إِنَّ الَّذِينَ قَالُوا رَبُّنَا اللَّهُ ثُمَّ اسْتَقَامُوا تَتَنَزَّلُ عَلَيْهِمُ الْمَلَائِكَةُ أَلَّا تَخَافُوا
وَلَا تَحْزَنُوا وَأَبْشِرُوا بِالْجَنَّةِ الَّتِي كُنْتُمْ تُوعَدُونَ
«Albatta: “Rabbimiz – Alloh”, – deb so'ngra to'g'ri bo'lgan zotlar huzuriga (o'lim paytida) farishtalar tushib (derlar): “Qo'rqmangiz va g'amgin ham bo'lmangiz! Sizlarga va'da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaningiz!”» (Fussilat surasi, 30-oyat).
“To'g'ri bo'lgan zotlar” qanday kishilar ekani to'g'risida turli fikrlar bor. Abu Bakr roziyallohu anhu: “So'zi bilan ishi bir bo'lgan odam” desa, Umar roziyallohu anhu: “Alloh buyurgan ishni qilib, qaytarganidan qaytgan va Allohga itoat qilishda tulkidek ayyorlik (munofiqlik) qilmagan zotlardir”, degan. Usmon roziyallohu anhu: “Amalni ixlos bilan ado etuvchilar” desa, Ali roziyallohu anhu: “Shirk keltirmasdan, farz amallarni bajarib yuruvchilar”, degan.
Ushbu oyatda mo'minlarning qanchalik saodatli ekani bayon etilgan. Mo'minlar, avvalo: «Rabbimiz Alloh», deb Alloh taoloning o'zlariga Rab ekanini, Holiq, Roziq, Mudabbir va Tarbiyachi ekanini tan olgan zotlardir. Allohga imon keltirganlaridan keyin «Rabbimiz Alloh» degan so'zlarida mustaqim turgan zotlardir. Ularning qalblari «Rabbimiz Alloh»da mustaqimdir.
Mo'minlarga kofirlar singari insu jindan iborat yomon do'stlar emas, balki farishtalar yaqin bo'ladi. So'ngra ularga ikki dunyoda ham xotirjam qiluvchi quyidagi xabarlar aytiladi: «Albatta, “Rabbimiz Alloh” degan, so'ngra mustaqim (to'g'ri) bo'lganlarning ustilaridan (o'lim paytida) farishtalar tushib (derlar): “Qo'rqmanglar, mahzun ham bo'lmanglar...”»
Kelajakda, oxiratda holimiz ne kechadi, deb qo'rqmanglar, ko'nglingizga hech qanday xavf kelmasin. Qilib o'tgan ishlarimiz natijasi qanday bo'lar ekan, deb ham mahzun bo'lmanglar. Sizlar uchun kelajakda hech qanday xavf-xatar yo'q. Qilgan ishlaringizning natijasi ham yaxshi. Chunki siz: «Rabbimiz Alloh», dedingiz va o'sha so'z taqozosiga ko'ra mustaqim, ya'ni to'g'ri turib umr kechirdingiz.
Imom Qurtubiy: “Allohga imon keltirib, so'ngra Unga itoat qilishda to'g'ri bo'lgan zotlar”, degan. Imom Kalbiyning rivoyatida Ibn Abbos roziyallohu anhumo bunday degan: “Alloh zimmalariga farz (bajarishi zarur) qilgan ishlarda to'g'ri turib (bajargan) zotlardir”.
Abu Oliyadan qilingan rivoyatda: “Ular dinda turish va unga amal qilishda (hech qanday moddiy narsani umid qilmay, balki) Alloh uchun xolis qiladiganlardir”, deyilgan. Boshqa rivoyatda: “Alar shunday zotlarki, Allohning chegarasidan chiqmay, U Zotga itoat qilishda to'g'ri turgan va Payg'ambarining sunnatini mahkam tutganlardir”, deyilgan.
Mujohid va Ikrima rahimahumalloh bunday degan: “Ular shahodat kalimasida to Allohning huzuriga borguncha to'g'ri turganlardir”. Qatoda rahimahulloh aytadi: «Hasan Basriy har gal shu oyatni o'qiganida “Allohim, bizni mustaqimlik (to'g'rilik) ila rizqlantir”, deb duo qilar edilar».
“..ustilaridan (o'lim paytida) farishtalar tushib (derlar)...” Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg'ambarimiz alayhissalom bunday dedilar: «O'layotgan (odamga) farishtalar keladi. Agar u odam solih (to'g'ri) kishi bo'lsa, (farishtalar): “Ey pokiza jasaddagi pokiza jon, chiq, maqtovga loyiq holatda chiq va (senga) ravhi rayhon xushxabari hamda Rabbing roziligi suyunchisi bo'lsin!”derlar.
Kalbiy aytadi: «Farishtalar mo'minlarning jonlari chiqayotgan vaqtda tushib, ularga xushxabar berib: “Qo'rqmanglar, mahzun ham bo'lmanglar...” derlar. Ya'ni, oldingizdagi azobdan qo'rqmang, dunyoda qilgan ishlaringizdan mahzun ham bo'lmanglar, derlar».
Muqotil aytadi: «Qiyomat kuni osmondan hafaza (saqlovchi) farishta ularning ustiga tushib, (bandaga qarab): “Meni taniysanmi?” deydi. Banda: “Yo'q” degach: “Men sening amallaringni yozib turuvchi farishtaman” deb, unga jannat xushxabarini beradi».
Zayd ibn Aslam: “Hushxabar uch o'rinda bo'ladi: o'lim payti, qabrda va qayta tirilganda”, degan.
Sufyon ibn Abdulloh Safafiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga: «Ey Allohning rasuli, menga Islom haqida bir narsa aytingki, sizdan keyin u haqda boshqa hech kimdan so'ramay”, dedim. Shunda u zot: “Allohga imon keltirdim de va bunda (shu imoningda)to'g'ri tur” dedilar».
Ha, azizlar, Alloh taolo barchamizga farishtalarning xushxabarini eshitishni nasib aylasin!
Tafsir kitoblari asosida
“Rahimboy hoji ota” jome masjidi imom noibi
Muhammadzarif ERGASh o'g'li tayyorladi.
Sayyor yig‘ilish
Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati