Qadimda Pompey degan shahar bo'lgan. Bu hozirgi Italiyaning Neapol shahri yaqinida joylashgan. Bu shahar aholisi fahshga, hatto hayvonlar qilmaydigan ish: lo'ttibozlikka o'ta berilgan, hatto ularning fahsh bilan shug'ullanishi hozirgi buzuqchilik avj olgan davlatlarda bo'ladigan fahshlardan-da o'tib ketgan edi. Bu shaharda zino, jirkanchliklar odamlar ko'z o'ngida, ko'chalarda, do'konlarda, uylarda, maydonlarda, ommaning ko'z o'ngida, farzandlar oldida sodir etilardi. Eng achinarlisi, ular qilayotgan iflosliklaridan fahrlanishardi.
Keling, Alloh taolo Pompey aholisini qanday halok qilgani va Qur'oni Karimda o'n to'rt asr oldin bunga qanday ishora etilgani borasida so'z yuritsak.
Tarixchilarning ta'kidlashicha, Alloh taolo ushbu shahar aholisini milodiy 79 yil 24 avgustda halok qilgan. O'shanda shahar yaqinidagi Vezuviy vulqoni otilib, undan chiqqan lava (o'ta yuqori darajadagi suyuq olov) shahar aholisi ustiga yog'ilgan. Vulqon lavasi va kullari shahar ustiga shu qadar tezlik bilan katta miqdorda yog'ilganki, buning oqibatida aholining hammasi turgan joyida tosh bo'lib qotib qolgan. E'tiborlisi Alloh taolo ularni kul qilib yubordmadi toshga aylantirdi. Qotib qolgan jasadlar ustida lava toshlari izlari, ularning yuzida esa azob, og'riq alomatlari yaqqol sezilib turganini ko'rish mumkin.
O'sha voqeaning guvohi bo'lgan siyosatchi va yozuvchi kichik Pliniy o'z esdaliklarida shunday yozib qoldirgan: “Ulkan qora bulut tezlik bilan yaqinlashib kela boshladi. Ichida esa juda katta hajmda chaqmoq chaqishiga o'xshagan olov ko'rinib turardi”.
Ha, mazkur hodisadan ancha yillar o'tgach, o'lik shaharlarni qazish jarayonida o'sha hududdagi hamma narsa asl holatida saqlanib qolganligi ma'lum bo'ldi. Qalin kul ostidan ko'chalar, to'liq jihozlangan uylar, odamlar va hayvonlar qoldiqlari topildi. Pompey aholisining aksariyati hodisada halok bo'lgan.
Pompeyshunos tarixchi olim Piyer Paolo shunday deydi: “Avvaliga er silkinishlari bo'lgan, keyin qattiq portlash yuz bergan. Undan keyin Vezuviy ustida ulkan qora tutun paydo bo'lib, kraterdan katta bosimdagi qaynoq gaz ajralib chiqa boshlagan. Vulqondan chiqayotgan issiqlik energiyasining miqdori Hirosimaga tashlangan atom bombasi chiqargan issiqlik energiyasidan bir necha barobar ko'p bo'lgan. Vulqon otilishi natijasida shahar tarafga mayda qattiq jinslar, vulqon kullari va g'ovakli toshlardan iborat tutun juda katta tezlik, chamamda – soatiga 500-700 km tezlikda kela boshlagan. Tutunning balandligi 30-50 metrdan yuqori bo'lgan. Osmonni qoplab olgan ulkan massali tutun shahar ustiga tushib, qisqa muddat ichida Pompeyni qoplab olgan”.
Pompey aholisi ko'chalarni tark etib, uylariga yashirinishadi. Ular uyning tomi ishonchli, bizni saqlab qoladi deb o'ylashadi. Shahar esa tutun sababli zulmat ichida qolgan edi. Og'ir massali kul va qaynoq toshlar uylarning tomlarini ham buzib, ichkariga kira boshlagan. Kamiga zaharli gaz odamlarni karaxt qilgan va natijada hech kim qochishga ulgurmagan.
Gazning o'zi zaharli bo'lishi bilan birga harorati 500-700 darajada issiq edi. Bunday kulli va issiq haroratli gaz yo'lida uchragan barcha narsani yondirib yuborardi. Ko'chada, yo'llarda, uylarida bo'lgan barcha kimsalar issiqdan, zaharli gaz va toshlarning balandlikdan tushishidan halok bo'ldilar. Arxeologlar ko'p miqdorda otlar va boshqa hayvonlarning qotib qolgan jasadlarini ham topdilar.
Shu o'rinda bir savol tug'iladi? O'ta yuqori haroratdagi tutun va kul insonni eritib yuborishi kerak edi. Ammo Pompey aholisi mazkur halokatdan paytida erib ketmay, qotib qolgan. Nima uchun? Buning sababi shuki, Alloh taolo fahsh va zinoga berilgan kimsalarni qanday ahvolga solganini, qanday halokatga duchor qilganini keyingi insoniyatga bildirish, ibrat qilish uchun ularni qotirib qo'ydi.
Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَلَوْ نَشَاء لَمَسَخْنَاهُمْ عَلَى مَكَانَتِهِمْ فَمَا اسْتَطَاعُوا مُضِيّاً وَلَا يَرْجِعُونَ
“Agar xohlasak, ularni joylarida qotirib qo'yurmiz. Bas, oldingi yurishga ham qodir bo'lmaslar, ortga ham qayta olmaslar” (Yosin surasi, 67-oyat).
Ushbu oyat mufassirlarni lol qoldirgan. Ibn Abbos roziyallohu anhumo bu oyat ma'nosining tarjimasi “Agar xohlasak, ularni uylarida turganlarida halok qilurmiz” bo'ladi” deganlar.
Ibn Kasir rahimahulloh ushbu oyat tafsirida bunday deganlar:
“Oyatdagi “masx” so'zining ma'nosi tashqi ko'rinishni o'zgartirib, uni tosh yo jonsiz narsa yoki hayvonga aylantirib qo'yishdir”.
Hasan Basriy rahimahulloh va Qatoda rahimahulloh “Bu oyat ularni oyoqlari turgan joyda qotirib qo'yamiz” degan ma'nodadir. Shuning uchun Alloh taolo “Bas, oldingi yurishga ham qodir bo'lmaslar, ortga ham qayta olmaslar” degan. Ha, ular bir holda qotib qoladilar. Oldinga ham, orqaga ham siljiy olmaydilar” deya tafsir qilishgan.
Imom Bag'aviy rahimahulloh o'zlarining tafsirlarida bu oyatni “Agar xohlasak, ularni o'z uylarida o'tirganlarida toshlarga aylantirib qo'yamiz. Ularning ruhlari bo'lmaydi” deya tafsir qilganlar.
E'tibor bersak, ushbu tafsirda Imom Bag'aviy rahimahulloh oyatda zikr qilinayotgan kimsalarning ruhlari bo'lmasligini, faqatgina shakllari bo'lishini, o'zlari esa uylarida toshga aylantirilgan holda o'tirishlarini aytyaptilar.
Bu esa biz so'z yuritayotgan Pompey aholisining halok etilishi va undan keyingi qotib qolgan qoldiqlariga aynan mos keladi.
Qur'oni Karimda bundan o'n to'rt asr oldin mazkur hodisa haqida aytib qo'yilgani Qur'on Alloh taoloning haq kalomi ekanligiga va Muhammad sollallohu alayhi vasallam Uning haq Payg'ambari ekanliklariga yaqqol dalildir!
Azizlar, barchamiz zino, fahsh va lo'ttibozlik kabi iflosliklarning barcha ko'rinishlaridan uzoq bo'lib, iffatli, hayoli bo'laylik! Zero, Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَلاَ تَقْرَبُواْ الزِّنَى إِنَّهُ كَانَ فَاحِشَةً وَسَاء سَبِيلاً
“Va zinoga yaqinlashmanglar. Albatta, u fohisha ish va yomon yo'ldir”. (Oyatda «zino qilmanglar» emas, balki «zinoga yaqinlashmanglar» deyilmoqda. Bu degani, zino qilmanglar, degandan ko'ra qattiqroqdir. Mo'min-musulmon odam zino qilish tugul, uning yaqiniga ham yo'lamasligi kerak. Zinoga olib boruvchi narsalardan ham uzoqda bo'lishi lozim.) (Isro surasi, 32-oyat).
Boshqa bir oyatda esa Alloh taolo payg'ambari Lut alayhissalomning qavmi bilan munozara qilgani haqida xabar berib, shunday deydi: “Sizlar butun olamlardan (ajrab – hech bir jonzot qilmagan ishni qilib, ayollarga uylanish o'rniga) erkaklarga yaqinlashurmisizlar?! Va Parvardigoringiz sizlar uchun yaratgan jufti halollaringizni tark qilurmisizlar?! Yo'q, sizlar haddan oshguvchi qavmdirsizlar” (Shuaro surasi, 165–166).
Alloh taolo barchamizni haromdan va unga olib boruvchi barcha fahsh ishlardan yiroq qilib, iffatli, hayoli bandalardan bo'lishimizni nasib etsin!
Manbalar asosida Sayyid Abror Umar tayyorladi
Yarmuk – musulmon va Rum qo‘shinlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jang. Unda asrlar o‘tsa-da, mangulikka yuz tutgan ajib lavhalar bor. Ularning ba’zilari quyidagilardir:
Urushning ayni qizigan pallasi. Bir kishi Abu Ubayda ibn Jarroh hazratlariga yaqinlashdi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: “Men shahid bo‘lishga astoydil bel bog‘ladim”, dedi. Haligi kishi: “Biror-bir gapingiz bo‘lsa ayting, men Rasululloh bilan ko‘rishgan paytim u zotga yetkazib qo‘yaman”, dedi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: «Ha, u zotga buni yetkaz: “Rasululloh, bizlar Robbimizning va’dasi haq ekanini topdik”», dedilar.
Rum qo‘shinlarining hujumi kuchaygan paytda Ikrima ibn Abu Jahl roziyallohu anhu musulmonlarning orasida: “Alloh taolo meni hidoyat qilmasidan avval men Rasulullohga qarshi jang qilardim, endi bugun Allohning dushmanlaridan qochib ketamanmi!” – deya jar solardi. Oradan ko‘p o‘tmay, Abu Jahl yana: “Kim o‘limga bay’at qiladi?”[1] – dedi.
Musulmonlarning bir jamoasi u zotga bay’at qilishdi va ularning barchasi birgalikda jang maydoniga kirishdi. Ularning maqsadlari g‘alaba va shahidlik edi. Alloh taolo ularning bay’atlarini qabul qildi va ularning bari Allohning inoyati ila shahidlikka erishdilar.
Tarix zarvaraqlariga e’tibor qarating. Buyuk qo‘mondon Xolid ibn Valid 100 kishilik qo‘shini bilan to‘rt ming kishilik Rum qo‘shinlariga qarshi turdilar. Qarang-a! Yuz kishilik qo‘shin to‘rt mingta askarga qarshi chiqib, ularni yengsa-ya?! Bu ularning qalblari Allohga bo‘lgan iymonlari bilan to‘lib-toshgani ekanining belgisi emasmi?!
Urush biroz tinchib turgan paytda Xolid ibn Validning oldiga Jo‘rja ismli Rum qo‘mondoni keldi va: “Ey Xolid, nimaga da’vat qilyapsan? Ayni paytda Islomni qabul qilgan kishiga ham sizlarga berilgandagi kabi ajru savob nasib qiladimi?” – deb so‘radi.
Sahobiy: “Ha. Undan ko‘prog‘i ham nasib etishi mumkin”, dedi.
“Qanday qilib? Axir sizlar avvaldan musulmon bo‘lib, o‘zib ketgansizlar-ku?!” – dedi Rum qo‘mondoni. Xolid ibn Valid roziyallohu anhu: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yashadik va u zotning mo‘jizalariga guvoh bo‘ldik.
Bizning ko‘rganlarimizni ko‘rib, biz eshitgan narsalarni eshitgan odam Islomni osonlikcha qabul qilishi haqiqat. Lekin sizlar u zotni ko‘rmagansizlar, u zotning gaplarini eshitmagansizlar, bunday holda g‘aybga iymon keltirgan bo‘lasizlar. Agar sizlar niyatingiz, qalbingiz ila Allohga iymonda rostgo‘y bo‘lsalaringiz, sizlarning savoblaringiz buyukroq bo‘ladi”, dedilar. Bu gaplarni eshitgan Rum qo‘mondoni oh urdi va: “Ey Xolid, menga Islomni o‘rgat”, deya o‘zini Xolid roziyallohu anhu tarafga tashladi.
Shunday qilib Rum qo‘mondoni Islomni qabul qildi. Alloh taolo uchun ikki rakat namoz o‘qidi, haqiqatda ikki rakat, bundan boshqacha emas. Ikki taraf yana urushga kirishdi. Jo‘rja endi musulmon askarlar safida shahidlik maqomiga erishish ilinjida jang qilardi.
Ha! O‘sha ikki rakat namoz sababidan Allohning izni ila unga jannat nasib etdi, uning bundan boshqa amali yo‘q edi...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Buning ma’nosi: “Men o‘lgunimcha shu jang maydonidan ortga chekinmayman, to so‘nggi nafasim qolgunicha musulmonlar safida Allohning dushmanlariga qarshi jang qilaman, meni faqatgina o‘lim to‘xtata oladi” (Tarj.).