Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Tayinlov: Fazilatli ulamo Salohiddin domla Sharipov Diniy idora raisi maslahatchisi lavozimiga tayinlandi

3.05.2021   3612   3 min.
Tayinlov: Fazilatli ulamo Salohiddin domla Sharipov Diniy idora raisi maslahatchisi lavozimiga tayinlandi

Toshkent shahri “Hazrati Ali” jome masjidi imom-xatibi Salohiddin domla Sharipov O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi maslahatchisi lavozimiga tayinlandilar. Tabarruk ustoz ko'p yillardan buyon muborak dinimiz rivoji, xalqimiz ma'naviyati va yoshlar tarbiyasida salmoqli ishlar qilib kelayotgan taniqli din peshvolaridan biridir.

Zabardast ulamo Salohiddin domla Sharipov 1961 yilda Toshkent viloyatida tavallud topganlar. 1979-1983 yillarda Mir Arab madrasasida ta'lim oldilar va madrasa talabalari orasidan saralanib, Toshkent islom oliy ma'hadiga o'qishga kiradilar.

Oliy Ma'hadda har bir fanga alohida e'tibor bilan diniy bilim bilan bir qatorda dunyoviy ilmlarni ham puxta egallab, 1987 yilda tamomladilar. Shu yil u kishi Mir Arab madrasasiga o'qituvchi vazifasiga ishga qabul qilindilar va ustozlardan o'rgangan ilmiy merosni talabalarga berdilar. Naxv, sarf, tafsir fanlaridan dars berdilar. 1989 yil esa Toshkent islom institutiga o'qituvchi etib tayinlandilar, 1990 yilga qadar talabalarga tafsir, balog'at fanlaridan saboq berdilar.

1990 yilda Salohiddin domla ilk diniy ta'lim olgan Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida direktor lavozimiga tayinladilar. U erda 1993 yilga qadar madrasaning ilmiy saviyasini oshirish yo'lida ko'p ishlarni amalga oshirdilar. So'ng yana Toshkent islom institutida prorektor lavozimida faoliyat olib bordilar.

1996 yilda Toshkent shahar Uchtepa tumanida joylashgan “Hazrati Ali” jome masjidiga imom-xatib etib tayinlandilar. Shu bilan birga Oliy Ma'hadda tafsir fanidan dars berdilar.

Hozirga kunda ham Salohiddin domla “Hazrati Ali” jome masjidida imomlik vazifasini bajarmoqdalar. O'zlarining diniy-ma'rifiy, axloqiy-tarbiyaviy ma'ruzalari bilan xalqimiz ma'naviy kamolotiga juda katta hissa qo'shmoqdalar. Shu bilan birga Salohiddin domla O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini chuqur anglab, mazmun-mohiyatini o'z ma'ruzalarida keng xalq ommasiga etkazmoqdalar.

Fazilatli olim o'zining ko'p yillik mehnat faoliyati davomida o'nga yaqin elektron disklar va kitoblar nashr qildilar. Jumladan, “Inson mukarram zot”, “Islomda oilaga munosabat” kabi asarlar va “Saodat ulug' ne'mat”, “Mazhabboshimiz No''mon ibn Sobit hayoti va faoliyati”, “Mustahkam oila yurt tayanchi”, “Duo odoblari va islom ruknlarining tarbiyaviy axamiyati”, “Qur'on, namoz va Ramazon fazilatlari”, “Juma ma'ruzalaridan namunalar” kabi disklari muxlis xalqimiz tomonidan mamnuniyat ila tinglab mutolaa qilinmoqda.

Alloh taolo Salohiddin domla Sharipovga yangi sharafli martabani muborak aylasin, ish faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlarni ato etsin.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Juma salomi - Islomda yurtga muhabbat

10.01.2025   387   1 min.

 

Videolavhalar