Sayt test holatida ishlamoqda!
26 May, 2026   |   8 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:49
Xufton
21:21
Bismillah
26 May, 2026, 8 Zulhijja, 1447

Beparvolik – pushaymonlik, ehtiyotkorlik – omonlik

26.04.2021   2808   5 min.
Beparvolik – pushaymonlik, ehtiyotkorlik – omonlik

Islom dini har qanday sharoitda ham ekstremistik va terrorchilik kabi keskin harakatlarni amalga oshirishga ruxsat bermaydi. Uning ta'limotiga ko'ra, nohaq qon to'kilishi kimning qoni bo'lishidan qat'i nazar, eng og'ir gunoh hisoblanib, uning jazosi ham og'ir ekani ma'lum. Bugungi kunda o'zini fuqaro sifatida anglayotgan barcha yurtdoshlarimizdan turli kuchlar tomonidan qilinayotgan fitnalar, turli tajovuzlar mohiyatini to'g'ri va teran anglash talab etiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga fitnalar to'g'risida juda ko'p bora aytib, undan ehtiyot bo'lish lozimligini ta'kidlaganlar. 

Solim (ibn Abdulloh ibn Umar) rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbar yonida  turib: “Fitna ana u tarafdan, shayton shohi (yoki quyosh toji) chiqadigan tomondan sodir bo'ladi”, — dedilar”. Vaholanki, hozirgi kunda dunyoning turli mintaqa va hududlarida avj olayotgan qarama-qarshilik, jumladan, Yaqin Sharqda, Iroq va Suriya mamlakatlarida bo'layotgan qonli to'qnashuvlar, musulmon dunyosidagi turli mazhab va oqimlar o'rtasida kuchayib borayotgan o'zaro nizo va ziddiyatlar, begunoh odamlarning qurbon bo'layotgani barchamizni tashvish va xavotirga solmasdan qo'ymaydi. Shu o'rinda quyidagi hadisi sharifga diqqat qiling. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Odamlar boshiga bir zamon kelurki, unda qotil nima uchun qatl qilganini va maqtul nima uchun qatl qilinganini anglamaydi», – dedilar». Muslim rivoyat qilgan. 

Alloh taolo barchalarimizni turli fitnalardan va unday fitnalarni tashkillashtiruvchi fitnachilardan ehtiyot bo'lishimizga chorlab, Anfol surasining 25-oyatida shunday deydi: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo'lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo'ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo'yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir”. 

Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam ham bu kabi fitnalardan ehtiyot bo'lish lozimligini ta'kidlab: “Fitnalar sodir bo'lganda tik turgandan ko'ra o'tirgan afzaldir, tik turgan esa yurib ketayotgandan, yurib ketayotgan esa yugurub ketayotgandan afzaldir, kimki fitnaga aralashib qolsa, halokatga uchraydi va kimki undan panoh topsa, darhol yashirinsin!” – dedilar. 

Bugun insoniyat g'oyaviy urushlar, ma'naviy ziddiyatlar, bir hovuch zo'ravon g'oyalarning dunyoni qayta taqsimlashga qaratilgan o'yinlari avj olgan bir vaziyatda yashayapti. Hozir zulm va istibdod, terror va buzg'unchiliklar, axloqsizlik va ma'naviy inqirozlar har qachongidan xatarli tus olmoqda. Musulmonlar bunday sharoitlarda har qachongidan hushyor va ogoh bo'lishlari, do'st kimu, dushman kimligini yaxshi ajrata olishlari, g'animlar fitnasiga uchmasliklari, yovuz kuchlar qo'lidan qo'g'irchoq bo'lib qolib, dindoshlari va millatdoshlari qotiliga aylanmasliklari zarur. Chunki har bir fitna va fasod ish ortida g'arazli maqsadlar, manfaatdor kuchlar turganini bir lahza ham unutishga haqqimiz yo'q. 

Darhaqiqat, inson ogoh bo'lsagina o'zining kelajagiga aql bilan teran nazar tashlaydi, kelishi yoki sodir bo'lishi mumkin bo'lgan fitna-fasod, xavf-xatarni oldini olish va bartaraf qilish harakatida bo'ladi. Aksincha, g'ofil, beparvo va loqayd bo'lgan kimsa esa atrofida nimalar bo'layotganiga ham e'tibor bermay, oxir oqibat turli balo va musibatlarga duchor bo'ladi. Payg'ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam hayot vaqtlarida aslo vujudga kelmagan, ammo kelajak asrlarda vujudga kelishi mumkin bo'lgan, xalq va millatlar birligi va osoyishtaligiga tahdid soluvchi fitna-fasod, buzg'unchiliklar haqida xabar berib: “Ummatimdan qaysi biri ummatimga qarshi chiqsa, uning yaxshi va yomonini farqiga bormasa, mo'miniga ziyon tegishidan o'zini tiymasa, bergan va'dasiga vafo qilmasa, u mening ummatim emas!”-deya ogoh etgan edilar. 

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bizga qarata: “Men vafot qilganimdan keyin asara (Mol-dunyo to'plab manmanlik qilmoq)ning hamda o'zlaringiz nafratlanadigan boshqa ishlarning guvohi bo'lasizlar,” – dedilar. Sahobalar: Yo Rasululloh, bizga nima deb amr qilasiz? U zot: “Amirlaringizning farmoishlariga itoat etinglar va Alloh taolo oldidagi burchingizni bajo keltiringlar!” – dedilar”. Mazkur hadisi sharifdan ma'lum bo'ladiki, jamiyat orasida turli fitnalar boshlanganda xalq uchun eng to'g'ri yo'l – yurt rahbariga, hokimlarga itoat etish, farmonlarini bajarishdir. Chunki, odatda yurt rahbarigina xalq tinchligini ta'minlab berish va fuqarolarning farovon hayot kechirishi uchun jon kuydirar ekan. 

Hulosa shuki, jonajon yurtimizni turli xil fitna, g'arazli xuruj va yot g'oyalardan, himoya qilish hamda ularning asl maqsadlarini birinchi navbatda o'sib kelayotgan yosh avlodga shuningdek, barcha fuqarolarimizga tushuntirish muhim ekanligini har birimiz chuqur his etishimiz kerak. 

Din niqobi ostidagi har xil oqim va firqalarning diniy-ekstremistik ruhdagi aqidalari barqaror hayotimizga tahdid solayotgaligini bot-bot takrorlab, vatandoshlarimizni loqaydlik, befarqlikdan yiroq bo'lgan holda mavjud vaziyatdan ogohlikka chaqirishga har birimiz burchlimiz. Zero, donishmandlar “beparvo – pushaymonda, ehtiyotkor – omonda” deya bejiz aytishmagan.

 

H.Matyakubov

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

ARAFOTDA ZIYORATCHILAR DUO-ILTIJOLARGA KIRISHDI

26.05.2026   3367   1 min.
ARAFOTDA ZIYORATCHILAR DUO-ILTIJOLARGA KIRISHDI

Bugun, zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni yurtimiz ziyoratchilari hajning eng muhim farzini ado etish maqsadida Arafot maydoniga borib joylashdi.



Hadislarda keltirilishicha, Arafot ulug‘ manzillardan biri bo‘lib, bu yerda qilingan duolar shak-shubhasiz qabul bo‘ladi. Buni yaxshi anglagan hojilar har damni g‘animat bilib, bundan unumli foydalanmoqda.
 

Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda.


 

Hojilarimiz Arafotda duoi xayrlar, ibodatlar bilan bo‘lib, peshin va asr namozlarini jam qilib o‘qiydilar. Duo va tazarrularda bardavom bo‘ladilar. Alloh taolodan yurtimiz tinch, xalqimiz hayoti yanada farovon bo‘lishini, farzandu arjumandlarimiz baxtu saodatini so‘rab iltijolar qilishadi.



O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

ARAFOTDA ZIYORATCHILAR DUO-ILTIJOLARGA KIRISHDI ARAFOTDA ZIYORATCHILAR DUO-ILTIJOLARGA KIRISHDI
O'zbekiston yangiliklari