“Takfir” – bu muayyan shaxslarni kofirga chiqarish, musulmonni kofir deb e'lon qilishdir. Shariatga binoan haqiqiy islom olimlari odamlarni kofirga chiqarishdan juda-juda ehtiyot bo'lib kelganlar. Ayniqsa, hanafiy faqihlari mo''min-musulmon bo'lib tug'ilgan, mo''min-musulmon bo'lib tanilgan bir odamning biror gapida yoki qilgan ishida to'qson to'qqizta dalil kofirligiga dalolat qilib tursa, lekin bitta dalil uning musulmonligini bildirsa, ana o'sha bitta dalilga suyanib, uni mo''min-musulmon deb hukm qilinadi, deganlar. Unga aslo kofir deb fatvo berilmaydi, unga mo''min-musulmonlarga qilgan muomala qilinaveradi. Buni yaxshi anglash lozim!
Biror mo''minning kufriga to'qson to'qqiz ma'lumot dalolat qilsa-yu, bitta dalil uning musulmonligini bildirib tursa, ana shu bitta dalilni olish lozim, degan qarash Mavlono Ali al-qori (r.h.) tomonidan ham aytilgan. Uni biz mazkur taniqli hanafiy olimining bir emas, bir nechta asarlari orqali bilib olamiz: Ali al-qori (r.h.) “al-Fiqh al-akbar”ga yozgan mashhur sharhida quyidagilarni keltirgan:
و قد ذكروا انّ المسئلة المتعلقة بالكفر اذا كان لها تسع و تسعون احتمالا للكفر و احتمال واحد فى نفيه فالأولى للمفتى و القاضى ان يعمل بالاحتمال النافى لان الخطاء فى ابقاء الف كافر أهون من الخطاء فى افناء مسلم واحد و فى المسئلة المذكورة تصريح بأنه يقبل من صاحبها التأويل خلافا لما ذكره بعضهم على خلاف هذا القيل هذا كله اذا صدر عنه تعمدا
“Darhaqiqat, olimlar zikr qilganlarki, kufrga taalluqli bo'lgan masalada qachonki kufrning to'qson to'qqiz ehtimoli bo'lsa-yu, bitta ehtimol uning teskarisi bo'ladigan bo'lsa, muftiy va qozilarga avlosi shuki, kufrga qarshi ehtimolga amal qilgaylar! Chunki, mingta kofirni qoldirishdagi xato bitta musulmonni chiqarishdagi xatodan ko'ra osonroqdir. Mazkur masalada ravshani shuki, uni aytgan kimsadan ta'vilni (ta'birni) qabul qilish kerak bo'ladi. Bu aytilganga qarshi chiqqanlar bunga muxolifdirlar. Mana shuning hammasi undan qasddan sodir bo'lgandadir” (Ali al-qori. Sharh al-Fiqh al-akbar. – Misr: Taqaddum, 1905. – B. 146)
Ali al-qori (r.h.) “Sharh al-Fiqh al-akbar”dagi mazkur gapini “ash-Shifo”ga yozgan sharhida ham quyidagicha davom qildirgan:
و قد قال علماؤنا اذا وجد تسعة و تسعون وجها تشير الى تكفير مسلم و وجه واحد الى ابقائه على اسلامه فينبغى للمفتى و القاضى ان يعملا بذلك الوجه و هو مستفاد من قوله عليه السلام ادرؤا الحدود عن المسلمين ما استطعتم فان وجدتم للمسلم مخرجا فخلوا سبيله فان الامام لان يخطئ فى العفو خير له من ان يخطئ فى العقوبة رواه الترمذى و غيره و الحاكم و صححه
“Muhaqqaq, ulamolarimiz aytishganki, agar biror musulmonning kofir deyilishiga ishora qiladigan to'qson to'qqiz dalil topilsa va uni musulmonlikda qoldirish borasida esa bitta dalil topilsa, muftiy va qoziga ushbu bitta dalilga amal qilmoqlari kerak bo'ladi. U Payg'ambar alayhissalomning: “Qodir bo'lguncha musulmonlardan jazolarni tark qilinglar!” degan gaplaridan olingan. Uni Imom Termiziy, Hokim va boshqalar sahih deb turib rivoyat qilganlar. Bas, bir musulmonda kufrdan chiqish yo'lini topsangiz, uning yo'lini bo'sh qo'ying. Zotan, imomning afvda xato qilgani azob-uqubat berishda xato qilganidan yaxshiroqdir!” (Ali al-qori. Sharh ash-Shifo. 2-jild. – Istanbul: Usmoniya, 1901. – B. 502).Ali al-qori (r.h.) “Mishkot al-masobeh”ga bitgan sharhi “Mirqot al-mafotih”da ham ushbu fikrini quvvatlagan:
فان عبارة آحاد الناس اذا احتملت تسعة و تسعين وجها من الحمل على الكفر و وجها واحدا على خلافه لا يحل ان يحكم بارتداده
“Bas, albatta odamlardan iborat birortasi qachon to'qson to'qqiz dalil kufriga, bitta dalil esa uning xilofiga dalolat qilib tursa, uning dindan chiqqanligiga hukm qilish halol bo'lmaydi” (Ali al-qori. Mirqot al-mafotih. – Bayrut: Dor al-fikr, 1994. – B. 714).
Mazkur bo'lgan iboralardan ma'lum bo'layaptiki, musulmonligiga bitta ehtimol bo'ladigan bo'lsa, o'sha odamni kofirga chiqarib bo'lmaydi. Garchi uning kofirligiga to'qson to'qqiz dalil topilib turgan bo'lsa ham. Ali al-qori (r.h.)ning gaplaridan yana shuni anglash mumkinki, o'sha musulmon kufr gapni qasddan gapirgan bo'lsa ham hukm shudir. Bu muhim gap! Demak, agar bilmasdan gapirib qo'ysa, yoki “men musulmonman, o'sha gapimni boshqa ma'noda gapirganman”, deb tursa, yoki “E, men buni bilmabman, ana shu siz aytgan ma'noda gapirgan edim, imondan chiqish niyatim yo'q edi”, desa, unda mutlaqo uni kofirga chiqarib bo'lmaydi! Ali al-qori (r.h.) va hanafiylarning bu qarashlari Qur'on va Sunnatda kelgan kuchli dalillarga asoslanganiga shubha yo'q. Qur'oni karim va sunnati nabaviyada “takfir”dan, ya'ni, mo''min-musulmonlarni kofirga chiqarishdan qaytarilgan:
Imom Tabaroniy (rahimahulloh) bir qancha sahobalardan quyidagi hadisni rivoyat qilgan: “Biz diniy bir masala ustida tortishayotuvdik, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) chiqib keldilar. Bizga ko'pgina narsalarni aytdilar va gap orasida: “Islom g'arib bo'lib boshlangan va yaqinda g'aribligiga qaytadi”, dedilar. Shunda biz: “G'ariblar kim, ey Rasululloh!”, dedik. Ul zoti sharif bunday marhamat qildilar:
الذين يصلحون اذا فسد الناس و لم يمارون فى دين الله و لا يكفرون احدا من اهل التوحيد بذنب
“G'ariblar shunday kishilarki, odamlar buzilgan vaqtda isloh qilib tuzatadilar, Allohning dinida talashib-tortishmaydilar, tavhid ahlidan birorta kimsani biror gunoh sababli kofirga chiqarmaydilar” (Tabaroniy, 8/7659).
Yana bir joyda Rasuli akram, Nabiyi muazzam, Habibi muhtaram (sollallohu alayhi va sallam) bunday deb amr qilganlar:
لا تكفروا احدا من اهل القبلة بذنب و ان عملوا بالكبائر
“Qibla ahlidan bo'lgan biror kimsani kofirga chiqarmanglar, agarchi ular gunohi kabira qilsalar ham” (Tabaroniy, “al-Mo''jam al-avsat”, 3/2844; Doraqutniy, 2/1780)
Yuqorida keltirilgan hadisi shariflar Imom at-Tabaroniy (r.h.) tomonidan rivoyat qilingan bo'lib, garchi isnodlarida zaiflik bo'lsa-da, biroq, butun ummati islom ularga amal qilishga harakat qilganlar. Jumladan, sahobai kiromlar ham qibla ahlini aslo kofirga chiqarmaganlar. Imomi A'zam Abu Hanifa (r.h.) sahobalarga qarshi kurashgan, ularni o'ldirgan, islomdagi ilk firqa va oqimlarni sahobalarning o'zlari, va hatto Hazrati Ali (r.a.) kofirga chiqarmasdan, mo''min deb ataganligini birma-bir, nomma-nom keltirganlar (Qarang: Imomi A'zam. Asarlar. Risola Usmon al-Battiy (arabcha matn). – T.: Movarounnahr, 2003. – B. 87-88).
Zotan, Alloh taolo Niso surasining 94-oyatida quyidagicha buyurgan:
يا أيّها الذين آمنوا اذا ضربتم فى سبيل الله فتبيّنوا و لا تقولوا لمن القى اليكم السلام لست مؤمنا تبتغون عرض الحياة الدنيا فعند الله مغانم كثيرة كذلك كنتم من قبل فمنّ الله عليكم فتبيّنوا انّ الله كان بما تعملون خبيرا
“Ey, imon keltirganlar! Allohning yo'lida safarga chiqqaningizda aniqlab olinglar va sizga salom bergan kimsaga, “Mo''min emassan”, demanglar. Bu dunyo hayotining matohini ko'zlaysizlar, Allohning huzurida esa ko'plab o'ljalar bor. Sizlar ham oldin shunday edingiz, Alloh sizga ne'mat berdi. Bas, aniqlab ish tutingiz! Albatta, Alloh nima qilayotganingizdan xabardordir” (Niso, 94)
“Tafsiri Nasafiy”da aytilishicha, Mirdos ibn Nuhayk (r.a.) musulmon bo'ladi, biroq, hali musulmonligini oshkora qilib ulgurmagan edi. G'azotga chiqqan sahobalar oldiga bor-budini va qo'ylarini olib, tog'dan tushib kela boshlaydi. Sahobalar takbir aytsa takbir aytadi, kela solib, “La ilaha illalloh, Muhammadu-r-Rasululloh” deya “Assalomu alaykum”, deb salom ham beradi. Shunga qaramasdan, Usoma ibn Zayd (r.a.) uni o'ldiradi, sahobalar qo'ylarini o'lja qilib olib, Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga keladilar. Bundan Janobi Rasululloh (s.a.v.) qattiq g'azablanadilar, “Undagi narsalari uchun o'ldirdingizlarmi?”, deya achchiqlari chiqadi. Shunda yuqoridagi oyati karima nozil qilinadi (Abu-l-Barakot an-Nasafiy. Tafsiri Nasafiy – Madorik at-tanzil. 1-2 jild. – Toshkent, No''mon Toshkandiy nashri, 1988. – B. 244).
Imom Buxoriy (r.h.) hazratlari Abu Hurayra (r.a.) va Abdulloh ibn Umar (r.a.) tomonlaridan rivoyat qilgan hadisi sharifda payg'ambarimiz Muhammad Mustafo (sollallohu alayhi va sallam) bunday deb marhamat qilganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِذَا قَالَ الرَّجُلُ لِأَخِيهِ يَا كَافِرُ فَقَدْ بَاءَ بِهِ أَحَدُهُمَا
“Biror kimsa o'zining birodariga: “Ey, kofir!” desa, bunga ulardan biri mubtalo bo'ladi” (Buxoriy, 8/6103-6104).
Imom Ahmad (r.h.) esa: من كفر أخاه فقد باء بها أحدهما – “Kimki birodarini kofirga chiqarsa, unga ikkovidan biri duchor bo'ladi”, degan sahih hadisi sharifni rivoyat qilib qoldirgan (Ahmad, 2/6280).
Sahih hadislar to'plamlarida sahoba Abu Zar (r.a.)dan qilingan rivoyatda quyidagicha keltirilgan:
لَا يَرْمِي رَجُلٌ رَجُلًا بِالْفُسُوقِ وَلَا يَرْمِيهِ بِالْكُفْرِ إِلَّا ارْتَدَّتْ عَلَيْهِ إِنْ لَمْ يَكُنْ صَاحِبُهُ كَذَلِك
«Kishi birovga fosiqlik ta'nasini ham, kufr ta'nasini ham otmaydi. Agar otadigan bo'lsa-yu, ta'na qilingan kimsa shunday bo'lmasa, fosiqlik va kufr o'ziga qaytadi» (Buxoriy, 4/6045; Ahmad, 5/21611; Bazzor, 2/3919; at-Tabriziy, «Mishkot al-masobeh», 2/4816).
Imom Muslim (r.h.) rivoyatida mazkur hadis bu tarzda berilgan:
من دعا رجلاً بالكفر أو قال عدوّ الله وليس كذلك إلا حارَ عليه
«Kimki bir kishini kufr bilan chaqirsa yoki «Allohning dushmani», desa, u esa shunday bo'lmasa, kufr aytgan odamning o'ziga qaytadi» (Muslim, 1/61; Ahmad, 5/21503; at-Tabriziy, «Mishkot al-masobeh», 2/4817).
Imom Buxoriy (r.h.) mazkur hadislarni: بَاب مَنْ كَفَّرَ أَخَاهُ بِغَيْرِ تَأْوِيلٍ فَهُوَ كَمَا قَال – “Birodarini ta'vilsiz kofir degan kimsaning o'zi aytganidek bo'lishi haqidagi bob”da keltirgan. Ya'ni, har qanday holatda birovni kofirga chiqarishdan oldin uning mo''min-musulmon ekaniga ta'vil, yaxshi ta'bir qilish kerak bo'ladi. Ta'vil-ta'bir qilmasdan turib, birovning bir og'iz aytgan gapi yoki qilgan ishining o'zi bilan uni kofirga chiqarish aslo mumkin emas. Bu holatda kofirlik kofirga chiqargan odamning o'ziga qaytadi. Doimo birovni ayblash, undan kufr nishonalarini izlash o'rniga undan mo''minlikning bir yaxshi xislatini axtarish lozim. Rasululloh (s.a.v.) janobimiz xuddi shunday yo'l tutganlar:
Sahobalardan hisoblangan Hotib ibn Abu Balta'a (r.a.) mushriklar bilan maktub almashayotganda qo'lga tushib qoldi. U o'zini oqlash maqsadida bahonalar gapirdi va وَمَا فَعَلْتُ كُفْرًا وَلا ارْتِدَادًا، أوْ لاَ أَرْضَى بِالْكُفْرِ بَعْدَ الإسْلامِ – “Men kufr ham, murtadlik ham qilmadim, islomdan keyin kufrga rozi bo'lmayman”, deb turib oldi. Uning kofirlar bilan aloqasini kofirlik, munofiqlik va xiyonat deb baholanishi turgan gap edi. Shuning uchun ham Hazrati Umar (r.a.): “U munofiq! Uning bo'yniga qilich uraymi?”, dedi. Munofiq deyish uni kofir deyish bilan barobar hisoblanadi. Chunki, munofiq deb o'zining kofirligini yashirib yurgan odamga aytiladi. Mushriklar bilan yashirincha xat-maktub almashib turish esa, buni tasdiqlab turibdi. Biroq, shu holatda ham Rasululloh (s.a.v.) janobimiz: “Axir, uning ahli Badrni kutib olishga qarshi chiqqanini va “Sizlar uchun mag'firat so'rayman!”, deganini topmaganmiding?!” deb marhamat qildilar. Ya'ni, birovni munofiqlash o'rniga uning yaxshi bir xislatini eslab, uni munofiq deyishdan saqlanish kerakligini o'rgatdilar. Bu rivoyatni ham Imom Buxoriy (r.a.) o'zining “Sahih al-Buxoriy” asarida ta'liq qilib keltirganlar. Yana Imom Buxoriy (r.h.) «al-Adab al-mufrad» asarida keltirishicha, bir kishi burgani la'natlaganida, Rasululloh (s.a.v.): «Burgani la'natlama, u payg'ambarlardan birovini namozga uyg'otgan», deganlar (1/1237). Birov xo'rozni la'talaganida, Rasululloh (s.a.v.) unga shunday deganlar (Tabaroniy, 5/5208). Ya'ni, har bir narsaning yaxshiligini ko'ra bilish kerak ekan. Mo''min-musulmon bo'lib turgan odam to'g'risida esa albatta yaxshi gumonda bo'lmoq va uning har qanday gapini yaxshilikka yo'ymoq lozim!
Hanafiylarning: “To'qson to'qqiz dalil kufrga dalolat qilib tursa, bitta dalil unday emasligiga dalolat qilsa, ana o'sha bitta dalil olinadi”, ma'nosidagi qoidani Sayyid Sobiq (r.h.) buyuk faqih va muhaddis Imom Molik (r.h.)ga nisbat qilingan degan edi (Sayyid Sobiq. Fiqhu-s-sunna. 2-jild. – Qohira: Dor al-fath, 1999. – B. 288). Biroq, ahboshlarning boshlig'i, “takfir”ga mukkasidan ketgan Abdulloh al-Harariy (r.h.) Sayyid Sobiq (r.h.)ning bemazhabligidan jahli chiqqanidan uning xabarini inkor qiladi va “Bu gapni Imom Molik ham, Abu Hanifa ham aytgan emas, asli yo'q!” deb hukm chiqaradi (Abdulloh al-Harariy. Ash-Sharh al-qavim fiy halli alfoz as-Sirot al-mustaqim. – Bayrut: Dor al-mashore', 1999. – B. 60).
Ta'kidlash o'rinliki, Ali al-qori (r.h.)ning zikr qilingan gapi boshqa hanafiy olimlari tomonidan quyidagicha ifodalangan:
“Hulosat al-fatovo”da bunday deyilgan:
و منها اذا كان فى المسئلة وجوه يوجب التكفير و وجه واحد يمنع فعلى المفتى ان يميل الى هذا الوجه
“Qachonki biror masalada kofirga chiqarish vojib bo'ladigan bir qancha vajhlar bo'lsa va uni man qiluvchi bitta jihat topilsa, muftiyga ana shu bitta jihatiga mayl qilishi lozim bo'ladi!” (Tohir ibn Ahmad ibn Abdurrashid al-Buxoriy. Hulosat al-fatovo. 4-jild. – Laknau: Navol kishvar, 1911. – B. 382).
Taniqli hanafiy olimi Ibn Nujaym al-Misriy (r.h.) “Bahr ar-roiq” asarida quyidagilarni aytadi:
و الذى تحرر أنه لا يفتى بتكفير مسلم أمكن حمل على كلامه على محمل حسن او كان فى كفره اختلاف و لو رواية ضعيفة فعلى هذا فاكثر الفاظ التكفير المذكورة لا يفتى بالتكفير بها و لقد الزمت نفسى ان لا افتى بشئ منها و اما مسئلة تكفير اهل البدع المذكورة فى الفتاوى فقد تركتها عمدا لان محلها اصول الدين
“Yozilganlardan ma'lum bo'ldiki, imkon qadar birorta musulmonning gapini yaxshilik ma'noga yo'yiladigan bo'lsa yoki uning kufrida ixtilof bo'lsa, uning kufriga fatvo berilmaydi! Bitta zaif rivoyat topilsa bo'ldi. Shunga ko'ra, zikr qilingan kufrga olib boradigan so'zlarning ko'pchiligiga suyanib kofir deb fatvo berib bo'lmaydi. Mening o'zim ulardan birorta masalaga asoslanib kofirlikka fatvo bermaslikni lozim tutdim! Fatvo to'plamlarida zikr qilingan bid'at ahlini kofirga chiqarish masalalariga kelsak, ularni men qasddan tark qildim. Zotan, ularning o'rni dinning asoslari (aqoid kitoblari)dadir!” (Ibn Nujaym al-Misriy. Bahr ar-roiq. 5-jild. – Misr: Ilmiya, 1893. – B. 135)
“Bahr ar-roiq”dagi iboralardan biz muhim narsalarni bilib olamiz. Odatda fatvo to'plamlarida “alfozi kufr”lar, ya'ni odamni kufrga olib boriladigan amal va so'zlar zikr qilinadi-da, “bunday desa, kofir bo'ladi, unday desa, kofir bo'ladi”, deganga o'xshash masalalar qatorlashtirib keltirilaveradi. Bu mavzuni barcha fatvo to'plamlarida uchratish mumkin. Biroq, “Bahr ar-roiq” sohibi aytmoqdalarki, ularga asoslanib, birovni kofirga chiqarib bo'lmaydi. Zotan, kufr masalalari fiqhiy to'plamlarning ishi emas, balki aqida kitoblarining vazifasidir. Aqida kitoblarning barchasida esa umumiy va mutlaq tarzda: “Qiba ahlini, ya'ni Ka'batullohni qibla deb e'tiqod qiladigan, namoz o'qiydigan, mo''min-musulmonlarni kofirga chiqarmaymiz!”, deb keltirilgan. Ushbu mazmunni biz “Bahr ar-roiq”dagi boshqa o'rindagi gaplardan bilib olamiz:
واعلم أن الحكم بكفر من ذكرنا من أهل الاهواء مع ما ثبت عن أبي حنيفة والشافعي من عدم تكفير أهل القبلة من المبتدعة كلهم محمله على أن ذلك المعتقد نفسه كفر، فالقائل به قائل بما هو كفر وإن لم يكفر بناء على كون قوله ذلك عن استفراغ وسعه مجتهدا في طلب الحق
“Bilginki, ahli havo to'g'risidagi biz zikr qilgan kimsalarning kufriga hukm bo'lgan edi, biroq, Abu Hanifa va ash-Shofi'iydan sobit bo'lganiga qaraganda, bid'atchilarning hammasidan qibla ahlini kofirga chiqarmaslik lozim. Bu esa ushbu e'tiqodlarning o'zigina kufr ekanligini bildiradi, xolos. Demak, uni aytuvchisi kufr gapni aytgan bo'ladi, garchi uni kofir deyilmasa ham! Bu uning gapi mujtahidning haqni talab qilishida imkoniyati etarli bo'lganiga binoan aytilgandir” (Ibn Nujaym al-Misriy. Bahr ar-roiq. 1-jild. – Qohira: Ilmiya, 1893. – B. 371).
“Bahr ar-roiq”dagi ushbu fikrni Ali al-qori (r.h.) aynan takrorlagan (Ali al-qori. Sharh Fiqh al-akbar. – Misr: Taqaddum, 1905. – B. 139).
Yuqoridagi iboralarni bunday tushunish lozim: fatvo kitoblari va fiqhiy manbalarda alfozi kufrlar, kufr bo'ladigan ishlar, e'tiqodlari kufrga ketgan kimsalar to'g'risida xabar beriladi. Biroq, bulardagi iboralardan o'sha gap yoki ishlarning kufr so'z yoki kufr ish ekanligi bilinadi, xolos. Shaxslarga kelganda, muayyan odamni kofirga chiqarish haqida gap ketganda bu gaplar o'tmaydi. Chunki, ahli sunna va jamoaning, ayniqsa, uning eng ulug' vakillari Imom A'zam Abu Hanifa (r.h) va Imom ash-Shofi'iy (r.h.)ning gaplariga ko'ra, “Biz qibla ahlini aslo kofirga chiqarmaymiz!”. Biror muayyan shaxs yoki biror jamoa kitoblarda ko'rsatilgan kufr gapni aytgan yoki kufr ishni qilgan bo'lishi mumkin, biroq, ular aslo kofir deyilmaydi. Zotan, mujtahid imomlarning kufr so'zni aytgan yoki qilgan kimsani kofir deyishga ilmi, imkoniyati etarli bo'lsa ham, lekin bunday ishni qilgan emaslar.
“al-Hidoya”ning eng yaxshi sharhi hisoblangan “Fath al-qadir”da Kamoliddin ibn al-Humom (r.h.) aytishicha, bizning qiblamizga e'tiqod qiladiganlarning hech qaysinisini kofirlikda ayblamaganimiz bois hatto birorta mujtahid imomlarimiz musulmonlarning qonlari va mollarini halol sanab kelgan xavorijlarni kofir deb hukm chiqarmaganlar, hatto Rasululloh (s.a.v.)ning sahobalarini so'kadiganlarni kofir sanamaganlar. Chunki, ularni ta'vil qilish mumkin, ularga shubha bildirish mumkin. Faqihlardan boshqalarning esa gaplarining e'tibori yo'q, ular esa mujtahidlardir (Kamoliddin ibn al-Humom. Fath al-qadir. 4-jild. – Misr: Amiriya, 1898. – B. 409)
Imom Ahmad ibn al-Hanbal (r.h.) mo''taziliylar tomonidan “mehna”ga tortilgan, “Qur'on maxluq – yaratilgan” degan gapni aytasan, deb zindonga tashlangan, har kuni darra urib turilgani ko'pchilikka ma'lum. Shu holatda ham ul zot “Qur'on Allohning kalomi, u yaratilgan emas”, degan sof e'tiqodidan qaytmagan. Biroq, uni zindonga tashlaganlarni, har kuni darra urgan va urdirganlarni kofirga chiqarmagan. Ul zot bunday deganlar:
وكل من لم يقل من أصحابنا بتكفير أهل الأهواء من أهل القبلة فإنه يحمل قول السلف رضي الله عنهم في تكفيرهم على كفر دون كفر
“Ashoblarimizdan hech kim qibla ahlidan bo'lgan ahli havoni kofirga chiqarishni aytmagan. Salaflarning kofir deganlari topilgan bo'lsa-da, “kufr bo'lmagan kufr”ni aytganligiga nisbat qilinadi (Bayhaqiy, “Ma'rifat as-sunan va-l-asor”, 1/66).
Hanafiylarning ishonchli fiqhiy manbalaridan bo'lmish “ad-Durr al-muxtor” va “ar-Radd al-muhtor”da quyidagilar bitilgan:
و اعلم انه لا يفتى بكفر مسلم أمكن حمل كلامه على محمل حسن (ظاهره انه لا يفتى به من حيث استحقاقه للقتل و لا من حيث الحكم ببينونة زوجته…أى لا يحكم بكفره لامكان التأويل … و لكن يمكن التأويل بان مراده اخلاقه الردييئة و معاملته القبيحة لا حقيقة دين الاسلام فينبغى ان لا يكفر حينئذ) او كان فى كفره خلاف و لو كان ذلك رواية ضعيفة (قال الخير الرملى أقول و لو كانت الرواية لغير اهل مذهبنا و يدل على ذلك اشتراط كون ما يوجب الكفر مجمعا عليه) كما حرره فى البحر و عزاه فى الأشباه الى الصغرى و فى الدرر و غيرها اذا كان فى المسئلة وجوه (اى احتمالات) توجب الكفر و واحد يمنعه فعلى المفتى الميل لما يمنعه (عن التاترخانية انه لا يكفر بالمحتمل) ثم لو نيته ذلك فمسلم و الا لم ينفعه حمل المفتى على خلافه (اى و ان لم تكن له نية ذلك الوجه الذى يمنع الكفر بان اراد الوجه المكفر او لم تكن له نية اصلا لم ينفعه تأويل المفتى لكلامه و حمله اياه على المعنى الذى لا يكفر كما لو شتم دين مسلم و حمل المفتى الدين على اخلاق الرديئة لنفى القتل عنه فلا يمنعه ذلك التأويل فيما بينه و بين ربه تعالى الا اذا نواه)
“Bilginki, imkon qadar birorta musulmonning gapini yaxshilik ma'nosiga yo'yiladigan bo'lsa, uning kufriga fatvo berilmaydi! Anig'i shuki, uni qatl qilishga va xotini taloq bo'ldi, deb hukm qilishga fatvo berib bo'lmaydi. Ya'ni, ta'vil (ta'bir) imkoni bo'lsa, uning kufriga hukm qilinmaydi. Yoki ta'vil shunday mumkin bo'lsaki, shu gapni aytganning maqsadi dini islomning haqiqati emas, balki o'zining yomon xulqidan kelib chiqqan yoxud qabih muomalasi sababli bo'lgan, deyiladigan bo'lsa, ana shu vaqtda kofirga chiqarmaslik lozim bo'ladi! Uning kufrida ixtilof bo'lsa ham kofir deb fatvo berib bo'lmaydi. Agar bitta zaif rivoyat bo'lsa ham kofir deb fatvo berib bo'lmaydi. Hayriddin ar-Ramliy: “Agar ana shu bizdan boshqa mazhab ahlining rivoyati o'shanga suyanib, takfirga fatvo bermaydi”, degan. Bu shunga dalolat qiladiki, kufrga sabab bo'ladigan fatvo ijmo' qilingan bo'lmog'i kerak. Bu “Bahr”da yozilgan, “al-Ashboh van-nazoir”da buni “Fatovoyi Sug'ro”dan iqtibos qilib olingan.
“Durar al-hukkom”da va boshqa kitoblarda bunday keltirilgan: birovning kofirligiga bir qancha vajhlar, ya'ni ehtimollar bo'lsa, bittasi uni to'sadigan masala bo'lsa, muftiyga o'sha bitta masalaga mayl qilishi lozim bo'ladi. “Fatovoyi Tatorxoniya”dan keltirilganki, har xil ehtimollar bilan birovni kofirga chiqarib bo'lmaydi. So'ngra, uning niyati musulmonlik bo'lsa, demak, u musulmondir. Aks holda, muftiyning uni oqlab chiqargan fatvosining foydasi bo'lmaydi. Ya'ni, u kufrni to'sadigan tomonga niyati bo'lmasa, uning o'zi ana shu kufrni xohlab tursa yoki niyati bo'lmasa, muftiyning uning gapini ta'vil qilishi (oqlovi) va uni kofir emas deb chiqargan fatvosi foyda bermaydi. Masalan, musulmonning dinini so'ksa, din muftiysi uni o'ldirmaslik uchun gapini yomon badxulqlikka yo'ysa, muftiyning bu ta'vili uni Alloh taolo oldidagi mas'uliyatini yo'qqa chiqara olmaydi. Faqat u musulmonlikni niyat qilib aytgan bo'lsa, boshqa gap, unda aslo kufriga fatvo berib bo'lmaydi” (Ibn Obidin. Radd al-muhtor 'ala ad-Durr al-muxtor. 6-jild. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2003. – B. 367-368)
Yuqoridagi iboralardan biz “takfir” – mo''min-musulmonni kofirga chiqarish naqadar xatarli ish ekanini bilib olamiz. Sof islomiy aqida, haqqoniy ahli sunna va jamoa, motridiylik va ash'ariylikning asli “takfir”dan saqlanishdir. “Bahr ar-roiq” sohibi aytganidek, o'ziga-o'zi hech kimni kofir demaslikka qasd qilishdir. Ali al-qori (r.h.) uchta asarida yozganidek, birovning kofirligiga to'qson to'qqizta dalil bo'lsa ham, kofir emasligiga bitta dalil topib turib, uni kofir demaslikdir! Bundan ogoh bo'laylik! Dunyoning turli taraflarida “takfir”chi jamoalar bor, “takfir”chi jamoalar tegirmoniga suv quyib turganlar bor. Bilingki, “takfir” bugungi kunda diniy ekstremizm va terrorizmning asosini tashkil qiladigan bo'lib qoldi. Ular, avvalo, mo''min-musulmonlarni, ayniqsa, olimu ulamolarni kofirga chiqarib oladilar. Bu esa ularga ommaviy qirg'in-barotlar, muayyan shaxslarni jismonan yo'q qilishlar, elu yurtda tanilgan obro'li insonlarning obro'larini tushirishga, ularni kofirga, bid'atchiga, yo'ldan ozganga chiqarishga urinishlar, musulmonlarning rahbarlari va tuzumlarini barbod qilishlarga zamin bo'lib xizmat qiladi. Shuning uchun ham ogoh bo'lishimiz kerak, ehtiyot bo'lishimiz zarur!
Biz “takfir”ga qo'shilmaymiz, uni hech qachon qo'llab-quvvatlamaymiz va unga mutlaqo qarshimiz!
Hamidulloh Beruniy
Payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan emas, balki Alloh taolo tanlab olgan bandalariga vahiy nozil qilishi bilan amalga oshishi yetti qat’iy dalil orqali isbotlab berildi. Shuningdek, payg‘ambarlarga keladigan vahiy ikki tur – tilovat qilinadigan (matluv) va tilovat qilinmaydigan (g‘ayri matluv) bo‘lishi ham ko‘rsatib o‘tildi.
Endi esa Qur’oni karimning bir qator oyatlarini keltiramiz. Ular o‘z matni, mazmuni yo boshqa dalil ko‘magi bilan shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan shariat o‘laroq bayon etilgan, ammo Qur’onda bo‘lmagan hukmlar ham vahiydir. Bu oyatlar vahiyning bir turi – tilovat qilinmaydigani (ilohiy kitobga kirmagani) ham borligiga dalolat bo‘ladi.
Bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, barchasini birdaniga jamlashga hojat yo‘q. Zero, bir oyatning o‘ziyoq haqiqatni anglash uchun kifoya qiladi. Shunday bo‘lsa-da, muqaddas Kitobimizning uslubiga ergashgan holda, sunnatning vahiy ekanini qat’iy isbotlovchi oyatlardan ko‘proq keltirish lozim topildi. Chunki bu masalaning g‘oyatda muhimligi bois shu ma’nodagi so‘zlar Qur’oni karimda turli uslublar bilan qayta-qayta ta’kidlagan. Mus'hafi sharifni sharhlashda, islom ahkomlarini bayon qilishda ham bu masala eng muhim poydevor hisoblanadi.
1. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Botayotgan yulduz bilan qasamki, birodaringiz (Muhammad alayhissalom) adashgani ham yo‘q, yo‘ldan ozgani ham yo‘q. Va u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir. Unga (bu vahiyni) kuchga to‘lgan bir zot (ya’ni, Jabroil alayhissalom) ta’lim bermishdir» [Najm surasi, 1–5-oyatlar].
Alloh taolo tong otayotganda botadigan yulduzlar bilan qasam ichib, Payg‘ambarning haq yo‘lda ekanini, adashmagani va yo‘ldan ozmaganini ma’lum qildi. Bu yerda «adashgan» – haq va aniq yo‘lni bilmay, ilmsizlik bilan qorong‘ulikda qadam bosgan johil. «Yo‘ldan ozgan» esa haqni bila turib, qasddan va ongli ravishda undan yuz o‘girib, boshqa yo‘lga ketgan kimsadir.
Bu oyat Alloh taoloning O‘z qasami bilan mustahkamlangan buyuk guvohligi bo‘lib, bunday shahodat Rasulining barcha holat va ishlarda to‘g‘ri yo‘lda ekanini tasdiqlaydi. Shuningdek, keltirgan barcha narsalari – Kitob bo‘lsin yo hadis – to‘g‘ri va haq ekaniga dalil bo‘ladi.
So‘ng Alloh taolo bu haqiqatni yanada mustahkamlab, «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» deyapti. Keyin «U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» deb, ta’kidni eng oliy cho‘qqiga chiqaryapti. Oyatdagi cheklov (hasr) uslubi vahiydan tashqari har qanday ehtimolni rad etadi. Ya’ni, u zot alayhissalomning gaplari faqat va faqat nozil qilinayotgan vahiydir. Bu Payg‘ambar alayhissalomning har bir so‘zi Qodir Parvardigordan kelgan vahiy ekaniga eng oliy tasdiqdir. Bu esa, «o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» degan gap shunchaki majoz emas, balki aynan haqiqat ekanini ko‘rsatadi.
Bu ibora umumiy ma’no tashiydi, ya’ni u zotning og‘izlaridan chiqqan barcha so‘zlarni o‘z ichiga oladi. Zero, arab tili qoidalariga ko‘ra, inkor gap tarkibidagi fe’l inkor qilingan nakra (noma’lumlik) so‘z hukmida bo‘lib, umumiy ma’noni anglatadi. Demak, u zotning shariat va dinni yetkazish bilan bog‘liq har bir gapi shu umumiy ma’noga kiradi. Buni faqat Qur’onga xoslab qo‘yish uchun hech qanday dalil yo‘q. Shunday ekan, oyatning ma’nosi: «U zot aytgan har bir gap – Kitob bo‘lsin yo hadis – faqatgina nozil qilinayotgan vahiydir», deganidir.
Bu oyatning umumiy ma’noga ega ekani va nafaqat Qur’onni, balki hadisni ham o‘z ichiga olishini Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadis qo‘llab-quvvatlaydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan har bir narsani yodlab qolish niyatida yozib borar edim. Qurayshliklar meni bundan qaytarib: «Rasulullohdan eshitgan hamma narsangni yozyapsanmi? Axir, Rasululloh ham oddiy inson bo‘lsalar, ba’zan g‘azab ustida ham gapiradilar-ku!» dedi. Shundan keyin yozishdan to‘xtadim va buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytdim. U zot barmoqlari bilan og‘izlariga ishora qilib: «Yozaver, jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bu yerdan faqat haqiqat chiqadi», deb buyurdilar» [Abu Dovud va Dorimiy rivoyat qilgan].
Ulamolarning fikriga ko‘ra, bevosita vahiy kelmagan paytlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘z ijtihodlari bilan hukm chiqarishlari joiz bo‘lgan. Bu holat yuqoridagi «u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» degan umumiy qoidaga zid kelmaydi. Chunki Alloh taolo o‘sha vaziyatlarda u zotga ijtihod qilishga izn bergan. Bu ruxsatning o‘zi ham Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga vahiysidir. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z ijtihodlarida ham baribir Allohning vahiysiga ergashgan bo‘ladilar. Bunga Alloh taoloning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tili bilan aytgan ushbu so‘zlari dalildir: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsalargagina ergashurman» [An’om surasi, 50-oyat].
Shunday ekan, u zotning ijtihodlari va o‘sha ijtihod tayanadigan asoslarning barchasi vahiydir, aslo havoyi xohish emas. Zero, bu ruxsat go‘yo Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsangiz, u Mening hukmimdir», ya’ni «Qalbingizga solingan har bir narsa Mening irodamdir» deganidek gap. Shuning uchun ham bu haqiqiy vahiy hisoblanadi va yuqoridagi umumiy qoidaga to‘liq muvofiq bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlarida xato bo‘lishi ehtimoli bor, deb hisoblaydigan ulamolar mazhabiga ko‘ra esa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam biror ijtihodda yanglishgan bo‘lsalar, Alloh taolo uni o‘sha holatda qoldirmagan, balki vahiy yo‘llaridan biri bilan darhol haqiqatni bayon qilib bergan. Demak, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam din sifatida mustahkamlanib, qaror topgan hukmlarda qanday havoyi xohish bilan gapirmaganlari singari hali yakuniy to‘xtamga kelinmagan va ijtihod qilgan masalalarida ham aslo nafslariga tayanib so‘z yuritmaganlar. Balki u zotning aytganlari bevosita vahiy kelmaganda ijtihod qilishga berilgan ilohiy ruxsatga – ya’ni, baribir vahiyga asoslangan bo‘lgan.
Xulosa qilib aytganda, Alloh taoloning O‘z Rasuliga ijtihod qilishga ruxsat berishi go‘yo unga: «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsanging va Men uni shundayligicha qoldirsam, demak, u Mening hukmimdir», deb aytishi kabidir.
2. Qur’oni karimning qator oyatlarida «hikmat» so‘zi «Kitob» so‘zi bilan ketma-ket kelgan. Ularning bir qismida ikki kalima ham Alloh taolo tomonidan o‘rgatilgani bayon qilingan bo‘lsa, boshqa qismida ikkisining ham Haq taolo tomonidan nozil qilingani ochiq-oydin aytilgan.
Alloh subhonahu va taolo bunday marhamat qiladi: «Ey Rabbimiz! Ularga (kelajak ummatlarga) o‘zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, Kitob va hikmat (Qur’on va hadis)ni o‘rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg‘ambar yuborgin! Albatta, Sen Aziz (qudratli) va Hakim (hikmat sohibi)dirsan » [Baqara surasi, 129-oyat].
Yana Alloh taolo bunday deydi: «Shuningdek, sizlarga o‘zingizdan bo‘lmish bir payg‘ambar yubordikki, u sizlarga oyatlarimizni o‘qib beradi, sizlarni (shirk va gunohlardan) poklaydi, sizlarga Kitob (Qur’on) va hikmatdan (Hadisdan) ta’lim beradi va bilmaganlaringizni bildiradi » [Baqara surasi, 151-oyat].
Haq taolo aytadi: «Albatta, Alloh mo‘minlarga o‘zlaridan bo‘lgan (ya’ni, odam jinsidan bo‘lgan), ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradigan, (gunohlaridan) poklaydigan hamda ularga Kitob va hikmatni o‘rgatadigan payg‘ambarni yuborish bilan yashilik qildi. Holbuki, ular ilgari ochiq xato-zalolatda edilar» [Oli Imron surasi, 164-oyat].
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «U (Alloh) omiylarga (ya’ni, ahli kitob bo‘lmagan ilmsiz kishilarga) o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Qur’on) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob – Qur’on va hikmat – hadisni o‘rgatadigan bir payg‘ambarni (ya’ni, Muhammad alayhissalotu vassalomni) yuborgan Zotdir. Shak-shubhasiz, ular (payg‘ambar kelishidan avval) ilgari ochiq zalolatda edilar» [Jum’a surasi, 2-oyat].
E’tibor bering, ushbu oyatlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mo‘minlarga Kitob va hikmatni o‘rgatishlari Allohning oyatlarini tilovat qilib berishlariga bog‘lab keltirilmoqda. Ya’ni, Kitob va hikmatni o‘rgatish oyatlarni tilovat qilishdan butunlay boshqa narsadir. Buni ilohiy bayondagi so‘zlarning turlicha kelgani ham ko‘rsatib turibdi. Zero, Alloh taolo dastlabki harakatni «tilovat» deb, keyingisini esa «o‘rgatish» deb atayapti. Ta’lim berish esa shunchaki tilovat qilishdan farq qiladi. Qolaversa, arab tili qoidalariga ko‘ra, so‘zlarni bir-biriga bog‘lab so‘zlash (atf) ular o‘rtasida ma’no jihatidan farq borligini bildiradi. Ayniqsa, keyingi uch oyatda Kitob va hikmat ta’limi bilan tilovat «ularni poklaydigan» mazmunidagi jumla bilan ajratilgani bu ikki tushuncha bir-birini shunchaki sharhlab keluvchi sinonimlar emasligini yana bir bor qat’iy tasdiqlaydi.
Oyatlarni tilovat qilishning ma’nosi hammaga tushunarli. Kitobni o‘rgatish esa Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni bayon qilib berish demakdir. Bunga Alloh taoloning ushbu so‘zlari dalil bo‘ladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat] Alloh taolo O‘z Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni sharhlash, undagi qisqa hukmlarni batafsil tushuntirish va mavhum joylariga oydinlik kiritish vazifasini yuklagan. Bu ulug‘ vazifa esa faqatgina hikmatni o‘rgatish orqali amalga oshadi. Hikmat esa – Alloh taolo u zotga vahiy qilgan sunnatdir.
Bu tahlil “hikmat” so‘zi Kitobga bog‘lanib kelgan boshqa oyatlarda ham Qur’ondan farqli o‘laroq alohida bir asos – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekaniga yorqin dalildir.
Qur’onda “hikmat” deb atalgan ushbu sharafli nabaviy sunnat Alloh taolo tomonidan nozil qilingan vahiy ekanini ochiq-oydin ko‘rsatuvchi oyatlar ham bor. Jumladan, Alloh subhonahu va taolo bunday amr etadi: «Allohning sizlarga bergan ne’matini va sizlarga nasihat sifatida nozil qilgan Kitob va hikmatni (hadislarni) yodingizda tutingiz!» [Baqara surasi, 231-oyat].
Yana bunday marhamat qiladi: «Alloh sizga Kitob va hikmatni nozil qildi va bilmagan narsalaringizni bildirdi. Allohning sizga fazlu marhamati ulug‘ bo‘ldi» [Niso surasi, 113-oyat].
Ushbu oyatlardagi «Kitob va hikmat» degan ilohiy so‘zlar hikmat xuddi Qur’oni karim kabi Alloh taolo tomonidan nozil qilinganini ochiq ko‘rsatadi. Chunki u “Kitob” so‘zi bilan yonma-yon va unga bog‘lanib kelmoqda.
Shunday qilib, dastlabki misollardagi oyatlar orqali hikmatning Kitobdan boshqa narsa ekani isbotlandi. Keyingi misollar bilan bu hikmat ham xuddi Kitob kabi Allohdan nozil bo‘lgan ilohiy vahiy ekani o‘z tasdig‘ini topdi. Ana shu vahiy nabaviy sunnatdir, vallohu a’lam.
Imom Shofeiy rahmatullohi alayh Kitob bilan hikmat o‘rtasidagi bu farqni qat’iy ta’kidlab, mazkur oyatlar sharhida bunday degan: «Alloh Kitobni zikr qildi – u Qur’ondir. Shuningdek, hikmatni zikr qildi. Men Qur’on ilmini yaxshi biladigan, o‘zim rozi bo‘lgan olimlardan eshitdimki, ular: «Hikmat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir», dedi. Bu gap ayni haqiqatdir».
Imom Shofe’iy ma’qullagan va Qur’on olimlaridan naql qilgan bu qarash barcha salaf solihlar va yetuk mufassirlarning yakdil ittifoqidir.
Ibn Kasir o‘z tafsirida bunday yozadi: Hikmat – sunnat deganidir. Buni Hasan Basriy, Qatoda, Muqotil ibn Hayyon, Abu Molik va boshqalar aytgan. Shuningdek, u «dindagi chuqur tushuncha» deb talqin qilingan. Bu ikki fikr o‘rtasida qarama-qarshilik yo‘q, biri ikkinchisining mazmuniga uyg‘undir».
Bu o‘rinda bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozimki, bu oyatlardagi “hikmat” so‘zini «sunnat» deb tafsir qilgan olimlar, tilshunoslik jihatidan hikmat va sunnat so‘zlari mutlaq ma’nodosh (sinonim) demoqchi emas. Chunki lug‘at darsliklarida, jumladan, Xalil ibn Ahmad Farafidiyning «Kitobul ayn» asarida keltirilishicha, «hikmat» so‘zi tilda “ilm” va “adolat” ma’nolarini anglatadi. Mufassirlar oyatning kelish o‘rni va matn siyoqini hisobga olib, uni ilm va adolatning eng oliy darajada namoyon bo‘lishi, ya’ni hadis deb izohlagan. Zero, Alloh taolo hikmatni ham nozil qilingan narsalar qatoriga qo‘yishi va uni Kitob bilan birga qayd etishi uning aynan hadis ekaniga yaqqol dalildir. Chunki Alloh taolo tomonidan Kitobdan tashqari nozil qilingan yagona manba – bu hadisdir.
3-4-5. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz. Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz. Shuningdek, tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz. So‘ng ro‘zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz! Masjidlarda e’tikofda bo‘lgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qo‘shilmangiz! Bular (aytilgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz! Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh o‘z oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi» [Baqara surasi, 187-oyat].
Ushbu ulug‘ oyatning avvalida ro‘za kechalarida ayol bilan qovushish halol qilingani ta’kidlanmoqda. Biror narsa halol qilindimi, demak, undan oldin harom bo‘lgan. Shuningdek, oyatning davomidagi «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz» degan so‘zlar ham qovushishga izn berilishidan oldin bu amal taqiqlangan bo‘lganini bildiradi. Vaholanki, bu taqiq haqida Qur’onda biror og‘iz so‘z yo‘q. Demak, o‘sha dastlabki taqiq Alloh taoloning tilovat qilinmaydigan vahiysi bo‘lmish nabaviy sunnat bilan sobit bo‘lgan.
Imom Buxoriy Abu Is'hoqdan, u Baro roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Ramazon ro‘zasi nozil bo‘lgan ilk davrlarda musulmonlar Ramazon oyi bo‘yi (kechasi ham) ayollariga yaqinlik qilmasdi. Biroq ba’zilar o‘zini tiya olmay, nafsiga xiyonat qilib qo‘ydi. Shunda Alloh taolo «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan narsani umid etaveringiz» degan oyatni nozil qildi».
Oyatdagi «tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz» degan ko‘rsatma Alloh taolo tomonidan musulmonlarga berilgan yengillik bo‘lib, islomning ilk davridagi hukmni bekor qildi. Ilk davrdagi tartib esa, yuqoridagi holatdek, nabaviy sunnat orqali ma’lum edi. U paytlarda ro‘zador iftor qilgach, faqat xufton namozigacha yoki undan oldin uxlab qolguniga qadar yeb-ichishi mumkin edi. Uxlab qolsa yoki xufton namozini o‘qib qo‘ysa, keyingi kunning oqshomigacha yeb-icha olmasdi. Bu musulmonlarga juda katta mashaqqat tug‘dirgandi. Shunda Alloh taolo tong otguncha yeb-ichishga izn berdi. Ana o‘sha eski qiyin hukm ham Qur’onda mutlaqo zikr qilinmagan, balki faqat hadis bilan sobit bo‘lgandi.
«So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amr visol ro‘zasini, ya’ni og‘iz ochmasdan bir necha kunni bir-biriga ulab ro‘za tutishni taqiqlaydi. Sahih hadislarda musulmonlar visol ro‘zasidan qaytarilgan, faqat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o‘zlarigagina xos ravishda joiz qilingan edi.
Imom Ahmad Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Visol ro‘zasi tutmang», dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, o‘zingiz visol ro‘zasi tutasiz-ku?» deyishdi. U zot: «Men sizlardek emasman. Men tunayotganimda Rabbim meni taomlantiradi va suv beradi», deb javob berdilar.
Visol ro‘zasi tutish u zotning o‘zlarigagina tegishli xususiyatlardan edi. Sahih hadisda aytilganidek, u zotga bu ishda alohida quvvat va ko‘mak berilardi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga visol ro‘zasining joiz bo‘lishi alohida bir shariat hukmi bo‘lib, u ham Qur’onda zikr qilinmagan, balki tilovat qilinmaydigan vahiy orqali qaror topgan. Buni u zotning o‘zlari vahiydan tashqari ish qilmaganlari haqidagi mana bu oyatlar tasdiqlaydi: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan oyatlargagina ergashurman», shuningdek, «Ayting: «Men uchun uni o‘z tomonimdan o‘zgartirish durust emasdir» [Yunus surasi, 15-oyat] hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib aytganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» [Haqqo surasi, 44–46-oyatlar].
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning visol ro‘zasi tutishlari vahiydan tashqari va unga tayanmagan holda bo‘lganida edi, u zot Allohning «So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amrini o‘zgartirgan va Uning nomidan shariat joriy qilgan bo‘lib qolardilar, bu esa umuman mantiqqa ziddir.
Xullas, Baqara surasining 187-oyati nabaviy sunnatning Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy ekaniga bir yo‘la uch kuchli dalilni o‘z ichiga olgan.
6. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Payg‘ambar juftlaridan biriga (ya’ni, Hafsaga) bir so‘zni pinhona aytganini eslang! Endi qachonki (Hafsa) u (sir) haqida (Oishaga) xabar bergach va Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambar alayhissalomni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach, u (Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning) ba’zisini bildirdi va ba’zisidan yuz o‘girdi (bildirmadi). Bas, qachonki (Payg‘ambar alayhissalom Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning ba’zisi haqida) xabar bergach, u: «Sizga bu xabarni kim berdi?», degan edi, «Menga Bilguvchi va Xabardor Zot xabar berdi», dedi» [Tahrim surasi, 3-oyat].
«Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambarni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach» so‘zlari shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollaridan biriga yashirincha aytgan va hech kimga aytmaslikni buyurgan sirning ochilib qolganini Alloh taolo Payg‘ambariga bildirgan. Lekin Qur’on orqali amalga oshmagan. Chunki Qur’ondagi mazkur oyat o‘sha voqea sodir bo‘lib o‘tganidan keyin, o‘tgan zamon fe’li shaklida u haqda shunchaki xabar beryapti, xolos. Demak, bu bildirish va ogohlantirish, shubhasiz, tilovat qilinmaydigan vahiy orqali sodir bo‘lgan. Binobarin, ushbu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan tashqari ham vahiy nozil bo‘lganiga yorqin dalildir. Ana shunday vahiy u zotning sunnatlari bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari vahiydan boshqa narsaga tayanishi sira ham mumkin emas. Bunga Alloh taoloning u zot tili bilan aytgan ushbu so‘zi dalildir: «Men faqat Parvardigorimdan kelgan vahiygagana ergashurman». Dalillarning bu jamlanmasidan ravshan bo‘ladiki, Sunnat – Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiydir.
7. Alloh subhonahu va taolo marhamat qiladi: «Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang! Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa, (uylangan bo‘lsangiz, Alloh afv etar). Albatta, bu xunuk va jirkanch bo‘lgan yomon qiliqdir. Sizlar uchun onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emishgan opa-singillaringiz, qaynonalaringiz, jinsiy aloqada bo‘lgan xotinlaringizning tarbiyangizda bo‘lgan qizlari(ga uylanish harom qilindi) – agar xotinlaringiz bilan jinsiy aloqada bo‘lmagan bo‘lsangiz (ularni taloq qilgandan keyin avvalgi erlaridan tug‘ilgan qizlariga uylansangiz), sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Yana o‘z pushti kamaringizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlariga (uylanishingiz) va opa-singilni jamlashlaringiz (ya’ni, birini taloq qilmay turib boshqasiga uylanishingiz harom qilindi). Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa (Alloh afv etar). Albatta, Alloh mag‘firatli va mehribon bo‘lgan Zotdir. Yana erlik ayollar (ham harom qilindi). Magar (urush-janglarda) ega bo‘lgan cho‘rilaringiz haloldir. (Bu hukmlarni) Alloh zimmangizga farz qilib qo‘ydi. Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi. Ular bilan nikoh orqali yaqinlik qilishingiz bilan belgilangan mahrlarini beringiz! Mahr belgilanganidan keyin o‘zlaringiz kelishib olishingizda (ya’ni, ular o‘z ixtiyori bilan haqqi-mahridan kechib yuborishida) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan Zotdir» [Niso surasi, 22–24-oyatlar].
Ushbu oyatlarda erkak kishi uchun uylanish harom bo‘lgan ayollar bayon qilingan. Vaholanki, johiliyat davrida ularning ba’zilari, masalan, otaning xotiniga uylanish va ikki opani-singilni barobar nikohga olish kabilar mumkin edi. Shuning uchun ham Alloh taolo bu ikki holat zikrida «Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa» deb marhamat qildi va islom shariati bilan bularning barchasini qat’iy harom qildi.
Oxirida «Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi», ya’ni yuqorida sanalganlardan tashqari boshqa har qanday ayolga uylanish sizlar uchun joizdir, deyildi.
Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir (shubhasiz) yo‘llar bilan rivoyat qilingan va butun ummat ulamolari bir ovozdan ijmo qilgan haqiqat shuki, ushbu oyatlarda sanalmagan bo‘lsa-da, nikohi harom bo‘lgan boshqa toifa ayollar ham bor. Masalan, bir ayolni o‘z ammasi bilan yoki bir ayolni o‘z xolasi bilan bir vaqtda nikohga olish taqiqlangan. Boshqacha aytganda, nasab-qarindoshlik jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lgan ikki ayolning birini erkak deb farz qilinganda, u ikkinchisiga uylanishi harom bo‘ladigan darajada yaqin bo‘lsa, u holda bu ikki ayolni bir nikohda jamlash mutlaq harom hisoblanadi.
Xo‘sh, ushbu taqiq mana shu oyatlarda yoki Qur’oni karimning boshqa biror joyida bormi?! Yo‘q, faqat nabaviy sunnatda bor. Sunnat esa, boya ta’kidlanganidek, Allohning vahiysidir. Qolaversa, bu hukmlar Alloh taoloning: «Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar» [Hashr surasi, 7-oyat] degan amri doirasiga ham to‘liq kiradi.
8. Haq taolo bunday amr qiladi: "(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing! So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» [Qiyomat surasi, 16–19-oyatlar].
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalom vahiy olib kelgan paytda, Qur’on oyatlaridan biror narsa unutilib yoki tushib qolmasin degan xavotirda, u zot bilan barobar tillarini qimirlatib, oyatlarni tezda qaytarishga harakat qilar edilar. Shunda Alloh taolo ushbu oyatlar orqali u zotga Jabroil Qur’on keltirganda shoshmasdan, diqqat bilan tinglashni va tillarini qimirlatmaslikni buyurdi. Buning evaziga Alloh taolo Qur’onni u zotning qalblariga muhrlab qo‘yishni, uni Jabroil o‘qiganidek mukammal ado etishini oson qilib berishni hamda undagi muxtasar (qisqa) hukmlarni batafsil sharhlab, uning ma’nolarini u zotning o‘zlariga yoki u zotning tillari orqali butun insoniyatga oydinlashtirib, bayon qilib berishni O‘z zimmasiga oldi.
Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vahiy tushayotgan paytda juda katta mashaqqat va qiyinchilik sezar, (oyatlarni yodlab qolish uchun) tez-tez ikki lablarini qimirlatar edilar. Shunda Alloh taolo: «(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing!» – ya’ni, uni jim turib, diqqat bilan tinglang, – «So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan oyatlarni nozil qildi. Shundan keyin Jabroil alayhissalom qaytib ketgach, u zot vahiy qilingan oyatlarni xuddi Jabroil o‘qib bergandek o‘qir edilar».
Ibn Kasir o‘z tafsirida yozadi: «Sha’biy, Hasan Basriy, Qatoda, Mujohid, Zahhok va boshqa mufassirlar: «Ushbu oyatlar aynan mana shu voqea sababli nozil bo‘lgan», deb aytgan».
«So‘ngra uni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» so‘zlari Qur’on nozil bo‘lganidan keyin uni tushuntirib, sharhlashni Alloh taolo O‘z zimmasiga olganiga kafolatdir. Bu bayon yo bevosita Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bildirilgan yoki u zotga qilingan ilohiy vahiy orqali u zotning tillari bilan insoniyatga yetkazilgan. Shuni unutmaslik kerakki, bayon (sharh so‘zlari) mubayyandan (sharhlanayotgan narsadan) mutlaqo farq qiladi. Demak, bu o‘rindagi bayon Qur’onning o‘zidan boshqa narsadir. Alloh taolo «Bizning zimmamizdadir» deb, bu bayonning ham O‘z huzuridan bo‘lishini ta’kidladi va «So‘ngra» bog‘lovchisini qo‘llash orqali bu sharh Qur’on nozil bo‘lganidan keyin amalga oshishini bildirdi. Shunday ekan, Alloh taolo zimmasiga olgan ushbu bayon Qur’ondan tashqari alohida bir manba – U Zot Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tilovat qilinmaydigan vahiy o‘laroq yuborgan Sunnat ekanidan boshqa ehtimol qolmaydi. Bu esa Alloh taoloning mana so‘zlariga qo‘shimcha dalildir: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].
9. Alloh taolo bunday buyuradi: «Ey mo‘minlar, juma kunidagi namozga chorlansa (ya’ni, azon aytilsa), darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangiz, mana shu (ya’ni, Allohning zikriga – juma namozini o‘qishga shoshilish) o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir. Endi qachon namoz ado qilingach, Yerga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istayveringiz. Allohni ko‘p zikr qilingizki, shoyad najot topursizlar. (Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar. Ayting: «Alloh huzuridagi narsa (imon va yaxshi amallar uchun beriladigan ajr-mukofot) o‘yin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir! Alloh rizq berguvchilarning yaxshirog‘idir!» [Jum’a surasi, 9–11-oyatlar].
Alloh taolo mo‘minlarga juma namoziga azon aytilganda, savdo-sotiqni bas qilib, namozga shoshilishni buyuryapti. Shundan kelib chiqib, barcha ulamolar imomning qarshisida aytiladigan ikkinchi azondan keyin savdo qilish mumkin emasligiga ijmo qilgan. Shuningdek, namoz tugagach, tarqalib, Allohning fazlu karamidan rizq izlashga ruxsat berildi hamda bu jarayonda ham Parvardigorning zikridan g‘ofil bo‘lmaslik, najotga erishish uchun Uni ko‘p eslash amr etildi.
So‘ngra Alloh taolo sahobalarga ushbu oyat nozil bo‘lishidan oldin sodir bo‘lgan bir voqea sababli gina qildi. O‘shanda juma kuni azon aytilganda, namozga shoshilish haqidagi ushbu buyruq hali nozil bo‘lmagan edi va ular juma xutbasi paytida kelgan karvon tufayli tijorat ortidan ketib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni minbarda tik turgan hollarida yolg‘iz qoldirgandi. Zero, u paytlarda juma namozi xutbadan oldin o‘qilar edi. Keyinchalik bu hukm o‘zgartirilib (nasx qilinib), xutba namozdan oldinga surilgan.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo aytadi: «Bir safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma xutbasini o‘qiyotganlarida, Madinaga tijorat karvoni kelib qoldi. Odamlar chiqib ketdi va u zot bilan bor-yo‘g‘i o‘n ikki kishi qoldi. Shunda Alloh taolo «(Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar» degan oyatni nozil qildi» [Imom Buxoriy rivoyati].
Demak, oyatdagi «ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar» degan jumla mazkur uch oyat nozil bo‘lishidan oldin, juma namozidan keyingi xutba paytida sahobalar tomonidan sodir bo‘lgan voqeaning xabaridir. Bundan shunday xulosa chiqadiki, juma namozi «juma kunidagi namozga chorlansa, darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar!» deb boshlanuvchi ushbu oyatlar nozil bo‘lishidan oldin ham shariatda bo‘lgan va unga amal qilingan. Vaholanki, Qur’oni karimda bu oyatdan oldin juma namozining farz qilinganini ko‘rsatuvchi boshqa biror oyat mavjud emas. Shunday ekan, juma namozining ibodat o‘laroq joriy qilinishi faqatgina Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan sobit bo‘lgan.
10. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].
Alloh taolo O‘z Rasuliga Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni batafsil tushuntirish vakolatini topshiryapti. Ana shu ilohiy vakolatga tayanib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’onda umumiy tarzda kelgan barcha ahkomlarni batafsil bayon qilib berganlar. Bu hukmlar ibodat, muomala, nikoh-oila munosabatlari, jinoyatlar, shuningdek, oilaviy, ijtimoiy va xalqaro aloqalarni qamrab olgan.
Masalan, namozni oladigan bo‘lsak, uning vaqtlarini aniq belgilagan, rakatlar sonini, o‘qilish tartibini, shart bo‘lgan amallar va buzadigan narsalarni ajratib bergan, muqimlik, safar va xavf namozlari o‘rtasidagi farqlarni ko‘rsatgan kim edi? Yoki zakotga e’tibor bering, zakot berilishi farz bo‘lgan barcha mol-mulklarning miqdorini, undan qancha ajratilishini kim belgilab bergan? Tuyaning nisobi beshtadan boshlanishi va undan bitta qo‘y berilishi, qoramolniki o‘ttiztadan boshlanib, undan bir yashar buzoq berilishi, qo‘y-echkiniki qirqtadan boshlanib, bitta qo‘y ajratilishi, kumush borasida har ikki yuz dirhamdan chorak ushr (ikki yarim foiz), oltin bo‘yicha esa har yigirma misqoldan yarim misqol berilishi kabi qoidalarni kim joriy qilgan?
Shuningdek, haj ibodatini biz biladigan bugungi mukammal shaklga kim keltirgan? Hajning ruknlari nimalardan iborat, uni nimalar buzadi, Arafotda turish qachon boshlanib, qachon tugaydi, qaysi holatda qurbonlik vojib bo‘ladi va hajning uch turi (ifrod, qiron, tamattu’) qanday bajariladi – bularni kim tizimlashtirib bergan?
Bunday savollarni ro‘za ibodatiga hamda savdo, havola, ijara, sheriklik, kafillik kabi barcha kundalik muomalalarga ham xuddi shunday tatbiq qilish mumkin.
Xo‘sh, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bularning barchasini o‘z-o‘zlaridan, Allohning vahiysisiz aytdilarmi yo vahiy bilanmi?!
Kimda-kim «bu hukmlarni o‘zlaridan chiqarganlar» deb hisoblasa, u holda Alloh taoloning «Ayting: «Men faqat Rabbimdan vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman» degan amriga hamda u zot haqidagi «Men faqat o‘zimga vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman», «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U faqat (Alloh tomonidan Payg‘ambarga) nozil qilinayotgan bir vahiydir» degan qat’iy so‘zlariga qarshi chiqqan bo‘ladi. Qolaversa, bunday qarash «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun» degan oyat bilan birga kelgan «So‘ngra uni – Qur’onni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan ilohiy va’daga hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib olganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» degan qat’iy ogohlantirishga mutlaqo zid keladi.
Shunday ekan, bu borada yagona to‘g‘ri haqiqat qoladi – ushbu batafsil bayon va sharhlarning barchasi faqat va faqat Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy orqali amalga oshirilgandir.
11. Payg‘ambarlarning ko‘pligi va Alloh taolo nozil qilgan kitoblarning ozligi – Alloh taolo o‘zi payg‘ambarligi va elchiligiga tanlab olgan zotlarga tilovat qilinmaydigan vahiy ham tushirganiga qat’iy dalildir.
Shunday qilib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari Alloh taolodan vahiy ekani qur’oniy dalillar bilan o‘z isbotini topdi.
Keyingi maqolalarda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ergashish vojib bo‘lgan hujjat ekanini bayon etishga azmu qaror qildik, inshoalloh.
Nurmuhammad MATKARIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2026 yil 28 iyulda 02/336-sonli xulosa berilgan.