jamiyatda insonlarning aksariyati bolalarni chetga surishadi. Aytaylik, ular biror narsa sotib olmoqchi yoki sotmoqchi bo‘lishsa, sotuvchi ham, sotib oluvchi ham ularga e’tibor bermaydi. Hech kim ularga ahamiyat bermaydi, go‘yoki ularning qo‘lidan hech qanday ish kelmaydi. Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har bir bolaga alohida ahamiyat berardilar.
Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga suv keltirishdi. U zot alayhissalom undan ichdilar. Nabiy alayhissalomning o‘ng tomonlarida 10 yoshli Ibn Abbos, chap tomonlarida esa Abu Bakr Siddiq va yana boshqa katta sahobalar roziyallohu anhum o‘tirishgan edi. Aslida ichimlik ichishni o‘ng tomondan boshlash sunnat sanaladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ibn Abbos roziyallohu anhuga qarab: “Buni Abu Bakrga uzatishimga izn berasanmi?” deb ruxsat so‘radilar. 10 yashar Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Hargiz unday qila olmayman. Sizdan bo‘lgan nasibamni biror kishiga ravo ko‘rmayman. Men Sizdan keyin ichishni istayman”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak qo‘llarini bolakayning qo‘liga qo‘yib, bu narsa uning haqqi ekanini bildirib qo‘ydilar. Ya’ni bolakay yosh bo‘lishiga qaramay o‘z navbatida suv ichdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bolalar bilan muloqotdagi uslublari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bolalar bilan shunday gaplashar edilarki, ular o‘zlarini xuddi kattalardek his etishardi. Ammo ayrim odamlar bolalar bilan kulgili tovushlar chiqarib o‘ynashadi. Ba’zan ko‘chadagi bolalar bilan ham ularning jig‘iga tegib, o‘zlari qochib ketmaguncha hazillashadilar. Hatto 10 yoshar bolani yuzlarini chimchilab xuddi go‘dakka o‘xshab kulishini kutamiz.
Bunday erkalashlarda bola o‘zini kattalardek his qilmaydi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ibn Abbos bilan suhbatlashganda, unga nimalarni aytganlarini bilasizmi? U zot sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Ey bolakay! Men senga kalimalarni o‘rgataman. Allohni(ng buyrug‘u qaytariqlarini) muhofaza qilgin, shunda U Zot seni muhofaza qiladi. Allohni muhofaza qilsang, U Zotni ro‘parangda topasan. So‘ramoqchi bo‘lsang, Allohdan so‘ra. Ko‘mak istamoqchi bo‘lsang, Allohdan ista. Bilki, agar butun ummat (mahluqotlar) senga biror manfaat berish uchun jamlansa ham, Alloh senga yozgan narsadan boshqasini bera olmaydi. Agar ularning hammasi senga biror zarar yetkazish uchun jamlansa ham, Alloh senga yozgan narsadan boshqasini yetkaza olmaydi”.
Ushbu muborak hadis Ibn Abbos roziyallohu anhu orqali bizgacha yetib keldi. Bu go‘zal so‘zlarni Ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan tinglaganlarida bor yo‘g‘i 9 yoshda edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xato qilgan bolalarga munosabatlari
Hech shak-shuhbasiz, har qanday yosh bola xato qiladi. Ba’zan noto‘g‘ri ish qiladi. Axir u bola-ku. Ammo ko‘pchiligimiz bolalarning xatosini qabul qila olmaymiz. Farzandimiz yoki boshqalarning farzandining xatolaridan qattiq g‘azablanamiz. Ba’zilar hatto farzandini kaltaklaydi, uradi. Ammo, unutmangki! Alloh toalo yosh bolalarni hisob-kitob qilmaydi.
Rofi’ ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men va bir do‘stim ansorlarning xurmolariga tosh otardik”. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xabar qilishdi.
Meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga olib borishdi. U zot alayhissalom menga: “Ey yigit, nega xurmolarga tosh otyapsiz?” dedilar.
“Yeyish uchun”, deb javob berdim.
“Tosh otmang, yerga tushganini olib yeyavering”, dedilar va boshimni silab: “Allohim, uning qornini to‘ydirgin” deb duo qildilar (Imom Ahmad, Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Qarang, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam go‘zal xulqni o‘rgatdilar, yomonlikdan qaytardilar va ularning haqiga duo qildilar.
Alloh taolo sizni yaxshi ko‘radi
Farzandlarimizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni xulqlarini, sunnatlarini o‘rgatsak, ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rib qoladilar. Bu barchamizning vazifamizdir. Buning uchun avvalo har birimiz amalda o‘rnak bo‘lishimiz talab etiladi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Ayting (ey Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi”» (Oli Imron surasi, 31-oyat).
Davron NURMUHAMMAD