Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Mart, 2026   |   30 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:08
Quyosh
06:27
Peshin
12:36
Asr
16:47
Shom
18:39
Xufton
19:51
Bismillah
20 Mart, 2026, 30 Ramazon, 1447

Imom Ahmad ibn Hanbal

25.02.2021   4859   13 min.
Imom Ahmad ibn Hanbal

U kishi Abu Abdulloh Ahmad ibn Hanbal ibn Hilol ibn Asad ash-Shayboniy al-Marvaziy, so'ngra al-Bog'dodiydirlar. Onalari Marv shahridan u kishiga homiladorlik vaqtlarida chiqqanlar va 164 hijriy yilda Bog'dodda tug'ilganlar, shu erda voyaga etganlar.

Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahulloh sunnatni jamlashga va uni yod olishga butun vujudlari bilan kirishdilar, natijada o'z asrining muhaddislarining imomiga aylandilar. U kishi Ko'fa, Basra, Makka, Madina, Shom va Yamanda bo'lganlar. Hadislarni Hoshim, Ibrohim ibn Sa'd, Sufyon ibn Uyayna va boshqalardan rivoyat qilganlar. Fiqhni Imom Shofe'iydan u kishi Bog'dodga kelgan vaqtlarida olganlar. Shofe'iyning bag'dodlik shogirdlari ichida eng kattasi bo'lganlar, so'ngra o'zlari mustaqil tarzda mujtahid bo'lganlar.

Imom Ahmad ibn Hanbal o'z yaqinlari orasida sunnati nabaviyani yodlash, uni to'qima hadislardan tozalash va ularni jamlash bilan ko'zga tashlandilar. Buning dalili sifatida qirq mingdan ziyod hadisni o'z ichiga olgan “Al-Musnad” kitoblarini ko'rishimiz mumkin. Ahmad ibn Hanbal rahimahullohga boshqalarda bo'lmagan quvvai hofiza berilgan edi. Abu Zar'a aytadilar: “Ahmad ibn Hanbal vafot qilgan kuni men u kishidan qolgan kitoblarini chamalab ko'rsam, roppa-rosa o'n ikki haml chiqdi (bir haml 249,6 kg.), mana shularning hammasini u kishi yoddan bilar edilar. Ahmad ibn Hanbalning o'g'illari Abdulloh aytadilar: Otam menga: “Vaki'ning kitobidan xohlaganingni tanlab ol va undagi xohlagan hadisni so'ragin, men uni isnodini senga aytib beraman, yoki xohlagan isnodni so'ragin, men undagi hadisni aytib beraman”, dedir edilar. U kishi o'z zamonasining g'oyatda taqvoli va zohid kishisi edilar. Imom Shofe'iy rahimahulloh aytadilar: “Men Bog'doddan chiqib ketdim va ortimda Ibn Hanbaldan ko'ra faqihroq, taqvodorroq, zohidroq va olimroq kishi qolmadi”.

Ahmad ibn Hanbal xalifalar Ma'mun, Mu'tasim va Vosiq zamonlarida boshlaridan ko'p mashaqqatli sinovlarni o'tkazdilar. U kishini Qur'onni maxluq deyishga majburlashdi, ammo u kishi bundan bosh tortdilar. Bu azoblar u kishini qat'iyatliklarini sindira olmadi va shu sababli Islom ummatining buyuk yo'lboshchisiga aylandilar. Agar Ahmad Ibn Hanbal biror kishi haqida: “Bu juda yomon odam desalar, xaloyiq u kishini hattoki janozasiga ham bormas edi, agar biror olim haqida: “Bu juda ham yaxshi inson”, desalar odamlar ham u olimni sevib hurmat qilishar edi.

Ahmad ibn Hanbalning o'z e'tiqodlariga sodiq va sobit bo'lishlari boshlariga tushgan va musulmonlarning boshidagi g'am tashvishni bartaraf bo'lishiga sabab bo'ldi. Ibn al-Madiniy aytadilar: “Alloh taolo islomni ikki kishi bilan quvvatlantirdi: birinchisi, arablar dindan qaytib murtad bo'lgan kunda Abu Bakr Siddiq bilan quvvatlantirgan bo'lsa, ikkinchisi, Qur'onni maxluq deyilgan musibatli kunda Ahmad ibn Hanbal bilan quvvatlantirgan.

Kur'onni maxluq demaganliklari uchun Ahmad ibn Hanbalga xalifa Mu'tasim tomonidan darra urdirilgan. Darra urgan xodim aytadi: “Allohga qasamki, Ahmad ibn Hanbalni urgan darajada agar tuyani urganimda u o'lgan bo'lar edi”. Ahmad ibn Hanbalga darra urilganidan keyin o'sha davrda yashagan tariqat peshvolaridan bo'lmish Bishr al-Hofiyga: “Siz  Ahmad gapirgan gaplarni gapira olasizmi? deyishganda, u: “Yuk, men unday qilishga qurbim etmaydi, Ahmad hozir payg'ambarlarning maqomida turibdi”, - degan.

Bir kuni u kishini yonlariga Al-Marvaziy keldilar va: “Ey ustoz! ular Sizni kaltaklashga olib kelishdi, axir Alloh taolo Qur'onda “O'zlaringizni o'ldirmangiz!” degan-ku (ya'ni, o'zingizni halokatga tashlab kaltak ostida qolgandan ko'ra Qur'onni maxluq deb qo'yaqolsangiz bo'lmaydimi?” - dedilar. Shunda Ahmad ibn Hanbal al-Marvazifga: “Tashqariga chiqib  qara”, dedilar.  Al-Marvaziy aytadilar: “Tashqariga chiqib xalifaning hovlisiga qarasam, u erda tumonat odam to'plangan bo'lib, har birining qo'lida qalam va qog'oz bor edi. Men ulardan: “Nima qilayapsizlar?” - deb so'radim. Ular: “Biz Ahmadni og'zidan chiqadigan gapni kutib turibmiz, nima desalar, shuni yozib olmoqchimiz, - deyishdi. Keyin men Ahmadni oldilariga bordim va bo'lib o'tgan gapni aytdim. Shunda menga qarab: “Ey al-Marvaziy, ular zalolatdamilar?  Yuq, hech qachon, men o'lsam o'laman, lekin ularni zalolatga boshlamayman”, - dedilar. Al-Marvaziy aytadilar: “Ahmad Allohni yo'lida o'z jonini tikkan kishidir”.

Halifa Al-Mutavakkil davrida mazkur sinovlarga barham berildi. Halifa tomonidan Ahmad ibn Hanbalga izzat-ikrom ko'rsatildi, mol-dunyo hadya qilindi. Lekin shunga qaramay Ahmad ibn Hanbalga nisbatan Alloh taolo bandaning jismida o'rnashgan, Alloh taolo mujassam zot, Alloh biror bir jihatga mansub, degan e'tiqodni ilgari suradi kabi tuhmatlar davom etdi. Harflar va ovozlar qadimdan mavjuddir, degan aqidani ham u kishiga nisbat berishgan. Lekin bu gaplarning hammasi yolg'on. Ahmad ibn Hanbal bu masalalarda salaf ulamolarining mazhablaridan yurib, masalalarni asl mohiyatini Allohning o'ziga havola qiladilar, uni ta'vil qilishdan (ya'ni, o'zlaricha ma'no berishdan) tiyiladilar. Masalan, “Istivo” (ya'ni qasd qilish) “yad” (ya'ni qo'l) va “uluv” (ya'ni oliy bo'lish)larni Allohning sifatlari deb bilib, Allohni har qanday aybu-nuqsondan poklash maqsadida ularning kayfiyatlarini noma'lum deb e'tiqod qilganlar.

 

HANBALIY MAZHABINING TUZILIShI

 

Ahmad ibn Hanbalning ijtihod usullari Shofe'iyning ijtihod usullariga juda yaqin. Chunki u kishi fiqhni Shofe'iydan olganlar.

Ibn al-Qayyum o'zlarining “A'lomul muaqqe'iyn” kitoblarida aytadilarki: “Ahmad ibn Hanbalning fatvolari quyidagi usullarga asoslangan:

  1. Nasslar: Qur'on va hadis. Agar Qur'on yoki hadis topsalar, o'sha o'yicha fatvo beradilar, unga xilof bulgan narsaga ham, unga xilof so'zlagan kishiga ham qaramaydilar. Shuning uchun Ahmad ibn Hanbal hazrat Umarning Fotima bint Qays rivoyat qilgan hadisga xilof tarzda gapirgan gaplariga qaramadilar. Shuningdek biror amalni, ra'yni, qiyosni, sahobiyning gapini sahih hadisdan oldinga qo'ymaganlar. Sahih hadisdan oldinga qo'yishga loyiq bo'lmagan narsani ijmo' deb da'vo qilgan kishilarni Imom Ahmad yolg'onchi deganlar.
  2. Sahobalarning fatvolari. Agar biror sahobiyning fatvosini topsalar va unga muxolif tarzda so'z gapirilmagan bo'lsa, undan boshqasiga o'tmas edilar, lekin uni ijmo' deb ham atamas edilar va biror bir amalni, ra'yni va qiyosni undan oldinga qo'ymas edilar.
  3. Agar sahobalar ixtilof qilgan bo'lsalar, ularning gaplarida Qur'on va sunnatga eng yaqin bo'lganini olar edilar va ularning so'zlaridan chetga chiqmas edilar. Agar ularning so'zlaridan hech birlarinikini Qur'on va sunnatga muvofiqligini aniqlay olmasalar biror bir so'zni qat'iy aytmay ixtilofni aytib o'tish bilan kifoyalanar edilar.
  4. Agar mone'lik paydo bo'lmasa mursal va zaif hadislarni olganlar. Ahmad ibn Hanbalning nazdlaridagi “zaif”dan murod “botil” yoki “munkar” yoki hujjat qilishga yaramaydigan, roviylarning orasida muttaham bo'lgan hadislar emas, balki u “sahih”, “hasan” kabi istilohdagi “zaif” hadislarning bir turidir. U kishi hadislarni “sahih”, “hasan” va “zaif”larga ajratmaganlar, balki “sahih” va “zaif”ga bo'lganlar. U kishining nazdlaridagi “zaif”ni o'z tartibi bor. Agar bobda mana shu zaifni rad qiluvchi biror bir asarni yoki sahobiyning gapini yoki unga xilof bo'lgan ijmo'ni topa olmasalar qiyosga qaraganda mana shu zaif hadisga amal qilishni avloroq bilganlar.
  5. Qiyos. Agar biror hadis yoki sahobiyning gapi yoki mursal yoki zaif hadis topa olmasalar qiyosga amal qilishni zarur deb bilganlar. Agar hujjatlar bir-biriga qarama qarshi kelib qolsa biror hukm chiqarmay tavaqquf qilar edilar (hukm chiqarmas edilar). Salaflardan biror bir asar sobit bo'lmagan masala xususida fatvo berishlikdan tiyilar edilar. Muhaddis bo'lgan fuqaholargina, shu jumladan Imom Molikning shogirdlarigina fatvo berishlikka haqli der edilar va ularga dalolat ham qilar edilar. Hadisdan yuz o'girgan kishilarning fatvolarini qabul qilmas edilar” (Ibn al-Qayyumning gaplari tugadi).

Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahulloh 241 hijriy yilda Bag'dodda vafot qildilar.

 

AHMAD IBN HANBALNING IZDOShARINI OZLIGI VA UNING SABABI

 

Ahmad ibn Hanbalning mazhablarini o'ziga xos jihati shuki, asosan rivoyatga mahkam suyanadi, fatvo berishda shari'at nususlaridan (ya'ni Qur'on va sunnat) yoki sahobiylardan vorid bulgan narsalardan chetga chiqmaydi. Ahmad ibn Hanbal mazhablarida ijtihodiy masalalarda fikr bildirish va qiyosga amal qilinganligini kamdan-kam uchratish mumkin. Bu haqda yuqorida u kishining mazhablarini tuzilish usuli bobida ko'rib o'tdik.

Imom Ahmad va u kishidan keyin kelgan izdoshlarini qiyosga keng yo'l bermasligi ikkinchi tomondan ularda nususlarni va sahobalarning gaplarini jamlashlikka bo'lgan qiziqishlarini ortishiga sabab bo'ldi. Bu esa, o'z-o'zidan fiqh bilan shug'ullanuvchilar uchun keng yul ochib berdi. Bu narsalarni hozirgi asrimizda ham yaqqol ko'rishimiz mumkin. Chunki hozirgi kunda islomiy qonunlarni ishlab chiquvchi kishilar biror bir masala hususida nassga muhtoj bo'lib qolsalar yoki odamlarni birorta ishlarini hal qilib berishda qiyinchilikka uchrab qolsalar, darhol Imom Ahmadning mazhablariga murojaat qilib, undan yo'l axtaradilar, ya'ni undagi rivoyatlardan foydalanadilar. Masalan, bir lafz bilan uch taloq aytilganda bir taloq tushishi borasida fatvo berayotgan shar'iy mahkamalar, fatvo hay'atlarining dalillari asosan, Hanbaliy mazhabi ulamolaridan bo'lmish Ibn Taymiya va Ibn al-Qayyumning rivoyatlariga tayanadilar.

Ahmad ibn Hanbalning izdoshlari to'rtinchi asrda Bog'dodda juda ham ko'p bo'lganlar, shuning oqibatida ular kuch-quvvatlarini o'z mazhablarini kuchaytirishga sarfladilar. Shariatga  xilof deb topgan har bir ishlarida odamlarga qarshi chiqib, dag'allik bilan muomala qila boshladilar. Dindagi qattiqko'lliklarini qo'llashlikda omni xosdan ajratmadilar, balki ustiga ustak Bog'doddagi Shofe'iy mazhabidagi kishilarga ham qarshi chiqishgacha borib etdilar. Ularga aziyat etkazishliqda xaddan oshishlari natijasida Bog'dodda odamlarni ham, hokimlarni ham darg'azab qiladigan fitnani yuzaga keltirdilar. Oqibatda xalifalar ularga qarshi qo'zg'aldilar. Ularni tutgan yo'llarini yomonladilar. Boshqalarga qarshi qilayotgan qattiqqulliklaridan qaytmaganlariga tahdid qildilar. Ahmad ibn Hanbalning izdoshlari tomonidan sodir etilgan bunday harakatlar ularning jumud, ya'ni fikr doiralari tor va qotib qolganligidan dalolat berar edi va bu odamlarni unday kishilardan nafratlanishlariga sabab bo'ldi.

O'zlarini Hanbaliy mazhabida ekanligini da'vo qiladigan ba'zi kishilar tomonidan bildiriladigan fikrlarda mutashaddidlik (qattiqlik) kayfiyati sezilib turganligi uchun mazhabning asl mohiyatini tushunib etmagan ba'zi avom xalqning nazarida hozirgi kunda ham ushbu mazhabga nisbatan o'ziga xos tushuncha saqlanib qolgan. Aslida esa, Ahmad ibn Hanbalning mazhablari dindagi engillikni va har qanday aybu-nuqsonlardan pok bo'lgan shari'atning oynasi ekanligini yorqin misolidir. Mazhabning imomining o'zi uning mazhabiga nisbatan aytilgan gaplarni yolg'on ekanligiga kafildir.

Ahmad ibn Hanbalning mazhablariga ergashuvchilarning ozligiga yana bir sabab, Muhammad ibn Sa'ud davriga qadar bu mazhabga birorta ham hukumat taqlid qilmagan. Ayyubiylar hukumati Misrda Shofe'iy mazhabini tarqatishga xizmat qilgani kabi, Hanbaliy mazhabini rivojlanishiga birorta ham hukumat xissa qo'shmagan. Shu tariqa bu mazhab Islom diyorlarida juda ham tor doirada, unga ergashuvchilarning soni ozligicha qolavergan. Nihoyat, Hijozda Saudiya hukumati barpo bo'lganidan keyingina ba'zi siyosiy omillar sabab bu mazhab o'sha erda qaror topdi.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi

raisining birinchi o'rinbosari

Homidjon Ishmatbekov

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uyg‘onish va yangilanish ayyomi

19.03.2026   2956   4 min.
Uyg‘onish va yangilanish ayyomi

Yurtimizda azaldan uch xil taqvim, hijriy, milodiy va dehqonchilik kalendari bilan ish yuritish odat tusiga aylangan. Yillar hisobini bilishimiz uchun Alloh Qur’oni karimning “Isro” surasi, 12-oyatida shunday zikr qiladi: “Kunduz alomatini esa, Rabbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz”. Ulug‘ mufassirlarimiz mazkur oyatning “yillar sanog‘ini” qismini qamariy (Oy) taqvim bilan ish yuritish (binobarin, diniy yumushlarda), “yillar hisobini” qismini esa shamsiy (Quyosh) taqvim bilan ish yuritish (ayniqsa, dehqonchilikda) mazmunida tafsir qilib, fatvo yozib qoldirganlar.

Xalqimizning “Hamal kirdi – amal kirdi” degan maqoli juda mashhur. Hijriy-shamsiy taqvim bo‘yicha Quyoshning birinchi burjga va oyning o‘n ikki burjdan biri – Hamalga kirishi bilan “Navro‘z”, ya’ni “Yangi kun”, u bilan birga esa yangi fasl – bahor kirib keladi. Dehqonlarimiz bu imkoniyatdan foydalanib, erta bahordan pok niyatlar bilan yerga urug‘ qadaydilar.

Ulug‘larimiz fiqhiy kitoblarda xalqimizning an’anaviy hamda milliy bayramlarini, jumladan, Navro‘zni bayram tariqasida nishonlash haqida fatvo berganlar. Binobarin, “Fatovoi zahiriya”da shunday deyiladi: “Navro‘z uch xildir: Navro‘zi Jamshidiy, Navro‘zi Majusiy va Navro‘zi Sultoniy. Navro‘zi Sultoniyni o‘tkazmoqlik maqbuldir va hech dinga ziyoni yo‘qdur”.

Beruniy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Chag‘miniy, Ulug‘bek kabi dunyoviy ilm sohiblari ham tun bilan kun barobar bo‘ladigan va Quyosh Hamal burjiga kiradigan kunni Navro‘z ayyomi sifatida nishonlash maqbul ekanligini ta’kidlashgan. Ulug‘ mutasavvif Hakim Termiziy “Solnoma” asarida, buxorolik buyuk faqih Abdulaziz ibn Moza “Al-Muhit ul-burhoniy fil-fiqh an-nu’moniy” qomusida Navro‘z haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirishgan. Qadim Sharqda Quyosh qaysi burjga kirsa, oyga o‘sha burjdagi yulduzlar turkumi shakliga qarab nom berishgan. Jumladan, Hamal oyini – burj shakli homilador qo‘yga o‘xshagani uchun Hamal deb, Savr oyini – yulduzlar turkumi ho‘kizga o‘xshab ko‘ringani uchun Savr deb atashgan.

Shuni ta’kidlash joizki, o‘n ikki yil davomida ketma-ket bir-biriga o‘rin almashtirib keladigan muchal tushunchasi aslida “mo‘ljal” so‘zidan olingan. O‘n ikki yil davomida osmon jismlarining joylashishi qanday shaklni berishiga qarab, yillarga muchal nomlari berilgan.

Jumladan, yulduzlar turkumining sichqonga o‘xshashi yilning sichqon yili, sigirga o‘xshashi sigir yili va h.k. deb nomlanishiga asos bo‘lgan.

Ulamolarimiz mana shu o‘n ikki yilga o‘n ikki maqom berilganligi maxsus hujjat bilan tasdiqlashgan. Jumladan, Zayniddin Mahmud Vosifiy (vaf. 1554 y.) “Badoye’ ul-vaqoye’” (Ajoyib voqelar) nomli asarida muchal haqida nodir qaydlar yozib qoldirgan.

Abu Rayhon Beruniy o‘z asarlarida Navro‘zning yaratilishiga oid qimmatli fikrlarni keltiradi. Bu fikrlarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, alloma Navro‘zni koinot va olam bilan bir butunlikda ta’riflaydi.

Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bu holga shunday ta’rif bergan: “Sharqdan bahor nasimi esib keldi, olamni bezamoq uchun firdavs yo‘lini ochdi. Oq rang ketib, bo‘z yerni alvon rang qopladi, olam o‘ziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana o‘z hukmiga kirdi. Quyosh yana qaytib o‘z o‘rniga keldi, Baliq (Hut) dumidan Qo‘zi (Hamal) burjiga ko‘chdi. Uyquga kirgan daraxtlar yana yashil to‘n kiydi, ol, sariq, ko‘k, qizil rangli harir yopinchiqlar bilan bezandi”.

Navro‘z haqidagi fikrlar, afsona-asotirlar turlicha bo‘lishiga qaramay, bunyodkorlik, ezgulik, yasharish va obod etish kabi umumbashariy, mushtarak g‘oyalar ularni bog‘lab turadi. Zotan, Navro‘z butun insoniyat uchun uyg‘onish va yangilanish ayyomidir.

 

Abdulg‘afur domla Razzoqov,

Bahouddin Naqshband jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar