“Ishorat to'rt imomg'akim, muhtadoyi dinu peshvoyi ahli ta'yinlar” degan bobda Bobur Ahli sunnat val-jamoat fiqhining to'rt imomi barhaq ekanini, chunki imom degani shari'atning ifodasi bo'lib, ulardan bu dinga ravnaq etishini, u din va shari'atda ergashiladigan zot ekanini ta'kidlab aytadi:
Bilki, bu to'rt imom barhaqdurur,
Kim alardin bu dinga ravnaqdurur.
Bu imomeki, shar' adosidurur,
Din ila shar' muqtadosidurur.
So'ng imomlar nomini sanab: “Birisi Bu Hanifai Nu'mon (ibn Sobit)dur, Yana biri shofi'iyyi purdondur, yana biri (Imom) Moliku yana (Imom) Ahmad (ibn Hanbal), qildilar jahd shar' aro behad”, deb ularning fazilatini bildiradi. Bularning har biriga ergashib, izidan borgan kishi yaxshi darajalar va najot topishini ta'kidlaydi:
Tengridin bizga latifadurur,
Muqtadomiz Abu Hanifadurur.
Tengriga shukrlar deying yakson,
Qildi bizlarga ishni ul oson.
Ya'ni: “Allohdan bizga bir iltifot, bir lutfu karam bo'lib, ergashadigan imomimiz Abu Hanifa bo'ldi. Allohga barobar shukrlar aytingizki, u zot o'z fatvo maktabini barpo qilib, bizlarga din fiqhi ishlarini oson qildilar”. Bu sohibqiron Amir Temurdan boshlab barcha temuriylarning sof e'tiqodi ifodasidir. Bu, ayni vaqtda, Bobur sha'nida aytilgan ba'zi tuhmatlarga ham raddiyadir.
“HARJ QILG'ON SOYI BU GANJ ORTAR”
Bobur Mirzo “Mubayyan” xotimasida: «Ey Bobur, bu kitob tasnifida agarchi ranj chekkan bo'lsam-da, qo'limga shunday bir ganj-xazina kirdiki, har qanday ganjni xarj etish bilan kamayib boradi, ammo bu ma'naviy ganj – bu ilm xazinasi xarj etgan sari tobora ortib boradi», deydi:
Bobur, emdi, agarchi chekdim ranj,
Keldi ilgimga ushbu yanglig' ganj.
Ganj nuqsong'a xarjdin tortar,
Harj qilg'on soyi bu ganj ortar.
Yana aytadiki: «Barcha insonlar odatda o'z xazina-ganjini qo'lga kiritishdagi ranju mehnatini zoye' qilmasdan, olam ahlidan o'z ganji – boylik-xazinasini yashiradi. Men esa bu ganjimni oshkor etib, uni din ahliga nisor etdim», deydi.
Bobur ixlosi va ma'rifatining eng muhim belgisi shundaki, bu ish riyo uchun, shuhrat uchun, she'ru shoirlik uchun emas, balki xolis Alloh uchun va Haq rizosi uchun ekanini ta'kid bilan izhor etadi:
Ushbularkim dedim, bo'lung ogoh,
Bordurur borcha xolisan-lilloh.
Bu demakdin g'araz Haq erdiyu bas,
she'ru shoirliq ermas erdi havas.
Bobur fiqhiy masalalarning ilmiysini tahqiq etib, endi amaliysiga – bu ilmlarga amal qilishga o'zi uchun ham, kitobxon uchun ham Allohdan tavfiq – yordam so'raydi. So'ng kitob nomi haqida so'zlab: «G'ayrat shijoat ko'rsatib, jiddu jahd qilib tamomalagan bu kitobimda shari'at masalalarini ochiq bayon etganim uchun, uni «Mubayyan» – «Ochiq bayon etilgan (shar'iy mas'alalar)» deb nomlagan bo'lsam, ne ajab!» – deydi.
Imom Abul Mu’in Nasafiy rahmatullohi alayh "Tabsiratul adilla" asarlarida Xuroson va Mavoraunnahr aholisi hanafiylikni Imomi A’zam rahmatullohi alayhning yetakchi shogirdi Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy, uning shogirdi Abu Suraymon Juzjoniy, uning do‘sti Shayx Abu Bakr Ahmad, Shayx Is'hoq Sobih Juzjoniy, Imom Abu Bakr Juzjoniy, Imom Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyodiy Ansoriy va Imom Moturidiy silsilasi orqali o‘rgangan deb keltiradi. Imom Nasafiyning ta’kidlashlaricha bu olimlar ilk davrdan boshlab Movarounnahrning barcha hududlarida hamda Xurosonning Marv va Balx shaharlarida hanafiylik mazhabini yoyishda jonbozlik ko‘rsatishgan.
Imom Moturidiy rahimahulloh Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning e’tiqodiy qarashlarini yaxshi o‘zlashtirishdan tashqari mintaqamizda hanafiylik tarqalishida muhim hissa qo‘shganlar.
Kosonsoy tuman "Buzrukho‘ja" jome masjidi imom-xatibi
Sodiqjon Abdurahmanov
Manba: @Softalimotlar