Abu Jandal ibn Suhayl ibn Amr ibn Abdushshams ibn Abduvad ibn Nasr ibn Hasl ibn Omir ibn Luay ibn G'olib ibn Fihr Omiriy Qurayshiydir. Ismi Os.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning eng buyuk sahobalaridan biri bo'lgan. Islomga kirganda otasi uni uyga qamab, qo'llariga kishan solib qo'ydi. Hudaybiya sulhi kunida kishanlarini echib qochib ketdi. O'sha paytda otasi Rosulullohning yonlarida sulh yozish uchun hozir edi.
Ulug' sahobiy Abu Jandal roziyallohu anhuning hijrat qilishlari haqidagi qissa ular uchun ham ular bilan birga xayrihoh bo'lganlar uchun ham juda og'ir qissadir. Bu hijrat Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga ham juda og'ir mashaqqat yukladi. Chunki Abu Jandal ibn Suhayl ibn Amr roziyallohu anhu Hudaybiya sulhi imzolangan paytda Rosulullohning yonlariga keldi. Otasi Suhayl ibn Amr Qurayshning kattalaridan bo'lib, uni qo'l oyoqlarini zanjirband qilib qo'ygan edi. Otasi badjahl, qattiq-qattiq gapiradigan, nutqi fasohatli kishi edi. Sulhning shartlaridan biri, kimki Makkadan mo'min bo'lib hijrat qilib kelsa, uni ortiga qaytarib yuborish edi. Kimki Makkaga Rosulullohning huzurlarida ketsa, ular uni ortiga qaytarmasliklari edi. Bu ish sahobalarga juda og'ir keldi, ayniqsa Abu Jandalni kishanlardan qiynalib Nabiy alayhissalomdan uni Qurayshdan himoyasiga olishini so'rab kelganini ko'rganlarida og'riqlari yanada ortdi. Shu zahoti Suhayl ibn Amr o'zi va Nabiy alayhissalomning o'rtalaridagi sulhni tuzdi va aytdiki: "Bu oramizdagi birinchi kelishuvdir". Va Abu Jandal qaytarilishini talab qildi. Nabiy alayhissalom bu kelishuvdan Abu Jandal istisno bo'lishini so'radilar. Lekin Suhayl bundan bosh tortdi va Abu Jandalni o'zi bilan olib ketdi.
Bu haqida Ibn Sirindan kelgan rivoyatda: Nabiy alayhissalom Abu Jandalga: "Ey Abu Jandal sabrli bo'l, savob olasan. Alloh taolo senga va sen kabi zaiflarga osonchilik beradi. Biz qavming bilan ahdlashdik, ahdimizga vafo qilamiz, ahdimizni buzolmaymiz", dedilar.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhu Abu Jandalni chetga oldilar va: "Sabr qil Ey Abu Jandal, ular mushriklardir. Albatta, ularning qoni itning qoni bilan barobardir", dedilar va Abu Jandalga qilichni sopini yaqinlashtirdilar.
Keyinchalik Umar roziyallohu anhu: "Men uni qilichni olib, otasini uradi deb o'ylagan edim, lekin otasining hurmatini saqladi", deganlar.
Barcha siyrat kitoblarida rivoyat qilinadiki, Alloh taolo Abu Jandalni aziyatlarini aritdi, uni mushriklar qo'lidan qutulishga muvaffaq qildi va uni dengiz sohilida Abu Basir ismli kishi bilan uchrashtirdi. Ikkalalari 70 ga yaqin odam yig'dilar va Qurayshning karvonlariga katta havf tug'dira boshladilar. Ularni yonidan o'tganki karvonni tunab, ichidagilarni o'ldirishdi. Ular guruhlariga Makkadan odamlarni qabul qilishdi. Ularni kelganini eshitgan ko'plab arab qabilalari ularga qo'shilishdi, hattoki guruhidagilar soni 300 ga etdi. Va ahdiga vafo qilishni gap sotayotgan Qurayshning o'zi Abu Jandallarni Madinaga chaqirib olishlarini iltimos qilishdi. Abu Basir ko'ksida Nabiy alayhissalomning maktublari bilan vafot etdi. Abu Jandal esa Madinaga qaytdi. Amvos kunida vafot etguncha o'sha erda Allohning yo'lida jihodda bo'ldi.
“Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi mudiri F.Homidov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnat amallaridan biri haqida 100 dan ortiq hadislarda kelgan. Bu qaysi sunnat ekanini bilasizmi?
Hadis va fiqh ilmining bilimdoni Alloma Ibn Mulaqqin rahimahulloh misvok ishlatish haqida 100 dan ortiq hadis kelganini aytgan.
Xususan, "Sahih Buxoriy"da kelgan hadisda .«Payg‘ambar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Misvok og‘izni poklovchi va Robbni rozi qiluvchidir", deganlar.
Misvokni hatto ro‘zador kishi ham ishlatsa bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan oldin so‘nggi bor qilgan amallari ham, vafot etganlarida muborak qo‘llaridan tushib ketgan narsa ham misvok edi.
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Agar ummatimga mashaqqat bo‘lmasin, demaganimda ularni har tahoratda misvok qilishga amr etar edim", deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis esa Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Misvok bilan o‘qilgan ikki rakat namoz misvoksiz o‘qilgan yetmish rakat namozdan afzaldir", dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat vaqtida misvok ishlatganlar, biroq namozdan oldin misvok ishlatganlari haqida rivoyatlar yo‘q. Qolaversa, misvok ishlatilganda milklar qonab ketishi ehtimoli katta. Qon oqishi esa tahoratni sindiradi. Shuning uchun, misvokni namozdan oldin emas, aynan tahorat qilish asnosida ishlatish lozim.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, misvok ishlatish faqat tahorat va namoz bilan bog‘liq emas. Balki yana ko‘p holatlarda misvok ishlatish mumkin.
Jobir roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Xuddi kotib qulog‘iga qalam qistirib oladiganidek, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham quloqlariga misvok qistirib olar edilar” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam misvokka qanchalik ahamiyat berganlarini ko‘rsatadi. U zot ummatga misvokni targ‘ib qilgach, eng avvalo uni o‘zlari amalda ko‘rsatganlar.
Miqdom ibn Shurayh ibn Honi’ Horisiy otasidan rivoyat qiladi: “Men Oisha roziyallohu anhodan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyga kirsalar, ishni nimadan boshlar edilar?” deb so‘raganimda, u: “Misvok (ishlatish) bilan”, deb javob berdi (Imom Muslim, Imom Abu Dovud rivoyati).
Bu rivoyatlardan misvok faqat tahorat va namoz vaqtiga bog‘liq emasligini bilib olamiz.
Biz bugun og‘izni poklovchi, Robbni rozi qiluvchi bu sunnatga qanchalik amal qilyapmiz?
Tahorat olayotganimizda, uyga kirganimizda misvok ishlatyapmizmi?
Afsuski, yo‘q....Avval bilmagan bo‘lsak endi bilib oldik, amal qilishga kirishaylik va boshqalarga ham bu haqda yetkazaylik.
Davron NURMUHAMMAD