Joriy yilda o'zbekistonlik qorilarni xorij davlatlarga yuborish davom etmoqda. Kuni kecha 2 nafar qorimiz Rossiya Federatsiyasi shaharlariga jo'nab ketishdi.
Rossiya Federatsiyasi Uzoq sharq musulmonlari diniy idorasi taklifiga ko'ra, Toshkent shahridagi “To'lqin Akrom o'g'li” masjidi imom noibi Jamoliddin Qodirov va “Said Vaqqos ota” masjidi imom noibi Fazliddin Mamadaliyev Vladivostok va Janubiy Saxalin shaharlarida mutasaddi vakillar tomonidan kutib olindi.
Qorilarimiz Ramazon oyi davomida tarovih namozlarida Qur'oni karimni masjid qavmiga xatm qilish bilan birga diniy-ma'rifiy suhbatlar ham o'tkazishadi.
Alloh taolodan qorilarimizga o'zga yurt mehroblarida nusrat tilab, yuzlari yorug', hifzlari mustahkam bo'lishini, buyuk allomalarimiz kabi Vatanimiz dovrug'ini baland ko'tarsin.
Safar tafsilotlari haqida portalimiz orqali xabar berib boramiz, inshoalloh.





O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Yaqinlashib kelayotgan muborak Qurbon hayiti ayyomiga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Surxondaryo viloyatidagi barcha qabriston va ziyoratgohlarda umumxalq xayriya hasharlari yuqori uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.
Mazkur savobli tadbirlarda diniy soha vakillari ham alohida faollik ko‘rsatib, o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqdalar.
Joriy yilning 23 may kuni viloyat hokimining o‘rinbosari hamda viloyat bosh imom-xatibi Rasuljon domla Abdullayev Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Ma’rifat” mahallasida joylashgan “Mullo Hazrat” qabristoniga tashrif buyurdilar.
Mutasaddilar u yerda olib borilayotgan tozalash va ko‘klamzorlashtirish ishlari jarayoni bilan yaqindan tanishib, hududni yanada tartibga keltirish hamda ziyoratchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalarni berdilar.
Bu kabi xayrli hashar tadbirlari ayni paytda viloyatning barcha shahar va tumanlarida qizg‘in davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati