Farzandingiz yig'lasa halovatingiz yo'qolib, tashvishga tushib, nima sababdan yig'layotganini bilmay qiynalarkansiz. Asablaringiz taranglashib, o'zingizni qo'yarga joy topa olmas ekansiz. Yaqinda Allohning fazli va marhamati ila Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayh Hadis va hayot silsilasining “Yaxshilik va axloq kitobi” juzida bunday yozganlarini o'qib qoldim: “Chaqaloq ko'p yig'lasa, oilada turli tashvish va qiyinchiliklarga sabab bo'lsa, ota-ona siqilmasligi, achchiqlanmasligi kerak. Kitoblarimizda kelgan xabarlarga ko'ra, chaqaloqning yig'isi zikr, Allohning yagonaligini yodlash, hamdu sano, ota-onasining haqqiga duo va istig'for hisoblanadi”.
Ushbu satrlarni o'qib qalbim ancha taskin topdi, Alhamdulillah. Sizning ham qalbingiz xotirjam bo'lsin deb ushbu ma'lumotni Sizga ilindim.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har bir ishda ummatlariga go'zal namuna bo'lganlaridek, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham barcha ishlarda yo'lboshchi, o'rnak bo'ldilar.
Alloh taolo Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayhni O'z rahmatiga olsin. Dinga qilgan xizmatlarini O'zining roziligi bilan mukofotlasin!
Davron NURMUHAMMAD
Zamonaviy dunyoni internetsiz tasavvur qilish ta’bir joiz bo‘lsa, ibtidoiy davrga qaytish bilan barobar. U bizning kundalik ehtiyojimiz, ish qurolimiz va aloqa vositamizga aylandi. Biroq, donishmandlar aytganidek, har qanday buyum va jihozning xatarli jihati bo‘lgani kabi internetning ham ikki tomoni bo‘lib, u ikki tig‘li pichoq kabidir.
Internetning birinchi tomoni bizning hayotimizni misli ko‘rilmagan darajada osonlashtirdi. Bugun shu tomoni bilan dunyoning eng nufuzli universitetlari ma’ruzalarini tinglamoqdamiz, masofaviy ta’lim va onlayn kurslar orqali o‘z ustimizda ishlayapmiz. Navbatlar, soatlab davom etadigan xaridlar ham qisman o‘tmishda qolayozdi. Kommunal to‘lovlardan tortib, oziq-ovqatgacha, barchasi soniyalar ichida hal bo‘lmoqda. Dunyoning narigi chekkasidagi yaqinlarimiz bilan yuzma-yuz ko‘rishib gaplashgandek muloqot qilinmoqda.
Agar pichoqni noto‘g‘ri tutsangiz, u albatta qo‘lingizni kesadi. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlardagi cheksiz va mazmunsiz videolar insonning eng qimmatli boyligi bo‘lmish vaqtini beayov sovuradi. Kiberfiribgarlik, yolg‘on axborotlar (feyk), yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir etuvchi mazmundagi saytlar inson ongini zaharlovchi “o‘tkir tig‘”dir. Virtual dunyoda “do‘stlari” ko‘p, ammo real hayotda yolg‘izlanib qolgan insonlar soni ortib bormoqda.
Internetdan manfaatli foydalanish uchun bir nechta oddiy, ammo hayotiy qoidalarga amal qilish zarur:
Internet shunchaki vosita. U yomon ham, yaxshi ham emas. Uni “foydali yoki «halokatli asbob”ga aylantiradigan narsa bizning tanlovimizdir. Raqamli dunyoda yashar ekanmiz, qo‘limizdagi imkoniyatni faqat ezgulik, bunyodkorlik va taraqqiyot yo‘lida ishlatishni o‘rganishimiz shart.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi