Hozirgi kunda insonlarni tug'ilib-o'sgan Vataniga xiyonat qilishga chaqirayotgan, musulmonlar o'rtasida ix-
tilof va bo'linish keltirib chiqarayotgan buzg'unchi oqimlar juda ko'p. Ana shunday oqimlardan biri soxta salafiylardir.
Soxta salafiylar Islom dini ahkom va fatvolarini har bir zamon taqozosiga qarab emas, hijriy sananing dastlabki uch asriga muvofiq ravishda hayotga tatbiq etishni targ'ib qiladi. Bu oqim a'zolari o'n to'rt asrdan buyon Islomning etuk allomalari, faqihu mujtahidlari qabul qilgan fatvolarga ko'r-ko'rona qarshi chiqadi.
Aslida, “salafi solih” deganda, Payg'ambarimiz zamonlarida hamda keyingi ikki asrda yashagan ulug' dindoshlarimiz tushuniladi. Shunga ko'ra, Islom ulamolari sahobiy, tobein va tabaa tobein, ya'ni ilk musulmonlarni “solih ajdodlar” deb hisoblashda yakdildirlar. Keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan “salaf” yoki “salafiylar” tushunchalarini ishlatish to'g'ri emas.
Soxta salafiylik shakllanishining tarixiy ildizlari ilk Islom davridagi ijtimoiy-ma'naviy muhit bilan bog'liq. Hususan, milodiy VIII asr oxiri va IX asr boshlarida “Qur'onning yaratilgani” haqidagi g'oyani bayroq qilib olgan mo''tazila oqimi vujudga kelgan edi. Bunday adashganlarga qarshi keskin kurash, o'z navbatida, sala-
fi solihlar an'anasiga qaytish haqidagi g'oyalarning kun tartibiga qo'yilishiga olib keldi.
Soxta salafiylikning kuchayib, keng yoyilishi suriyalik Ibn Taymiya (1263–1328) faoliyati bilan bog'liq. U umri davomida o'zining agressiv qarashlari sababli to'rt marta (1307, 1309, 1322 va 1326-yillarda) ozodlikdan mahrum qilingan va 1328 yili qamoqxonada
vafot etgan. Mazkur shaxs harakatning nazariy asoslarini belgilab berganini barcha mutaxassislar e'tirof etadi.
Ibn Taymiya go'yoki, asrlar davomida Islomga turli bid'atlar kirib qolganini iddao qilib, jamiyat va musulmonlarning kundalik turmush tarzi uning talqinidagi Qur'on va sunnatga asoslangan holda qat'iy tartibga solinishi zarurligi haqidagi g'oyani ilgari surdi.
Soxta salafiylarning dinimiz asoslarini buzishda izchil harakatlarini alohida qayd etish lozim. Ibn Taymiya tomonidan o'ylab topilgan tavhidning ikkiga bo'linishi haqidagi qarashlar Islom asoslarini buzish yo'lida ilk qadam bo'lgan edi.
Soxta salafiylar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning, sahobalar hamda aziz-avliyolarning qabrlarini ziyorat qilish kabi Islom shariati joiz deb bilgan amallarni bajaradigan musulmonlarni kufr va shirkda ayblashadi.
O'zlarini asl Islom tarafdorlari deb biladigan soxta salafiylar Madinai munavvaradagi sahobalarning qabrlarini buzish bilan kifoyalanmay, hatto Payg'ambarimizning muborak ziyoratgohlarini vayron qilishga ham urinib ko'rishgan. Soxta salafiylar keyinchalik ushbu masalada yanada chuqurlashib, “Qabistonga borish kufr. Bu kufr esa butparastlarning kufridan ham xatarliroq”, degan asossiz qarashlarni ilgari surishdi.
Soxta salafiylarning Payg'ambarimizga hurmatsizlik qilishi u zotning ota-onalari musulmon holda vafot etmagan deyishlarida ham yaqqol ko'rina-
di. Ularning bunday g'ayriislomiy yondashuvi go'yoki “nubuvvat”, ya'ni payg'ambarlik Nabiy alayhissalomning faqat so'zi va amalida namoyon bo'lgan, degan xulosaga olib keladi. U zotning tanalari, ya'ni jismlaridan foyda yo'q. Chunki bu tana u zotning mushrik ota-onasining bir bo'lagidir. Payg'ambar o'ldi, uning jasadidan foyda yo'q. Shu bois soxta
salafiylar u zotning qabrlari ziyoratidan ma'ni yo'q, degan soxta, asossiz, bema'ni, mantiqsiz, tuturuqsiz gaplarni tarqatishadi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga salom berish va u zotning qabrlarini ziyorat qilish baxt va saodatdir. Shu bois bu muborak ravzadan yil bo'yi Yer yuzining turli burchaklaridan kelgan mo'min-musulmonlarning qadami uzilmaydi. Nabiyyi muhtaram sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan keyin qabrlarini ziyorat qiluvchi ummatlarga bunday deya marhamat qilganlar: “Biror kishi menga salom bersa, albatta, Alloh mening ruhimni qaytarib beradi va men o'sha odamning salomiga alik olaman” (Imom Abu Dovud va Imom Bayhaqiy rivoyati). Payg'ambarimiz alayhissalom boshqa hadisda: “Kim qabrimni ziyorat qilsa, unga shafoatim vojib bo'ladi”, dedilar (Qozi Iyoz rivoyati).
Vaholanki, barcha diniy manbalarda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning ajdodlari hurmatga sazovor va yuksak fazilatlarga ega insonlar bo'lgani qayd etilgan. Hadislarda ham u zotning nasl-nasabi Ismoil alayhissalomga bog'lanishi xususida ma'lumotlar bor.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning “Fiqhul akbar” kitobida ta'kidlanganidek, Rasulullohning otaonalari Islom fitrati, ya'ni islomiy tabiatda vafot etganlar.
Soxta salafiylar milodiy yil hisobini ishlatish, boshqa din vakillarining bayram, madaniy tadbirlarida ishtirok etish va tabriklash, kostyum, pal'to, shim va ko'ylaklar kiyishni, galstuk taqishni ham imonsizlik deb hisoblashadi.
Sekulyarizm (dunyoviylik) va davlatning demokratik tamoyillarini qoralash, inkor qilish hamda davlat to'ntarishini amalga oshirish orqali hokimiyatni qo'lga kiritish va xalifalikka asoslangan tuzumni o'rnatish
soxta salafiylarning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Hozirgi kunda ham soxta salafiylarning e'tirof etilgan fiqhiy mazhablarni tan olmayotgani ularning asl qora niyatini yaqqol namoyon etadi. Zero, bunday iddaolari bilan ular diniy birlik va aqidaviy yakdillikka ham raxna solmoqda.
Bugungi kunda ushbu buzg'unchi oqim-lar xalqaro terrorchi tashkilotlar bilan uzviy aloqada ekani va ularning faoliyati tomonidan moliyalashtirilayotgani hech kimga sir emas. Ayniqsa, so'nggi yillarda Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikistonda bir qator terrorchiliklarning amalga oshirilgani har bir fuqaroda hushyorlikni, ogohlikni oshirishni talab etmoqda.
“Hidoyat” jurnalidan olindi
Yurtimizda azaldan uch xil taqvim, hijriy, milodiy va dehqonchilik kalendari bilan ish yuritish odat tusiga aylangan. Yillar hisobini bilishimiz uchun Alloh Qur’oni karimning “Isro” surasi, 12-oyatida shunday zikr qiladi: “Kunduz alomatini esa, Rabbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz”. Ulug‘ mufassirlarimiz mazkur oyatning “yillar sanog‘ini” qismini qamariy (Oy) taqvim bilan ish yuritish (binobarin, diniy yumushlarda), “yillar hisobini” qismini esa shamsiy (Quyosh) taqvim bilan ish yuritish (ayniqsa, dehqonchilikda) mazmunida tafsir qilib, fatvo yozib qoldirganlar.
Xalqimizning “Hamal kirdi – amal kirdi” degan maqoli juda mashhur. Hijriy-shamsiy taqvim bo‘yicha Quyoshning birinchi burjga va oyning o‘n ikki burjdan biri – Hamalga kirishi bilan “Navro‘z”, ya’ni “Yangi kun”, u bilan birga esa yangi fasl – bahor kirib keladi. Dehqonlarimiz bu imkoniyatdan foydalanib, erta bahordan pok niyatlar bilan yerga urug‘ qadaydilar.
Ulug‘larimiz fiqhiy kitoblarda xalqimizning an’anaviy hamda milliy bayramlarini, jumladan, Navro‘zni bayram tariqasida nishonlash haqida fatvo berganlar. Binobarin, “Fatovoi zahiriya”da shunday deyiladi: “Navro‘z uch xildir: Navro‘zi Jamshidiy, Navro‘zi Majusiy va Navro‘zi Sultoniy. Navro‘zi Sultoniyni o‘tkazmoqlik maqbuldir va hech dinga ziyoni yo‘qdur”.
Beruniy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Chag‘miniy, Ulug‘bek kabi dunyoviy ilm sohiblari ham tun bilan kun barobar bo‘ladigan va Quyosh Hamal burjiga kiradigan kunni Navro‘z ayyomi sifatida nishonlash maqbul ekanligini ta’kidlashgan. Ulug‘ mutasavvif Hakim Termiziy “Solnoma” asarida, buxorolik buyuk faqih Abdulaziz ibn Moza “Al-Muhit ul-burhoniy fil-fiqh an-nu’moniy” qomusida Navro‘z haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirishgan. Qadim Sharqda Quyosh qaysi burjga kirsa, oyga o‘sha burjdagi yulduzlar turkumi shakliga qarab nom berishgan. Jumladan, Hamal oyini – burj shakli homilador qo‘yga o‘xshagani uchun Hamal deb, Savr oyini – yulduzlar turkumi ho‘kizga o‘xshab ko‘ringani uchun Savr deb atashgan.
Shuni ta’kidlash joizki, o‘n ikki yil davomida ketma-ket bir-biriga o‘rin almashtirib keladigan muchal tushunchasi aslida “mo‘ljal” so‘zidan olingan. O‘n ikki yil davomida osmon jismlarining joylashishi qanday shaklni berishiga qarab, yillarga muchal nomlari berilgan.
Jumladan, yulduzlar turkumining sichqonga o‘xshashi yilning sichqon yili, sigirga o‘xshashi sigir yili va h.k. deb nomlanishiga asos bo‘lgan.
Ulamolarimiz mana shu o‘n ikki yilga o‘n ikki maqom berilganligi maxsus hujjat bilan tasdiqlashgan. Jumladan, Zayniddin Mahmud Vosifiy (vaf. 1554 y.) “Badoye’ ul-vaqoye’” (Ajoyib voqelar) nomli asarida muchal haqida nodir qaydlar yozib qoldirgan.
Abu Rayhon Beruniy o‘z asarlarida Navro‘zning yaratilishiga oid qimmatli fikrlarni keltiradi. Bu fikrlarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, alloma Navro‘zni koinot va olam bilan bir butunlikda ta’riflaydi.
Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bu holga shunday ta’rif bergan: “Sharqdan bahor nasimi esib keldi, olamni bezamoq uchun firdavs yo‘lini ochdi. Oq rang ketib, bo‘z yerni alvon rang qopladi, olam o‘ziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana o‘z hukmiga kirdi. Quyosh yana qaytib o‘z o‘rniga keldi, Baliq (Hut) dumidan Qo‘zi (Hamal) burjiga ko‘chdi. Uyquga kirgan daraxtlar yana yashil to‘n kiydi, ol, sariq, ko‘k, qizil rangli harir yopinchiqlar bilan bezandi”.
Navro‘z haqidagi fikrlar, afsona-asotirlar turlicha bo‘lishiga qaramay, bunyodkorlik, ezgulik, yasharish va obod etish kabi umumbashariy, mushtarak g‘oyalar ularni bog‘lab turadi. Zotan, Navro‘z butun insoniyat uchun uyg‘onish va yangilanish ayyomidir.
Abdulg‘afur domla Razzoqov,
Bahouddin Naqshband jome masjidi imom-xatibi