Ziyoratchilar Haj ibodatini xavfsiz va qulay sharoitda bajarishlari uchun Saudiya Arabistoni hukumati yangi qoidalarni joriy qildi.
2024 yil ziyoratchilar soni ortishi kutilayotgani sababli Saudiya Arabistoni Haj vazirligi yangi qoidalar to'plamini joriy etdi va tashrif buyuruvchilarni joylashtirish maqsadida ko'proq binolar qurishga qaror qildi.
Makka meriyasi matbuot kotibi Usoma Zaytun ziyoratchilar uchun 3800 ga yaqin turli konfiguratsiyadagi binolardan foydalanishini ma'lum qildi. Rasmiy binolar soni esa 5000 taga etishi mumkin. Chunki bu yil ziyoratchilar soni kutilganidan ko'ra ko'p bo'lishi taxmin qilindi.
Usoma Zaytun bino egalarini ziyoratchilarga sharoitni yaxshilash va ma'lum bir binoda to'lib ketmaslikni oldini olish maqsadida binolarni ro'yxatdan o'tkazishga chaqirdi.
Ma'lumotlarga ko'ra, 2023 yilda Haj ibodatini ado etgan ziyoratchilar soni 2 million atrofida bo'lgan.
Bundan tashqari, Haj mavsumini muammosiz va uyushqoqlik bilan o'tkazish masalasi ham ko'rib chiqilgan.
Yangi joriy etilgan qarorda shartnomalarni yakunlash tartibi har bir mamlakat uchun o'rinlarni tasdiqlaydi.
Saudiya Arabistonining Haj vaziri Tavfiq Al-Rabiahning so'zlariga ko'ra, mamlakatlarga yangi aniq joylar berilmasa ham, shartnomalarini erta boshlagan davlatlar muqaddas maskanda tegishli joylarni ta'minlashda birinchi o'ringa ega bo'ladilar.
Bundan tashqari, 2024 yilgi Haj mavsumiga viza topshirish 1 martdan boshlanadi va shavvol oyining 20-sanasi, ya'ni 29 aprelda tugaydi.
Ziyoratchilarning birinchi parvozi 9 may, 1-Zulqa'da kuni muqaddas joyga etib boradi.
Saudiya Arabistoni hukumatining ma'lumotiga ko'ra, keyingi Haj mavsumida ziyoratchilarning xavfsizligi va qulayligini ta'minlashga oid o'zgarishlar zarur ekanligi qayd etilgan.
Kecha, 28 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda haj delegatsiyasi vakillari, ishchi guruhi a’zolari, mingboshilar va shifokorlar jamoasi ishtirok etdi.
Majlis avvalida Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishi haqida so‘zladilar. Shuningdek, har bir ishchi guruhi a’zosi ana shunday ulug‘ darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilish davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, farz, vojib va sunnatlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish va zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga batafsil javob berish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, muborak zaminlarda har bir daqiqani g‘animat bilish, toatu ibodat ila o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qilishga urg‘u qaratdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Obidjon Qodirov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov va Shifokorlar guruhi rahbari Alisher Saatov kabilar so‘zga chiqib, tashkiliy ishlar, tibbiy jihatlar, xat-hujjatlar, jamoaviy tartib-intizomga rioya etish, qonun-qoidalarga amal qilish, hojilar xavfsizlini ta’minlash va ogohlikga oid muhim tavsiyalarni berdilar.
Shuningdek, joriy mavsumda “Haj – 2025” ishchi guruhi va shifokorlar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklangani, shu bois har kim o‘z vazifasini vijdonan to‘la bajarishi zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati