Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448

Ramazon oyida 10 milliardlik xayriya qilindi

11.05.2021   5316   3 min.
Ramazon oyida 10 milliardlik xayriya qilindi

Ramazon saxovat oyi ham. Bu ulug' oyda qilingan xayriyalarga o'ndan etti yuz barobargacha va undan ham ko'paytirib beriladi. Shu bois mo'min-musulmon xalqimiz bu mavsumda boshidan to oxiriga qadar xayriya ishlarini ko'proq qilishga shoshiladi. Imom-xatiblar ham bu oyda saxovatpesha insonlarni xayriyalar qilib ulkan ajru savob olib qolishga targ'ib qiladi, ehtiyojmand oilalarga dalolat qilib haqdorlarning ko'nglini obod qiladilar.

Joriy yil Ramazon oyida ushbu an'ana yanada keng quloch yozdi. Bu muborak mavsum davomida Imom-xatiblar va saxovotpesha insonlarning yaxshilik yo'lidagi hamkorligi natijasida yurtimizdagi bir necha o'n minglab ehtiyojmand oilalar, “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga, shifoxonalardagi haqdorlarga 10 milliard 35 million so'mdan ortiq oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa turdagi xayriyalar etkazib berildi. Albatta, bu xayriya ishlarining hammasi emas. Mahfiy tutilgan, hisobga kiritilmagan xayriyalar bundan ham ko'p. Imom domlalarimiz mushkuli bor, ko'ngli siniq, qo'li yuqa kishilarga moddiy xayriyalarni ulashish barobarida ularning ko'nglini shirin so'z bilan ko'tarib, haqlariga duoi xayrlar qildilar.

 Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Ehsonning mukofoti faqatgina ehsondir” (Ar-Rohman surasi, 60-oyat). Ya'ni, yaxshilikning mukofoti faqatgina yaxshilikdir. Oyati karimadagi birinchi yaxshilikni bandalar qiladi. Uning ichiga barcha ezgu ishlar kiradi. Ikkinchi yaxshilik esa Alloh taolo yaxshilik qiluvchilarga beradigan jannatdir.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Eng afzal sadaqa Ramazonda qilingan sadaqadir”. Imom Ahmad va “Sunan” sohiblarining ba'zilaridan qilingan rivoyatda: “Kim bir ro'zadorga iftorlik bersa, u uchun u (ro'zador)ning ajridan hech narsa kamaymagan holatda bo'ladi (yoziladi)”, deganlar.

Eslatib o'tamiz, imom-xatiblar tashabbusi bilan Ramazonning ilk haftasida qariyb 2 milliard, ikki haftasida 4 milliard so'mlik so'm xayriya qilingani haqida xabar bergandik.

Alloh taolo ulug' oyda qilingan xayriyalarni dargohida qabul qilib, ajru mukofotini yanada ko'paytirib bersin, bunday xayrli ishlarni bardavom qilsin!

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Xo‘jamulki" mahallasida obodlik va mehr-saxovat

16.08.2026   39004   1 min.

Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.

Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.

Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari