Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Mart, 2026   |   13 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:38
Quyosh
06:56
Peshin
12:40
Asr
16:30
Shom
18:19
Xufton
19:30
Bismillah
02 Mart, 2026, 13 Ramazon, 1447

Prezident Shavkat Mirziyoev: "...Hech qayerni yopmaymiz, lekin tartib-intizomni kuchaytiramiz..."

02.04.2021   1809   9 min.
Prezident Shavkat Mirziyoev:

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 1 aprel' kuni aholi salomatligini saqlash va koronavirusga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig'ilishi o'tkazildi.

Ma'lumki, 2020 yil 12 noyabrda davlatimiz rahbarining birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish to'g'risida farmoni, tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirish orqali jamoat salomatligini ta'minlash bo'yicha qarori qabul qilingan edi. Ularga muvofiq, kasalliklarni erta aniqlash, to'g'ri tashxislash va davolash uslublarini o'zgartirib, bu borada yangicha tizim tashkil etila boshlangandi.

Yig'ilishda ushbu vazifalar ijrosi haqida so'z borar ekan, Prezident uchta savolni o'rtaga qo'ydi:

birinchi – joriy etilgan yangi tizim bo'yicha tibbiy xarita shakllantirilgani, aholining xavf guruhlariga bo'lingani nimani ko'rsatdi?

ikkinchi – mahallalar kesimida tibbiyot brigadalari shakllantirilib, aholi bilan manzilli ishlay boshlaganidan qancha odam rozi bo'ldi?

uchinchi – tibbiyot muassasalarida qaysi xizmatlar bepul bo'ldi?

Hozirgi ahvol talabga javob bermayotgani, sohadagi o'zgarishlarni aholi tezroq sezishi kerakligi ta'kidlandi. Islohotlarni jadallashtirish uchun Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlarga Bosh vazir o'rinbosari, sog'liqni saqlash vaziri va uning o'rinbosarlaridan mas'ullar biriktirildi.

Prezidentning 12 noyabrdagi yana bir qaroriga ko'ra, Sirdaryo viloyatida sog'liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug'urtasi mexanizmlarini joriy etish bo'yicha tajriba-sinov o'tkazildi. Yig'ilishda Sirdaryo viloyati sog'liqni saqlash boshqarmasi boshlig'i mazkur yangi tizim natijalari haqida hisobot berdi.

Aytib o'tilganidek, Sirdaryo viloyatining 236 ta mahallasini to'liq qamrab olish uchun 421 ta tibbiyot brigadasi tashkil etilgan. Aholining salomatlik holati xatlovdan o'tkazilib, ular 4 ta xavf guruhiga ajratilgan va viloyatning “elektron tibbiy xaritasi” yaratilgan.

Misol uchun, Boyovut tumanida 31 ming aholi o'zini sog'lom deb bilsa-da, ortiqcha vazn, noto'g'ri ovqatlanish, zararli odatlar tufayli ularda yurak-qon tomir, diabet, o'pka kasalliklariga chalinish ehtimoli yuqori ekani aniqlangan. Shuningdek, ilgari shifokorga murojaat qilmagan 257 nafar fuqaroda kasalliklar og'ir bosqichda ekani ma'lum bo'lgan.

Davlatimiz rahbari bu tajribani tizimli davom ettirib, barcha hududlarda joriy etish bo'yicha ko'rsatma berdi. Buning uchun qishloq va mahallalarda tibbiyot brigadalari tashkil etilib, aholini manzilli ko'rikdan o'tkazish va davolash ishlari olib boriladi, hududlarning “tibbiy xaritalari” shakllantiriladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining vertikal ish tizimini takomillashtirib, ularni oilaviy shifokor punktlari bilan bog'lash zarurligi ta'kidlandi. Ya'ni, bemorlarni ovora qilib poytaxtga yubormasdan, ularga yashash joyida malakali tibbiy yordam olish imkoniyatini yaratish kerak.

O'tgan yili ixtisoslashtirilgan markazlarda davolanishga muhtoj 84 ming nafar bemordan atigi 51 ming nafari bepul order bilan ta'minlangan.

Prezident orderlar uchun mablag'ni deyarli 1,5 baravarga ko'paytirib, qo'shimcha 80 milliard so'm ajratish bo'yicha Moliya vazirligiga ko'rsatma berdi.

Sog'liqni saqlash vazirligiga hokimliklar bilan birga, yil yakuniga qadar har bir bemorni sog'lomlashtirish manzili va muddatlarini belgilab, davolashni tashkil etish bo'yicha vazifa qo'yildi. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari o'z yo'nalishi bo'yicha hududlardagi 3 mingdan ziyod oilaviy shifokorni qisqa muddatli kurslarda o'qitadigan bo'ldi.

Yana bir masala – bugungi kunda donor bemorning yaqin qarindoshi bo'lmasa, transplantatsiyaga ruxsat berilmagan. Oqibatda, ko'pchilik fuqarolarimiz bunday amaliyotni chet elda o'tkazishga majbur bo'lmoqda. Shu bois inson a'zolari transplantatsiyasining qonuniy asoslarini ishlab chiqish muhimligi ta'kidlandi.

Tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish maqsadida mamlakatimizda xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun barcha huquqiy asoslar, imkoniyatlar yaratilgan. Lekin hududlarda kasalliklarning turiga qarab, xususiy shifo maskanlarini tashkil etish ishlari etarli darajada emasligi qayd etildi.

Misol uchun, aholi orasida ehtiyoj yuqori bo'lgan gemodializ, tibbiy diagnostika va reabilitatsiya xizmatlari bo'yicha xususiy klinikalar etishmaydi.

Mutasaddilarga davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni ko'paytirish, 170 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmalarini komp'yuter tomograflari bilan ta'minlash, ulardan foydalanish bo'yicha xodimlar malakasini oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Sohadagi korruptsiya illatiga ham to'xtalib o'tildi. O'tgan yili tizimda 30 milliard so'mdan ortiq mablag' talon-toroj qilingani aytildi. Shuning uchun, ta'sirchan nazorat tizimini o'rnatib, ajratilayotgan mablag'lar joyiga etib borishi, dori-darmon va tibbiyot uskunalarining ochiq-oshkora sotib olinishi, pullik xizmatlardan tushumlar maqsadli ishlatilishini ta'minlash bo'yicha ko'rsatmalar berildi. 

Yig'ilishda kadrlar masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Ma'lumki, bu borada chekka hududlarda ehtiyoj yuqoriligini inobatga olib, “Qishloq shifokori” dasturi qabul qilingan edi. Bunday joylarda ishlamoqchi bo'lgan shifokorlarga 30 million so'm pul berilishi belgilanib, bu maqsadlar uchun byudjetdan 20 milliard so'm ajratilgan. Lekin, oradan 4 oy vaqt o'tgan bo'lsa-da, birorta talabgor bilan shartnoma imzolanmagan. Vaholanki, bugungi kunda olis va chekka hududlar uchun 220 nafar shifokor zarur. Bundan tashqari, hududlarda 10 ming nafar tor mutaxassis etishmaydi.

Shu bois kelgusi o'quv yilidan klinik ordinaturaning qabul kvotasi ikki baravarga oshirilishi belgilandi. Ushbu yangi tizimda ordinatorlar o'quv jarayonining yarmini oliygoh va ixtisoslashgan markazlarda, qolgan yarmini esa ish joyida davom ettiradi. Viloyat hokimlari o'z hududi uchun zarur bo'lgan tor mutaxassislikdagi shifokorlarni tayyorlash uchun mahalliy byudjetdan grant ajratadi.

Davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasi bilan bog'liq vaziyatga alohida to'xtaldi.

– Joriy yil boshida kuniga o'rtacha 30-40 nafar bemor aniqlangan bo'lsa, mart oyi o'rtalaridan bu ko'rsatkich 160-180 nafarni tashkil etmoqda. Kasallikning o'ta og'ir kechishi, hattoki o'lim holatlari ham qayd etilmoqda. Buning sababi – ko'pchilik fuqarolar xotirjamlikka berilib, tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish kabi karantin talablariga befarq bo'lib qoldi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Bosh vazirga koronavirusga qarshi kurashish bo'yicha hududiy shtablar faoliyatini kuchaytirish, tunu kun ishlaydigan “koll-markaz”lar va mobil brigadalar faoliyatini yo'lga qo'yish bo'yicha topshiriq berildi. Dori-darmon va himoya vositalarining kamida 3 oylik zaxirasini shakllantirish, hududlarda 60 ta kislorod stantsiyasini ishga tushirib, reanimatsiya va intensiv davolash bo'limlarini kislorod bilan uzluksiz ta'minlash vazifasi qo'yildi.

– Afsuski, bu baloning oxiri ko'rinmayapti. Yevropa davlatlari yana lokdaunga kiryapti. Qo'shnilarimizda ham ahvol yaxshi emas. Havf yonimizda yuribdi. Shuning uchun ogoh bo'lishimiz kerak. Oldin qanday ishlagan bo'lsak, shu tartibni tiklaymiz. Hudo ko'rsatmasin, shuncha qilgan harakatimiz bekorga ketishi mumkin. Iqtisodiyot nuqtai nazaridan juda katta marralar qo'yganmiz. Agar yopilib qolsak, bu natijalarga erisholmaymiz. Hech qayerni yopmaymiz, lekin tartib-intizomni kuchaytiramiz. Kasallanganlarni ham tez-tez davolash choralarini ko'rish kerak, – dedi Prezident.

Aprel'-iyun' oylarida xavf guruhiga mansub 4 milliondan ortiq aholini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan. Hozirda 660 ming doza vaktsina olib kelingan. Hukumat komissiyasiga Hitoydan yana 3,5 million doza va Rossiyadan 1 million doza vaktsina sotib olish bo'yicha ko'rsatma berildi.

Fuqarolarni yashash manzili bo'yicha emlash kuni va joyi haqida xabardor qilib borish muhimligi ta'kidlandi.

Yig'ilishda muhokama qilingan masalalar bo'yicha vazirlar, hokimlar va tibbiyot muassasalari rahbarlari axborot berdi.

O'zA

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qalb qanday ro‘za tutadi?

27.02.2026   3515   5 min.
Qalb qanday ro‘za tutadi?

Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga iymon keltirsa, U zot uning qalbini hidoyatga solur…” (Tag‘obun surasi, 11-oyat).

Qalb har bir amalning asli va barcha harakatlarning negizidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Ogoh bo‘linglar, jasadda bir parcha go‘sht bor. Agar u to‘g‘ri bo‘lsa jasadning barchasi to‘g‘ri bo‘ladi, agar u fasod bo‘lsa jasadning barchasi fasod bo‘ladi. Ogoh bo‘linglar, u qalbdir”.

Qalbning to‘g‘ri bo‘lishi dunyo va oxiratdagi saodat, uning buzuq bo‘lishi esa halokatdir. Alloh taolo aytadi: “Albatta, bunda qalbi borlarga va zehn bilan quloq osganlarga eslatma bordir” (Qof surasi, 37-oyat).

Har bir yaratilgan jonzotda qalb bo‘ladi. Ammo bu qalblar ikki xil: biri iymon ila munavvar, taqvo ila obod bo‘lgan tirik qalb; ikkinchisi xarob bo‘lib so‘ngan, kasal va o‘lik qalbdir. Alloh taolo aytadi: “Ularning qalblarida kasal bor. Alloh kasallarini ziyoda qildi. Va ularga yolg‘on gapirganlari uchun alamli azob bor” (Baqara surasi, 10-oyat). Alloh taolo boshqa oyatda esa bunday marhamat qiladi: «Va ular: “Qalbimiz g‘iloflangan”, deyishadi. Yo‘q, unday emas, kufrlari sababli Alloh ularni la’natlagan. Bas, ozginagina iymon keltiradilar» (Baqara surasi, 88-oyat).

Alloh taolo o‘lik qalblilar haqida yana bunday deydi: «Ular: “Qalblarimiz sen da’vat qilayotgan narsadan g‘iloflardadir, quloqlarimizda og‘irlik bor, sen bilan bizning oramizda esa, parda bor. Bas, sen amalingni qilaver, biz ham, albatta, o‘z amalimizni qilguvchilarmiz”, dedilar» (Fussilat surasi, 5-oyat).

Allohning dushmanlarida ham qalb bo‘ladi, lekin u hech narsani anglamaydi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday duo qilar edilar: “Ey, qalblarni boshqaruvchi! Mening qalbimni diningda sobit qil!”.

Mo‘minning qalbi doimo ro‘za tutadi. Uning ro‘za tutishi halokatga olib boruvchi shirk, botil e’tiqod, yomon vasvasa va niyatlardan forig‘ qilish bilan bo‘ladi. Mo‘minning qalbi Allohning muhabbati ila oboddir.

Mo‘minning qalbida unga zulmat aralasha olmaydigan yorqin nur bor. Bu abadiy risolat, samoviy ta’limotlar va rabboniy shariat nuridir. Ushbu nurga Alloh taolo bandaga tabiiy fitrat qilib bergan nur qo‘shiladi va ikki ulkan nur jamlanadi. Alloh taolo aytadi: (Bu) nur ustiga nurdir. Alloh xohlagan odamni O‘z nuriga hidoyat qilur. Alloh odamlarga misollarni keltirur. Alloh har bir narsani o‘ta bilguvchidir” (Nur surasi, 35-oyat).

Mo‘minning qalbi chiroq kabi porlaydi, Quyosh kabi nur sochadi va subh kabi yaltiraydi. U oyati karimalarni tinglaganda, ularning ma’nolarini tafakkur qilganda qalbidagi ishonchi yanada ziyoda bo‘ladi.

Mo‘minning qalbi kibrdan ro‘za tutadi, chunki u qalb ro‘zasini buzib yuboradi. Kibr uning qalbiga o‘rnashmaydi, zero, u harom amaldir. Kibrning asl o‘rni qalbda bo‘ladi, agar kibr qalbga o‘rnashsa o‘z sohibini halok qiladi. Hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: “Kibriyo Mening ridoyimdir, ulug‘lik Mening izorimdir. Kim ikkisida Men bilan talashsa uni azoblayman”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim Allohga takabburlik qilsa uni xorlaydi. Kim Alloh uchun tavoze’li bo‘lsa uni yuksaltiradi”.

Mo‘minning qalbi ujbdan ham ro‘za tutadi. Ujb – insonning o‘zini mukammal, boshqalardan afzal va unda boshqalarda yo‘q narsa bor deb tasavvur qilishidir. Bu esa ayni halokatdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uch narsa halok qiluvchidir: kishi o‘z nafsidan ajablanishi, qattiq xasislik va ergashiladiga havo (havoyi nafs)”, deganlar.

Ujbning davosi inson o‘z ayblari, xatolarining ko‘pligini hamda minglab qilgan, so‘ngra ularni esdan chiqargan gunoh va yomonliklarini yodidan ko‘tarmasligidir. Binobarin, ularning hisobi Robbimiz huzurida, U adashmaydi va unutmaydi.

Mo‘minning qalbi hasaddan ro‘za tutadi. Chunki hasad yaxshi amallarni olov kabi kuydiradi, qalbning nurini o‘chiradi va bandani Alloh tomon yurishini to‘xtatib qo‘yadi. Alloh taolo aytadi: “Yoki Alloh odamlarga O‘z fazlidan bergan narsalarga hasad qilmoqdalarmi?” (Niso surasi, 54-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Bir-biringizga hasad qilmanglar, bir-biringizdan nafratlanmanglar, o‘zaro urushmanglar va o‘zaro najsh (insonla o‘zaro kelishib bir narsaning narxini oshirishi) savdosini qilmanglar. Ba’zingiz ba’zingizning savdosi ustiga savdo qilmasin”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uch marta sahobalaridan bir kishining jannat ahlidan ekanining xabarini berdilar. U kishi nima evaziga jannatga kirgani haqida so‘ralganida: “Qalbimda biror mo‘minga hasad, nafrat yoki muttahamlik bor holida hech uyquga yotmadim”, deya javob berdi. Oriflarning ro‘zasi bo‘lmish qalb ro‘zasini tutuvchilar bormi? Shoir aytadi:

Oriflar ro‘zasi ichra olamlar Robbi rizosin istash bordir,
Har zamon ular qalbi soim, sahar vaqti hollari istig‘fordir.

Allohim, qalblarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshlagin, ularni iymonda sobit ayla!


Doktor Oiz al-Qarniyning
"Ro‘zadorlar uchun darslar" kitobidan

Maqolalar