Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

13.05.2021 y. Ramazon hayitingiz muborak bo'lsin!

11.05.2021   5595   26 min.
13.05.2021 y. Ramazon hayitingiz muborak bo'lsin!

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

RAMAZON HAYITINGIZ MUBORAK BO'LSIN!

Muhtaram jamoat! Alloh taolo muborak Ramazon oyida ojizona bajargan ibodatlarimizni qabul qilsin. O'zining ibodatiga tavfiq bergani uchun Rabbimiz Allohga beadad hamdu sanolarimiz bo'lsin!

Bugun Islom dinimizdagi katta bayramlardan biri – Iydul-fitr kuni. Bu vaqt – benihoya xursandchilik, Alloh taoloning fazli-marhamati bilan gunohlar kechiriladigan fursatdir.

Bu yil Ramazon kechalarida o'qilgan tarovehlar, xatmi Qur'onlar juda fayzli o'tdi. Mo'min-musulmonlar Qur'oni karimni boshidan-oxirigacha to'liq tinglash baxtiga muyassar bo'ldilar. Vaholanki, o'tgan yillar pandemiya sababli bu ne'matlarga eta olmagan edik. Allohga beadad shukrki, joriy yili pandemiya sharoitida bo'lsa ham, karantin qoidalariga qat'iy amal qilib, tarovih namozlarini ado qilish, xatmi Qur'onlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo'ldik. Halqimizning tartibli, mas'uliyatli ekani yana bir bor isbotini topdi. Hatmi Qur'onlar chiroyli tartib bilan nihoyasiga etdi. Ulamolarimiz va imom-xatiblarimiz namozxonlarga o'zlarining va'z-nasihatlarini bu oyda ko'proq qilishga harakat qildilar.

Hullas, bu muborak oyni o'ziga yarasha hurmat va ehtirom bilan ko'ngildagidek kutib olib, risoladagidek kuzatishga muvaffaq bo'ldik, inshaalloh.

Mana shunday xursandchilik kunlarga eson-omon, xotirjamlikda etib kelganimiz uchun Alloh taologa shukronalar aytamiz. Zero Parvardigorimiz shukr qiluvchi bandalariga ne'matlarini ziyoda qiladi, noshukrlikning esa oxiri juda yomondir. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:

 وَإِذْ تَأَذَّنَ رَبُّكُمْ لَئِنْ شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ وَلَئِنْ كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٌ   

ya'ni: “Yana Rabbingiz e'lon qilgan (bu so'zlar)ni eslangiz: «Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim surasi 7-oyat).

Garchi ushbu oyatda shukr qilish va noshukrlik oqibatlari aytilgan bo'lib, uning hukmi to Qiyomatga qadar keladigan barcha insonlarga tegishlidir. Shukr qilish o'z-o'zidan bo'lmaydi, balki o'zidagi moddiy va ma'naviy ne'matlar haqida ko'p mulohaza qilish, ular berilgan taqdirda qanday holatda bo'lishini tasavvur etish, o'zidan qashshoqroq, qiynalganroq kishilarni yodga keltirish insonni o'zidagi ne'matlar uchun Allohga shukr qilishga undaydi. Natijada ne'matning yanada ziyoda bo'lishiga sabab bo'ladi. Va aksincha, noshukrlik, nonko'rlik kabi holatlar in'om etuvchida nafrat va g'azab paydo bo'lishiga olib keladi. Natijada bergan ne'matlarini qaytarib olish yoki boshqa ofat yoxud musibatlarga duchor qilish yo'li bilan jazolashi mumkin bo'lib qoladi.

Noshukrlik insonlararo munosabatlarda ham o'zining salbiy natijalarini beradi. Yaxshilikni qadrlab, imkoni bo'lsa, qaytarish – aynan olijanoblikdir. (Shayx Abdulaziz Mansur).

Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُلُوا مِنْ طَيِّبَاتِ مَا رَزَقْنَاكُمْ وَاشْكُرُوا لِلَّهِ إِنْ كُنْتُمْ إِيَّاهُ تَعْبُدُونَ

ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo'lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan eb, Unga shukr qilingiz!” (Baqara surasi 172-oyat)

Bizga berilayotgan yaxshiliklarga imkonimiz boricha yaxshilik, solih amallar bilan javob qaytarmog'imiz lozim bo'ladi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ham bu ma'noni ta'kidlab, aytadilar:

مَنْ لَمْ يَشْكُرِ النَّاسَ لَمْ يَشْكُرِ اللهَ

(رَوَاهُ الإمام التِّرْمِذِيُّ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضْيَ الله عَنْهُ)

ya'ni:“Odamlardan minnatdor bo'lmaydigan kishi, Allohga ham shukr qilmaydi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Aziz yurtdoshlar! Yurt tinchligi va farovonligi – katta ne'matlardan biridir. Mana shunday yurtda din-diyonat, fan va ilm-ma'rifat, iqtisodiy hayot rivojlanadi. Halqimiz bekorga: “Bir kun urush bo'lgan joydan qirq kun baraka ketadi” – demagan. Notinchlik, urush-janjal bo'lgan yurtlarda jamiyat hayotini qayta mo''tadil holatga keltirish uchun uzoq yillar talab qilinadi va urush-janjalning asoratlari ko'p muddatga cho'ziladi. Shunday ekan tinchlik ishiga hamma o'z hissasini qo'shishi – zimmasidagi burchdir. Buning uchun har bir kishi o'ziga loyiq halol kasb qilishi bilan birga, oilasi, jamiyat va vatani oldidagi burchlarini vijdonan bajarishi kerak.

Zero, barchamiz yurt tinchligiga rahna soladigan har qanday fitnalardan saqlanishimiz va yurt tinchligini dadil himoya qilishimiz shart. Yurt tashqarisidan yoki ichimizdan chiqib, xalq bilan davlatni qarama-qarshi qo'ymoqchi bo'lgan, o'rtaga sovuqchilik, o'zaro ishonchsizlik solmoqchi bo'lganlarga hech ham yon bermasligimiz kerak. Yaqinda ikki qo'shni mamlakat o'rtasida ro'y bergan fojiali voqealar, chegaradosh Afg'oniston mamlakati hududida kun sayin ro'y berayotgan, hatto yosh go'daklarning o'limiga sabab bo'layotgan terrorchilik harakatlari barchamizga achchiq saboq bo'lishi kerak. Doim Vatanimiz va odamlarga foydali kishi bo'lishga harakat qilishimiz lozim.

Shunday ekan, yon-atrofimizda kechayotgan, jamiyatimiz barqarorligi va taqdiri uchun muhim bo'lgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga beparvo va loqayd bo'lmasligimiz, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikni avaylab-asrashda barchamiz g'ayrat qilishimiz darkor.

Hadisi sharifda shunday deyiladi:

أَحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللَّهِ أَنْفَعُهُمْ لِلنَّاسِ، وَأَحَبُّ الأَعْمَالِ إِلَى اللَّهِ سُرُورٌ تُدْخِلُهُ عَلَى مُسْلِمٍ، أَوْ تَكْشِفُ عَنْهُ كُرْبَةً، أَوْ تَطْرُدُ عَنْهُ جُوعًا، أَوْ تَقْضِي عَنْهُ دَيْنًا، وَلأَنْ أَمْشِيَ مَعَ أَخٍ لِي فِي حَاجَةٍ، أَحَبُّ إِلَيَّ مِنْ أَنْ أَعْتَكِفَ فِي الْمَسْجِدِ شَهْرًا، وَمَنْ كَفَّ غَضَبَهُ سَتَرَ اللَّهُ عَوْرَتَهُ، وَمَنْ كَتَمَ غَيْظَهُ، وَلَوْ شَاءَ أَنْ يُمْضِيَهُ أَمْضَاهُ، مَلأَ اللَّهُ قَلْبَهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ رِضًا، وَمَنْ مَشَى مَعَ أَخِيهِ فِي حَاجَةٍ حَتَّى يُثْبِتَهَا، أَثْبَتَ اللَّهُ قَدَمَيْهِ يَوْمَ تَزُولُ الأَقْدَامُ، وَإِنَّ سُوءَ الْخُلُقِ يُفْسِدُ الْعَمَلَ، كَمَا يُفْسِدُ الْخَلُّ الْعَسَلَ

(رواه الامام الطبراني في الكبير، والامام ابن أبي الدنيا)

ya'ni: “Odamlarning Alloh taologa eng sevimlisi – odamlarga eng foydasi ko'p teguvchisidir. Amallarning Alloh taologa eng sevimlisi bir musulmonning qalbiga kiritadigan xursandchiligingiz yoki uni biror g'amini ketkazishingiz, yo uning nomidan qarzini ado qilishingiz, yo uni to'ydirishingizdir. Musulmon birodarimning hojatini ravo qilish uchun u bilan yurishim – masjidda bir oy e'tikof o'tirishimdan ko'ra menga sevimliroqdir. Kim g'azabini tiysa, Alloh taolo uning aybini yashiradi. Kim g'azabini sochishga qodir bo'la turib ham g'azabini yutsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uning qalbini rozilik bilan to'ldiradi. Kim birodarining hojatini ravo qilish uchun, uning hojati ravo bo'lguncha birga yursa, Alloh taolo qadamlar toyiladigan Kunda uning qadamini sobit-mustahkam qiladi. Sirka asalni buzgani kabi yomon xulq amalni buzadi(Imom Tabaroniy va Imom Ibn Abud-dunya rivoyat qilishgan).

Insondagi shukronalik qanoat va sabr kabi sifatlar bilan kamoliga etadi. Chunki odam har qancha ne'matlar va yutuqlarga erishmasin, qanoatli bo'lmas ekan, noshukrlikdan qutula olmaydi. Sabr-toqatli bo'lmas ekan, yaxshi kunlarga eta olmaydi. Oyati karimada sabr haqida shunday deyiladi:

 إِنَّهُ مَنْ يَتَّقِ وَيَصْبِرْ فَإِنَّ اللَّهَ لَا يُضِيعُ أَجْرَ الْمُحْسِنِينَ

ya'ni: “...Darhaqiqat, kimki Allohdan qo'rqib, sabr qilsa, albatta, Alloh ezgu ish qiluvchilarning mukofotini zoye qilmagay” (Yusuf surasi 90-oyat).

Payg'ambarimiz alayhissalom qanoat haqida shunday deganlar:

قَدْ أَفْلَحَ مَن أَسْلَمَ، وَرُزِقَ كَفَافًا، وَقَنَّعَهُ اللَّهُ 

(رواه الامامُ مسلم عن عبد الله بن عمرو)

ya'ni: “Musulmon bo'lgan, etarli rizq bilan nasibalangan va Alloh unga qanoat bergan kishi najot topibdi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Azizlar! Ma'lumki, Yurtboshimiz tomonidan 2021 yil “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e'lon qilindi. Har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagi bo'lmish yosh avlodning har jihatdan sog'lom va barkamol bo'lib voyaga etishi muhim hisoblanadi. Muborak hadisi sharifda “Hech bir ota o'z farzandiga chiroyli xulqu-odobdan buyukroq meros bera olmaydi”, deyiladi (Imom Buxoriy “Al-Adab al-mufrad” asari).

Yoshlarimiz jamiyatda o'ziga munosib o'rinni egallagach, Vataniga sodiq, elu xalqining xizmatiga tayyor, vijdonli va diyonatli bo'lishini, farzand o'stirgan har bir ota-ona albatta niyat qiladi. Ana shu orzu ko'rsatma va irshodlarga amal qilish – baxt-saodat garovidir. Demak, ota-onalar va ustozlar yosh farzandlarga odob-ahloq, ilm va kasb hunarlarni mukammal o'rgatib qiziqtirishlari lozim. Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda mamlakatimizda iste'dodli yoshlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida Prezident maktablari, Temurbeklar maktabi, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar ochish, yoshlarni qo'llab-quvvatlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, muqaddas dinimiz ta'limotlarida inson salomatligiga sabab bo'luvchi narsalarga buyurilgan va o'z navbatida salomatlikka zarar etkazuvchi har qanday ishlardan qaytarilgandir. Hususan, sog'liqqa zarur beruvchi barcha amallar oyati karima bilan ochiqdan-ochiq harom qilingan. Payg'ambarimiz alayhissalom va U Zotning sahobalari bu borada ummatga chiroyli o'rnak bo'lishgan. Darhaqiqat, xalqimiz “Sog'lom tanda – sog' aql” deb bejiz aytmagan. Albatta, insonning tani sog'lom bulsa, bor kuch-quvvatini, vaqtini va molini ilm o'rganishga va o'rgatishga sarf qiladi. Farzandlarimizni yoshligidan sog'lom turmush tarziga o'rgatib, shunga muvofiq tarzda hayot kechirishga odatlantirish – biz ota-onalarning burchimizdir.

Hurmatli jamoa! Ramazon oyi – xayru saxovat oyidir! Islom dinimiz nazdida “xayru saxovat” deganda, albatta, birinchi galda “muhtojlarga yordam berish” tushuniladi. Bu borada Alloh taolo quyidagicha marhamat qiladi:

مَثَلُ الَّذِينَ يُنْفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنْبَتَتْ سَبْعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنْبُلَةٍ مِئَةُ حَبَّةٍ

وَاللَّهُ يُضَاعِفُ لِمَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ

ya'ni: “Alloh yo'lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go'yo bir donga o'xshaydiki, u har bir boshog'ida yuztadan doni bo'lgan ettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko'paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir(Baqara surasi 261-oyat).

Alloh taolo O'z fazli bilan boy qilgan kishilar mollaridan muhtoj va kambag'allarga zakot, xayr ehson qilishlari – jamiyatda boy va faqir o'rtasida iliq munosabatlarni vujudga keltirish, Islom dinining naqadar insonparvar, mehr-muruvvatga targ'ib qiluvchi din ekanini namoyish qilish, qolaversa, zakot beruvchining molini poklab, yana ham ko'payishiga zamin tayyorlashdir.

Shu bois bu ulug' kunlarni g'animat bilib, savob va fazilatlaridan umidvor bo'lgan holda oilamiz, yaqinlarimiz, qo'ni-qo'shni va qarindoshlarimiz hollaridan xabar olishimiz darkor bo'ladi. Zero yaxshilikning ajri – faqat yaxshilikdir! Bunday ezgu ishlarimiz uchun xonadonimiz va yurtimizga Mehribon Parvardigorimiz fayzu futuh va barakotlarini ato etadi.

Qadrli yurtdoshlar! Hayit bu – xursandchilik, yaxshi kayfiyat va ezgu, savobli ishlardan iboratdir! Hayit namozini ado etgandan so'ng, birinchi o'rinda bizlarni dunyoga kelishimizga sababchi bo'lgan mehribon ota-onalarimiz, qarindosh-urug'larimiz hamda yoru-birodarlarimizni ziyorat qilamiz. Ulardan hol-ahvol so'rash va ko'ngillariga xursandchilik kiritishga harakat qilamiz. Ayrim sabablar bilan arazlashgan gina-kudratli kishilar ham bir-birlarini kechirsinlar, Alloh taoloning rahmatidan benasib bo'lmasinlar.

Bugun – musulmonlarga quvonch ulashiladigan kun! Shuning uchun bu ulug' kunlarni azaga, hafagarchilikka aylantirmaslik darkor. O'tganlarimizni eslash, ularni ruhlarini shod etib, duoyi hayrlar qilishimiz – yaxshi amal. Ammo bular Hayit bayramiga ta'sir qilmasligi zarur. Ayniqsa, hayit kunlari fotihaxonlik maqsadida xonama-xona yurishlarimizni qisqartirib, kishilarga ozor bermaydigan tarzda o'tkazsak, ma'qul bo'ladi.

Umuman, hayit kunlari karantin talablariga rioya etishni unutmasligimiz zarur. O'zini behol sezayotgan fuqarolar, ayniqsa, kovid alomatlarini his qilayotgan yurtdoshlarimizni uyda o'tirish, shifokorlarga murojaat qilish hamda jamoaviy tadbirlarda qatnashmaslikka chaqiramiz. Shuningdek, yoshi ulug' otaxon-onaxonlar bor oilalarda ziyoratlar davomida keksalarga koronavirus yuqtirib qo'yishni oldini olish bo'yicha qat'iy choralar ko'rib qo'yishimiz zarur.

Hurmatli azizlar! Ma'lumki, Shavvol oyi hijriy sananing uninchi oyi hisoblanadi. Bu oyda sog'ligi va imkoni bo'lgan kishi nafl ruzasini tutsa, Alloh taolo u bandaga ko'p ajru mukofotlarni berishini va'da qilgan. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:

مَنْ صَامَ رَمَضَانَ ثُمَّ أَتْبَعَهُ سِتًّا مِنْ شَوَّالٍ كَانَ كَصِيَامِ الدَّهْرِ

(رَوَاهُ الإمام مسلم عَنْ أَبِي أَيُّوبَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)

ya'ni: “Kim Ramazon ro'zasini tutib, ketidan Shavvol oyidan olti kun ro'za tutsa, yil bo'yi ro'za tutgandek bo'ladi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Demak, ushbu hadisi sharifga amal qilib, kishi Ramazon ro'zasini tutib, shavvolning olti kunida ro'za tutsa, bir yil davomida ro'za tutganlik savobini qozonar ekan.

Bu olti kunlik ro'zani Ramazon hayitining ertasidan boshlab tutish mumkin. Shuningdek Shavvol oyi davomida tutsa ham bo'ladi. Bu haqda “Zohiriyya” va “Hulosa” nomli fatvo kitoblarimizda aytib o'tilgan.

Azizlar! Endi hayit namozi qanday o'qilishi haqida suhbatlashamiz. Birinchi, niyat qilib namozga kirishiladi. Ya'ni “Ramazon hayiti namozini  Qiblaga yuzlangan holda, imomga iqtido qilib, o'qishni niyat qildim” deb, “Allohu akbar”ni aytib quloq qoqiladi.

Keyin qo'lni qovushtirib, har kim ichida sano (Subhanakallohumma...) duosini o'qiydi. So'ngra imom qo'llarini quloqlariga ko'tarib, uch marta takbir aytadi. Jamoat ham uch marta takbir aytadi. Takbirlar orasida qo'llar bog'lanmaydi, yonga tashlanadi. To'rtinchi takbir aytilgach, qo'llar bog'lanadi, qiyom holida turiladi.

Keyin imom ichida “A'uzu”ni va “Bismillah”ni aytib, ovoz chiqarib “Fotiha” surasini va zam surani o'qiydi. Qavm jim eshitadi. Qiroatdan so'ng takbir aytib, ruku va sajdalar qilinib, ikkinchi rakatga turiladi.

Ikkinchi rakatda imom “Fotiha” surasi bilan zam sura o'qiydi. Qiroatdan so'ng rukuga bormay turib, xuddi birinchi rakatdagi kabi, imom va jamoat birgalikda uch marta takbir aytadilar. Takbirlar orasida qo'llarini bog'lamay, yonga tashlaydilar. Va to'rtinchi takbirni aytib, rukuga boradilar va sajda qiladilar. Sajdadan so'ng o'tirib, tashahhud, salovat va duo o'qib, salom berib, namozni tugatadilar.

Yana bir-bor barcha mo'min-musulmonlarni Ramazon Hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz! Alloh taolodan yurtimiz hamisha obod, halqimiz tinch va ittifoqlikda yashashini, farovon bo'lishini so'rab duoi xayrlar qilamiz! Omin! 

 

2021 yil Ramazon hayiti kuni va namozining vaqti

Muhtaram imom-domla! O'zbekiston musulmonlari idorasi joriy 2021 yil Ramazon hayiti (Iydul fitr)ning birinchi kuni 13 may (shavvol oyi 1 kuni) payshanba kuniga to'g'ri kelishi to'g'risidagi qarorini qabul qildi.

Shunga ko'ra, 2021 yil 13 may payshanba kuni Ramazon hayiti namozi Toshkent vaqti bilan soat 05:30 da, boshqa viloyatlarda namoz vaqtidagi tafovutni inobatga olib o'qiladi.

Alloh taolo Ramazon hayiti namozini barchamizdan qabul aylab, bu kunning sharofati bilan yurtimizni fayzu barakotga to'ldirsin! Omin!

 

Ramazon hayiti namozini viloyatlarda

o'qiladigan vaqtlari haqida

MA_''LUMOT

 

Viloyat

Namoz vaqtlari

1.      

Andijon viloyati

05:20

2.      

Buxoro viloyati

05:50

3.      

Jizzax viloyati

05:40

4.      

Navoiy viloyati

05:50

5.      

Namangan viloyati

05:20

6.      

Samarqand viloyati

05:40

7.      

Sirdaryo viloyati

05:35

8.      

Surxondaryo viloyati

05:40

9.      

Toshkent viloyati

05:35

10.            

Toshkent shahri

05:30

11.            

Farg'ona viloyati

05:20

12.            

Horazm viloyati

06:05

13.            

Qashqadaryo viloyati

05:45

14.            

Qoraqolpog'iston Respublikasi

06:10

 

Eslatma: Ushbu jadvalda ko'rsatilgan vaqtlar quyosh chiqqanidan keyin 15-20 daqiqalik farqni inobatga olib belgilandi.

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Bolalarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishning zararlari

20.12.2024   39743   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati