Kimdir: «Uylangan kunim», deydi.
Kimdir: «Institutni bitirgan kunim», deydi.
Kimdir: «Falon shayxni ko'rgan kunim», deydi va hokazo...
Ammo gohida boshqacha bo'lishi ham mumkin. Ko'chadan o'tib ketayotib yo'lda yotgan tikanni yo'ldan olib tashlagan va shu ishi uchun Alloh uni mag'firat qilgan kishi o'sha kunni eng baxtli kuni ekanini xayoliga ham keltirmagan edi.
Zinokor ayol chanqab tillari osilib yotgan itga suv berganida, buning natijasi o'laroq Alloh uni mag'firat qilganida o'sha kunni hayotidagi eng saodatli kun ekanligini xayoliga ham keltirmagan edi.
Ular kuni kelib qissalari olamlar sayyidi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tillaridan yangrashini, so'ngra musulmonlar u qissani kelajak avlodlariga ibrat o'laroq naql qilishlarini xayollariga keltirishmagan edi.
Ular tikanni yo'ldan olib tashlash yoki itni sug'orish qissasini Allohning kitobidan so'ng eng ishonchli kitobda zikr qilinishini bilisharmidi?!
Badrda ishtirok qilgan sahobalar «Istagan ishingizni qiling, sizni mag'firat qildim» xitobini eshitgan kunlari eng baxtli kunlari emasmidi?!
Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu Uhudda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o'z tanasi bilan zinapoya vazifasini o'taganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Talha jannatni vojib qildi!», degan kun Talha roziyallohu anhu uchun eng saodatli kun emasmidi?!
Gohida bandaga birgina o'rinda Alloh taolo abadiy saodatni yozishi mumkin. O'sha kuningiz qani? Uni topdingizmi yoki u oldindami?
U gohida Allohdan qo'rqib xilvatda to'kkan bir tomchi yoshingiz bo'lishi ham mumkin.
Gohida esa havoyi nafsingizga xilof chiqqan kuningiz bo'lishi ham mumkin.
Yoki bir musulmonning qalbiga kiritgan shodligingiz ham bo'lishi mumkin.
U gohida bir etimning boshini silashingiz ham bo'lishi mumkin.
U gohida onangizning qo'lidan o'pishingiz ham bo'lishi mumkin.
U gohida musulmon birodaringizning yuziga tabassumla boqishingiz ham bo'lishi mumkin.
U gohida haq gapni gapirishingiz ham bo'lishi mumkin.
U gohida mazlumga yordam berishingiz ham bo'lishi mumkin.
U ba'zan g'azabingizni yutishingiz ham bo'lishi mumkin.
U gohida birovning xatosini kechirishingiz ham bo'lishi mumkin.
U ba'zan birovning aybini berkitishingiz ham bo'lishi mumkin.
Biz baxt soati qayerdan kelishini bilmaymiz. Har kuni solih amalimiz bo'lsin. Maxfiy bo'lsa yanada yaxshi bo'ladi. Balki najotimizga sabab bo'lib qolar. Balki baxtli kunimiz o'sha kun bo'lar!
Abdulqodir Polvonov
Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov raisligida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyat vakilligining majlislar zalida viloyatdagi imom-xatiblar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Xatamov Jamshed Muxtorovich ishtirok etdi. Unda 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, kelgusi yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar kelishib olindi.
Yig‘ilishda imomlik sharafli va mas’uliyatli vazifa ekani, bugungi kun imomi zamonga ziyraklik, teran fikr bilan qarashi, o‘z ustida muntazam ishlashi va mo‘min-musulmonlarning ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ehtiyojlarini qondirish uchun tinimsiz izlanib, xizmat qilishlari zarur ekani alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, imomlar hududlardagi MFYlar bilan muntazam aloqada bo‘lib, hojilar bilan birgalikda yoshlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish, ilm-ma’rifatga qiziqtirish va yosh avlod kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratish, oilalarni tinch-totuv yashashi, farzandlarni bevaqt tirik yetim bo‘lmasligi uchun ajrimlarning oldini olish, keksalarni hurmat qilish, qo‘shnichilik odoblariga rioya qilish, yurt tinchligi va osoyishtaligi uchun barcha birdek mas’ulligi kabilarga alohida e’tibor qaratish ta’kidlandi.









O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati