Ramazon saxovat oyi ham. Bu ulug' oyda qilingan xayriyalarga o'ndan etti yuz barobargacha va undan ham ko'paytirib beriladi. Shu bois mo'min-musulmon xalqimiz bu mavsumda boshidan to oxiriga qadar xayriya ishlarini ko'proq qilishga shoshiladi. Imom-xatiblar ham bu oyda saxovatpesha insonlarni xayriyalar qilib ulkan ajru savob olib qolishga targ'ib qiladi, ehtiyojmand oilalarga dalolat qilib haqdorlarning ko'nglini obod qiladilar.
Joriy yil Ramazon oyida ushbu an'ana yanada keng quloch yozdi. Bu muborak mavsum davomida Imom-xatiblar va saxovotpesha insonlarning yaxshilik yo'lidagi hamkorligi natijasida yurtimizdagi bir necha o'n minglab ehtiyojmand oilalar, “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga, shifoxonalardagi haqdorlarga 10 milliard 35 million so'mdan ortiq oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa turdagi xayriyalar etkazib berildi. Albatta, bu xayriya ishlarining hammasi emas. Mahfiy tutilgan, hisobga kiritilmagan xayriyalar bundan ham ko'p. Imom domlalarimiz mushkuli bor, ko'ngli siniq, qo'li yuqa kishilarga moddiy xayriyalarni ulashish barobarida ularning ko'nglini shirin so'z bilan ko'tarib, haqlariga duoi xayrlar qildilar.
Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Ehsonning mukofoti faqatgina ehsondir” (Ar-Rohman surasi, 60-oyat). Ya'ni, yaxshilikning mukofoti faqatgina yaxshilikdir. Oyati karimadagi birinchi yaxshilikni bandalar qiladi. Uning ichiga barcha ezgu ishlar kiradi. Ikkinchi yaxshilik esa Alloh taolo yaxshilik qiluvchilarga beradigan jannatdir.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Eng afzal sadaqa Ramazonda qilingan sadaqadir”. Imom Ahmad va “Sunan” sohiblarining ba'zilaridan qilingan rivoyatda: “Kim bir ro'zadorga iftorlik bersa, u uchun u (ro'zador)ning ajridan hech narsa kamaymagan holatda bo'ladi (yoziladi)”, deganlar.
Eslatib o'tamiz, imom-xatiblar tashabbusi bilan Ramazonning ilk haftasida qariyb 2 milliard, ikki haftasida 4 milliard so'mlik so'm xayriya qilingani haqida xabar bergandik.
Alloh taolo ulug' oyda qilingan xayriyalarni dargohida qabul qilib, ajru mukofotini yanada ko'paytirib bersin, bunday xayrli ishlarni bardavom qilsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Tadbirda Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev ishtirok etib, yosh kadrlar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida diniy soha xodimlari oldida turgan bir qator dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Xususan:
Yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish;
Ustoz-shogird an’analarini yanada mustahkamlash;
Oilaviy ajrimlarning oldini olishda diniy-ma’rifiy yondashuvlarni kuchaytirish;
Yot g‘oya va buzg‘unchi oqimlarga qarshi ilmiy asoslangan raddiyalar berish ko‘nikmalarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur ochiq muloqot yosh mutaxassislarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy malakasini oshirish va o‘zaro tajriba almashishlari uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Navoiy viloyati vakilligi
Matbuot xizmati