Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Mart, 2026   |   2 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:05
Quyosh
06:24
Peshin
12:35
Asr
16:48
Shom
18:41
Xufton
19:53
Bismillah
22 Mart, 2026, 2 Shavvol, 1447

Ayolni qadrlagan din

05.03.2021   2626   13 min.
Ayolni qadrlagan din

Ayol – muqaddas xilqat. Uning buyukligi, mo''tabarligi Islom dini asoslarida belgilab o'tildi. Islom ayollarning haq-huquqlarini tikladi, ularni ko'klarga ko'tarib, hurmatlarini joyiga qo'ydi.

Muqaddas dinimiz inson o'rnida ko'rilmayotgan, mislsiz aziyatlar girdobida qolgan ayolni hurmat qilish va uning huquqlarini ta'minlashni vazifa qilibgina qolmay, hatto buni ibodat darajasiga ko'tardi. U oilada qiz farzand dunyoga kelsa, motam emas, balki o'g'il tug'ilgandan-da ko'proq xursand bo'lishni amalda joriy qildi. Qizlarni yaxshi tarbiya qilganlarga o'g'il bolalarni tarbiya qilganlarga nisbatan ko'proq darajalar va'da qilindi.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kimning uch qizi yoki singlisi bo'lsa-yu, u ularning xarxashalariga, og'irliklariyu qiyinchiliklariga sabr qilsa, Alloh uni ularga ko'rsatgan rahmati tufayli jannatga kiritur». Bir kishi:

– Ikki nafar bo'lsa-chi, ey, Allohning rasuli? – deb so'radi.

– Ikki nafar bo'lsa ham, – dedilar.

Bir kishi:

– Bir nafar bo'lsa-chi, ey, Allohning rasuli? – deb so'radi.

– Bir nafar bo'lsa ham, – dedilar» .

Qiz farzandni dunyoga keltirgani uchun motam tutib, xotiniga g'azab qilib, qizini tiriklayin ko'mgan erkakka ayolning omonat ekani Payg'ambar alayhissalom tarafidan ma'lum qilindi. Bu bilan begunoh ko'milishi ehtimoli bo'lgan qizlarga vahshiyona muomala qilinishiga chek qo'yildi. Ularni barkamol kamolga etishi hamda ta'lim va tarbiyasi uchun zarur bo'lgan har bir narsani otaning zimmasiga farz qilindi. Vahshiylashib ulgurgan xalqni bu gunohi azimdan qaytarib, mehr-muruvvat ko'rsatadigan, qizlariga mehribon ota darajasiga Islom olib chiqdi.

Makka fathi kuni Ummu Honi' binti Abu Tolib bir dushman mushrikni o'z himoyasiga olib, boshpana berdi. Keyin, ukasi Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu buni bilib qolib, o'sha dushman mushrikni o'ldirmoqchi bo'ldi. Shunda Ummu Honi' Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib, bo'lgan gapni aytganida, U zot alayhissalom: «Ey, Ummu Honi', kimni himoyangga olgan bo'lsang, biz ham uni o'z himoyamizga oldik. Kimga omonlik bergan bo'lsang, biz ham unga omonlik berdik», – dedilar (Imom Abu Dovud rivyaoti).

Islomdan oldin o'zini, dunyoga keltirgan qizini himoya qila olmagan ayol, endi xohlagan kishisiga hatto siyosiy boshpana berish huquqiga ega bo'ldi – tom ma'nodagi homiyga aylandi.

Ayolni, uning hamma huquqlarini yuksaklarga ko'targan Islom onaning farzandi hukmronligidan xalos qilishdek muammoni ham hayratlanarli tarzda bitta jumla bilan hal qildi. Bu hayratomuz jumla Payg'ambar alayhissalom tilidan jaranglagan «Jannat onalar oyog'i ostidadir» (Imom Quzo'iy rivoyati), hadis edi. Shu bilan onalariga hukmron farzandlar, onalari oldida xokisor bo'lishni baxt deb bilgan bo'lsalar, farzandlar hukmronligi ostida bo'lgan onalar mislsiz martabani topishdi.

Alloh taolo Qur'ondagi eng katta suralardan birida ayollarga bog'liq hukmlarni bayon qildi va bu surani “Niso” – “Ayollar” deb nomladi. Qur'ondagi “Mujodala” surasining nozil bo'lishi ham bir mushtipar ayol tufayli edi.

 Islom kelmasidan avval arablarning johiliyat tuzumida er o'z xotiniga: «Sen men uchun onamning belidek haromsan» deb aytsa, oralaridagi eru xotinlik aloqalari abadiy barbod bo'lardi, turmushlari buzilardi. Bu o'sha davr arablar tilida “zihor” deyilardi.

Bir kuni Havla binti Sa'laba ismli ayolni eri, Avs binti Sa'laba ismli ayolni eri Avs bin Somit zihor qildi. Avs jahlidan tushgach, afsuslandi va “Endi sen menga harom bo'lgan bo'lsang kerak”, dedi. Havla bo'lsa: “Allohga qasam, bu taloq emas”, – dedi-da, qo'shni ayolning kiyimini qarzga olib, bu masala hukmini aniqlash uchun Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga yo'l oldi. U zotning oldilariga kelib:

 – Ey, Allohning Rasuli, erim Avs ibn Somit yosh, boy va aqlu hushli paytimda menga uylandi. Molimni eb tugatdi, yoshligimni barbod qildi, aqlimni sustlatdi va yoshim ulug' bo'lgan bir damda meni zihor qildi. Endi o'zi bu zihordan afsus qilmoqda. Bizlarning yana qayta qo'shilishimizga biror yo'l bormi? – dedi.

– Unga harom bo'libsan, – dedilar Payg'ambar alayhissalom.

– Sizga Qur'onni tushirgan zot bilan qasamki, u taloqni zikr qilgani yo'q. U mening bolamning otasi, eng sevimli kishim-ku, axir! – dedi Havla.

– Unga harom bo'libsan, – dedilar Payg'ambar alayhissalom.

– Mushkulimni va yolg'izligimni Allohning o'ziga shikoyat qilaman, men erim bilan uzoq hayot kechirdim, undan farzandlar ko'rdim, – dedi Havla.

–Unga harom bo'libsan, – dedilar Rasululloh sollallohu alayhi va salam va «Sen to'g'ringda biror amr kelgani yo'q», – deb qo'shib qo'ydilar.

Havla binti Sa'laba tinmay Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan tortishaverdi. Qachon u zot alayhissalom: «Sen unga harom bo'libsan», – desalar, Havla: «Mushkulimni, yolg'izligimni va holimning og'irligini Allohning o'ziga shikoyat qilaman», – der edi.

Ushbu tortishuv chog'ida Havla binti Sa'laba:

– Axir, mening yosh bolalarim bor, men bilan bo'lsalar, och qoladilar, u bilan bo'lsalar, zoye' bo'ladilar, – der va boshini osmonga ko'tarib:

– Ey, Allohim, O'zingga yolvoraman. Ey, Parvardigor, Payg'ambarning tiliga mening mushkulimni oson qiluvchi narsani tushir, – derdi. Birdan Payg'ambar alayhissalom jim bo'lib qoldilar. Vahiy tushganda bo'ladigan holat yuzaga keldi. Bir muddatdan keyin u kishi muborak boshlarini ko'tardilar-da:

– Alloh taolo sen va sening ering haqida oyat tushirdi, – dedilar va quyidagicha boshlanadigan oyatlarni tilovat qildilar:

«(Ey, Muhammad!) Alloh Siz bilan o'z eri haqida bahslashayotgan va Allohga shikoyat qilayotgan ayolning so'zini eshitdi. Alloh siz ikkingizning so'zlashuvingizni eshitur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko'ruvchidir”» (Mujodala surasi, 1-oyat).

Bu oyatlarda johiliyatning zihor hukmi botil (ya'ni bekor) qilinganligi bayon etilgan. E'tibor beraylik, kechagina jamiyatda hech qanday o'rni bo'lmagan va o'zi haqida biror fikr bildirish huquqi bo'lmagan, hatto o'zining eri uning fikrini eshitmagan ayolni bugun barcha olamlar yaratguvchisi Alloh etti osmon ustida turib eshitdi. Uning fikriga, talabiga mos oyatlarni tushirdi, talabini qondirdi. Endi bu ayolning fikriga, talabiga mos bo'lib tushgan mazkur oyatlar, o'qilganda mo'minlarga shifo bo'ladigan, o'qilishi qiyomatgacha ibodat sanaladigan qilib Qur'onga bitib qo'yildi. Hali inson ayolga nisbatan bunday hurmat e'tiborni ko'rmagan, ko'rmaydi ham. Ayol hurmat, e'tiborning bu shohsupasiga faqat Islom tufayligina erishdi.

 Halifa Umar ibn Hattob o'z xalifalik davrida bir guruh kishilar bilan ketayotgan edilar. Bir ayol u kishini uzoq to'xtatib qoldi. Va'z, nasihat qildi. «Ey, Umar, – dedi ayol – yaqindagina “Umarcha” eding. Ulg'ayganingdan so'ng, “ey, Umar”, deb ataladigan bo'lding. Endi esa senga “ey, mo'minlar amiri”, deb murojaat qilmoqdalar. Allohdan qo'rq, ey, Umar! Kim o'limga ishonsa, umrini bekorga o'tkazishdan qo'rqadi, Kim hisob-kitobga ishonsa, azobdan qo'rqadi, deb yana so'zini davom ettiraverdi ayol.

Hazrati Umar bo'lsalar, jim quloq solib turaverdilar. Atrofidagilar u kishiga: «Ey, mo'minlarning amiri! Bir kampirga ham shunchalik to'xtab turasizmi?» – deyishganda, hazrati Umar ularga: «Allohga qasamki, u kunning avvalidan oxirigacha ushlab tursa ham, farz namoz vaqtidan boshqa vaqtda turaveraman. Bu kampirning kimligini bilasizlarmi o'zi? Bu Havla binti Sa'laba. Uning so'zini Alloh etti osmonning ustidan eshitgan. Olamlarning Rabbisi uning so'zini eshitadi-yu, Umar eshitmasmidi?!» – dedilar.

 Islom bu voqea orqali ayol qadrini nafaqat yuksaklarga ko'tardi, balki bu qadr-qimmat oldida, erkakning, erkaklarning yaxshisining ham boshini egib qo'ydi.

Bir kuni Umar ibn Hattob o'z davrlarida mahr miqdori ortib ketganini mulohaza qildilar. Bu masalani hal etish uchun ko'pchilik ichida xutba qilib, mahrni cheklash maqsadida: «Ogoh bo'linglar, ayollarning mahrida haddan oshmanglar. Agar bu dunyoda ikrom, Allohning huzurida taqvo bo'ladigan bo'lsa, unga sizning eng haqligingiz Payg'ambar alayhissalomdir. U kishi o'z ayollaridan birotasiga o'n ikki uqiya (o'lchov birligi)dan ortiq mahr bermaganlar, U zot qizlarining birortasiga ham bundan ortiq mahr berilmagan» – dedilar.

 Shunda bir ayol o'rnidan turib: «Ey, Umar! Alloh taolo: «Va u (ayol)lardan biriga qintar – cheksiz mahr bersangiz ham» dedi-yu, sen bizga buni chegaralaysanmi?!» – dedi. Hutbasi bu shaklda bo'lingan xalifa: «Ayol to'g'ri aytdi, Umar xato qildi», – deb o'z xatosini hammaning oldida tan oldi.

Islomdan oldin mahrdan biror chaqa ham qo'liga tegmay, buyum sifatida sotib yuborilayotgan ayol, bugun Islom tufayli mahr masalasida xalifani ham to'xtatib qo'ya oldi. Ayol hatto xalifaning ham xatosini to'g'rilay oladigan darajaga ko'tarildi.

Nabiy alayhissalom 6 hijriy yilda 1400 sahoba bilan Madinadan Baytullohning ziyorati uchun borganlarida, mushriklar Hudaybiya nomli joyda yo'lni to'sdilar. O'sha erda sulh tuzilib, musulmonlar Ka'bani ziyorat qilmay qaytib ketadigan bo'ldilar. Payg'ambar alayhissalom sahobalariga bu gapni e'lon qilib: “Turinglar, shu erda qurbonliklaringizni so'yib, sochlaringizni oldiringlar”, – dedilar. Sahobalar norozi bo'lib, o'rinlaridan qimirlamadilar. Payg'ambar alayhissalom amrni uch marta qayta-qayta takrorlasalar ham, biror kishi qimir etib qo'ymadi. U zot g'oyat mahzun bo'lib, chodirga – jufti halollari Ummu Salama huzuriga kirdilar. Bo'lgan voqeani u kishiga aytib, o'tgan ummatlar ham shunday ishlar tufayli halok bo'lganligi, shuning uchun g'oyat tashvishda ekanliklarini qo'shimcha qildilar. Shunda Ummu Salama Payg'ambar alayhissalomga har qanday dono vazir ham bera olmaydigan maslahatni berdilar:

– Ey, Allohning Payg'ambari, aytgan amringiz bo'lishini hohlaysizmi? Tashqariga chiqing. Ulardan birortasiga bir kalima ham so'z aytmay qurbonlik tuyalaringizni so'ying. So'ng sartaroshingizni chaqiring, sochingizni olsin, – dedilar.

Payg'ambar alayhissalom chiqib, xuddi Ummu Salama aytganlaridek qildilar. Buni ko'rgan sahobai kiromlar ham shoshib qurbonliklarini so'yib, sochlarini oldira boshladilar.

Abduqahhor YuNUSOV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi o'rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uyg‘onish va yangilanish ayyomi

19.03.2026   10785   4 min.
Uyg‘onish va yangilanish ayyomi

Yurtimizda azaldan uch xil taqvim, hijriy, milodiy va dehqonchilik kalendari bilan ish yuritish odat tusiga aylangan. Yillar hisobini bilishimiz uchun Alloh Qur’oni karimning “Isro” surasi, 12-oyatida shunday zikr qiladi: “Kunduz alomatini esa, Rabbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz”. Ulug‘ mufassirlarimiz mazkur oyatning “yillar sanog‘ini” qismini qamariy (Oy) taqvim bilan ish yuritish (binobarin, diniy yumushlarda), “yillar hisobini” qismini esa shamsiy (Quyosh) taqvim bilan ish yuritish (ayniqsa, dehqonchilikda) mazmunida tafsir qilib, fatvo yozib qoldirganlar.

Xalqimizning “Hamal kirdi – amal kirdi” degan maqoli juda mashhur. Hijriy-shamsiy taqvim bo‘yicha Quyoshning birinchi burjga va oyning o‘n ikki burjdan biri – Hamalga kirishi bilan “Navro‘z”, ya’ni “Yangi kun”, u bilan birga esa yangi fasl – bahor kirib keladi. Dehqonlarimiz bu imkoniyatdan foydalanib, erta bahordan pok niyatlar bilan yerga urug‘ qadaydilar.

Ulug‘larimiz fiqhiy kitoblarda xalqimizning an’anaviy hamda milliy bayramlarini, jumladan, Navro‘zni bayram tariqasida nishonlash haqida fatvo berganlar. Binobarin, “Fatovoi zahiriya”da shunday deyiladi: “Navro‘z uch xildir: Navro‘zi Jamshidiy, Navro‘zi Majusiy va Navro‘zi Sultoniy. Navro‘zi Sultoniyni o‘tkazmoqlik maqbuldir va hech dinga ziyoni yo‘qdur”.

Beruniy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Chag‘miniy, Ulug‘bek kabi dunyoviy ilm sohiblari ham tun bilan kun barobar bo‘ladigan va Quyosh Hamal burjiga kiradigan kunni Navro‘z ayyomi sifatida nishonlash maqbul ekanligini ta’kidlashgan. Ulug‘ mutasavvif Hakim Termiziy “Solnoma” asarida, buxorolik buyuk faqih Abdulaziz ibn Moza “Al-Muhit ul-burhoniy fil-fiqh an-nu’moniy” qomusida Navro‘z haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirishgan. Qadim Sharqda Quyosh qaysi burjga kirsa, oyga o‘sha burjdagi yulduzlar turkumi shakliga qarab nom berishgan. Jumladan, Hamal oyini – burj shakli homilador qo‘yga o‘xshagani uchun Hamal deb, Savr oyini – yulduzlar turkumi ho‘kizga o‘xshab ko‘ringani uchun Savr deb atashgan.

Shuni ta’kidlash joizki, o‘n ikki yil davomida ketma-ket bir-biriga o‘rin almashtirib keladigan muchal tushunchasi aslida “mo‘ljal” so‘zidan olingan. O‘n ikki yil davomida osmon jismlarining joylashishi qanday shaklni berishiga qarab, yillarga muchal nomlari berilgan.

Jumladan, yulduzlar turkumining sichqonga o‘xshashi yilning sichqon yili, sigirga o‘xshashi sigir yili va h.k. deb nomlanishiga asos bo‘lgan.

Ulamolarimiz mana shu o‘n ikki yilga o‘n ikki maqom berilganligi maxsus hujjat bilan tasdiqlashgan. Jumladan, Zayniddin Mahmud Vosifiy (vaf. 1554 y.) “Badoye’ ul-vaqoye’” (Ajoyib voqelar) nomli asarida muchal haqida nodir qaydlar yozib qoldirgan.

Abu Rayhon Beruniy o‘z asarlarida Navro‘zning yaratilishiga oid qimmatli fikrlarni keltiradi. Bu fikrlarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, alloma Navro‘zni koinot va olam bilan bir butunlikda ta’riflaydi.

Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bu holga shunday ta’rif bergan: “Sharqdan bahor nasimi esib keldi, olamni bezamoq uchun firdavs yo‘lini ochdi. Oq rang ketib, bo‘z yerni alvon rang qopladi, olam o‘ziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana o‘z hukmiga kirdi. Quyosh yana qaytib o‘z o‘rniga keldi, Baliq (Hut) dumidan Qo‘zi (Hamal) burjiga ko‘chdi. Uyquga kirgan daraxtlar yana yashil to‘n kiydi, ol, sariq, ko‘k, qizil rangli harir yopinchiqlar bilan bezandi”.

Navro‘z haqidagi fikrlar, afsona-asotirlar turlicha bo‘lishiga qaramay, bunyodkorlik, ezgulik, yasharish va obod etish kabi umumbashariy, mushtarak g‘oyalar ularni bog‘lab turadi. Zotan, Navro‘z butun insoniyat uchun uyg‘onish va yangilanish ayyomidir.

 

Abdulg‘afur domla Razzoqov,

Bahouddin Naqshband jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar